Asosiy faoliyati dorilfunun bilan bog‘liq bo‘lgan adabiyotshunos olimning mamlakatimizdagi yangi tashkil etilgan nufuzli jurnallardan biriga Bosh muharrir etib tayinlanishi dastlab ayrimlarni ajablantirgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin jurnal nashr etila boshlab, adabiy jamoatchilikning va muxlislarning e’tiborini qozongach, Bosh muharrir “uzukka ko‘z qo‘ygandek” o‘z o‘rniga tushganligini barcha, birday e’tirof etdi.
Men jurnalga domlamizdan keyin kelgan ikkinchi xodim bo‘ldim va Bosh muharrirga o‘rinbosar sifatida ish boshladim. Mana shu faoliyatim davomida ustozning Bosh muharrir sifatidagi fidokorona mehnatiga, jasoratiga, mualliflarga samimiy munosabatlariga ko‘p marta shohid bo‘ldim.
Domla ish borasida o‘zini ayamasdilar. Jurnalning tashkiliy ishlari maromiga yetgach, uning dastlabki sonlarini tayyorlashga shitob bilan kirishib ketdik. Ana shu pallada domlaning muharrirlik iste’dodi namoyon bo‘ldi. Jurnal tahririyati xodimlari oldida shunday savol ko‘ndalang bo‘ldi: jahon adabiyoti katta ummon, lekin bugungi kunda o‘quvchilarimiz uchun qaysi asarlar muhim? Qaysi asarlar xalqimiz tafakkurini yuksaltiradi, ma’naviyatini boyitadi?..
Har kim o‘z fikrini aytdi. Lekin domla hammaning fikrini astoydil eshitib, ayrimlarini qo‘llagan holda o‘zlari tuzib kelgan ro‘yxatni o‘qib (undagi adiblar dunyoning turli mamlakatlaridan edi), ular haqida keng tushuncha berib, darhol tarjimonlarni bu asarlarga jalb etishimizni aytdilar.
Shunday qilib, jurnal faoliyati qizg‘in boshlanib ketdi. Adabiyotimizning jonkuyarlari, mohir tarjimonlar, o‘tkir publitsistlar, taniqli adabiyotshunos olimlar tahririyatimizning faol mualliflariga aylandilar. Ayrim yirik asarlar hali tarjimasi tugamasdan turib, jurnal sahifalarida e’lon qilindi.
Domla, ayniqsa, jahon publitsistikasiga jiddiy e’tibor berdilar. Tahririyatimizning bir yig‘ilishida Publitsistika bo‘limi mudiri marhum Rahmatulla Inog‘omovga murojaat qilib: “Bilasizmi, do‘stim, bundan yigirma yillar muqaddam amerikalik o‘tkir publitsist adibaning ekologiya haqida ajoyib maqolasi e’lon qilingan edi. Shuni zudlik bilan tarjima qilsangiz, kelgusi sonda yoritamiz”, dedilar.
Domla ushbu maqola muallifini, u qaysi jurnal ekanligi-yu, uning yili va oyini aniq aytdilar.
Mazkur maqola e’lon qilingandan keyin ko‘p ijodkor do‘stlarimizning undan hayratlanganliklariga shohid bo‘ldim. Hatto uni ayrim nashrlar ko‘chirib ham bosdi.
Domlaning tavsiyasi bilan tarjima qilingan bunday maqolalar behisob edi, desam lof emas.
Yoshlar tafakkurini o‘stiradigan, ularni jasoratga da’vat etadigan koinot va fazogirlar haqidagi, bemisl kashfiyotlar yaratgan jahon olimlari hayotiga bag‘ishlangan qator maqolalarni o‘zlari tarjima qildilar.
Jahon adiblarining adabiyot haqidagi fikr-mulohazalari, turli adabiy oqimlar, ayniqsa dunyodagi hozirgi adabiy jarayonlar haqidagi maqolalar borasida alohida to‘xtalmasdan o‘tib bo‘lmaydi. Masalan, bugungi kunda har bir tanqidchi ikki gapidan birida takrorlaydigan “modernizm”, “postmodernizm” haqida turkum maqolalar e’lon qilgan edik. Bu maqolalar norveg adiblariniki bo‘lib, domlaning o‘zi tarjima qilgandilar. Muhimi, mazkur maqolalarda ushbu oqimlar nima uchun paydo bo‘lgani, ularning asl mohiyati nima ekanligi teran ochib berilgandi. Jumladan, Balzakning “Frantsuz yozuvchilariga murojaati”ni esga olmay bo‘ladimi? Uni o‘qisangiz, deyarli ikki asr ilgari yozilgan maqolaning bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarbligini tan olmay ilojingiz yo‘q.
Jurnalda rejalashtirilgan durdona asarlar, tarjimonlarimizning iste’dodi va saviyasiga qarab, ularga tavsiya etilardi. Ularni tarjima qilishni zimmasiga olgan tarjimonlar bundan bu yog‘i tahririyat “ta’qibi”dan qutula olmasdi. Masalan, ana shunday tavsiyalar tufayli “Zurdo‘sht tavallosi”, “Buzrukning kuzi”, “Uliss sarguzashtlari” asarlari adabiyotimizning bebaho mulkiga aylandi.
Domladagi yana bir fazilat asarning saviyasi haqida o‘z o‘ylaganini galga solmay muallif yuziga ayta olishi edi. Nafslambirini aytganda, bu xususiyat Bosh muharrir uchun shart bo‘lgan eng muhim xususiyat emasmi? Jumladan, domla yaxshi asar haqida terisiga sig‘may quvonib gapirib yurar, bo‘sh asar haqida esa, muallifi kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning nuqson-qusurlarini dalillab, har qanday davrada gapira olardi.
Domlaga o‘zini yaqin olib yuradigan do‘stlarimizdan biri dramasi haqida teatr fikr so‘rayotganligini aytib, tavsiya yozib berishini so‘ragan ekan. Domla ushbuni ana shu do‘stimizga berib qo‘yasiz, ertaga oldingizga keladi, deya menga berdilar. U piesa haqidagi fikr-mulohazalar ekan. Men tanishib, hayratdan yoqamni ushlab qoldim. O‘zining do‘stiday, eng yaqin shogirdiday ko‘radigan yozuvchi dramasi haqida shunday achchiq gaplarni yozgandilarki (albatta, chandon asoslab), unda bu asar shu ahvolda sahnaga chiqqanidan chiqmagani ma’qul, degan fikr dangal aytilgan edi.
Jurnaldagi Ozod Sharafiddinovning Bosh muharrirlik faoliyatini bitta maqolada, albatta, qamrab olib bo‘lmaydi. Lekin men mana shu o‘tgan davrga nazar solsam, domladan tahririyatdagi barchamiz uchun juda katta tajriba, asarlarga talabchanlik tuyg‘usi, jamiki qalam ahliga xolis va samimiy munosabat an’anasi meros qolganligini his etaman.
Domla tanbal, ishyoqmas xodimlarini jinidan battar yomon ko‘rardilar, va’dasida turmagan mualliflarni, tarjimonlarni o‘zining achchiq so‘zlariga duchor qilardilar.
Bosh muharrir uchun zarur bo‘ladigan yana muhim xislatlar mana shular emasmi?!
Jurnalimiz faoliyati hamisha silliq kechdi desam, haqiqatga xilof gapni aytgan bo‘laman. Ma’lum yillarda jamoamiz ham murakkab qiyinchiliklarni boshidan kechirib, oqsay boshladi. O‘shanda Bosh muharririmizga yaxshi ma’noda xayrixohlik bildirib, bir yilda 12 ta son chiqarish shartmi, uni 6 ta son qilish yoki hajmini ozgina kamaytirsa bo‘ladi-ku, degan fikrlar ham aytildi. Shunda domla cho‘rt kesib, Prezidentimiz oldida, o‘quvchilarimiz oldida nima deymiz, deganlari hali ham yodimda.
Ming shukrki, Yurtboshimiz asos solgan jurnal 12 yil davomida bir oy ham kanda bo‘lmay, bir sahifa ham kamaymay nashr etilib kelinmoqda. Uning hozir 140-soni chop etildi.
Shuni faxr bilan ayta olamanki, domlamiz tavalludining 80 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotgan bir paytda, o‘quvchilarimiz soni deyarli ikki barobarga ortdi. Bu ko‘rsatkichga erishganimizda jurnalimizning barcha xodimlari dilidan, Domlamizning ruhi shod bo‘ladigan bo‘ldi, degan fikr kechgani, shubhasiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 11-sonidan olindi.