OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirpo‘lat Mirzo. E’tiqod mehvari (2012)

Esimni tanibmanki, ko‘nglimda ajib tuyg‘ularning shirin g‘alayonini his etaman. Murg‘ak paytlarim tomda onam yonida o‘ltirib, oyga, yulduzlarga termulganlarim yodimda. O‘sha paytlarda qishlog‘imizdagi ko‘pchilik oilalar yozning dimiqqan kechalarida o‘zlarining tuproq tomlariga chiqib yotishardi. Hovlimiz qirg‘og‘ida rayhonlar va turfa gullar gurkirab-yashnardi. Ularning go‘zalligini ko‘rib bexos ko‘nglim qalqib ketardi. Mahallamizdagi ayollarning quduqqa suvga chiqishganida bir-biri bilan gurunglashishlari ham esimda. Ularning gaplarini men hali yozilmagan asar personajlari dialoglariga mengzardim. Men bu “personajlar” so‘zi oldiga xayolan “tire” qo‘yar, uning gapi tugagach, “vergul”, “tire” qo‘yib, xayolan o‘zimning izohimni qayd etardim.
Bularning hammasi kelgusida mening adabiyot odami bo‘lishimning alomatlari edi. Lekin men buni u paytlar shuuran anglardim, xolos. Ayni chog‘da men hali biron misra she’rni ijod qilmagan esam-da, yuragimda har qanday she’rni uddalay olaman degan ishonch yashardi. She’r yozishga qo‘l urmaganimga sabab, shu choqqacha biror-bir “tirik” shoirni, hatto havaskor shoirni ham ko‘rmagan edim. Chunki men tug‘ilgan Janubiy Qozog‘istondagi Sayram qishlog‘iga O‘zbekistondan ijodkorlar kamdan-kam borardi. Men o‘qiyotgan maktabga esa, na shoir, na yozuvchi qadam bosgandi. Xullas, meni “maydonga” – she’r yozishga da’vat qiladigan, chorlaydigan hech kim yo‘q edi.
4- yo 5- sinfda o‘qirdim. Mendan ikki sinf yuqori o‘qiydigan amakimning o‘g‘li Havazmat akam bir payt she’r yoza boshladi. U juda ko‘p kitob o‘qirdi. Shundan keyin men u bilan “bahslashib” 5-10 ta she’rni “qotirib” tashlaganman. Bu she’rlar nima haqda edi, mutlaqo esimda yo‘q. Havazmat akam yozishdan to‘xtadi. Men ham boshqa urinmadim. Lekin meni o‘sha paytda maktablarda urf bo‘lgan “Devoriy gazeta”ga mas’ul qilib tayinlashdi.
Men o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tugatdim. Biz o‘qishni bitirgan yili 11- va 10-sinflar maktabni tamomlashdi. O‘qishga kirish chog‘ida bir o‘ringa 24 tadan abiturient to‘g‘ri kelsa-da, men talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Universitetni tamomlayotgan paytimizda hammamizga kirish imtihoni chog‘ida yozgan “Insho”mizni ko‘rsatishgan. Men o‘shanda yozgan 5-6 varag‘imga biron-bir qizil siyoh tegmaganligini ko‘rib, hayratlanganman. Bundan hozir ham hayratlanaman. Ushbu sa’y-harakatlarimning barchasi adabiyotga bo‘lgan havasim va ixlosimdan edi, albatta. 
Universitetga ilk qadam qo‘ygan yilimni eslasam, bir qiziq gap yodimga tushadi: hamma matbuotda e’lon qilingan ijod bisotini qog‘oz papkaga joylab olgandi. Hamkurslarimning bisoti ancha salmoqli ekan. Men sho‘rlikning esa, 2 ta “to‘rtligim” va bir necha xabar yo‘sinidagi maqolalarim bor edi, xolos. Tojikistonlik kursdosh do‘stim mening ijodimni o‘zinikiga taqqoslab, o‘zinikining salmog‘ini dalillash uchun: “Bilasanmi, men mana shu yozganlarimga davlatning qancha pulini yeb yuborganman!”, degandi. Bu bilan u tuman va viloyat gazetalarida chop etilgan she’r, maqola, ocherklariga ko‘p miqdorda olgan qalam haqini ta’kidlamoqchi bo‘lgandi. “Yeb yuborganman” degani esa o‘zining oddiy, jo‘n odam emasligiga ishora edi. Chunki davlatning pulini oddiy odamlar yeya olmasdi. Uni o‘sha paytlar sovxoz direktorlari, tuman mutasaddilari, turfa xil rahbarlar o‘marar edi. Men senga o‘xshagan lalaygan emasman, zamonning olg‘ir, abjirlaridanman, demoqchi bo‘lgandi shoir-kursdoshim.
Dorilfununda tahsil olgan yillarim tinmay ijod bilan mashg‘ul bo‘ldim. Lekin yozganlarimni hech qaerda e’lon qildirmadim. Birinchi she’rim “Sovet O‘zbekistoni” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”)da universitetni tugallayotgan yilim bosildi. Keyin “Guliston” jurnalida e’lon qilindi. Ustoz Abdulla Oripov “Oq yo‘l”i bilan e’lon qilingan o‘sha turkum she’rlarim ko‘plar e’tiboriga tushdi. O‘qiganlar hozirga qadar eslashadi. 
1975 yili ilk to‘plamim “Tong jilvasi” chiqdi. Birinchi kitobning nashidasi bo‘lakcha edi! Kitob chop etilgach 2-3 oy o‘tib, Qo‘qonga yo‘lim tushdi. U yerda ajoyib kitob do‘koni bo‘lardi. Shu do‘konga kirib, rastaga terib qo‘yilgan kitoblarga ko‘z yugurtirdim. Mening kitobim ko‘rinmadi. Holbuki, 10 ming nusxada chop etilgan kitobcham allaqachon respublikaning jami tumanlariga, shaharlariga tarqatilgan edi. Sotuvchiga kitobchamning nomini aytib, so‘radim. U xijolat chekib, o‘ng‘aysiz holatda uni peshtaxta tagidan olib, qo‘limga tutqazdi: “Kechirasiz, tanish-bilishlar uchun olib qo‘yuvdik...”
Shoir uchun bundan ortiq baxt, bundan ortiq mukofot bormi!..
Ijod faqat nashida, nash’u-namo emas ekanligini keyinroq angladim.
Turmushning mashaqqatli so‘qmoqlari boshlandi. Uy-joy qilishim kerak edi, odamga o‘xshab yashashni xohlardim. Bu tashvishlarni, “ola xurjun”ni she’riyat bo‘yniga tashlab bo‘lmasdi. Shu boisdan, “buyurtma” tarjimalarga qo‘l urdim. Har kuni ishdan keyin nashriyotda qolib 50 satr, uyga borib uyqu hisobidan 50 satrdan she’r tarjima qilgan davrlarim bo‘ldi. Lekin har qanday sharoitda ham ko‘nglimdagi she’r sururini, ilhom safosini saqlab qolishga, turli epkinlardan ehtiyotlashga urindim.
"Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar" degan so‘z – chin haqiqat. Men Abdulla akadan satrlar ustida, umuman she’r ustida qanday ishlashni o‘rgandim. Uning bu tarzdagi ijod jarayoniga ko‘p marta shohid bo‘ldim. Bir safar “Yaxmalak” she’riga men "kotiblik" qilib, 15-20 marta qayta ishlaganmiz. Men holdan toyar darajaga yetib, nuqta qo‘yaylik, she’r bundan ortiq bo‘lmaydi, deganman. Ustoz, yo‘q, mana bu misradagi tashbihni o‘zgartirmasak bo‘lmaydi, uni G‘afur G‘ulom ishlatgan, deb turib olgan. Hassos shoir Erkin Vohidovdagi tuyg‘u va fikr nazokatiga to hanuz mahliyoman. O‘ljas Sulaymonovning o‘z millati oldidagi burchini naqadar teran anglashi meni hayratga soladi. Yevgeniy Yevtushenkodagi umumbashariy ko‘lamga havas qilaman. Ayniqsa, Rasul Hamzatovdagi sharqona tafakkurni, betakror samimiyatni o‘zimga oliy ibrat deb bilaman. Va yana ko‘plab ustozlarim borki, ularni sanab o‘tirishga vaqt kamlik qiladi. Men ulardan she’rni hamma narsadan yuksak qo‘yishni, hasad-xusumat degan tuyg‘uga yaqin yo‘lamaslikni, nomardlik, g‘irromlik, fisq-fujur ko‘chasidan o‘tmaslikni o‘rgandim.
Shu paytgacha nashr etilgan kitoblarim yigirmaga yaqinlashdi. Adadi haqida gapirishning esa endilikda qizig‘i yo‘q. Chunki keyingi paytlarda kitoblarim 300-500 adadda ham chop etildi. Topgan homiylarimning himmati bundan ortig‘ini ko‘tarmadi. Kitoblarimning ko‘pchiligidan, balki hammasidan ko‘nglim to‘lmagan. Men uchun kitobni nashrga tayyorlash va uning ilk nusxalarini qo‘limga olishim nihoyatda mas’uliyatli va hayajonli. Ular o‘quvchiga borib yetgach, men uchun qimmatini yo‘qotadi. Ular bamisoli o‘qi otilgan bo‘sh gilzalarga o‘xshab qoladi.
Adabiyotning jamiyatda tutgan o‘rni juda-juda muhimdir. U har bir inson qalbiga kirib bormog‘i kerak. Adabiyotdan yiroq odam menga bamisoli dinsiz, e’tiqodsiz, kufrga yuz tutgan odamdek tuyuladi. Yaqinda ehtiyoj taqozosi bilan bir idoraga kirishimga to‘g‘ri keldi. 
Boshliqning hurmati haqi, bir salmoqli hajmdagi kitobimni olib, unga iltifot yuzasidan dastxat ham yozdim. Boshliqning huzuriga kirib, o‘zimni tanishtirdim va unga kitobimni taqdim qildim.U gaplarimni haykalga o‘xshab eshitdi, biron-bir murti qilt etmadi. U o‘zining bu holatida balki menga rahmi ham kelgandir... Suhbat tugagach, u kitobimni nomiga ochib ko‘rdi-da, so‘ng “yordamchimga tashlab o‘tarsiz”, deb uni qo‘limga tutqazdi. Bunday shaxsdan jamiyatga qanday naf tegishi mumkin? Bu toifadagi odamlar uchun pul va boylikdan muqaddasroq narsa bormikin?
Yaqinda mashinada ketayotsam, bir DAN xodimi to‘xtatdi. Qoidaga amal qilmaganligimni aytdi. Men e’tiroz qildim. U: “Sizni amalingizni ham, yozuvchiligingizni ham emas, sochingizning oqini hurmat qilganligim uchun qo‘yib yuboraman”, dedi. Bu gapi bilan u, johil odam emasman, tarbiya ko‘rgan insonman, bilib qo‘ying, demoqchi bo‘ldi. Biroq menga uning gapi nash’a qildi. Axir o‘g‘rining, kazzobning ham sochi oqarishi mumkin-ku! 
Adabiyot odamdagi nomaqbul tiynatni – nokomillikni keltirib chiqaruvchi “virus”lardan himoya qiladi. Uning yuragiga ezgulik urug‘ini ekadi.
Adabiyotimiz dunyoga chiqishi uchun, albatta, bag‘rikeng adabiyot bo‘lishi kerak. Holbuki, bugungi kunda adabiyotimizda bahslar, munozaralar kamayib ketdi. Bu holat yuzaki ijodni, sayoz adabiyotni vujudga keltiradi. Bunday muhitda talantsiz yozilgan asarlar urchigandan-urchiydi. Har bir davrning o‘z piri komili – obro‘li siymosi bo‘lishi kerak. Masalan, Abdulla Qahhordek. Bunday buyuk, betakror, qo‘rqmas siymolarning dadil gaplari iste’dodsiz, qallob, firibgar yozuvchilarning tizzasini qaltiratardi. Ayni paytda ular hamisha umidli yoshlarni panohiga olgan, har xil xurujlardan himoya qilgan. Prezidentimiz, hukumatimiz bizga ijod uchun ajoyib sharoitlar yaratib berdi. Lekin adabiyotimizni turli xil illatlardan, qusurlardan tozalash amalini o‘zimiz qilishimiz kerak. Beg‘araz, xolis, samimiy bahs-munozaralarni o‘zimiz tashkil etishimiz lozim.     
Men adabiyotimizning soxta ovoza, soxta siymolardan saqlanishini istardim. 
Adabiyotimiz ravnaqining eng maqbul va sinalgan omili, meningcha, nashr ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yishdir. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, nashriyotlar yaxshi asarning gadosi bo‘lishi kerak. Lekin bugungi kunda qaysi nashriyot qaysi adibning yangi yozajak asari bilan qiziqmoqda? (Oldi-qochdinavis va amrima’rufga moyil asarlar bundan istisno, albatta.) Holbuki, ko‘pgina adiblar yozib qo‘ygan asarlarini nashr ettirolmay halak. Chunki homiy topishi kerak. Keyin uni sotishni zimmasiga olishi kerak... Ba’zan qaysidir sohada zamonamiz olg‘irlari, tovlamachilari, firibgarlari tomonidan falon miqdordagi pul o‘marilganligi haqida qulog‘imizga chalinadi. Shunda mening ko‘nglimdan, bu mablag‘ga qanchadan-qancha kitoblarni chop etsa bo‘lardi-ya, degan o‘y kechadi... 
Bunday holatlar, albatta, adabiyotimiz rivojining ma’lum bir jihatlariga daxldor. Haqiqatda esa bu muammoning qirralari turfa va bisyor. Umuman olganda, adabiy jarayonlar ilmiy yondashishni, har taraflama tadqiq etishni taqozo qiladi. Masalan, dunyo adabiyotining yuksalish pallalarini olib ko‘raylik: daholar qanday muhitda shakllanadi; jamiyat ular oldida qaysi jihatdan mas’ul bo‘lmog‘i kerak; bunday jarayonlar o‘z-o‘zidan vujudga keladimi yoki unga qandaydir ta’sir lozimmi... Bunday omillarni o‘rganish, falsafiy tahlil qilish, bu boradagi fikr-mulohazalarni adabiy nashrlarda muntazam yoritib borish aslo foydadan holi bo‘lmaydi.
Adabiyot rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omil, bu tanqidchilikdir. Afsuski, bugungi kunda bu boradagi ishlarimiz juda sust. Ko‘proq sipoyigarchilik – sen menga tegma, men senga tegmayman tuyg‘usi hukmron. Holbuki, adabiyot ko‘pkari chopiladigan maydon yanglig‘ shukuh va shijoat muhitidir. Ko‘pkari chopilganda otlar tuyog‘idan zamin zirillaganidek, adabiyot maydonida ham tortishuvlar, munozaralar, muxlislarning olqish sadolari jarang berib turishi kerak... 
Ijodkor farishta emas, inson, uning oilasi ham bor. Men ijodkor oilasini “front orti” muhitiga o‘xshataman. Bu muhit qanchalik mustahkam, osoyishta bo‘lsa, “frontdagi jang” shunchalik muvaffaqiyatli kechadi. Men oilamdan nolimayman. Ikki o‘g‘il, ikki qizim bor. Xonadonim osoyishta, totuv. Bolalarim onasi kuyunchak, osh-ovqat, saranjom-sarishtalik borasida tengi yo‘q, sira tinch o‘tirmaydi. Men uyda o‘zimni hech qachon mas’uliyatini unutmaydigan hushyor posbon, deb his qilaman. Oilam muhitida biror-bir nojo‘ya ish sodir bo‘lsa, bunda men avvalo o‘zimni aybdor sanayman. Farzandlarimga, sizlar qancha yoshga kirmangiz, men sizlarni tergashdan, tarbiyalashdan charchamayman deb, pisanda qilib qo‘yaman bot-bot. Oilada eng muhimi – tuganmas mehr va qiyin lahzalarda murosai madora. Bu hikmatni shior qilib olmagan oila ko‘p bor qoqiladi.
Farzandlarim orasida ijodga rag‘bat bildirganlari yo‘q. Bundan afsuslanmayman. Bir paytlar Bernard Shoudan televidenie muxbiri: “Qizingiz ijodkor bo‘lishini xohlarmidingiz?”, deb so‘raganida, “Aslo! Chunki men bunday mashaqqatli yumushni farzandimga ravo ko‘rmayman. Ijod sohasida faqat birinchi bo‘lishlikkina kishini baxtli qiladi. Aks holda, u xusumatchi yoki hasadgo‘yga aylanib qolishi hech gap emas. Shu boisdan men hammaga, farzandingiz agar adabiyotga qiziqsa, imkoni boricha uni bu yo‘ldan qaytaring, qaytarolsangiz, u ajoyib muxlisga aylanadi. Agar u sizning barcha qarshiliklaringizni yengib o‘ta olsa, xursand bo‘lingki, undan haqiqiy ijodkor chiqishi mumkin”, deb javob bergan ekan.
Men oilamda kayfiyatimni hamisha bir maromda ushlashga urinaman, xayol dunyoimni begard saqlab, unga g‘ubor yuqtirmaslikka harakat qilaman. Xuddi billur idishni ko‘tarib olgan odam uni xonadagi turli ashqol-dashqollardan, stol qirralaridan ehtiyotlaganidek men ham tuyg‘ular olamimni bexos “turtki”lardan, noxushliklardan ehtiyotlayman, ihotalayman, ijod jarayonimni ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirmayman. Men ijodkorligim uchun oilamda ham, jamiyatda ham imtiyoz talab qilmayman.
Meni shoir deb emas, tarjimon yoki yozuvchi deb atasalar, o‘zimni kamsitilgan hisoblayman. Lekin men o‘zimni o‘zim boshqalarga “shoirman” deb tanishtirishga hech qachon botinmayman, go‘yo o‘zimni “yaxshi odamman” deyayotgandek xijolat chekaman...

SHOIR HAQIDA


Mirpo‘lat Mirzo 1949 yili Janubiy Qozog‘istondagi Sayram qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)da tahsil olgan.
Dastlabki ish faoliyatini 1971 yilda “Yosh gvardiya” nashriyoti (hozirgi “Yangi asr avlodi”)da boshlagan. Noshirlikning barcha bosqichlarini bosib o‘tib, Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.1990 yilda “Yozuvchi” nashriyotiga Bosh muharrir etib tayinlangan. 1991 – 94 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Shoirning ilk kitobi 1975 yili “Tong jilvasi” nomi bilan e’lon qilingan. Keyin uning “Ishq fasli, “Atirgul va yulduzlar”, “Yaxshi kunlar”, “Sunbula”, ”Onajon”, “Saylanma” kabi qator to‘plamlari, “Surur”, “ Rayhon isi” kabi publitsistik kitoblari chop etilgan.
Uch yuzga yaqin jahon shoirlari ijodidan namunalar tarjima qilgan. Ular turli nashrlar va majmualarda o‘quvchilar qo‘liga borib yetgan. 
M. Mirzo Rossiyaning Boris Pasternak nomidagi, Qozog‘istonning “Alash” nomli xalqaro mukofotlari sovrindori. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni sohibi.    
Ayni paytda Mirpo‘lat Mirzo “Jahon adabiyoti” jurnalida Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 10-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.