OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Xolbekov. Lotin Amerikasi romani (2012)

Lotin Amerikasi adabiyotining yirik vakili, “sehrli realizm” adabiy oqimining asoschilaridan biri, kolumbiyalik mashhur adib Gabriel Garsia Markes nomi tilga olinganda, zamonaviy kitobxon tasavvurida, avvalo, uning qiyofasi va ijodi gavdalanadi.
Gabriel Garsia Markes (1927) Karib dengizining so‘lim qirg‘og‘ida joylashgan Arakataka shaharchasida dunyoga kelgan. Ish topish ilinjida katta shaharga yo‘l olgan ota-onasi, endigina tug‘ilgan Gabrielni bobosi – iste’foga chiqqan polkovnik va mehribon buvisi tarbiyasiga qoldirib ketishadi. Bolaligidan erkin o‘sgan, atrofdagi olamga “ko‘zini katta ochib qaragan” Gabriel, o‘tmish va hozirgi kun haqida tasavvurga yo‘g‘rilgan sehrli xayollarga cho‘mgan bobosi, uyning muhitiga, shoirona qilib aytganda, “xuddi donishmand mo‘ysafiddek mudrab qolgan” eski uyida eshitgan ertak va cho‘pchaklar, afsona va qiziqarli hikoyalar olamiga butunlay sho‘ng‘ib ketgan edi. Tabiiyki, bu muhit yozuvchining ijodiga ta’sir etmasdan qolmadi. Gabriel, ayniqsa, buvisi bilan juda inoq edi. Nevarasini jonu dilidan yaxshi ko‘rgan buvisi kichkina Gabrielga juda ko‘p qadim afsona va rivoyatlarni so‘zlab berardi. Ular esa, o‘z o‘rnida, bolaning xotirasida muhrlanib, bo‘lajak yozuvchining ko‘pgina asarlari negizini tashkil etdi. Telegrafda ishlagan kaltabin otasi, uy-ro‘zg‘or tashvishidan boshini ko‘tarolmagan mushtipar onasi bir vaqtning o‘zida o‘n olti farzandni tarbiyalash bilan ovora edi. 1936 yil kichkintoy Gabrielni Arakatakadan olib ketishgan ota-ona unga jo‘yali tarbiya va ta’lim berolmadilar. Dastlab, uni Barrankilya shahridagi San-Xose internatiga topshiradilar, bu yerda u yolg‘izlikning “ne’mat”larini ko‘zyoshlari bilan “tatib” ko‘rdi. So‘ngra, uni Sipakira shahridagi kollejga o‘qishga berishadi. U yerda Gabriel she’riyatga qiziqib qoladi va kollejda chiqadigan gazetada faol qatnashadi. Baxtli tasodif tufayli do‘stining onasi shahar kutubxonasida ishlardi va Gabrielni mutolaa uchun kutubxonaga bepul kiritardi. Makondo obrazi, aynan, kutubxonaning jimjit va chang bosgan muhitida tug‘ilgan bo‘lsa, ajab emas. 1947 yil yosh Gabriel Kolumbiya poytaxti, osmono‘par tog‘lar orasida joylashgan, rutubatli ob-havo qoplagan Santa Fe de Bogotaning ko‘rkiga ko‘rk soluvchi, kolonial uslubda qurilgan va “inqilobiy g‘oyalar o‘chog‘i” deb atalgan Milliy universitetning huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kiradi.
“Hayot haqida so‘zlab berish uchun yashash” nomli oxirgi hujjatli romanida Garsia Markes Bogota haqida shunday yozadi: “Bogota o‘sha paytlari zulmat bosgan, odam qadami yetmas benomnishon shahar edi. Shaharga XVI asrda konkistadorlar zulmidan qochgan hindular asos solgan edilar. Menimcha, o‘sha paytlardan beri osmonni qoplagan bulutlar tarqalmas, shivalab yoqqan yomg‘ir esa bir kunga ham tinmasdi. Shaharning savdo markazi atrofida joylashgan son-sanoqsiz kahvaxonalarga kirish ta’qiqlab qo‘yilgandi”. 
Ushbu g‘amgin kayfiyatdagi so‘zlar dard-alam, tashlab ketilganlikni, yolg‘izlikni anglatmasdi, aslo. Aksincha, yosh Gabriel uddaburon, tashabbuskor, xushmuomalali, odamlar bilan tez kirisha oladigan, til topisha biladigan nekbinlar sirasidan edi. U ijod qilishni davom ettirib, Bogotada chiqadigan “El Espectador” gazetasida o‘z maqola va hikoyalarini e’lon qilib bordi.
Darvoqe, Garsia Markes qalamiga mansub ilk “Uchinchi itoatkorlik” (1947) nomli hikoyaning yaratilish tarixi Arakataka realligiga chuqur singib, ushbu hayotbaxsh chashmadan hovuchlab ilhom suvini ichadi: “...Xira fonusi bilan yo‘lni arang yoritib kelayotgan oxirgi tramvayga Chapinero bekatida haqiqiy chalishoyoq favn kirib, bo‘sh joyga o‘tirib oldi. Tramvayda mudrab o‘tirgan to‘rtta-beshta yo‘lovchilardan hech kim uni ko‘rib taajublanmaganligiga e’tibor berdim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni yakshanba kunlari bolalar bog‘ida har xil mayda-chuydalarni sotib yurgan va ataylab yasanib olgan savdogarga o‘xshatdim. Biroq favnning haqiqatan mavjudligi, qo‘l cho‘zsa ushlab ko‘rish mumkinligi hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmasdi: uning chiroylikkina shoxchalari va tekislangan soqolchasi aniq echkinikiga o‘xshardi. Tramvayga kirib kelganida esa, tuyoqchalari taqillaganini o‘z qulog‘im bilan eshitgan edim. Uning oldidan o‘tayotib, terisidan taralayotgan o‘tkir badbo‘y hidni ham sezdim”.
Bu hikoyada Frans Kafkaning ta’siri sezilib turadi, chunki o‘sha yillari Garsia Markes G‘arbiy Yevropa modernizm adabiyoti, xususan, uning Lotin Amerikasi adabiyotiga ko‘rsatgan ta’siriga bag‘ishlangan jiddiy tadqiqot ustida ish olib borgani ma’lum. Yosh qalamkashga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan gazeta bilan ijodiy hamkorlik uzoq davom etdi va ikki tarafga, so‘zsiz, katta foyda keltirdi. 1955 yilda gazetada uning “Bir o‘limdan omon qolgan harbiy dengizchining hikoyalariga asoslangan sarguzashtlar xaqida mening haqiqatim”, deb nomlangan o‘n to‘rtta ocherki bosilib chiqadi. Ularda kolumbiyalik harbiy kemalarda kontrabanda o‘tkazish faktlari fosh etilgani bois, hukumat va harbiy doiralarda katta siyosiy mojaro ko‘tarildi. Ko‘plab harbiy va siyosiy arboblar iste’foga chiqarildi. Bu ocherklar, bir oz vaqt o‘tib, aniqrog‘i, o‘ng qanot muxolifotchilari – harbiylar guruhi yetakchisi Roxas Pinilya hukumatni ag‘darib, hokimiyatni o‘z qo‘liga olganda, gazeta yopilishining sabablaridan biriga aylandi. Biroq ungacha hali ancha vaqt bor edi.
Markaziy va Janubiy Amerika mustamlakalarida mustaqillik uchun kurash borayotgan yillari Kolumbiyada fuqarolik urushi boshlanadi. 1948 yil qirg‘inbarot to‘qnashuvlardan o‘zini olib qochgan Garsia Markes Kartaxen-de-las-Indias shahar­chasida qo‘nim topadi va u yerdagi institutda huqushunoslik ta’limini olishni davom ettiradi. Ayni paytda, “Universal” gazetasida ham ishlaydi. Qudratli davlatlarning ta’siriga tushib qolgan hamda siyosiy, moliyaviy-iqtisodiy manfaatlar to‘qnashuv maydoniga aylangan Kolumbiyada Garsiya Markes ijodiy faoliyat bilan birga ijtimoiy-siyosiy faoliyat ham olib boradi. O‘qishini muddatdan oldin tugatishga majbur bo‘lib, o‘zini adabiyot va jurnalistikaga bag‘ishlashga qaror qiladi. 1950 yilda Barrankilya shahriga borarkan, “El Heraldo” gazetasining muxbiri sifatida to‘qnashuvlar markaziga tushib qoladi. Bir vaqtning o‘zida “Cronica” haftaligida siyosiy-ijtimoiy mavzularga bag‘ishlangan ruknni (bo‘limini) ham boshqaradi. Bir necha marta uning hayoti qil ustida bo‘lgan edi. Shunga qaramasdan, u o‘zi tanlagan yo‘ldan toymadi, zahmat chekayotgan oddiy xalq bilan hamnafas yashadi. Aynan, shu paytlari adib “Uy” deb nomlangan katta asarga qo‘l uradi. Ehtimol, ushbu xomaki chizgilar, betartib qaydlar va yozuvlar mashhur (u haqda quyida fikr yuritamiz) romanning poydevorini tashkil etgandir. Kurash olib borgan tomonlar vaqtinchalik sulh tuzib, davlatda omonat tinchlik o‘rnatilgan paytida Garsiya Markes bilimini to‘ldirish, ta’limini oxiriga yetkazish bilan ovora bo‘lib, juda ko‘p kitob o‘qiydi. Ilmiy ishida belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqmasdan Ernest Xeminguey va Uilyam Folkner, Jeyms Joys va Virjiniya Vulf, Frans Kafka va Marsel Prust ijodini puxta o‘rganadi. Aytish mumkinki, ushbu mashhur adiblarning ijodi uning dunyoqarashiga, dunyoni his etishiga, qolaversa, badiiy tafakkuriga, uslubining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
1950 yillarda u maxsus muxbir sifatida Italiya va Fransiyaga boradi, ma’lum vaqt u yerda yashaydi, ijod qiladi. Qaytish chog‘i esa, Kolumbiyada vaziyat keskinlashgani bois Venesuella poytaxti Karakasda to‘xtashga majbur bo‘ladi va shu tariqa vataniga qaytishi uzoq yillarga cho‘zilib ketadi. 1955 yili do‘stlari ko‘magida Garsiya Markesning “Xazon barglar” nomli qissasi nashrdan chiqadi. Bu asarida u o‘zini jiddiy nasrnavisdek ko‘rsata oldi. Qissaning mazmuni ham o‘zgacha edi. Aslida, “xazon barglar” deb, yozuvchining qadrdon shahrida ishlab pul topish va qorinni to‘ydirish, keng ma’noda, hayotda o‘z joyini topish ilinjida shaharma-shahar kezib yurgan darbadar musofirlarni atashardi. Bu asarda ilk bora Makondo shaharchasi tilga olinadi. Yozuvchi qo‘lidan chiqqan roman va qissalarda tasvirlangan voqea-hodisalar, aynan, shu shaharda ro‘y berishini uning ijodidan xabardor bo‘lgan o‘quvchi yaxshi biladi. Shuningdek, bu asarda Garsiya Markes ijodida markaziy o‘rin tutuvchi – yolg‘izlik mavzusi aniq-ravshan ko‘rina boshlaydi.
Yuqorida aytilganidek, 1955 yildan boshlab, “El Espectador” gazetasi muxbiri sifatida ishlagan Garsiya Markes Yevropaning ko‘plab davlatlariga boradi. 1957 yilda u Moskvada o‘tkazilgan Yoshlar va talabalar xalqaro festivalida qatnashadi. Dunyoda tinchlik o‘rnatish, qit’alarda yashayotgan turli elat va millatlarni birlashtirish, madaniy aloqalarni bog‘lash yo‘lida bosilgan katta qadamdek namoyon bo‘lgan ushbu muhim voqeadan olgan taassurotlarini Markes bir qator ocherklarida tasvirlaydi. Rimda yashagan paytlari esa “Eksperimental kinematografiya markazi”dagi rejissyorlik kurslarida o‘qib, ma’lum ko‘nikmaga ega bo‘ladi va bir nechta hujjatli filmni suratga oladi. Ish yuzasidan Parijda yurganida, Kolumbiyada navbatdagi to‘ntarish sodir bo‘lib, “El Espectador” gazetasining yopilgani, o‘zi bilan birga ishlagan do‘st va hamkasblarining siyosiy ta’qibga olingani yoxud vatanini tark etganlari haqida xabar topadi. Shundan so‘ng, u Parijda qolib bir qator gazetalarda faoliyat olib boradi. Bu yillar adib o‘z ijodiy izlanish, o‘z uslubiga sayqal berish borasida tinimsiz mehnat qiladi. Yozuvchi, mukammal darajadagi badiiy ifodalilikka erishish maqsadida, o‘sha paytlari boshlangan “Polkovnikka hech kim yozmaydi” qissasini sal kam o‘n bir marta qaytadan yozadi. Ushbu izlanishlar samarasi o‘laroq, 1957 yilda qo‘lyozma oqqa ko‘chiriladi.
1957 yilda Garsiya Markes ozodlik havosidan yengil nafas olgan Karakasda yasharkan, “Momento” jurnali bilan hamkorlik qiladi. Uning hayotida tinch va sokin damlar hukm sura boshlaydi. U hali 1946 yilda, talabalik davrida tanishgan va umrbod birga bo‘lishga ahdu paymon qilgan Mersedes Barcha Pardo bilan 1958 yilga kelib oila quradi. Adib qisqa vaqt Meksikada yashaydi. U yerda filmlar uchun stsenariylar, jurnallar uchun maqolalar yozib, bir amallab kun o‘tkazadi. 1959 yilda Nyu-Yorkda ishlab yurgan kezlari uning birin-ketin ikki o‘g‘li dunyoga keladi. 1961 yil Meksikada chiqadigan “Mito” jurnalida adibning “Polkovnikka hech kim yozmaydi” qissasi, bir yil o‘tib esa, “Grande Onaning dafn marosimlari” nomli hikoyalar to‘plami bosilib chiqadi.
1959 yil Garsiya Markes Kuba hukumati tasarrufidagi “Prensa Latina” informatsion agentligi bilan hamkorlik qiladi, uning muxbiri sifatida ko‘pgina mamlakatlarda xizmat safarlarida bo‘ladi. Garsiya Markesning betinim hayoti, uzoq va yaqin mamlakatlarda bo‘lishi, safarlardan olgan taassurotlari adib dunyoqarashini yanada kengaytirgan bo‘lsa, ajab emas.
Tan olish kerak, Buenos-Ayresda ilk nashr etilgan “Yolg‘izlikning yuz yili” (1966) romani o‘z muallifiga olamshumul shuhrat bilan birga, tijorat yo‘lida ham mo‘maygina daromad keltirdi. 
 “Yolg‘izlikning yuz yili” romani jahon adabiy jarayonida muallif kutganidan ham ortiq dovrug‘ va nom taratdi. 
Romanning yaratilishi o‘ziga xos tarixga ega. Uning oxirgi rejasi 1965 yilda, uzoq fikr-mulohazalardan so‘ng to‘liq shakllangan edi. Shundan so‘ng, yozuvchi avtomobilini sotadi-da, oila boqishni turmush o‘rtog‘ining zimmasiga yuklab, o‘zi deyarli o‘n sakkiz oy kabinetiga “qamalib oladi”. Ehtimol, u o‘zini Valter Skott, Viktor Gyugo yoki Ernest Xemingueyga mengzagandir. Kim bilsin. Nomi ulug‘ bu yozuvchilar mashhur asarlarini yaratganlarida, aynan, shunday yo‘l tutgan edilar. 
“Esquire” (Eskvayr) jurnaliga bergan intervyusida adib shunday deydi: “...Qara­mog‘imda xotinim va jajji ikki o‘g‘lim bor edi. O‘zim PR-menejer bo‘lib ishlardim va onda-sonda kinostsenariylarni tahrir qilib turardim. Kitobni yozish uchun esa ishdan voz kechish lozim edi. Men mashinamni garovga qo‘ydim va pullarni Mersedesga topshirdim. Har kuni u qanday bo‘lmasin menga qog‘oz, sigaret, umuman, ishlash uchun zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib turardi. Kitob yozib bo‘linganda biz yor-birodarlarimizdan 5000 peso qarz bo‘lib qolganligimiz ma’lum bo‘ldi. Bu katta pul edi. Ayni paytda, mening juda muhim kitob yozayotganim haqida ovoza tarqalgan bo‘lib, atrofdagi do‘kondorlar bu ishda baholi qudrat ko‘mak berib, o‘z hissalarini qo‘shmoqchi bo‘lganliklarini ma’lum qilishdi. Chuchvarani xom sanashibdi! Qo‘lyozmani noshirga jo‘natish uchun 160 peso kerak bo‘lib turganida ixtiyorimizda bor-yo‘g‘i 80 peso qoluvdi. O‘shanda, men Mersedesning xamir qorishtirgichi va soch quritadigan fenini garovga qo‘ydim. Bu haqda xabar topgan xotinim: “Roman yomon chiqmasa mayliga edi”, deb meni yupatgan edi. O‘shanda, roman jahon adabiyoti sara asarlari qatoridan o‘rin olishini kim ham bilibdi, deysiz”. 
Aureliano Buendia oilasining olti avlodi hayotida sodir bo‘lgan g‘ayriodatiy, g‘ay­ri­axloqiy, g‘ayritabiiy, aql bovar qilmas, qonunga zid voqea va hodisalarni tas­virlarkan, Garsiya Markes yuksak badiiy mahorat bilan Buendiya oilasiga u yoki bu darajada mansub kishilar hayotga umid-ishonch bilan qaraydigan shodmon va sabr-bardoshli kashshof (jannat bog‘idek so‘lim go‘sha Makondoni Aureliano Buendia birinchi bo‘lib topgan)lardan borgan sari nasli ayniyotgan razillar, yerda besaranjom-besarishta hayot kechirayotgan, arang kun ko‘rayotgan devonalarga aylanayotganini ko‘rsa­tadi. Romanda Aureliano Buendia sulolasi tarixida zamonaviy madaniyat zamirida yotgan individualizmning gurkirab yashnashi, taraqqiy etishi va zavol topishi jarayoni kuzatiladi. Bu asoslimi, yo‘qmi degan savolga javobni axtarish ayni paytda vaqtni zoe ketkazishdir. Asarni o‘qigan har bir o‘quvchi o‘zicha xulosa chiqaradi. Aytmoqchimizki, Garsiya Markesning aksar asarlarida ko‘tarilayotgan yolg‘izlik HAYoT deb nomlangan mashaqqatli yo‘lda insonni muqarrar kutib turgan oxirgi, xazonrezga o‘xshash hayot pallasi, uning xotimasidir. Aureliano Buendia sulolasining so‘nggi vakili hayot bilan vidolashgach, birpasda ko‘tarilgan to‘polon shamol qurt-qumursqa va chumolilar kemirib, kukunga aylantirib tashlagan Makondoni yer yuzidan uchirib ketdi.
1967 yilda bosilib chiqqan romanning birinchi nashri haqida Chili shoiri Pablo Neruda: “Ehtimol, bu roman “Don Kixot” davridan keyingi ispan tilidagi ulkan g‘alaba, kutilmagan yangilikdir”, deya o‘zining ijobiy fikrini bildiradi. Muallif esa mutlaqo boshqa fikrda edi. Intervyuda muxbirning: “Agar siz mehr-muruvvatli, saxovatpesha sehrgar bo‘lganingizda nima qilgan bo‘lar edingiz?”, degan savoliga, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri, vijdonan: “Yozganlarimning ichidan “Yolg‘izlikning yuz yili” romanini chiqarib, yoqib tashlagan bo‘lardim. Men bu kitobni yozganimdan uyalaman, chunki menga ma’lum sabablarga ko‘ra uni yaxshilab yozishga vaqt yetmadi”, deb javob beradi. Adib, o‘z fikrini davom ettirarkan, jumladan, shunday deydi: “Aql-idrok nuqtai nazaridan qaraganda, “Buzrukning kuzi” romanimning badiiy saviyasi ancha yuqori. Har holda aminmanki, “Buzrukning kuzi” – meni toabad unutilishdan saqlaguvchi asardir. Pol­kovnik Aureliano Buendia kim bo‘lgan – tarixiy shaxs yoxud ko‘chaning nomimi, degan savolga bosh qotirilmaydigan, umuman, esga olinmaydigan payti “Buzrukning kuzi” meni qutqaradi. Ma’suma Go‘zal Remedios oppoq, shahvat dog‘i tegmagan choyshabda ko‘kka ko‘tarilishi yoki bir-biriga yaqin qarindosh ota-onada butun avlod boshiga tushgan la’natning alomati rizo – manhus kaltakesak tug‘ilgani haqida hikoya qiluvchi roman “adabiy zilzila” deb atalishi mutlaq noto‘g‘ridir”. 
Nima bo‘lganda ham, yozuvchi oliftagarchilik bilanmi yoki dilidagini yashirmay, ochiqchasiga gapirayaptimi, yo‘qmi, bilmaymiz. Bu muhim emas. Tanqidchilar mif yaratish san’ati, afsonalar ijodiyoti va “sehrli realizm” badiiyati xususida bahs-munozara yuritgan bir paytda, Garsiya Markes o‘zi yozgan kitoblarda hamma narsa hayotdan “ko‘chirib” olingan deb ta’kidlashdan charchamaydi.
Darhaqiqat, “Yolg‘izlikning yuz yili” romanining dastlabki 8000 donasi bir hafta ichida tarqab ketdi. Unga nisbatan “adabiy zilzila” iborasini ishlatgan perulik adib Mario Vargas Losa so‘zlariga qaraganda, ushbu romanda badiiy to‘qima mahsuli – dastlab qishloq, keyinchalik shaharga aylangan Makondo – Lotin Amerikasi, uning asoschisi Aureliano Buendia o‘z avlodlari bilan esa – dunyo timsoliga aylandi. “Yolg‘izlikning yuz yili” – bu haqiqiy adabiy changalzor, sehr-jodu, majoz va afsonadan iborat fantastik maxluqot”, deb yozgandi amerikalik tanqidchi Uilyam Makferson. U Lotin Amerikasi adabiyotining durdona asari, “sehrli realizm badiiy yo‘nalishining yorqin davomi”, deya e’tirof etildi. 
Darhaqiqat, “sehrli realizm” deb atalmish badiiy yo‘nalishning o‘ziga xos xususiyatlari – bu g‘ayrioddiy xarakter va g‘ayritabiiy, ta’bir joiz bo‘lsa, “mo‘‘jizaviy” voqea-hodisalarni asliga monand, “realistik”, to mayda tafsilotigacha to‘g‘ri, hech bir xaspo‘shlash yoki bo‘rttirishga yo‘l qo‘ymagan tarzda tasvirlashdir. Garsia Markesning ikror bo‘lishicha, “real va fantastik bo‘lib ko‘ringan narsalar o‘rtasida o‘tkazilgan aniq chegarani buzishga qaror qildim, chunki men gavdalantirib ko‘rsatmoqchi bo‘lgan dunyoda bunday g‘ov-to‘siq yo‘q edi”. Uning qahramonlari uchun “nasroniy odob-axloq”, “jumhuriyat an’analari”, “chet el valyutasi yetishmovchiligi”, “ijtimoiy taraqqiyot” kabi tushunchalar zamonaviy aql, ong va “yaratuvchanlik qobiliyat”ining mahsulidir. Ularga esa insu jins, “yomon va yaxshi” arvohlarga ishonish, afsungar jodulari va yomon odamlarning “ko‘z tegish”i kabi tushunchalar ancha yaqin, chunki ular shunday “sehr”lardan iborat dunyoda yashaydilar.
Romanda yuz yil yolg‘izlikka mahkum etilgan Buendiya sulolasining tarixi mufassal hikoya qilinadi. Muallif har doim har xil – mashhur dengiz qaroqchisi Frensis Dreyk davridan boshlab, turli tarixiy davrlarga murojaat qiladi. Roman syujeti qiziqarli voqealar bilan shunchalik to‘yintirilganki, amalda fabula (tasvirlangan voqealar silsilasi)ni qismlarga ajratish imkoni yo‘q, romanning har bir sahifasida muhim voqealar yuz beradi.
“Yolg‘izlikning yuz yili” romanini idrok qilish, “mag‘zini chaqish” boshqa modernist yozuvchilarning intellektual romanlariga qaraganda, ancha oson va maroqli. Garsia Markes o‘z vaqtida teleseriallar uchun stsenariylar yozgani shunchaki ko‘ngilxushlik, vaqtichog‘lik mashg‘uloti bo‘lmagan, balki uning ijodi uchun mahorat maktabi vazi­fasini o‘tagan. U to‘liq anglagan holda “sara jamiyat” vakillariga emas, balki oddiy o‘quvchilarga maqbul qilib matn yaratadi. Shu sabab roman ommabop kitobga aylandi. Aslida, stsenariynavislik nuqtai nazaridan qaraganda, Garsia Markesni haqiqiy postmodernist yozuvchi, desak bo‘ladi. 1969 yil amerikalik tanqidchi Lesli Fidler qalamiga mansub postmodernizm manifestidek yangragan “Chegaralarni bosib o‘tinglar, jarliklarni ko‘mib tashlanglar” maqolasidagi asosiy fikr sifatida “ommaviy” va “elitar” san’at o‘rtasida chegaralarni yo‘q qilish talabi ko‘tarib chiqilgan edi. 
Bu jihatdan qaraganda, Garsia Markesning “sehrli realizmi”, mifologiya va diniy xurofotlariga asoslangan onggi va tafakkuriga yo‘g‘rilgan badiiy metodi ommaviy kitobxonga qaratilganligi bilan alohida ajralib turadi. Ijodkorning fikricha, kitobxonga dunyoni, aynan, shu tarzda tasvirlash tushunarli bo‘lgan. Masalan, Xose Arkadio tunlarni bedor o‘tkazib, allaqachon o‘lib ketgan lo‘li Melxisedek (Maliksidq) bilan gaplashib chiqishi o‘quvchini ajablantiradi. Biroq “sehrli realizm”ning oddiy realizmdan farqi shundaki, unda qandaydir bir g‘alati, real hayotda mumkin bo‘lmagan voqea-hodislar ro‘y berganligida emas, qolaversa, ular odatiy, har kuni bo‘lib turadigan voqea-hodisalarga aylanganligida, yana – temir buyumlarni o‘ziga tortuvchi magnit kuchi, mayda narsalarni kattalashtirib ko‘rsatuvchi lupa, “zamonamizning buyuk kashfiyoti”dek taqdim etilgan muz, suv va ovqat orqali yuquvchi uyqusizlik dardi, xullas, shu va shunga o‘xshash boshqa narsalar qandaydir sehrli narsadek anglanganligidadir.
Bu asnoda, Garsia Markesning o‘z xolasi haqidagi xotiralari diqqatimizni tortadi: “...U alomat ayol edi. Kunlardan bir kun u ochiq ayvonda kashta tikib o‘tirganida, bitta ajina-jinniga o‘xshash juvon kattakon tuxumni ko‘tarib keldi. Tuxumda o‘simtasi bor ekan. Bu narsa juvonni, dastlab, hayratga, so‘ngra, qo‘rquvga soldi: “Muqaddas Bibi Maryam o‘z panohiga olsinu, bu o‘simtada shaytonning qo‘li bo‘lsa-chi?!. Bu tuxum insu jinslarning ishi bo‘lgani turgan gap”, dedi u. Nima sababdan bilmadimu, lekin xolamning uyi qishloqda sehr-jodu ishlari bo‘yicha o‘ziga xos maslahatxonaga aylangan edi. Har safar favqulodda narsaga duch kelib yoki g‘alati voqeaga uchrab, javobini topolmasdan, odamlar biznikiga kelib so‘rashar edi. Xolamning bu chigal masalalarni osonlikcha, ortiqcha kuch ishlatmasdan hal etishidan hangu mang bo‘lib qolar edim. Ko‘z o‘ngimda bo‘layotgan sehr-jodudan azbaroyi qo‘rqib, qaerga yashirinishni bilmasdim. Nimasi bilandir bu sirli va mo‘‘jizakor marosimlar meni o‘ziga tortardi. Tuxum ko‘tarib kelgan juvonga qaytaylik. Juvon xolamdan so‘radi: “Qarang, nima uchun tuxumda bunday katta o‘simta bor? Xolam juvonga sirli boqib, ko‘zlarini yumib, bo‘g‘iq ohangda: “Bu qonxo‘r ajdahoning tuxumi. Qo‘rada olov yoqinglar”, deb buyruq berdilar. Xolam, allanimalarni pichirlab, tuxumni olovga tashlab yubordi va tuxum kuyib, palag‘da sasib, bir pasda yo‘q bo‘lib ketdi”. Ushbu tabiiylik, sofdillik, soddalik “Yolg‘izlikning yuz yili” romaniga kalit bergan bo‘lsa, ajab emas. Bu romanda ham dahshatli voqealar va mudhish manzaralar tasvirlanadi, bir vaqtning o‘zida afsonaviy va hayratomuz, g‘alati uydirmalar hikoya qilinadi. 
1982 yilda Garsia Markes adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Nobel qo‘mitasining rasmiy bayonotida: “...fantaziya va reallik qorishib butun boshli qit’aning hayoti va muammolarini o‘zida aks ettirgan roman va hikoyalari uchun”, deguvchi so‘zlar bor. Nufuzli mukofotni topshirish marosimida Shvetsiya Fanlar akademiyasi vakili Lars Yyullensten o‘z nutqida: “Ko‘p yillar mobaynida, Lotin Amerikasi ada­biyoti shunday kuch-qudratni ko‘rsatdiki, uni boshqa adabiyotlarda uchratish amrimahol. Garsia Markes asarlarida... ispancha barokko, yevropacha syurrealizm va boshqa modernistik oqimlarning ta’siri aralashib ketgan... nafis uslubni yuzaga chiqargan, eng muhimi, optimistik ruhda yangraydi... Garsia Markes o‘z siyosiy qarashlarini yashirmaydi, u ilojsiz, benasib qolganlar tarafida turib, ularga jabr-zulm o‘tkazish va ulardan iqtisodiy foydalanishga qarshi chiqadi”, deyilgan.
Javoban so‘zlangan nutqida esa, Markaziy va Janubiy Amerika hayoti, shart-sharoiti xususida to‘xtalarkan, Garsia Markes tub va ko‘chirib kelingan xalqlarni ekspluatatsiya qilish mavzusiga ham jiddiy e’tibor qaratdi. “O‘ylaymanki, – deydi u, – nafaqat Lotin Amerikasi hayotining adabiy ifodasi, balki ob’ektiv voqeligi ham Shvetsiya Fanlar akademiyasining diqqat-e’tiboriga loyiqdir”. Fikrini davom ettirarkan, Garsia Markes: “Hech kim birov uchun o‘lish yoki yashash qarorini qabul qilmaydigan, muhabbati haqiqiy, baxti esa – amalga oshadigan, yuz yil yolg‘izlikka mahkum etilganlar esa, oxir-oqibat, baxtli yashash huquqini o‘z qo‘llariga olgan utopiya yaratgani uchun javobgarlikni yozuvchi o‘z zimmasiga oladi”, deb, haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini yana bir karra isbotlaydi.
Ko‘pgina tadqiqotchilar Garsia Markes ijodiga Frans Kafka, Jon Dos Passos, Virjiniya Vulf, Alber Kamyu, Ernest Xeminguey va, ayniqsa, Uilyam Folkner ta’sirini alohida ta’kidlaydilar. 
Haqiqatdan ham, Garsia Markes o‘z ijodida ularning uslub va badiiy tajri­balaridan mohirona foydalanadi. Uning ijodida XX asr o‘rtalarida maydonga kelgan va inson hayotining falsafiy tushuncha va kategoriyalar tilida ifodalab bo‘lmas mutlaq noyobligini birinchi planga chiqargan falsafiy yo‘nalish – ekzistentsializm ruhidagi ohanglar – “tashlab ketilgan”dek his etilayotgan yolg‘izlik, shaxsiy qadr-qimmatni, insoniylik xislatlarni saqlab yoki kundalik turmushning ikir-chikirlariga butunlay sho‘ng‘ib, unga bardosh berishda yaqqol ko‘rinadi.
Ayrim tadqiqotchilar Garsia Markesni buyuk yozuvchi, uning shoh asari – “Yolg‘izlikning yuz yili” romanini esa – jahon adabiyoti zarvaraqlarida mangu qolajak asar degan fikrga asosli shubha bildirishadi. Masalan, 1983 yilda amerikalik munaqqid Jozef Epstayn “Izohlar” (“Commentary”) nomli adabiy-badiiy, ijtimoiy-publitsistik jurnalidagi “Shunday ham zo‘rmisiz, Gabriel Garsia Markes?” nomli maqolasida romannavisning kompozitsiyani tuzish mahoratiga tan beradi, ammo “uning tiyiqsiz fantaziyasi, “san’atkorona” uslubi oxir-oqibat me’daga uradi”, deb muxtasar xulosa qiladi. “Ijtimoiy-siyosiy ahamiyatidan xoli olib qaraganda, – davom etadi Jozef Epstayn, – Garsia Markes hikoyalari va romanlari ma’naviy-ma’rifiy sohasida ahamiyatini yo‘qotadi, odob-axloq me’yorlaridan chiqib ketadi. “Buyuk kolumbiyalik” o‘z bolaligining jumbog‘ini yechish maqsadida, butun hayoti davomida izlanadi”. Ha, ahyon-ahyonda shunday betakalluf fikrlar ham uchrab turadi. 
To‘g‘risini aytganda, Garsia Markes yaratgan adabiy makonda hukm surayotgan odob-axloq xususida jiddiy fikr-mulohaza yuritishning hojati bormi, yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Ilk yirik asari “Xazon barglar” qissasidan tortib, to “Hayot haqida so‘zlab berish uchun yashash” (2002) deb nomlangan oxirgi hujjatli romanigacha bo‘lgan davr mobaynida, Garsia Markes hech qachon ma’naviyat, odob-axloq mezonlari xususida fikr-mulohaza yuritishga jazm qilmagan edi. Shunga qaramasdan, uning asarlarida ochiqdan-ochiq behayolik, axloqsizlik ham yo‘q emas. 
O‘zining son-sanoqsiz intervyularida ushbu adabiy hodisa xususida savoldan qochib qutulolmasligini yaxshi bilgan Garsia Markes yarim chin, yarim hazil tarzda javob beradi: “O‘ylashimcha, Karpenter “sehrli realizm” deb, aslida, reallik deguvchi mo‘‘jizani, ayni, Lotin Amerikasi, xususan, Karib dengizi mamlakatlari realligini shunday nomlaydi... U – sehrli... Ha, ishoning menga... Bu yerda shunaqasi bo‘lib turadi...”
Oddiy qilib aytganda, Garsia Markes badiiy to‘qimaning unga keragi yo‘qligiga ishontirmoqchi bo‘ladi. 1979 yilda Gavanada yashagan paytlari, “Bohemia” jurnali muxbiri Manuel Pereyra bilan suhbatda Garsia Markes shunday deydi: “Fantaziya – bu Uolt Disney. Meni esa bu narsa umuman qiziqtirmaydi. Agar mening asarlarimda bir gramm fantaziya topolsalar, men xijolat chekkan bo‘lardim. Birorta kitobimda fantaziya yo‘q. Masalan, “Yolg‘izlikning yuz yili” romanidagi Maurisio Babilonyaning sariq kapalaklari bilan bog‘liq bo‘lgan mashhur sahnani olaylik. U haqida: “O, naqadar go‘zal fantaziya!” deyishadi. Jin ursin, u yerda hech qanday fantaziya yo‘q! Bo‘lmagan gap! Arakatakadagi uyimizga har zamonda bir usta kelib turganini juda yaxshi eslayman... Buvim qo‘liga lattani ushlab, oq kapalakni haydaganini eslayman. Jahllari chiqqan buvim: “Jin ursin! Men bu kapalakni haydab ko‘chaga chiqarolmayapman. Bu usta har safar kelganida kapalak uyga uchib kiradi...” 
...Ta’kidlash lozimki, Garsia Markes ijodi Kolumbiya va Venesuella mintaqasida yetakchi mavqe tutgan adabiy an’analar bilan uzviy bog‘liq, ayni paytda, muxoliflari ham bor. Bir tomondan, uning mashhur o‘tmishdoshi, “yam-yashil jahannam” adabiyoti asoschilaridan biri Xose Eustasio Rivera hamda Lotin Amerikasi adabiyotida yetakchi mavqe tutgan “badaviylik – tsivilizatsiya” qabilidagi an’anaviy mifologemani ko‘tarib chiqqan Romulo Galegoslarning badiiy tajribasi Garsia Markesga foyda keltirgani aniq. Boshqa tomondan esa, uning uslubi ham, badiiy to‘qimasi mahsuli bo‘lmish Makondo obrazi ham Ernest Xeminguey va Uilyam Folkner ta’siridan xoli deb bo‘lmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Garsia Markes hech qachon “Shimoliy amerikalik mardi kalon”larning ijobiy ta’sirini inkor etishga jur’at etolmagan. Lekin Uilyam Folknerning Yoknapatofasi bilan u tanish bo‘lmaganida ham, Makondo shaharchasi, baribir, uning tasavvurida tug‘ilar edi. Axir, baxtli tasodif tufayli, Xuan Karlos Onettining tasavvurida, bir vaqtning o‘zida ham xayoliy, ham jo‘shqin hayotga monand Santa-Mariya shaharchasi paydo bo‘ldi-ku. Boshqacha aytganda, Makondo – tor ma’noda, ekvator iqlimida yashayotgan, tropik changalzorlar qoplagan, birvarakayiga ikki – Atlantika va Tinch okeanlari po‘rtana to‘lqinlariga, yengil shabadada mavjlanib quyilayotgan sadolariga cho‘milgan Kolumbiya, keng ma’noda esa, viqorli tog‘, sersuv daryo, jazirama sahro, yam-yashil dashtu biyobonlarning sehrli diyori – Lotin Amerikasining timsoliga aylangan shaharchadir. Makondo ko‘p jihatdan Garsia Markes tug‘ilib o‘sgan Arakataka, qolaversa, u taqdir taqozosi bilan bir necha vaqt yashashga majbur bo‘lgan, ishlagan va o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ko‘plab katta va kichik shaharlarga o‘xshaydi. O‘sha joylarning iqlimi, muhiti, tabiati, yashash tarzi uning 1950 yillarda yaratilgan hikoya va qissalarda o‘z aksini topgan va Garsia Markesning eng mashhur romaniga o‘ziga xos debocha bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qalin changalzorlarning odam qadami yetmas ichkarisiga borib Makondo shahriga asos solarkanlar, “Yolg‘izlikning yuz yili” romani personajlari, qaysidir bir ma’noda X.E.Riveraning “Girdob” nomli roman qahramonlari bosib o‘tgan yo‘lni takrorlaydilar. Biroq o‘z qahramonlarini “yam-yashil jahannam” chakalakzorlariga g‘arq etarkan, Garsia Markes vaqti-soati kelguncha tabiatning qarshi harakatini his etib ko‘rishga imkon bermaydi. Aureliano Buendia sulolasining birinchi vakili va uning sodiq hamrohlari “badaviylik”ning “tsivilizatsiya” bilan to‘qnashuvidan vujudga kelishi ehtimoli – xavf-xatarni sezmaydilar. Qalblarida individualizm deb atalmish illatning urug‘ini olib yurganlarini xayollariga ham keltirmaydilar. Makondoda, dastlab, hamma o‘zaro teng, to‘kin-sochin dasturxon atrofida farovon hayot kechirishadi... Biroq bunday xotirjam va sokin, rohat-farog‘at hayot uzoqqa bormaydi. Makondoni, nafaqat, nafs balosiga yo‘liqish, balki shahvatparastlik, tiyib bo‘lmas hirs, badaxloqlik, riyo, zolimona hokimiyatchilik, amri farmonlik kabi illatlar zulmatga aylantiradi. “Yerdagi Bog‘i Eram”dan hech kimni yoqasidan olib quvmaydilar – u yerdan o‘z ixtiyori bilan ketishadi. “Jannatdan tashqarida”gi behad katta dunyoda yashab ko‘rish ishtiyoqi shu qadar kuchliki, uni to‘xtatib, yo‘lini to‘sib bo‘lmaydi. Roman davomida “narigi dunyo choparlari”, “tsivilizatsiya nishonalari” Makondoni to‘lqinga o‘xshab bosib olaveradi. Sivilizatsiyaga yaqinlashib, tutash nuqtalarni, o‘xshash jihatlar borligini aniqlash, uning zaharli havosidan nafas olish, halokatga yetaklovchi mevalaridan tatib ko‘rib Makondo hamma narsani: qonli urushlarni, siyosiy fitnalarni, qirg‘in keltiruvchi epidemiyalarni, “banan shirkati” o‘rnatgan adolatsiz, shafqatsiz tuzumning oqibatlarini ham boshidan kechiradi. 
Demak, dastlab, Makondo – Bog‘i Eram, jannatmakon yurt. Lekin bu so‘lim go‘sha, to‘kin-sochin o‘lka, hayotbaxsh zaminda yashovchilardan ayrimlari katta dunyoga qochishni, ozodlikka chiqishni orzu qilishadi. Bunday “gunoh”ning, aniqrog‘i Odam Ato va Momo Havo in’om etgan nozu ne’matlardan yuz o‘girishdan bosh tortish, itoatsizlikni namoyish etishning oqibati – muqarrar yolg‘izlikdir. 
Bu hayot prozasi. Uni tiyib bo‘lmaydi. U “san’atkorona”, yuksak mahorat bilan ishlov berilgan, sayqallashtirilgan. Ehtimol, u, amerikalik tanqidchi Jozef Epstayn ta’biri bilan aytganda, axloqsizligi bilan me’daga tegar, lekin qo‘shiqdan so‘zlarni olib tashlab bo‘lmaydi. Qaysidir bir ma’noda, Kolumbiya realligi allaqachon Garsia Markesni “yozib” bo‘ldi. U Kolumbiyaning sehrli, fusunkor kunlarining shirinsuxan, xushovoz quychisi bo‘lib qolaveradi. 

«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.