OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Matnazar Abdulhakim. “Yiroqlarga yetakladi meni bir suron...” (2008)

Adabiyotshunosligimizda, yanglishmasam, ijod psixologiyasi alohida fan sifatida ajralib chiqmagan. Biroq ijod g‘alayoniga qattiq berilgan shoirki bor, badiiy ijod kechinmalarining shuuriy hamda g‘ayrishuuriy jihatlariga o‘z she’rlarida muayyan darajada to‘xtalmay iloji yo‘q. Ayniqsa, ijod jarayonining bu tafsilotlari ulkan tarixiy evrilishlar bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lsa. Yodingizda bo‘lsa, Alisher Navoiy hazratlari “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida ijod ruhshunosligining bir jihatidan nafis pardani qiya ochib, o‘quvchiga ijodxonasining ayrim qirralarini ko‘rsatib qo‘yadi. Asarda Pahlavon Muhammadning tabib sifatidagi mahorati uning ijodkor ruhiy holatini naqadar nozik ilg‘ay olishi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Pahlavon tabib o‘zining ana shu salohiyati tufayli shoirni qaltis asab kasalligidan xalos qiladi.

Shoirlar, albatta, ijod ruhshunosligi masalalarini tadqiq etishni o‘z ijodlarida bosh maqsad sifatida tanlamaydilar; ular mazkur ruhiy jarayonga muayyan darajada “tegib” o‘tadilar.

Abdulla Oripovning “Sarob” she’ri ham, garchi ushbu mavzuga butkul bag‘ishlangan bo‘lmasa-da, unda tarixning yaxlit bir parchasi shoir ijodiy kechinmalari bilan yo‘g‘rilgan holda, badiiy-ma’naviy jihatdan poetik tahlil qilinadi.

She’r ana shu asarning o‘zi insho etilayotgan paytdagi shoirning ruhiy ahvolini bayon qilishdan boshlanadi:

Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada,
Olti oykim, o‘zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada
Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat.

Bu misralar shoirning o‘zi bilan aynan bir darajada bo‘lgan lirik qahramonning ichki sezimlarini, uning qalami aniq mo‘ljalga urayotganligini yaxshi ifodalagan. (Mazkur she’rda lirik qahramonning shoir bilan aynan bir shaxs ekanligini e’tiborga olib, mazkur maqolamizda bundan keyin uni shoir deyish bilan cheklanamiz.) “Mo‘ljalga aniq urish” masalasiga kelganda esa, bu she’r 1966 yili, o‘sha yillarning bevosita taassurotlari ostida shu davrning iqtidorli farzandi tomonidan yaratilgan edi.

Bu davr qirg‘in-qatag‘onlarning urushdan keyingi ikkinchi to‘lqiniga bevosita tutash yillar bo‘lib, Abdulla Oripov va uning avlodi esini tanigan, o‘sib-ulg‘ayib, kamol topgan yillarga to‘g‘ri keladi. Bu yillarda xalqning gardanidan olib tashlangan ta’qiqlar yuki uni ijtimoiy-siyosiy majruhlikdan xalos qila boshlagan, nisbiy matbuot erkinligi bo‘lsa ijodkorlar yelkasiga oftob tekkiza boshlagan, chindan ham “she’r ulug‘, non aziz” yillar edi. Biroq bu yillari qatag‘on-qirg‘in shotirlari ham o‘z otlaridan tushgan bo‘lsalar-da, hali egarlarda mahkam o‘tirar, o‘zlarining mash’um faoliyatlarini bemalol davom ettirayotgan edilar. Ana shu “do‘st”lar edi Abdulla Oripov hamda uning maslakdoshlari nafas olayotgan havoni zaharlayotganlar. Bu “do‘st”larning qo‘li qaergacha yetardi, bu “olti oy” qancha davom etdi? Quvonchlisi shundaki, shoir ularning g‘alamisliklari qarshisida dovdirab qolmadi. Ularga taslim bo‘lmadi. Ijod qilishda, kurash olib borishda davom etdi. Bu kurashning nisbatan yaqinda tamom bo‘lgan urushdan tafovutli va qiyin tomoni shunda ediki, bu “urush”da front ko‘zga ko‘rinmasdi, dushmanlik bo‘risi zohiriy do‘stlik qo‘yining terisini yopinib olgan edi. She’rdan ayon bo‘ladiki, bu kurash qarama-qarshi g‘addor tomonning ijtimoiy-siyosiy hamda ma’naviy pismiqliklari “ishtiroki”da kechayotgan bo‘lsa ham, ana shu davr ta’biri bilan aytganda, “har qalay, oldda hali chiroqlar bor” edi. Shuning uchun ham shoir yozadi:

Nimanidir axtaraman — she’rdan ham ulug‘,
Nimanidir axtaraman — nondan azizroq.
Dunyo o‘zi bepoyon-ku, ranglarga to‘lug‘,
Biroq mening ko‘zlarimdan ranglar ham yiroq.

Dog‘ulilik yo‘liga o‘tib olgan makkorlarning kuchi shunda ediki, ular zamon ijodkorlarining ko‘zlaridan ranglarni yiroqlashtirishga, ularga dunyoni nisbiy qarama-qarshiliklarning oq-qora bo‘yoqlarida ko‘rsatishga, shu bilan san’atni, jumladan, so‘z san’atini ham ma’naviy murakkablikdan mahrum etishga harakat qilardilar. Bu ishda ularning ham bo‘sh kelmayotganligi she’r avvalidagi shoir tushib qolgan buhroniy kayfiyatda ko‘zga tashlanadi. She’r davomida shoir tushkunlikning bu “qasam darasi”dan muvaffaqiyat bilan chiqa boshlaydi. Bunda unga ajdodlarimizning qadimgi mumtoz she’riyatidan an’ana bo‘lib kelgan she’riy majoz — an’anaviy may obrazi qo‘l keladi:

Injiq ruhim may istaydi gohi-gohida,
Faqat uning og‘ushida topaman orom.

Mumtoz adabiyotimizda “may” ilohiy e’tiqodning ramzi bo‘lgani kabi, mazkur she’rda ham sog‘lom fikrlash manzarasini yaratishga imkon beradi:

Xayollarim sarxush bo‘lib kezgan chog‘ida
U bearmon kunlarimga qaytaman tamom.

O‘quvchi beixtiyor sergak tortadi. Qonli va bemiqyos jahon urushi boshlanib ketgan, qirg‘in-qatag‘onlarning o‘laksaxo‘r sharpasi kezib yurgan yillari tug‘ilgan bolakayning kunlari qanday qilib bearmon bo‘lsin!

Shoir nihoyatda qiyin, aytish mumkinki, qaltis vaziyatdan mahorat bilan “chiqib” ketadi. Bu murakkab ijtimoiy-ma’naviy, ruhiy ahvolni bartaraf etishda unga sun’iylikdan qochib, tabiiylikka rioya qilish, nozik ijodiy intuitsiya madadga keladi.

Abdulla Oripovdek o‘z she’rlarini ijodiy g‘alayonlar izmidagi ruhiy holatlarda bitadigan shoirning ijodi tabiat bilan shu qadar chambarchas bog‘langanki, bu ijodning ijtimoiy ahamiyatini g‘oyat oshirib yuboradi.

She’r davomining jozibasi shundaki, misralardagi shoir qaytayotgan armonsiz kunlar kashshoflik bo‘yinbog‘ini taqqan o‘spirinning kommunistik “olamgulistonchiligi” emas, balki mana shu farzandning ona tabiat bilan uzviylikda kechgan mas’ud damlaridir:

Ko‘z oldimda kiprikdayin tizilar yillar,
Har biriga marjon bo‘lar achchiq unlarim.
Xira tuman orasida cho‘g‘day miltillar,
Jayron quvib jayron yanglig‘ o‘tgan kunlarim.

She’rning mana shundan keyingi ulkan bir parchasi tabiat va insonning ozod munosabatlari manzarasini yaratishga sarflanadi. Shoir “Maktab bordik — og‘ir bo‘lib qoldik daf’atan” deb “u armonsiz kunlari” tavsifiga chek qo‘yadi.

Endi bu kunlarning davomi o‘smir hayotini ziddiyatlar girdobiga tashlaydi. Shoir o‘sha davrda adabiyot va san’atda hukm surgan mash’um konfliktsizlik nazariyasining o‘zi maktabda ko‘rib ulgurgan basharasini chizib o‘tadi:

Bu dunyoda alam bo‘lmas, bo‘lmas deb firoq
Dasta-dasta kitoblardan o‘qirdik ta’lim.
Ravon yo‘llar qarshingizda turibdi mushtoq,
Derdi bizga harf o‘rgatgan yosh bir muallim.

Oltmishinchi yillarning o‘rtalari, ya’ni ushbu she’r yaratilgan paytlari konfliktsizlik nazariyasi ta’siri hali o‘zining avjida edi, yovuz kuchlar pana-panada hali o‘zining qora ishlarini davom ettirayotgan edilar. Shuning uchun ham shoirning “Pahlavon Mahmuddan madad so‘rab”, jamiyatdagi nobop jihatlarga qarshi kurashga o‘zini safarbar qilgani chinakam jasoratli grajdan shoirga xos xislat edi. Yaqin o‘tmishning yaqin o‘nyilliklaridagi illatlar bo‘lsa taraqqiyotning oyog‘iga tosh bo‘lib bog‘lanib, ilgarilab ketishimizga, tabiiyki, yo‘l qo‘ymayotgan edi. Binobarin, shoir o‘zining uyg‘onishi bilan kifoyalanmay, o‘zgalarni uyg‘otishni ham o‘z burchi deb bildi.

Olis janub tortganiday qushcha yuragin,
Yiroqlarga yetakladi meni bir suron.
O, Abdulla, ko‘zlaringni ochib qaragin,
Kim aytadi bu dunyoda yo‘qdir deb bo‘ron.

Shoir yuragini “olis janub”ga o‘xshab tortayotgan, albatta, bu uning o‘zini va zamondoshlarini chorlayotgan kelajak edi. Fashizm ajdahosini yenggan xalq endi saroblarga ishonib yashay olmasdi. “Har kimdan qobiliyatiga yarasha, har kimga ehtiyojiga yarasha” tarzidagi tuturiqsiz kommunistik kelajakni va’da qilayotgan sarob mafkuradan odamlarning shusiz ham qaytgan ixlosi badtar qaytib bo‘lgan edi. She’rda qizil doktrinalarning ko‘zga tashlanmasligi ham shunda.

She’r izlayman bu kun Toshkent ko‘chalarida,
Sekingina zirqiraydi beorom qalbim.
Men umrimning bu suronli kechalarida
Na bir taskin topa oldim, na she’r topoldim.

She’r topiladigan ahvolda emasdi o‘zi. Aniqrog‘i, mafkura shovvozlari shoirlardan kutayotgan she’rlarni yozishga shoirning qalami qaqshatqich bir qaysarlik bilan qarshilik ko‘rsatayotgan edi.

Odamga, ayniqsa, shoir odamga, xususan, vijdonli shoir odamga o‘zining bir vaqtlari soddadillik qilib ishongan ideallaridan, oxirida bachkana bir yolg‘on bo‘lib chiqqan muddaolaridan mahrum bo‘lish, mayli, sog‘lom uyg‘onish hisobiga bo‘lsa ham, juda og‘ir. Qimmatga tushayotgan bunday zil-zambil ma’naviy yukni, vijdon yukini yurakka yuklab bardosh berish uchun hayotni nihoyatda sevish, borib turgan nekbin bo‘lish talab etilardi odamdan. Chunki:

Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular
Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob.
Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular,
Qo‘ymaydilar, va’dalaring chiqdi deb sarob.

Mavjud bo‘shliqning o‘rnini to‘lg‘azishi kerak bo‘lgan ma’naviy boylik uning o‘rnini bosadigan darajada bo‘lmog‘i zarur.

Ko‘z oldimda sobit turar faqat shu Vatan,
Kulbasi ham kenglik qadar chulg‘aydi meni.
Tuyg‘ularim faqatgina unga berar tan,
Yurtim, men ham umrim qadar sevgayman seni.

Vatan agarchi buyuk tasalli esa-da, baribir, ideallardan mahrumlik tuyg‘usi shoirni ezaveradi:

Ammo ayting, qayda qoldi u yoshlik paytim,
Qayda qoldi men ishongan u o‘zga hislar.

Endi shoir o‘zini sevgisi rad bo‘lgan oshiqqa o‘xshatadi. Fuzuliyning bayti yodingizdami:

Azal kotiblari ushshoq baxtin qora yozmishlar.
Bu mazmun ila xat ul safhai ruxsora yozmishlar.

Yosh Abdullaning hasrati ham ana shunday fuzuliyona:

Gar bor bo‘lsang javob ber, ey, ilohiy qudrat,
Nahot go‘dak ishonchini yozibsan qorga?!

Abdulla Oripov o‘zining oldiga qo‘yayotgan bu savolga osmondan emas, yerdan javob topadi.

Shovqin to‘la ko‘chalarda kezaman tanho,
Yana she’rim yuva boshlar dildan g‘amimni.

Demak, “Na bir taskin topa oldim, na she’r topoldim” degan xavotirlar behuda. “Nahot go‘dak ishonchini yozibsan qorga?!” deyishlar ham nojoiz. Negaki, shoir ma’naviy tabib sifatida dardga tashxis ham qo‘ya olgan:

Xayollarning girdobida qolganda ammo
Alam bilan xotirlayman muallimimni.

Shoir yana hayotga, yana she’rga, yana kurashga qaytadi. Chunki u ajablanmaydi. Buni hayot deydilar va uni kechirish oson emas. U oson bo‘lsa edi, bu qadar totli bo‘lmasdi.

Ne tong, axir farzandimiz-ku shu zamonaga,
Axir ona siynasidan farzand tonolmas.
Qo‘l ko‘tarib bo‘larmidi axir onaga,
Zotan, unga qo‘l ko‘targan — farzand sanalmas.

Bu she’r butun bir xalqni og‘ir uyqudan uyg‘otganligi bilan faqat o‘zbek adabiyotida emas, balki jahon adabiyotida ham alohida o‘rin tutadi. To‘g‘ri, bu she’r hali ko‘plab tillarga tarjima qilinmagan, ko‘plab xalqlar bu she’rni hali bilmaydi. Chunki muayyan she’r avvalo muayyan zaminda paydo bo‘ladi va, avvalo, muayyan xalqning hayotida ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi. Har bir xalqning qismati esa har xil. Har bir xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish uchun alohida iste’dod, alohida ovoz kerak. Shuning uchun ham jahon adabiyotida biron-bir nimaga arzimoq uchun avvalo ma’lum bir xalqning adabiyotida biron-bir nimaga arzimoq kerak. Bu she’r, avvalo, o‘z muallifining, so‘ngra muxlislarning, qolaversa, butun xalqimizning yuragida yangicha badiiy-ma’naviy qarashlarni barqaror qildi, mustahkamladi va yuksaltirdi. Istiqlol umidlarini ehtiyojga aylantirdi. She’riyatda yangicha yo‘nalishni — ozodlik yo‘nalishini boshlagan she’rlardan biri bo‘lib, o‘z izdoshlarini hurriyatparvarlik yo‘liga boshladi. Ijodiy jasorat namunasi bo‘ldi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.