Mening bolaligim Qashqa vohasining Sovuqbuloq deb nomlangan mo‘‘jaz qishloqlaridan birida o‘tgan. Bir paytlar bu hududning chor-atrofi bog‘-rog‘lar, chashma-buloqlar bilan fayziyob bo‘lardi. “Obkom”, “Raykom” bobolar dam olishni ixtiyor etishsa, to‘g‘ri bizning qishloqqa kelardilar. Soya-salqin bog‘larda dam olishib, buloq suvi bilan to‘ldirilgan hovuzlarda cho‘milishib, mazza qilib ketishardi.
Ammo turg‘unlik yillarida o‘z ildizimizga o‘zimiz bolta urdik. Ochiqroq aytsam, “paxta yakka hokimligi” davrida bog‘-rog‘lar, uzumzorlar qo‘porib tashlanib, hatto maktabu bog‘chalar hovlilarigacha g‘o‘za bostirib bordi. Oqibatda obi-hayotga ehtiyoj kuchaydi, ko‘plab artezan quduqlar qazildi. Buloqlarga “temir g‘ilof” kiydirilib, suvi nasos yordamida ariq-kanallarga boshqarildi.
Sohibqiron Amir Temurning muborak nomi bilan bog‘liq, muarrix Ibn Arabshoh o‘z kitobida qayd etgan “Shahri Keshdan 9 farsang naridagi Xo‘ja Ilg‘or...” ham, aynan shu hududda. Ko‘p asrlar davomida shifotalablar dardiga suvi darmon bo‘lib kelgan Xo‘ja Ilg‘ordagi ana shu mashhur “Chilla buloq” ham hozirda qurib qolgan. Ammo ko‘ngilga taskin beradigani shuki, so‘nggi yillarda bu joylarda ham obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.
Mening bolaligim kishi havas qilarli rang-barang kechmagan. Olti yoshimda otam – kolxoz bosh hisobchisi Ochil Jumanazarov ikki xotin (zamon zayliga ko‘ra uylangan bo‘lsa kerak-da) va o‘n nafar farzandni meros qoldirib vafot etgan. Endi qolgani shoir G‘afur G‘ulom aytganidek: “Yetimlik nimadur, bizlardan so‘ra!”
Ammo xalq bilib gapiradi. “Onalik yetim gul yetim” ekan. Volidai mushfiqimiz Jumagul Jumanazarova hamma o‘zbek onalariga xos o‘ta matonat, sabr-bardosh bilan “tog‘ kelsa kemirib, suv kelsa simirib”, turmushning barcha qiyinchiliklariga bardosh berib, bizni oq yuvib, oq taraganlar.
Yetimlik va uning mashaqqatlari haqida ko‘p va xo‘b yozishgan. Ammo men yetimlikning bir “afzal” jihatini aytmoqchiman. Gap shundaki, ko‘cha-kuyda hamma senga shafqat nazari bilan qaraydi. Deylik, ko‘chada kim bilandir urishib qolding, kim haqu kim nohaqligidan qat’iy nazar, hamma ayb raqibingning zimmasiga tushadi. Chunki sen yetimsan, senga ozor berishga hech kimning haqi yo‘q. To‘y-ma’rakalarda ham rahmdil kishilar sening tovog‘inga ilik qo‘yishadi. Chunki sag‘irning savobi tegadi!
Otam vafot etgan yili qo‘shnimiz Bo‘ri akaning o‘g‘li, mendan bir yosh katta Bekmurod og‘aynimga tirkashib maktabga bordim. Yana o‘sha “imtiyoz”. Yoshim yetmasa ham yetimligim inobatga olinib, birinchi sinfga qabul qilindim. Biroq o‘qish davomida “imtiyoz”dan foydalanishning imkoni bo‘lmadi.
Esimda, “karra” jadvalini yodlamaganim uchun arifmetika o‘qituvchimiz bolalarning oldida rosa izza qildi. “Dod” solgancha enamni orqa qilib uyimizga yugurdim. Onam supada paxta savab o‘tirgan ekan. Voqeani eshitgach, qo‘lidagi savag‘ich bilan o‘zimni savalay ketdi. “Hali sendan kutganim shumidi? Odam bo‘lib meni boqasan desam...” deya koyiganlari hamon esimda.
Nazarimda savag‘ichning ushbu sabog‘i ko‘zlarimni moshdek ochdi. Shundan so‘ng yaxshi o‘qib ketdim. Maktabni oltin medal bilan, universitetni esa imtiyozli, ya’ni “qizil diplom” bilan tamomladim.
Ilk she’rimni to‘rtinchi sinfda yozganman. Nima haqda deng! Bir targ‘il govmush sigirimiz bo‘lardi. Shu jonvor qisir yurib-yurib to‘satdan tug‘ib bersa bo‘ladimi. Hamma xursand. Xullas, og‘iz oqqa yetganligi sharafi bilan “Buzoqcha” degan she’r yozganman. O‘qituvchim o‘qib ko‘rib, quvonib ketdi. She’r maktabimiz “devoriy gazetasi”da ham e’lon qilindi. O‘shanda shodlikdan yorilay deganman. Axir o‘quvchilik davridagi eng zo‘r nashr bu – “devoriy gazeta”da! Qanchadan-qancha adib va shoirlarimizning ilk mashqlari ana shu to‘rt enlik “qog‘oz”da bosilgan va ularning keyingi ijodiy izlanishlariga turtki bo‘lgan.
Biroq mening bu “ilk qadamim” biroz boshqacharoq bo‘ldi. She’r e’lon qilingach, sinfdoshlarim kaminaga “buzoqcha” deb laqab qo‘yishdi.
– Qaranglar, ana “buzoqcha” kelyapti!
– Hoy, buzoqcha, qachon “ho‘kiz” bo‘lasan?!
Bunday “yorliq” kimning ham ta’biga xush kelardi. Shu-shu shoirlik shohsupasiga chiqish orzusidan voz kechdim. Ammo adabiyot olamidan ketolmadim.
Talabalik yillari biz yashaydigan “Talabalar shaharchasi”dagi 2-son yotoqxonaning birinchi va ikkinchi qavatini bo‘lajak biologlar, uchinchi qavatini jurnalistlar, so‘nggi to‘rtinchi qavatni esa geolog talabalar egallashgandi. Nomlari bugun adabiyot ixlosmandariga yaxshi tanish, taniqli shoir va yozuvchilar – Ikrom Otamurod, Sirojiddin Sayid, Mirzo Kenjabek, Alisher Ibodinov, Farog‘at Kamolova, Zamira Ro‘zieva, Odil Hotam, marhum shoir Nazar Shukur va boshqalar aynan shu maskandan polopon bo‘lib, ijod olamiga parvoz qilishgan.
Bundan tashqari Halima Xudoyberdieva, Rauf Parfi, Usmon Azim, Xurshid Davron, Erkin A’zam, Ahmad A’zam, Murod Muhammad Do‘st kabi mashhurlar yotog‘imizga kun-kunora kelishib, ijodiy gurunglar tashkil qilishardi. Bunday muhitdan bahramand bo‘lish, albatta kishi ruhiyatiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Xullas, ana shu muhit yuragimda o‘chgan ijod cho‘g‘ini qayta alanga oldirdi. She’r yozib og‘zim kuyganligi sabab, bu safar har ehtimolga qarshi “hikoya” yozdim. Hikoya kursdoshim – yetim qizning achchiq iztirobi va baxtli intihosi haqida edi. Yozganimni “ochiq dasturxon” ustida jurnalist jo‘ralarga o‘qib berdim.
– O-o! – deyishdi ular jo‘rovozda ma’qullashib, – bu durdonangni tezroq biror redaktsiyaga...
– Qaysi redaktsiyaga?!
– Albatta “Guliston”gada!
O‘sha kezlarda respublikadagi eng nufuzli nashrlardan biri “Guliston” sanalardi. Ayniqsa, “Temur tuzuklari” tufayli ko‘tarilgan shov-shuv va Rasul Hamzatovning “Dog‘istonim”idan so‘ng jurnalning obro‘si yanada oshib ketgandi. Bu jurnalni qora tortib borishimizga yana bir sabab – biz tengi talabalar – Xayriddin Sultonov va Alisher Ibodinovlarning mazkur jurnalda hikoyalari peshma-pesh bo‘lib turgani bois, ularning nomlari mashhuri-jahon bo‘lib ketishgandi.
Xullas, “Guliston”dan “gul hidlash” umidida ostonasini xatlab, to‘g‘ri bo‘lim muharriri, yozuvchi Erkin A’zamga ro‘baro‘ bo‘ldim. Erkin A’zam meni kulib qarshilagan bo‘lsa-da, ammo “hikoya”ni o‘qigan sari qovog‘i solinib, peshonasi tirishib borardi. Nihoyat, menga yuzlandi.
– Hikoya bunday yozilmaydi, zemlyak!
– Yaxshilab qarang, – dedim uning “zemlyak” deya o‘ziga yaqin olganidan umidlanib. – Hikoya bo‘lmasa “novella”dir! Balki etyuddir! (O‘zimning adabiy janrlardan xabardorligimni bildirish uchun shunday degan bo‘lsam kerak)
– Yo‘q, – dedi “zemlyak” bosh chayqab, – novella ham, etyud ham emas.
– Axir, – bisotimdagi so‘nggi dalilni pesh qildim, – buni jurnalist jo‘ralarim “zo‘r” deb maqtashgandi...
– Afsus, – Erkin A’zamning yuzi kulsa-da, qahri qattiq ekan. – Ular sizni aldashibdi. “Zo‘r” emas, “g‘o‘r” narsa yozibsiz. Bu shunchaki qog‘oz qoralash, xolos.
O‘shanda bag‘ritoshligi uchun Erkin A’zamdan qattiq xafa bo‘lgandim. Lekin hozir minnatdorman. Sababi, ijod qonun-qoidasini puxta, mukammal egallamasdan, shoshma-shosharlik bilan adabiyot dahliziga qadam qo‘ymoqchi bo‘lganlarga talabni aynan shu tarzdagi boshlash kerak, deb o‘ylayman. Ayniqsa, “zemlyak”lik, tanish-bilishchilik ijodda ketmaydi. To‘g‘ri, talantlarga ko‘mak zarur. Iste’dodsizlari esa ustoz O‘tkir Hoshimov aytmoqchi – o‘zlari yo‘l topib olishadi!
Men ixtisosligim bo‘yicha biologman. Yana ham aniqroq aytsam, tuproqshunos-agroximikman! Ammo aytib qo‘yay, adabiyot olamda “biolog” yozuvchilar ham anchagina. Hazrat Ibn Sinodan tortib, domla Chexovgacha... Alloma adib Chingiz Aytmatov-chi?
Shunday qilib deng, “Guliston”dan ko‘nglim sovib qaytgach, haligi “durdona”ni jurnalist jo‘ralarning yuziga qarab itqitdim.
– Mana, maqtagan matohlaring o‘tmadi! Endi pishirib yeysizlarmi yoki qovurib, o‘zlaringa havola! – dedim.
Oradan olti oycha o‘tgach, g‘alati voqea sodir bo‘ldi. Jurnalist jo‘ralardan biri kelib mendan “suyunchi” oldi.
– Hikoyang Nishon tumanining gazetasida chiqibdi! Tabriklayman! – dedi.
– Yo‘g‘-e, – hayratga tushdim. – Men uni hech qayoqqa yuborganim yo‘q-ku!
– Ko‘p suyunma, – iljaydi jurnalist jo‘ram. – O‘zimning ism-sharifimni qo‘yib jo‘natgandim. Shu sabab, hikoya mening nomimdan bosilgan!
Qiziq, mol o‘g‘risini jazolasa bo‘lar ekan, lekin “adabiy jinoyatchi”ning adabini berish qiyin bo‘larkan. O‘ylab-o‘ylab, men bu do‘stni hajv yo‘li bilan jazolashga ahd qildim va hozirga qadar qo‘ldan kelgancha shu yo‘nalishda ijod qilmoqdaman.
O‘rni kelganda, hajv so‘qmoqlarida menga yelka tutgan, mehrini darig‘ tutmagan ustozlar haqida ham birrov gapirib o‘tishga ijozat berasiz. Talabalik davrida bir vaqtning o‘zida ham “Mushtum”, ham “Sharq yulduzi” jurnalida ikkita hajviyam chop etildi. O‘zbekning haddi zo‘r hajvchisi Ne’mat Aminov o‘sha kezlarda “Mushtum”da ishlardi. “Mushtum”da hikoyang bosilsa, hajvchi sifatida tan olinarding. Ne’mat Amin yozganlaringni chertib-chertib, saragini-sarakka, xashagini-xashakka ajratishga o‘ta mohir edi. Ana shu “qahri-qattol” yozuvchining sinovidan o‘tib, shogird tutinishga muyassar bo‘ldim. Ustozdan ko‘p mehribonliklar ko‘rganman. Umuman “yilt” etgan, hajvda qalam tebratadigan yoshlar uning mehridan chetda qolmasdi.
O‘sha yillari poytaxtdan uy ololmay Qarshiga ko‘chishga majbur bo‘ldim. Turmush tashvishlari bilan bo‘lib anchagacha hech narsa yozmadim. O‘shanda Ne’mat aka meni yo‘qlab Qarshiga keldilar. Viloyat rahbarlariga “Mushtum”ning bosh muharriri sifatida: “Bu bola mening shogirdim bo‘ladi! Mahalliy ijodkorlarga alohida e’tibor qaratinglar!” deya yasama po‘pisa bilan “topshiriqlar” berdi. Uzoq yillar nashriyotda navbat kutib, nashr etilmayotgan kitobimga “so‘zboshi” yozib, chop etilishini tezlashtirib ketdi.
O‘sha yillarda “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Mirmuhsin domladan ham ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. U kishining rag‘batlari tufayli yaxshi-yaxshi asarlarim yuzaga keldi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining “Shum bolaning choyxonasi" ma’murlari tomonidan eng sara hajvlar uchun “Oltin choynak” adabiy sovrini tashkil etilgandi. Birinchi bo‘lib bu mukofotni haqli tarzda Ne’mat Aminov qo‘lga kiritdi. Ikkinchi yili esa sovrin masalasida ancha bahs bo‘ldi. Nihoyat, muammoni adolatli hal qilish gazeta bosh muharriri, taniqli adib Odil Yoqubovga yuklanadi. Odil aka tanlovga kelgan hikoyalarni o‘qib, saralab, eng so‘nggida ikki nafar nomzodga to‘xtalibdi. Ana shu nomzodlarning biri men edim. Xullas, o‘sha yili ustoz adiblarning, xususan, hajvchilar sardori Said Ahmad domlaning xulosasiga ko‘ra men sovrindor bo‘ldim.
Darhaqiqat, hazrat Navoiy aytadilar:
Elni shod aylamak kerakdur,Adlu dod aylamak kerakdur...Hajvchi sifatida men ana shu ikki misrani o‘zimga dastur qilib olganman. Ha, kulguda ham o‘ziga xos hikmat bor. Bu hikmatning ma’nosi shuki, har doim kulingu, ammo kulguga qolmang.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 5-son.