OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Sattorov. Ozod fikr sharafi (2006)

Temir sovutlarga o‘ranib olgan, o‘tkir nayzalar bilan qurollangan Vaqt Zamonni ortda qoldirib, necha jonlarni qurbon qilib, shiddat bilan ilgari bosadi. Mana, endi olim va ustoz Ozod Sharafiddinov ham tiriklar safida yo‘q. Bu voqeaga bir necha oy to‘lgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik mazkur yo‘qotishga ko‘nika olgan emas. Bugun ham o‘sha tanti va oqil Ozod aka saflarda yurgandek.
 Afsuski, azal oyati allaqachon o‘qilgan. Endi ul zot haqidagi mehrli xotiralargina yashayapti. Jumladan, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Mahmud Sattorov yoddan o‘chmas uchrashuvlar haqida “Ozod fikr sharafi” sarlavhasida esdaliklarini qog‘ozga tushiribdi. Ular bag‘rikeng, samimiy va dangal inson haqida xabar beradi.
Ozod aka biz “Hurriyat”chilarning ham yaqin maslahatchisi va ustozi edilar. Gazetamizni muntazam kuzatib borar, munosabat bildirar, biror maqola yoqib qolsa, muallifini uyidan bo‘lsa ham toptirib, o‘z iliq so‘zini yetkazardi. Qolaversa, ustoz gazetaning tahririyat a’zosi sifatida ham o‘zimizniki edilar. Biror muhim mavzuda maqola kerak bo‘lsa, tortinmay iltimos qilar edik. O‘zlari ham “qulochini keng qo‘yib yozgan” maqolalarini bizgagina ilinar edilar. Ha, bu kunlar tarix bo‘lib qoldi. Ayniqsa, “Sog‘lom bo‘lay desangiz” maqolasi chuqur xotiralarga boy bo‘lgandi. U ko‘rish qobiliyati susaygan, biroq qalbi jo‘shqin muallifning taqdir tuhfasiga isyoni sifatida tahririyat xazinasida saqlanayapti: o‘tli satrlar bir-biriga mingashib qolgan yoki hoshiyadan chiqib ketgan... Ustoz bu maqolani ko‘zi bilan emas, qalb ko‘zi bilan tusmollab qalam tebratgancha yozgan. Maqola “Yangi 2005 yil hammamizga yangi baxt, yangi sihat-salomatlik keltirsin, odamlar!” deb tugallangan.
Quyidagi xotiralarni e’lon qilar ekanmiz, ustozning boqiy orzularini shogirdlar kamoliga yetkazsin, deb niyat bildiramiz.     
 
Zo‘r bo‘lsa...
 
Noshirlik, adabiyotshunoslik, publitsistlik masalalarida, boringki, keyingi paytlarda hayotda tug‘iladigan barcha katta-kichik muammolarda ustoz – Ozod aka Sharafiddinov bilan maslahatlashadigan bo‘lib qoldim. Domla bu jihatdan masalani darhol aniq-taniq tushunib, xalqona tadbir izlab topishi bilan boshqa kayvonilardan ajralib turardi. Hatto shunday vaziyatlar bo‘ldiki, diniy-ma’rifiy adabiyotlar chop etishda ham domlaning maslahatiga suyanadigan bo‘ldim. Bo‘lmasam, katta islomshunos olim Ubaydulla Uvatov barcha nashrlarimiz uchun mas’ul, balogardon. Beminnat mehnatini ayamaydi.
Bir gal domlaning ziyoratiga borsam, hol-ahvol so‘rashgach:
Kutubxonaga kirib, chap qo‘ldagi javonning uchinchi tokchasidan to‘rtinchi kitobni oling, – dedilar.
Bu qalin, yirik, rangli kitob bo‘lib – rus tilida “Bibliya – detyam” deb atalardi.
Ko‘ring, varaqlang, – dedilar.
Kitobda “Bibliya”ning har bir rivoyatu hikoyatiga mohir rassom sehrli, afsonaviy ertaklardagiday rasmlar ishlagan, matn ham bolalarbop, yirik-yirik va yorqin harflarda edi.
Biz, “Qur’oni karim”ni bu darajada bezab, bolalarbop qilib, qayta hikoyalashimizga hali ancha bor, – dedilar ustoz. – Bu jihatdan hozircha ma’naviy-ruhiy tayyor emasmiz. Biroq hadislarni nega maxsus, bolalarbop qilib chiqarmasligimiz kerak?! Hadislar qadimiy pedagogika – didaktikamizning yombi oltinlari-ku! – dedilar.
Mana shu g‘oya va hamkorlikdan bugungi mo‘’jaz “Hadislar – bolalarga”, 500 hadis namunasi bo‘lgan qo‘llanma dunyoga keldi...
... “Hidoya”, “Majma-ul Maqsud” shariat kitoblarining 1-jildlari 5-10 yil oldin chop etilib, keyingilariga kelganda nashriyot iqtisodiy tanazzulga yuz tutib, uddalolmay qolgan edi. Sal o‘zimizni tiklab olib, endi bularga ham navbat yetganda, har galgiday, diniy-ma’rifiy adabiyotlar chop etishda bir tomonga “og‘ib” ketmaslik, mafkuraviy mo‘ljalni to‘g‘ri olish uchun mas’ul idoralarga murojaat qilib, ularning rasman “e’tiroz bildirmaymiz” degan javobini olgach, kitobni nashrga tushirardik. Bu gal ham yirik, 50 bosma taboqlik yostiqday 2 ta kitobni o‘sha idora rahbar-mutasaddilarga ruxsat uchun yuborsak, yangi javob oldik.
Emishki, bozor iqtisodiyotidan kelib chiqqan holda idora mutasaddilari har bir o‘qigan qo‘lyozmaga bir bosma tabog‘i uchun eng kam ish haqining bir okladi miqdorida haq olib, pul o‘tkazish yo‘li bilan xizmat qilishar ekan. Bu degani 2 ta shunday ishimizga – 100 bosma taboq – 650 ming so‘m o‘sha idoralarga, varaqlab, o‘qib berishlariga to‘lashimiz zarur edi. Albatta, bu talab endigina inqirozdan chiqqan korxona rahbari – meni qoniqtirmadi. Tag‘in maslahat bilan domlaga murojaat qildim. Bu  yangilikdan u kishi mutlaqo bexabar ekanlar, tutoqib ketdilar.
Nega, nima sababdan? O‘qib berish axir ularning vazifasi, burchi-ku. Shu ish uchun maosh olishadi... 
Qo‘ying domla, kuyinmang, Nashr etish-etmaslik ixtiyoriy-ku. Ruxsat tekin bo‘lmasa, chop etmay qo‘ya qolamiz-da...
Nega chop etmas ekansiz? Shuncha mehnat qilib-a. Bundoq noyob kitoblarni nashrga tayyorlashning o‘zi bo‘ladimi? Ma’rifiy masalada Siz bilan bizning ulardan kam joyimiz bormi? Ular bilgan-tushungan narsani bizlar tushunmaymizmi? Nimadan cho‘chiymiz? Ular ziyoli bo‘lsa biz kimmiz?! Milliy mafkuramizga munosib asarlar sifatida ikkilanmay chop etavering. Biror idoradan Sizni bezovta qilishib, tixirlik yo‘liga o‘tishsa, meni ro‘para qiling – javobini o‘zim beraman, – dedilar.
Andak tanaffusdan keyin domla sal o‘ziga kelgach, men go‘shakdan:
Jahlingizdan tushdingizmi, ustoz? – desam Ozod aka:
Mahmudjon, gap bundoq – “Majmaa”ni ham, G‘azzoliyni ham tap tortmay nashrga tushiravering, hech qo‘rqmang. Xalq bu kitoblarni kutyapti. Qavmlarimizning ming yillik hamrohlari ular. Bugungi mustaqillik yillarida bu ma’naviy ozuqalar o‘z egalariga albatta yetib borishi kerak! – dedilar.
So‘nggi so‘z, xulosa o‘rnida yana qo‘shib qo‘ydilar:
Nimadan qo‘rqasiz, darvoqe, juda zo‘r bo‘lsa, vazifangizdan bo‘shatib qo‘yishar...
 
Mulk
 
2004 yilning kuzlarida Ozod akaning ikkinchi oyog‘i ham kesiladigan bo‘lib, yangi ToshMIning jarroxlik bo‘limiga yotqizildi. Oradan 3 kun o‘tib men domlani ko‘rgani bordim. Mediklar shaharchasida stomatologiya markazida ToshMI professori boshchiligida tishlarimni yangilayotgan, Ozod akaning «reklamasi» bilan  jag‘ga qoziq qoqib, tish qo‘ydirish endi rasm bo‘layotgan vaqtlar bo‘lib, ko‘p kasal tishlar oldirilib, yaraydiganlari davolanib, qoplama qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan kezlar edi. Og‘zim to‘la sho‘rpaxta bilan ustoz xonasini  topib bordim.
Kungay xona, eshik oldida domlaning krovati. To‘r tomonda, odatdagiday Sharofat ayaning xos yotog‘i, qiz nevara o‘sha yerda, Domla krovati qirg‘og‘ini changallab o‘tiribdi. Yonida stul qo‘yib, qo‘lida 2 varaq qog‘oz bilan professor Abdug‘afur  Rasulov (Ozod akaning shogirdi) ustoz bilan bahslashib turibdi. Abdug‘afur aka ham darhol men bilan ham munozarani boshlab yubordi.
- Zap keldingizda, Mahmudjon. Sizning kitobingizni misol keltirib, domla bilan bahslashib turgandim. Bu Ozod akaning «Ma’naviyat» nashriyotida chop etilayotgan «Dovondagi o‘ylar» kitobi mundarijasi. Siz nashriyotingizdan Hamidulla  Boltaboevning yangi to‘plamini chiqaribsiz. Ko‘rib xursand bo‘ldim. Ibratli tomoni shundaki, Hamidullaning har bir maqolasi ostiga qaysi gazeta-jurnalda, qachon e’lon qilinganligini izchil, tarixiy ketma-ketlikda beribsiz. Domlaga biz ham shunday qilaylik, desam ikkilanayaptilar...
- Sababi, Hamidullaning maqolalari hammasi nozikroq, bundayroq mavzularda. Muallifni ham e’tirof etadiganlar bor, ayni paytda uning g‘animlari ham  bisyor. Shularni e’tiborga olib, men «bu materiallar oldin e’lon qilingan aprobatsiyadan o‘tgan» degan ma’noda, ayrim da’vogarlarning og‘ziga urish uchun shunday qilgandim. Biroq, Ozod akaning yangi kitobida bu uslubdan foydalanish zarur deb hisoblamayman. Chunki domlaning maqolalari oqlash yo himoyaga muhtoj emas.
- Bormisiz, Mahmudjon, bu chulchutga yarim soatdan beri tushuntiraman, o‘zinikida turib olgan, haligi kitobni misol keltiradi,-dedilar Ozod aka.
- Suhbatlar bo‘lsa boshqa gap. Albatta muallif qaysi olim, jurnalist, nashr vakili bilan suhbatlashganini maqola so‘ngida yozib qo‘yish kerak, bu ilmiy-ijodiy halollikka kiradi.
Bahs shu bilan tugadi-yu, jarroh do‘xtir yigit-qizlar domlaning yarasini davolab, qayta bog‘lashga (perevyazka) kelishdi.
- Ko‘taring oyog‘ingizni,- dedi jarroh yigit. Domla bir qarich ham qolmagan o‘ng oyog‘i, to‘g‘rirog‘i chaqaloqning boshidaygina bo‘lib turgan sonini ko‘tarib, do‘xtir muolajasiga hozirlandi.
- Endi yigitlar,- dedi Ozod aka,- hozir vaqtingiz borida oyoqda qolgan bintingizmi, pintsetingizmi, qaychi-yu ninangizmi, olib qoling, qayta bog‘laganingizdan keyin bu mulk menga tegishli bo‘lib qoladi, albatta qaytib bermayman! - deya hazillashdilar.
Jarroh do‘xtir ham jaydari yigit ekan:
-Domla, biz keragini olib bo‘ldik, qolgani o‘zingizga siylov,- dedi to‘porilik bilan.
Andak suhbatdan keyin,  domla:
- Tezroq ish qobiliyatim tiklansaydi, yozishni boshlab yuborardim, - dedilar bizga. - Oybek haqida yozishim kerak. Oybek o‘zbek adabiyotida unikal hodisa. Biz uning oldida qarzdormiz. Ayniqsa men Oybek iste’dodi, insoniy sifatlari oldida qattiq qarzdorman,-deya  ta’kidladilar..
Hayrlashib, tashqari chiqilgach, Abdug‘afur aka Oybek domla ustozning tushiga kirgani, undan andak gina qilganini gapirib berdi. Va, eng muhimi,  men bir umr bilmagan, sezmagan yangilikni bayon qildi. Temir irodali ustozimiz Ozod aka, kecha shogirdi Abdug‘afur Rasulov uni ko‘rgani kelganida baralla yig‘lab, ko‘kraklariga bosh urib, rozi-rizolik tilabdi, vidolashibdi.
Qarang, harqancha sabot-bardoshli bo‘lmasin, matonatda hammaga ibrat ko‘rsatmasin, inson baribir insonda. Ozod aka esa inson bo‘lganda ham ulug‘ mutafakkir inson edi...
 
 
So‘nggi so‘z
 
2005 yilning “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida, mustaqilligimizning 14 yilligi oldidan, mening “O‘zbek udumlari” kitobim g‘olib topildi. Oradan uch kun o‘tib, ustoz Ozod Sharafiddinov menga qo‘ng‘iroq qilib:
Mahmudjon, mukofot bilan sidqidildan tabriklayman, kechikib yo‘qlayotganim uchun uzr, kennoyingiz telefoningizni topishi qiyin bo‘ldi, o‘zim topolmayman, topganimda ham ko‘rib terolmayman. Tak chto, mening samimiy tabrigimni qabul qiling. Bultur o‘qigandim, qoladigan kitob bo‘lgandi. Munosib mukofot bo‘pti, ­ dedilar.
Ulug‘ insonning e’tibori va  e’tirofidan boshim osmonga yetdi. Terimga sig‘may quvondim.
Mahmud Toirov ham qo‘yilgandi, unga ham rag‘bat bo‘ldimi, men keyingi paytlar gazetalarni o‘qiyolmayapman. Nevaralar bo‘sh bo‘lganda o‘qib berishadi... ­ dedilar.
Mahmud Toir Prezidentimiz Farmoni bilan O‘zbekiston Xalq shoiri unvoniga sazovor bo‘ldi. Uniki juda baland, ­ shoir do‘stimiz uchun xursand bo‘lib ma’lum qildim men.
Ha, durust ish bo‘pti. Siznikiyam kam emas, bu xalqning, o‘zbek ziyolilarining e’tirofi, ijodiy mehnat bahosi bu, ­ yana “Udumlar”ni maqtadi ustoz.
Hammaning tabrigi, yuvishlar ham bir bo‘ldi-yu, ustozning yo‘qlaganlari meni nihoyatda qanotlantirib yubordi. Bu yarim asrdan ortiq ilm va ijod zahmatini chekib kelayotgan mutafakkir ziyolining bahosi, yuksak e’tirofi edi.
Oradan ikki kun o‘tib, kotibam meni tag‘in ustoz Sharafidinov qidirayotganligini aytib qoldi. Bog‘lansam, Ozod aka salom-alikdan keyin:
Mahmudjon, Sizni qidirayotganim sababi ­ kitobingiz haqida maxsus maqola yozmoqchiman.
Hech qilmagan ishimni qilsam. Bir kelsangiz, tezislarimni diktovka qilsamu Siz yozib olsangiz. Ortiqcha maqtov bo‘lmaydi. Udumlarning har bir xalq hayotida tutgan o‘rni, muallifning tanlagan yo‘li, Prezidentimizning qadriyatlarimizni tiklash yo‘lidagi hali mustaqillikdan oldinoq qilgan sa’y-harakatlari, diniy ekstremizm, finatizm, jaholatga qarshi xalq donishmandligi, milliy didaktikaning azaliy va abadiy kurashi, udumlarning bundan buyongi taqdiri ­ bu xalqimiz taqdirini belgilovchi muhim omilligini bayon qilish. Ana shu. Faqat ahvolimdan kelib chiqib, o‘zingizni ishga solayotganim malol kelmaydimi, buning Sizga qiyinchiligi yo‘qmi? ­ deb qayta so‘radilar.
Men: ­ Yo‘g‘-a, domla. Avvalo, e’tiboringizning o‘zi men uchun eng ulug‘ mukofot, faqat Siz qiynalmasangiz... Men uchun Sizning fikringiz, bahoingiz katta sharaf-ku, ­ dedim.
Unday bo‘lsa kelishdik. Vaqtingizga qarab, bugun-erta kelasiz, ijodiy ishni boshlaymiz. Faqat orqayin bo‘lmaymiz, erta-indin qilsak ham bo‘laveradi, demaymiz, uzog‘i bilan kelayotgan haftaning oxirigacha maqola redaktsiyada bo‘lishi kerak, ­ dedilar.
Ertasi ertalab bir “O‘zAS” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi)ni qo‘ltiqlab, domla ziyoratiga ­ ishlashga bordim. Gazetadagi barcha maqolalarning sarlavhalarini, muharrirning “Javob” bosh maqolasi va Shavkat Rahmonning “Vatan” she’rini o‘qitdilar. So‘ng 19 punktdan iborat tezislarini birma-bir yozdirdilar. Bu kechagi og‘zaki shartlashuvimizdan 3-4 baravar ko‘p fikr-mulohazalarni qamrab olgan tayyor masalliq ­ “oshning xomi” edi.
Hovlida, oftobshuvoqda ustoz bilan ancha gurunglashib, uyga qaytdim. Kechasi bilan tezislarni “yoyib”, bir-biriga ulab, maqolani Ozod Sharafiddinov bo‘lib yozib chiqdim. Ertasi shanba dam olish bo‘lsada, eng qobiliyatli kompyuterchi qizimiz Dildorani uyidan chaqirtirib, maqolaning birinchi variantini nashriyotda yozib chiqdik. Ertasi dam olish kuni ham maqola takomili va tahriri ustida ishlab, dushanba kuni domla huzuriga ravona bo‘ldim. Maqola kompyuterda 7 bet bo‘lib, unda domla aytgan barcha fikr-mulohazalar qamrab olingan edi.
Yana hovlida, tok ostida, olachalpoq oftob nurida, yengil stol atrofida Ozod akaga maqolani jumlama jumla o‘qib berdim. Biror jumla bo‘lmadiki, domla so‘z yo birikma qo‘shgan, o‘zgartirgan, to‘ldirgan bo‘lmasin. Muallifning tilidan qahramonga berilgan so‘z ham o‘zlashtirma gapga ­ Ozod akaning o‘z so‘ziga aylantirildi.
O‘zbek udumlari haqida gapira turib, muallifning sifatlari ­ o‘zi ham ayrim odatlarini udumga aylantirgani haqidagi shaxsan meni maqtovchi satrlar domlaning diktovkasi bilan oraga kiritildi. Kutubxona tashkil qilish odatim hammaga ma’lum bo‘lsa-da, notavon qarindoshimga nafaqa tayinlaganim haqidagi faktni domla sharofati bilan qilgan Samarqand safari ziyoratida, xususiy mehmonxonada, oqshom ochilib, kayf ustida aytgan sirimni ham ustoz xotirlab qolgan ekan, maqolaga kiritdi. “Ortiqcha maqtov bo‘lmaydimi, domla” desam, “aksincha, ibrat bo‘ladi, bu odatni boshqa ziyolilar ham udumga aylantirsa, insoniylikka, hukumatimizga ancha yordam bo‘lardi”, ­ deya qo‘shtirdi.
Ustozning diktovkasi, tahriri va qo‘shimchalari bilan tayyorlangan maqola 9 betni tashkil etdi.
Ertasi kuni taqriz tayyor bo‘lgach, uni qaysi gazetada e’lon qilish maslahati bo‘ldi. Domla ikkalamizning ham birinchi navbatda “O‘zAS”ga e’lon qilgimiz bor edi. Biroq ikki sababga ko‘ra boshqa gazetaga berishga qaror qildik. Bultur “O‘zbek udumlari” nashrdan chiqqach, “O‘zAS”ning bosh muharriri Ahmadjon Meliboev ushbu asar haqida katta bosh maqola yozib, “muharrir minbari”da “Udumlar” nashrini madaniy hayotda hodisa sifatida baholashi bo‘lsa, ikkinchisi respublikaning barcha shahar-qishloqlariga kirib boradigan gazeta tanlandiki, bu shubhasiz, hukumatning ijtimoiy-siyosiy gazetasi “Xalq so‘zi” bo‘ldi. Oradan andak vaqt o‘tib, “Vatan” jurnali menga Ozod aka haqida maqola yozish buyurtmasini berdi.
Men rasmiy biografik materialdan ko‘ra keyingi yillar domla haqida yozib borayotganim esselar namunalaridan bermoqchi bo‘ldim. Buning uchun domlaning oldidan o‘tish, imkoni bo‘lsa, o‘zlariga o‘qitib olish lozim edi. Telefonlashib, roziliklarini olgach, “19 sentyabr kuni Ozod akaning uylariga bordim. Darmonsizliklari sezilib turibdi. Talablari bilan uch esseni o‘qib berdim. “Ma’qul, e’lon qilavering, “Terra” jurnalida mening yaxshi suratim berilgan. Shuni ilova qilinglar”, dedilar.
21 sentyabr kuni “Xalq so‘zi” gazetasida Ozod akaning “Udumlarimiz xalqimiz hamrohi bo‘lsin!” degan maqolasi “Kitob haqida so‘z” rukni bilan e’lon qilindi. Albatta, gazeta o‘z tabiatidan kelib chiqib, maqolani ancha qisqartirgan, biroq asosiy fikr-mulohaza, mazmun, Ozod Obidovichcha stil saqlanib qolgandi. Mendan birinchi bo‘lib suyunchi olgan Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov bo‘ldilar. Telefonda xuddi o‘zlari haqida yozilganday hayajon bilan:
Ozod akam Sizning kitobingiz haqida zo‘r maqola yozibdilar-ku. Tabriklayman! ­ dedilar. Qarang, senatorlar gazetani hammadan oldin olarkan-da. Men darhol domlaga qo‘ng‘iroq qilib, maqolaning suyunchisini oldim. Ustoz xursand bo‘ldilar.
Hamma fikrlar qolibdimi? ­ deb so‘radilar.
Asosiylari qolgan.
Ha, mayli, e’lon qilishibdi-ku... ­ dedilar.
“O‘zbekiston Qahramoni” degan yozuv berilmabdi.
Uning ahamiyati yo‘q, ­ dedilar.
Endi buni yuvish qoldi, ­ dedim.
Vaqti bilan yuvamiz, ­ dedilar kulib.
Bu ustozimning men bilan oxirgi muloqoti, matbuotdagi so‘nggi so‘zi ekanligini gumroh banda o‘shanda bilmagan ekanman. Oradan andak vaqt o‘tib, ro‘zaning birinchi kuni, juma namozida buyuk ustozning janozasi o‘qildi...
 
Xayr endi, ozod tafakkur!
 
Onam rahmatlining bir gapi bo‘lardi. “Sidqidil rahbar topsang, bir umidxona qilib, etagini mahkam ushlagin, bolam”. “Rahbar” deganda u biz tushungan boshliq, xo‘jayin, ilmiy, idoraviy, xizmatboshini emas, otaday jonkuyar, onaday mehribon insonni ko‘zda tutardi.
Mening shunday rahbarim, umidxonam bor edi. Birgina mening emas, o‘zbek adabiyotining, madaniyatining barcha ziyolilarining shunday mo‘’tabar rahbari, umidxonasi bor edi. Bu o‘zbekning XX-XXI asrda xudo yorlaqagan fidoyi olimi, tirik ziyoratgohi, buyuk zot ­ Ozod Obidovich Sharafiddinov edi.
Ozod akani har kim har tomondan yaxshi taniydi. Birov yetuk olim, boshqasi mohir tarjimon, yana biri bosh muharrir, domla, ustoz, sodiq do‘st, maslahatgo‘y, kasbdosh, safardosh, zamondosh... Mamlakatimizda hech kim Ozod Sharafiddinovga begona emasdi. Ayniqsa Prezident Karimov unga Oltin yulduz topshirib, izzatini joyiga qo‘yganidan keyin Geofizika qo‘rg‘onidagi munavvar xonadoni O‘zbekiston mehnatkashlarining norasmiy qabulxona ­ idorasiga aylandi. Buxoroi Sharifdan, Qoraqalpog‘u Xorazmdan, Qashqayu Surxondan, Jizzaxu Namangandan ko‘kragida dardu hasrati bor, nohaqlikka yo‘liqqan insonki bor, adolat izlab, Ozod akaning huzuriga kelardi. Domla vakolati bo‘lsa-bo‘lmasa har bir dardmandning dardiga davo izlar, haqiqatni ro‘yobga chiqarish, adolatni tiklash uchun qo‘lidan kelgan va kelmagan barcha chora tadbirlarni ko‘rardi.
Ozod aka bir umr hayotda muxtasham ko‘prik vazifasini o‘tab o‘tdi. Ilmni adabiyotga bog‘ladi, adabiyotni madaniyatga bog‘ladi, o‘tgan asru tuzumning eng yaxshi an’analarini yangi, istiqlol tuzumiga olib o‘tdi. Sho‘ro tizimi 70 yilda qilolmagan ishni “Jahon adabiyoti” jurnali ochib, yetti yilda uddaladi. Ya’ni dunyo madaniyati xazinasi ­ adabiy javohirlarini o‘zbek tiliga o‘zi va  salaflari bilan ag‘darib, o‘zbek adabiyotini Katta Adabiyotligicha saqlab qoldi.
Suyukli shogirdini shifoxonadan ko‘rib qaytishda: “Begali ­ butun boshli bir institut” degani bor edi. Ozod Sharafiddinovning o‘zi butun boshli bir Akademiya edi...
Domla sovet davrida adabiyotga yangi nafas, toza havo olib kirib, umrini buntarlik ­ isyonkorlikda o‘tkazgan bo‘lsa, Mustaqillik yillarida chinakam milliy qahramonlik namunasini ko‘rsatdi. “Shuncha umrni behuda o‘tkazib yuborgan ekanman” deya mudom o‘zini ayblaydigan alloma qisqa muddatda “Ijodni anglash baxti”, “Prezident”, “Dovondagi o‘ylar” kitoblari bilan istiqlolning adabiy portretini yaratib berdi.
Qariganida xudo suygan quliga dard berib, so‘nggi kunigacha uni sinovda ushladi. Ozod aka, avvalo xudo, so‘ng o‘zining po‘latday toblangan metin irodasi bilan hamisha darddan baland yurib, ijtimoiy, ilmiy, adabiy, publitsistik ijod bilan faol mashg‘ul bo‘ldi va bu sohalarda misli ko‘rilmagan g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Domlaning bemor holida bunday natijalarga erishuvida menimcha, uch omil unga suyanchiq bo‘ldi. Birinchisi, ustozning o‘z millati, xalqiga bo‘lgan beqiyos mehr va oqibati. Ikkinchisi umr yo‘ldoshi ­ Sharofat aya boshliq oilaviy badastur muhit, uchinchisi, shubhasiz, Prezident Karimovning bu zotga nisbatan muntazam e’tibori va rag‘bati.
“Prezident” kitobini oriyat ustida yozdi. Qirg‘izistonlik, Rossiyalik, boshqa xorijiy davlatlar siyosatdon professorlari O‘zbekiston Prezidenti haqida ketma-ket kitoblar chop etaverishgach, bu o‘zbek professorining hamiyatiga tegdi. “Nega bizning Prezidentimiz haqida, boshqalar yozishi kerak. O‘zbekdan shu missiyani amalga oshiradigan olim yo‘qmi? Ko‘z o‘ngimizda shakllangan, unib-o‘sgan, Prezident bo‘lsa. Yozish kerak!”
O‘zbekning birinchi Prezidenti haqida o‘zbek olimining birinchi asari ana shunday dunyoga keldi. Bu kitob boshqa mualliflar asarlaridan farqli o‘laroq xolisligi, samimiyati, insoniyligi, yuksak badiiyati, tama’ va siyosiy o‘yinlardan xoliligi bilan ajralib turadi.
Prezidentning ulug‘ allomaga hurmat va ixlosi xalqimizga yaxshi ma’lum. Abdulla A’zam davlat rahbari nomidan Ozod akani yo‘qlab, duoyi salomlarini yetkazib turganining bir necha bor guvohi bo‘lganman.
Prezidentga rahmat, ­ degandi bir gal Ozod aka ­ anvoyi gullarini hidlab, ilxom bilan yangi-yangi asarlarimni yozyapman. Choponlari tanamni yayratyapti. Men binoyiman. Boshqa ijodkorlarning ko‘nglini olinglar. Masalan, Odil Yoqubov o‘zbekning katta san’atkori u. Ruhlantiringlar, uni salomatligi yaxshimas. Shundayam shu yoshida ajoyib asarlar yozyapti. Ko‘ngli ko‘tarilsa, qanot chiqarib, yana zo‘r asarlarini hadya etadi, xalqimizga...
Tag‘in bir gal Prezident yo‘qlovidan minnatdor bo‘lgan ustoz:
Mening shaxsiy iltimosim yo‘q, taklif shulki, ulug‘ adibimiz Oybekning 100 yilligini obro‘yiga yarasha, jahonshumul qilib o‘tkazaylik. Prezidentimiz bu haqda maxsus farmon chiqarib, mablag‘ ajratishga ijozat bersalar, ­ deya iltimos qilganiga shohidman.
Demak, bu borada ham Ozod Sharafiddinov mamlakat ziyolilari bilan Prezident o‘rtasida ko‘prik bo‘lib yashadi.
O‘zbekistonda Ozod aka daxldor bo‘lmagan sohayu, shaxs yo‘q hisobi edi. Rustam Qosimjonov Jahon chempioni bo‘lganida, Tripoliga qo‘ng‘iroq qilib, “Balli, Rustamjon o‘g‘lim, sen butun O‘zbekistonni chempion qilding” ­ deya birinchi bo‘lib olqishlagan ham Ozod Sharafiddinov edi...
Adib so‘nggi yillarda to‘lib-toshib, ulgurish uchun shoshib o‘zbekning mashhur odamlari haqida qator adabiy-publitsistik ocherklar yaratdi. Ular orasida olimlar, huquqshunoslar, tadbirkorlar, shifokorlar, dehqonu fermerlar timsollari bor. Ko‘pchilikka ma’lum atoqli adiblar Cho‘lpon, Oybek, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Sarvar Azimov, Muzayyana Alaviya va boshqalar haqida tamoman yangi gaplarni yozdi.
Shu turkumdagi ocherklar orasida muallifning ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lmagan hassos o‘zbek adibi Samar Nurov haqidagi asari alohida ajralib turadi. Tasodifan falokat ro‘y berib, nogiron bo‘lib qolgan san’atkor sabot-irodasi, matonati “Qora tong” romanini yaratish yo‘lida chekkan jismoniy-ruhiy iztiroblarini tasvirlarkan, ustozni yaqindan bilganlar bu timsolda Ozod akaning avtoportreti ham mushtarakligini yaxshi fahmlaydi.
Qahramonimiz Ozod Sharafiddinov hammaga ­ o‘tganlarga ham, hayotlarga ham qo‘lidan kelgan yaxshiligini ayamay o‘tdi.
Ozod Sharafiddinovni ba’zilar fidoyi rus madaniyatshunosi Dmitriy Lixachevga qiyoslashardi. Ko‘pchilik bu zotni “o‘zbekning imoni” derdi...
O‘zbekiston, o‘zbek xalqi o‘zining buyuk farzandidan ayrilib qoldi. Ziyolilar, ijod ahli, afkor omma vatanparvar, millatparvar, fidoyi rahbari, tirik ziyoratgohi, umidxonasidan judo bo‘ldi. Ozod Sharafiddinovning o‘rni, qadri bundan buyon ko‘p bilinadi. Alvido, ulug‘ ustoz! Oxiratingiz obod bo‘lsin. Xayr endi, ozod tafakkur...
 
Vido
 
Yuragim zirqirab, o‘rganib qolgan raqamim 1615064 ga qo‘ng‘iroq qildim. Odatda bu telefon go‘shagini domlaning o‘zi olardi. Bilaman, endi domla yo‘q, go‘shakni ko‘tarib zarbnafas bilan “a-loh!” demaydi. Shunday bo‘lsa ham o‘rgangan ko‘ngil...
... Kelinning yordamga kelgan opasining gapicha, hovlida hech kim yo‘q, hamma ishda-o‘qishda. Sharofat aya (domlaning rafiqasi) yaqinda 1-statsionarga davolanishga yotqizilibdi.
Domlaning Abdulla Oripov “Adolat ko‘zgusi” kitobiga yozgan so‘zboshisi uchun andak qalam haqi bor edi, shuni olib, ham kenoyini ziyorat qilish maqsadida shifoxonaga ravona bo‘ldim. Sharofat yanga meni ko‘rib xursand bo‘ldi, “vizitim” sabablarini aytdim.
Gonorarni muallifning vorisiga topshirib, imzo chektirdim.  Ayni paytda armonim – shunchalik yaqinligim, domlamning matbuotda e’lon qilgan eng so‘nggi asari mening kitobim haqida bo‘lganligi bilan, nasib qilmagan ekan, ko‘plar qatori ustozning tobutiga yelka tekkizishga yaramaganim – o‘sha kunlari operatsiya bo‘lib, shifoxonada yotganimni aytdim. Kelinoyi uzrimni to‘g‘ri qabul qilib, ustozning so‘nggi damlari haqida hikoya qilib berdi:
– Domlangizning vaqti-soatlari yaqinlashganini sezib, darhol qizim Muhabbatni chaqirtirdim. Xavotirim Alisherdan edi. Ishining tig‘izligidan otasi bilan vidolasholmay qolmasaydi, deb cho‘chirdim. Tashqari chiqib, qo‘liga telefon qildim. Xudoning qudrati, yugurib keldimi, uchib keldimi, uch-to‘rt daqiqada otasining boshida hozir bo‘ldi. Domla o‘zlariga kelib, hammamizga birma-bir qarab chiqdilar. Men:
– Xo‘jayin, so‘nggi paytlarda asablarim izdan chiqib, xizmatingizni o‘rniga qo‘yib qilolmagan bo‘lsam, bilib-bilmay qattiq-qurum gapirgan bo‘lsam, meni kechiring, rozi bo‘ling, – dedim. Domlangizning yuzlarida tabassum yoyildi:
– Men Sizdan mingdan ming roziman. Axir har kuni “roziman” deyman, eshitmaysizmi? – dedilar. Aslida, biror marta bo‘lsin, bu so‘zni tillariga olganlarini eshitmaganman. Demak, ichlarida aytarkanlar-u bizlar bilmas ekanmiz-da. Tag‘in:
– Bolalaringizdan, oila a’zolaringizdan rozi bo‘ling, – dedim.
– Hammalaringdan roziman. Ming bor roziman, – dedilar. So‘ng hammamizga yana bir qur nigoh tashlab:
– Alvido! – dedilar va shu zumda jon uzildi. Ollohning inoyati, juda oson jon taslim qildilar...
–   Ha, domlam-a, – xayol qilardim men Sharofat yangani yupatib, yo‘lda ketarkanman, – bir umr qahramonlikdan iborat hayoti stsenariysiga “alvido”ni ham kiritib, uni o‘rinlatolgan ustoz-a!...
Mahmud Sattorov
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.