OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karomat Mullaxo‘jayeva. Mumtoz adabiyot — bugunning nigohida (2013)

Mumtoz adabiy merosimizni o‘rganish bo‘yicha 2012 yili olib borilgan izlanish va tadqiqotlar natijasi, asosan, ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan maqolalar, monografiya va risolalarda o‘z aksini topgan. Ular xususida fikr yuritar ekanmiz, ko‘ngildan, avvalo, shu davr mobaynida nazariy jihatdan baquvvat, yangilikka ega bo‘lgan tadqiqotlar chop etildimi? Adabiyotga qanday yangi topildiqlar olib kirildi? Chop etilgan ilmiy ishlarning ko‘lami qanday, ular tadqiqot-targ‘ibot xususiyatiga egami yoxud bir joyda depsinib turishdan nariga o‘tmayaptimi, degan savollar o‘tadi.

Masalaga shu nuqtai nazardan birqadar oydinroq yondashilsa, nazarda tutayotganimiz – o‘tgan yilgi adabiyotshunoslik manzarasi namoyon bo‘ladi.

O‘zbek mumtoz adabiyotini tadqiq etish borasidagi eng muhim tadqiqotlar, maqola va taqrizlar, asosan, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallarida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida hamda ilmiy to‘plam va ilmiy anjumanlar materiallari sahifalarida o‘z aksini topgan. Shu o‘rinda “Ma’rifat” gazetasidagi ayrim maqolalarning ilmiy qimmatini e’tirof etish muhim. Chunki ularda chop etilayotgan maqolalarning saviyasi va ilmiylik darajasi jurnal maqolalaridan qolishmaydi.

Ta’kidlangan manbalarning o‘zida yuzga yaqin maqola, maqola-taqriz, axborot-maqolalar chop etilgan. O‘nga yaqin kitoblar nashrdan chiqqan. Shuni ham ta’kidlash zarurki, mazkur yilda chop etilgan monografiyalar soni o‘tgan yillardagiga qaraganda kamroq. (Buni ushbu yilda nomzodlik, ko‘proq doktorlik dissertatsiyalari yoqlanmaganligi bilan izohlash mumkin.) Shunga bog‘liq holda, matbuotda avvalgi – 2011 yili nashrdan chiqqan monografiyalarga tanishtiruvlar, ayniqsa, tahliliy taqrizlarga tez-tez ko‘zingiz tushadi. Bu ham mumtoz adabiyotshunoslikka oid muayyan bir yo‘nalishning jonlanganligidan dalolat.

“O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining ilk soni Ibrohim Haqqulning “Navoiy va yunon adabiyoti” maqolasi bilan boshlanadi. Sharq she’riyatida yunon adabiyoti va tarixiga aloqador obrazlarga munosabat bildirilgan bu maqola ayrim mavhum masalalarga oydinlik kiritadi. Shuningdek, Nusratilla Jumaxo‘ja, Dilorom Salohiy, Hasan Qudratillaev kabi olimlarning maqolalari bu yilgi adabiyotshunoslikda, ayniqsa, navoiyshunoslik va boburshunoslikda alohida ahamiyatga ega. Shu o‘rinda filologiya fanlari nomzodi Qodirjon Ergashevning ilmiy ishlariga to‘xtab o‘tish o‘rinli. Uning masalaga xolis yondashishi, qat’iy ilmiy dalillarga rioya qilishi, izchil tadqiqotlar olib borishi e’tiborni tortadi. Jumladan, “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalidagi “XVI asrning birinchi yarmida tarixiy nasr xususiyatlari”, “Yanglish talqinlar” deb nomlangan – ilmda Navoiy biografiyasini yoritishda yo‘l qo‘yilgan ayrim chalkashliklar haqidagi maqolalari tadqiqot xarakteriga ega. Har ikki maqolada ham muallif o‘z xulosalarini ifodalash uchun ko‘plab manbalarni qiyoslab o‘rgangan, ishonarli dalillar keltirgan va to‘g‘ri xulosalar chiqargan.

Keyingi yillarda izchil faoliyat ko‘rsatayotgan Iqboloy Adizovaning maqolalari, asosli fikrlari bilan muammolarni to‘g‘ri anglab, yechimini taqdim etishga urinayotgan Abdurasul Eshonboboevning izlanishlarini ham alohida ta’kidlash lozim. I.Adizovaning Fuzuliy, Uvaysiy, Nodira ijodiy merosiga oid maqolalarida yangi talqinlarga o‘tishi bu boradagi ishlar ko‘lamining kengayishiga imkon beradi. Tadqiqotchi A. Eshonboboevning “O‘zbek insho san’ati” nomli taqrizi yoki “Navoiy asarlarining ilmiy-tanqidiy nashri haqida”gi maqolasida bugungi kunning eng og‘riqli nuqtasi haqida to‘xtalib, bu muammoni o‘rganish va hal etishga da’vat etilgan. Biroq so‘nggi yillarda bir adabiyotshunos ko‘targan muammoga boshqalarning befarq bo‘lishi adabiyotshunosligimizning bir yerda uzoq depsinib turishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, 2012 yili bir ilmiy to‘plamda professor Hamidulla Boltaboevning “O‘zbek adabiyoti tarixini davrlashtirish tamoyillari” deb nomlangan maqolasi chop etildi. Konferentsiyada qiziqish bilan tinglangan ma’ruzada bugungi adabiyotshunoslikning eng dolzarb va bahstalab muammosi ko‘tarildi. Biroq hanuzgacha unga aks-sado yo‘q. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bunday bahsni davom ettirish, u haqda o‘ylash, aslida, har bir adabiyotshunosning ishi. Bahstalab maqolalar kerak bo‘lgani kabi, ularga javoblar berish, munosabat bildirish payti ham keldi.

 Yana boshqa bir maqolaga e’tibor qarataylik. Adabiyotshunos Rustam Tojiboev “O‘zAS” gazetasida chop etilgan “Vazn talabi yoxud g‘azaldagi g‘alizliklar xususida” maqolasida matnshunos va manbashunoslar zimmasidagi mas’uliyat, mumtoz asarlarning bugungi nashrlaridagi muammolarni o‘rinli o‘rtaga tashlaydi. Maqola muallifi, matnni nashrga tayyorlayotgan mutaxassis har bir she’r vaznini aniqlab olishi va ularning joriy yozuvdagi nashrda to‘g‘ri berilishiga jiddiy e’tibor qilishi lozim. Qolaversa, vaznga e’tiborsizlik oqibatida qo‘pol xatolar yuzaga kelishi mumkinligini matnshunos doim yodda tutishi zarur, deb, Komyob va Huvaydo “Devon”lari nashriga oid kamchiliklarni ko‘rsatib bergan.

Tadqiqotchi Bobomurod Eralievni jiddiy izlanishlar natijasi bo‘lgan maqolalari – “Farhodning tashrifi”, “To‘rt qasr tarhi” maqolalari tadqiqot xarakteriga ega. Ularda masalaning mohiyati ishonarli ochib berilgan. Ayniqsa, o‘rtaga tashlangan masalaning Rumiy asarlariga bog‘lab tushuntirilishi yoki Sizif timsoli yordamida qiziqarli va qiyosiy talqin etilishi, qaysidir jihatlari bilan ustoz Naj­middin Komilov boshlagan yo‘lni davom ettirayotganligi kishida umid uyg‘otadi.

Tahliliy maqolalar haqida so‘z ketganda, Olimjon Davlatovning “Navoiy devonlarida ishora san’ati”, “Ajab yo‘q odamilig‘ni unutsang” kabi Navoiy ijodiy niyatini ilmiy, diniy-tasavvufiy manbalarga bog‘lab ochib beradigan maqolalari ham e’tiborni tortadi. Ularni tadqiqotchidan Navoiy ijodini jiddiy o‘rganish qancha ko‘p bilim talab etilishini ko‘rsatadigan yaxshi maqolalar qatoriga qo‘yish mumkin.

 “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan Polvon Otabekning “Navoiy haqidagi haqiqatlar” maqolasi ham jiddiy tahliliy maqolalardan. Unda Shuhrat Sirojiddinovning ko‘pchilik e’tiborini tortgan “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” monografiyasi o‘rganilib, uning bugungi navoiyshunoslikdagi o‘rni va ahamiyati xususida fikr yuritilgan.

Tadqiqotchi Burhon Abulxayrov esa “Miyon Buzrukning o‘zbek adabiyotida tasavvuf masalasiga oid qarashlari” maqolasida 20-30-yillarda o‘zbek mumtoz adabiyotini tadqiq etish bilan jiddiy shug‘ullangan adabiyotshunos olimning o‘zbek mumtoz adabiyotiga, xususan, tasavvuf adabiyotiga munosabatini o‘rganadi, tadqiq etadi va baholaydi. Tadqiqotchining bu yo‘nalishdagi yana bir xizmati “O‘TA” jurnalining 5-sonida Ye.E.Bertelsning “Bedil haqida mulohazalar” maqolasini nashrga tayyorlab, chop ettirganida ko‘rinadi.

Jurnallarimiz sahifalarida qisman bo‘lsa-da, tanqidiy ruhdagi maqolalar chop etilayotganligi xususida yuqorida ham ta’kidlagan edik. “Sharq yulduzi” jurnalining “Merosimizni o‘rganamiz” ruknidagi Valijon Qodirova Akramjon Vahobovning “Boburnoma”dagi ta’rix – muammolar muammosi” maqolasida “Boburnoma”ning tabdil – transliteratsiya qilingan nashrlarida ta’rix san’ati orqali ifodalangan sanalarning buzilganlik haqidagi fikrlar asosli ko‘rsatib berilgan. Unda matnshunoslikdagi jiddiy kamchiliklar ochib beriladi. Bu borada ish olib borayotgan noshirlaru tadqiqotchilarni sergaklantiradi, yangi maqolalarni –izlanishlarni talab etadi. Biroq, maqola mualliflari o‘rtaga tashlangan muammoni 1989 yili chop etilgan “Boburnoma”ga asoslanib o‘rganganlar. Bunday tadqiqotlar mukammalroq va oxirgi nashrlarga, jumladan, “Boburnoma”ning 2002 yili Eyji Mano tanqidiy matni asosida yaratilgan yangi nashriga tayanib o‘rganilganda, uning ilmiy qimmati yana ham oshardi.

Maqola avvalida, bu yil adabiyotshunosligimizga qanday yangi topildiqlar – manbalar olib kirildi? – degan savol qo‘yilgan edi. Bu masalada Aftondil Erkinovning “Navoiyning muxlislari tomonidan tuzilgan yana bir devoni” va “Amir Umarxon tuhfasi”, afg‘onistonlik tadqiqotchi Halim Yorqinning “Nizomiy Ganjaviyning turkiy devoni” maqolalarida yangi topilgan manbalar haqida ma’lumotlar beriladi. Dunyoning turli kutubxonalaridan o‘zlari izlab topgan bu manbalarga ilmiy baho bergan mazkur olimlarning ishlari tahsinga sazovor.

O‘tgan yili chop etilgan monografiya, risolalar jumlasiga Nodirxon Hasanning “Yassaviylikka doir manbalar va “Devoni hikmat” monografiyasi, ustoz Najmiddin Komilovning “Ma’nolar olamiga safar”, Hamidjon Homidiyning “Firdavsiy va o‘zbek adabiyoti”, turk olimi Mustafo Esonning “Tazkiradan biografiyaga”, ozarboyjonlik Gulshan Alieva-Kangarlining “Fuzuliyshunoslik tarixi va nazariyasi” monografiyalari 2012 yili mumtoz adabiyotimizdagi eng muhim va ilmiy qimmatga ega kitoblar, degan fikrdamiz.

Ayniqsa, so‘nggi ikki tadqiqot nafaqat yangi manbalar bilan bizni tanishtiradi, balki yangi tadqiq usullarining ham kirib kelishiga yo‘l ochadi. Umuman, chet ellik olimlarning o‘z tadqiqotlari bilan o‘zbek matbuoti sahifalarida qatnashayotganligi ijobiy hodisa. Jumladan, Respublikamizga kelib, tadqiqot olib borayotgan Janubiy Koreya davlati Seul shahri, Dongdok xotin-qizlar universiteti professori, Nizomiy nomidagi TDPU o‘qituvchisi Inkyong O,ning maqolalari ham ko‘pchilik e’tiborini tortdi. “Yoshlik” jurnalida chop etilgan “O‘zini yaratgan qahramon” maqolasida u “Jumo‘ng” va “Alpomish” dostonlari orasidagi o‘xshashlikka e’tiborni qaratgani bizning adabiyotshunoslik uchun ham yangilik bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, o‘tgan yil chop etilgan maqolalar, kitoblar va boshqa tadqiqotlar mumtoz adabiyotimizni o‘rganish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligini namoyish qiladi va, ayni paytda, bu adabiyotshunoslik oldida turgan, kelgusida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolarni belgilashda muhim ahamiyatga ega.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.