OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murod Abdullayev. Bahri muhitga madad yoxud obi hayotni tejovchi uch loyiha (2008)

Orol dengizini qurishga mahkum etgan sho‘rolar saltanatining o‘zi ham bahri muhitimiz qarg‘ishiga qoldi. Tuzumlar, saltanatlar-ku turli sabab va oqibatlar bois tanazzulga uchrashi, Yer yuzidan abadiy supurilib ketishi mumkin ekan. Biroq ular gullagan davrda dunyoga kelgan inson farzandlari uchun yaydoq dashtu sho‘rxok taxirga aylangan zaminda umrguzaronlik qilish oson kechmaydi.

Tanazzulga uchragan saltanatdan sizu bizga og‘ir ekologik vaziyat meros bo‘lib qoldi. Biroq biz kimlargadir o‘xshab, jomadonni orqalab, duch kelgan joyga borib makon tuta olmaymiz. Bunday hayot tarzi ajodlarimizdan qon-qonimizga singgan iymon-e’tiqodimizga zid. Biz bobolar xoki yotgan tabarruk tuproqni, otalarimiz kindik qoni tomgan muqaddas Vatanimizni hech bir manzilga alishtirmaymiz.

Otalar yurtining bezavol giyohiyu tomchi suvini ko‘zimizga surtish, ilojini topsak bu zamin ko‘ksini gullarga burkash — farzandlik burchimiz. Shuning uchun dengiz yiroqlab ketgan sho‘rxok qumlar bag‘riga-da, umid bilan dov-daraxt, nihol qadaymiz. Yo‘llar, ko‘priklar, uylar quramiz. Shoirimiz lutf etganidek, shunday yashar odatda odam, deymiz.

Kuni kecha bir anjumanda ishtirok etishga to‘g‘ri keldi. O‘zini “Bahri muhit” deya ezgu nom bilan atagan jamoat tashkilotining axborot markazi o‘tkazgan “Orol va Orolbo‘yiga doir ekologik loyihalar” doirasidagi anjumanda tabiat jonkuyarlarining qizg‘in ijodiy muloqotini tingladim. Orolning bugungi ahvoliga doir hujjatli film namoyishidan so‘ng tadqiqotchilarning turli ogohlaridan voqif bo‘lib, obihayotimizni tejaydigan yangi loyihalar bilan tanishishga to‘g‘ri keldi. Bu loyihalar men uchun katta yangilik bo‘ldi. Ular haqida avvallari ham eshitgan bo‘lsam-da, dadil-isboti bilan ko‘rsatilgan bu loyihalarning amaliy ahamiyati xayolimni o‘g‘irladi. Bundan nafaqat amaliyotchi fermerlaru tumanlarning hokimlari, balki juda ko‘pchilik, hatto ijodkorlar ham voqif bo‘lishi kerak ekan. Ana shunda yangilik hayotimizga tez singib, bahri muhitimiz yanada gullab-yashnaydi.

* * *

Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha xalqaro institutning bir bo‘limi bizning Toshkentda ham faoliyat olib boradi. Uning mutaxassisi Akmal Karimov aytgan takliflar ko‘pchilikni qiziqtirmasligi mumkin emas. Bunday deyishimga sabab endilikda butun jahonda suvga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotir. Bu muammo suvni tejash va pok saqlashga doir asriy udumlarga e’tiborsizlik tobora keng yoyilayotgani, qolaversa, u yoki bu xalqning milliy manfaatlariga boshqa davlatlarning nopisand munosabati tufayli ham keskinlashmoqda. Masalaga, Markaziy Osiyo misolida qaraydigan bo‘lsak, mintaqani bir asrdan ko‘proq davr mobaynida mutab yotgan sho‘rolarning misi chiqqan g‘oyalaridan qaytmagan to‘ralar hamon uchrab turibdi. Ular Amudaryo va Sirdaryo boshlanadigan davlatlardagi daryolarga to‘g‘onlar qurishni avj oldirish bilan suv taxchilligini kuchaytirib, kelgusida bu mintaqa shimol daryolari suvining bir qismini janubga oqizishni yolvorib so‘rashiga sharoit yaratamiz, deya xomtama bo‘lmoqdalar.

Shu vajdan mintaqada suv muammosi yana keskinlashib borishi mumkin. Shunday paytda Akmal Hayitovich taklif etayotgan loyihalar yer va suvdan tejamli foydalanishning iqtisodiy poydevorini yaratishga asos bo‘lishi shubhasiz. Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan ushbu loyihalar haqida kengroq tasavvurga ega bo‘lmoq uchun Akmal Karimov ishlayotgan — poytaxtning Murtozoev ko‘chasidagi xalqaro muassasaga tashrif buyurdim.

QOZON HAM MOY, CHO‘MICH HAM

Birinchi loyiha

O‘zbekning tansiq va hammabop taomi osh. Hozir bizda guruchning koni Orolbo‘yi mintaqasi hisoblanadi. Garchi Xorazmning sara guruchi O‘sh va Farg‘ona devzirasiga yeta olmasa-da, u butun mamlakatning ikkinchi noni sifatida mashhur. To‘yu ma’rakalarimiz, bayramu sayillar doshqozonlarni to‘ldirgan palovxonto‘rasiz o‘tmaydi. Biroq keyingi qurg‘oqchil yillarda ana shu ikkinchi nonimiz yetishtiriladigan maydonlarning bir qismi o‘z o‘rnini g‘allaga bo‘shatib bermoqda. Kelgusida bu muammoni hal etish yo‘li topilganidan astoydil quvondim.

— Amudaryoning quyi oqimidagi Xorazm va Qoraqalpog‘iston uchun sholi yetishtirish yaqin-yaqinga qadar ham katta daromad manbai edi, — deya so‘z boshladi Akmal Hayitovich jajjigina kompyuter ekranidan lip-lip o‘tayotgan manzaralarni sharhlab. — Yog‘in-sochinning qanday kelishiga qarab sholi maydonlari har yili 147-180 ming gektarni tashkil etardi. 1985 — 2000 yillar oralig‘ida Amudaryodan Xorazmga berilayotgan suv miqdori yillik o‘rtacha 5,84 kub kilometrdan 3,7 kub kilometrga tushib qoldi. Buning natijasida sholizorlar uchun ajratilgan maydonlar 48 ming gektardan 31,7 ming gektarga kamaydi.

Sholipoyalar qisqarganiga qaramay, sizot suvlari sathi 1,5 metrdan kam bo‘lgan botqoq joylar maydoni 41 foizga kattarib, 126,6 ming gektardan 178,6 ming gektarga yetibdi. Shuning natijasida paxta va g‘alla maydonlari hosildorligi kamaygan. U bunday joylarda gektar boshiga 20 va 25 tsentnerdan oshmaydi. Ayni chog‘da paxta yetishtirish uchun kuz va qishda yerning sho‘rini yuvish taqozo etiladi. Natijada bir gektar yerda paxta yetishtirish uchun 18 ming kub metr suv sarf bo‘ladi. Bu sarf etilgan 1 kub metr suv hisobiga 110 grammcha paxta olindi degani bo‘lib, nihoyatda past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Sizot suvlari yaqin bo‘lgani bois kuzda g‘alla ekish uchun haydab qo‘yilgan yerlarning unumdor qatlamida ham tuz yig‘ilmoqda. Bu tuzlarni ekish oldidan yuvish uchun esa ayni iyul va avgust oylarida suv yetishmaydi. Bahorda paxtani ekish oldidan ham sho‘r yuvilmasa, yaxshi hosil olib bo‘lmaydi. Buning uchun har yili gektariga o‘rtacha 6 ming kub metrdan suv sarflashga to‘g‘ri keladi. Noilojlikdan zovur suvlaridan ham foydalaniladi, biroq bu usul yerning qayta sho‘rlanishiga zamin hozirlaydi. Oqibatda hosildorlik tushib, tuproq tarkibi yomonlashadi.

“Ana shunday sharoitda g‘alla o‘rimidan so‘ng uning o‘rniga sholining avvaldan tayyorlab qo‘yilgan ko‘chatlarini ekish tuproqning sho‘rlanishini kamaytiradi va ziroatchilik ne’matlari yetishtirishni jadallatadi, — deydi suhbatdoshim. — Bu usul ko‘p sho‘rlangan yerlarning kuchli darajada sho‘rlanishining ham oldini oladi“.

Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanidagi “Qizilo‘zak” xo‘jaligida, Xorazmning Gurlan, Shovot va boshqa tumanlarida sholini ko‘chat qilib ekish tajribasi ommalashmoqda. Masalan, gurlanlik Davlat Qurbonov botqoq hamda qarovsiz yotgan 10 gektar yerni fermerlikka olgan. U dastlab yerni uch bora yaxshilab tekislab chiqadi. 2005 yili salkam bir gektar yerni sholi ko‘chatlari yetishtirish uchun ajratib, unga 27 may kuni urug‘ sochadi. 20 iyunda kuzgi g‘allasi o‘rilib, gektariga 35 tsentnerdan hosil bergan shu yerga oradan o‘n to‘rt kun o‘tkazib, sholi ko‘chatlarini qadaydi. 13 sentyabrga kelib esa fermer hali sholi o‘rilmasidan uning orasiga qo‘lda don sepib chiqadi. 4 iyun kuni ko‘chatidan ekilib 25 sentyabrda o‘rib olingan sholining hosildorligi gektar hisobiga 60 tsentnerni tashkil etadi.

Bu guruchlar devziradan aslo qolishmaydi.

Demak, Xorazm va Qoraqalpog‘iston yerlarida butun Janubiy Osiyo mamlakatlarida bo‘lgani singari sholini g‘alladan so‘ng takroriy ekin sifatida o‘stirish bir yo‘la uchta muammoni hal etar ekan. Avvalo, suvdan tejamli foydalaniladi. Ikkinchidan, bir yilning o‘zida aynan bir daladan ham g‘alla, ham sholi olish daromadni keskin ko‘taradi. Uchinchidan, yerning unumi oshadi.

Xo‘sh, suv qanday qilib tejaladi? Bunga olim shunday javob beradi: “Sholi ekiladigan dalaning yigirmadan bir ulushiga, masalan aytaylik, 20 gektar yerga yetadigan ko‘chat tayyorlash uchun bir gektar joyga g‘alla o‘rimidan 20-25 kun avval urug‘ (odatdagi guruch navlaridan gektariga — 40, gibrid navlardan esa gektariga 12-15 kilogramm miqdorida) sepish kifoya. Ko‘chatlarni g‘alla o‘rilgan joyga 20 x 15 santimetr oraliqda ekish sholining odatdagi o‘suv davrini 40 kunga kamaytiradi. Faqat shuning o‘zidan odatdagi suv sarfini 25 foizga tejash mumkin. Bundan tashqari, sholi o‘rib olinishidan avval uning orasiga yana g‘alla ekib qo‘yiladi. Bunda ham g‘allani, ham sholini ekishdan oldin yerning sho‘rini yuvishga hojat qolmaydi. Demak, yana katta miqdorda suv tejaladi. Qolaversa, yer ostidagi sho‘r suvlarning ko‘tarilishi to‘xtaydi. Sizot suvlari ko‘tarilmasa, tuz ham ko‘tarilmaydi. Chunki yerlarning sho‘rlashi odatda dala ekindan bo‘sh turgan paytda uning tarkibidagi namlikning yuqoriga bug‘lanishi oqibatida ro‘y beradi, ya’ni bug‘lanayotgan suv bilan birga yuqori qatlamlarga ko‘tarilayotgan tuz tuproq yuzasida qolib ketadi”.

Ko‘chat usulida ekilgan sholi shamolda yotib qolmas ekan. Birgina shu omilning o‘zi ham hosildorlikni o‘n foiz oshirishga zamin yaratadi. Buning ustiga sholi va g‘alla poyalarini yoqmaslik tabiiy o‘g‘it hosil qiladi.

Bunday usulda dehqonchilik qilgan fermer iqtisodiy jihatdan o‘zini tez o‘nglaydi. Ham suvdan tejaydi, ham daromaddan yutadi, ham yerning sho‘r bosish xavfi yo‘qoladi. Bir daladan bir yilning o‘zida ham bug‘doy, ham sholi yetishtirilib, ikki marta olingan hosilni cho‘tga solsangiz qozon ham moy, cho‘mich ham moy ekanligi ayon bo‘ladi.

Bugun bizning dehqonimizga mana shunday ilg‘or ziroatchilik usullari suv bilan havoday zarur. Uning keng ommalashishi esa dehqon-fermerlardan ham ko‘ra ularga rahbarlik qilayotgan tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislariga ko‘proq bog‘liqligini unutmasligimiz kerak. Xo‘sh, mahalliy rahbarlarimiz bu yangilikni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash va buning uchun omilkor dehqon-fermerlarimizga zarur sharoit yaratib berishga qodirmi?

Buni yaqin kelajak ayon ko‘rsatadi, deb umid qilamiz.

SHIRINMIYANINGQANDAY XOSIYATI BOR?

Ikkinchi loyiha

— Sholini g‘alladan so‘ng ko‘chat qilib ekishning barcha afzalliklarini hali aytmadik, — deb boshladi navbatdagi gurungimizni xalqaro institutning yetakchi ilmiy xodimi Akmal Karimov. — Bu usul suvni tejab, yerni sog‘aytirib, daromadni ko‘tarishdan tashqari begona o‘tlarni ham kamaytiradi. Ularga qarshi ishlatiladigan gerbitsidlar tejaladi. Yana sholi o‘rimidan oldin uning ichiga kuzgi g‘alla sepish, dalani haydash va tekislashga hojat qoldirmaydi. Dehqon vaqtdan, texnika xarajatidan yutadi.

Tadqiqotchilar bunday yangi loyihalarini “Yorqin nuqta” deb atashibdi. Darhaqiqat, barakasi oshgan, ziroatchilikka qaytgan, obihayotni tejaydigan yer ko‘ngilni yorug‘ umidlarga to‘ldiradi.

— Markaziy Osiyodagi sug‘oriladigan yerlarning teng yarmiga yaqini (47,5 foizi) sho‘rlanishga moyil, — deydi loyiha ilmiy rahbari avstraliyalik Endryu Nobel. — Bu hol ekinlar hosildorligini 30 foizga kamaytirmoqda.

Osiyo Taraqqiyot banki, Suv resurslarini boshqarish instituti hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari moliyalashtirayotgan mazkur loyiha Orol dengizi havzasida yer va suv manbalarining yaroqsiz holga kelishiga qarshi kurash orqali ziroatchilik uchun qulay sharoitlar yaratishni ko‘zda tutadi. O‘z tajribalarimizda sinovdan o‘tgan usullar amalda keng qo‘llab ham ko‘rilar ekan.

Xo‘sh, yerning barakasini oshirish usuli bilan-ku, tanishdik. Endi sho‘r bosib ziroatchilikdan chiqarib tashlangan yerlar qanday tiklanishi bilan qiziqa boshladim. Tadqiqotchilar bu jarayonga ekologik xavfsizlik ko‘lamini kengaytirish hamda oziq-ovqat mustaqilligini ta’minlash yo‘li sifatida qarashadi.

— Ekinga me’yordan ortiq suv berilsa, sizot suvlar sathi, u bilan birga yer ostidagi tuz ham yuqoriga ko‘tariladi, — deydi suhbatdoshim. — Agar zovurlar suv tortmay qolsa, bug‘lanish kuchli bo‘lgan bizning issiq sharoitimizda dala tez sho‘rlaydi.

Ana shu sabablarga ko‘ra, hozir har yili Mirzacho‘ldagi unumdor yerlarning ikki-uch foizi zavol topayotgan ekan. Ularni qayta tiklash uchun esa katta mablag‘ talab etiladi. Xo‘sh, mummoni hal etadigan qulayroq agrotexnologiya yo‘qmi? Bor. Bu sho‘rga chidamli, ayni paytda, yerni tiklab, zarur darajada daromad ham beradigan ekinlar o‘stirish usuli.

Qoraqalpog‘istonda tabiiy ravishda o‘sadigan shirinmiyani ko‘pchilik yaxshi biladi. O‘tgan asrning 70-80-yillari Xovos va boshqa joylarda (10-15 gektardan) u qimmatbaho xomashyosi uchun yetishtirilgan ham. Uning ildizlari kimyo sanoati va eksport uchun qabul qilingan. Biroq shirinmiyaning yer sho‘rini kamaytirishi aniqlangunga qadar uni yetishtirish to‘xtab qolgan.

Shirinmiya ildizi turli salqin suvlarga ta’m va rang beradigan, tibbiyot amaliyotida ishlatiladigan moddalarga juda boy. U qimmatbaho dorivor o‘simlik sifatida qadimdan ma’lum. Ildizi va ildiz poyasidan tayyorlangan dorilar zaharlanish, allergiya, yallig‘lanish, bod, belangi, bug‘ma, sil, chipqon, ekzema va boshqa xastaliklarni davolashda, oziq-ovqat, kimyo va tog‘-metallurgiya sanoatida ishlatiladi. Akademik Qodir Zokirov shirinmiya tarkibidagi moddalarga xos xususiyatlarni laboratoriya sharoitida tadqiq ham etgan.

Xalqaro institut olimlari Boyovut tumanidagi sho‘r bosgan yerlarni tiklashga doir ishlarida Guliston davlat universiteti biologlari bilan shirinmiya ustida hamkorlikda tajriba o‘tkazishga qaror qildilar.

— Bu tajribaga viloyat hokimi Abdurahim Jalolov xayrixohlik bilan qaragani nur ustiga nur bo‘ldi, — deydi suhbatdoshim. — Avvalo, tajriba uchun ajratilgan dalalar besh yilga yer solig‘idan ozod qilindi.

Ergash aka Pirimqulov o‘z fermerlik dalasida avvallari shirinmiya ekib ko‘rgan ekan. Bundan xabar topgan “Navbahor”lik fermerlar yetakchisi Tursunboy Avezov shirinmiya maydonlarini kengaytirishga tashabbuskor bo‘ladi. Fermerlar uning da’vati bilan 10-12 gektardan sho‘r bosgan qarovsiz yerlarni olishib, olimlar rahbarligida salkam to‘qson gektarga shirinmiya qalamchalari ekishadi.

Shirinmiya dukkakdoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘simlik. Poyasi tik o‘sadi va ikki metrgacha shoxlaydi. Ildizi 5-6, ba’zan suv axtarib 15-17 metrgacha boradi. Aprel oxiridan gullab, avgustda pishadi. Poyasi tarkibida oqsil, yog‘, qand, karotin, 12 foizgacha protein borligidan qimmatbaho yem-xashak hisoblanadi. Undan pichan va silos tayyorlash mumkin. Ildiz hosilini kamaytirmasdan yiliga ikki marta o‘rib olsa bo‘ladi. Yer unumini yaxshilashidan tashqari chorva mollari uchun zarur oziq ham. Ildizidagi azot to‘plovchi bakteriyalar tuproqni biologik o‘g‘itga boyitadi, sho‘rxok va unumsiz yerlarda paxta bilan almashlab ekishda shirinmiyaga teng keladigan o‘simlik yo‘q. Mirzacho‘lda uning besh xil navi yaxshi hosil beradi.

Mutaxassislar shirinmiyadan so‘ng dalaga paxta va bug‘doy ekib ko‘rishganda g‘alladan 2,8 barobar, paxtadan esa uch barobar ko‘p hosil olinadi. 1999 yilda ekilgan shirinmiya 2001 yilda gektariga 3,6 tonnadan, 2003 yilga kelib esa 5,1 tonna yem-xashak beradi. Bunga qo‘shimcha 2002 yili gektariga 5,6 tonnadan, 2003 yili gektariga 8,5 tonnadan shirinmiya ildizi ham tayyorlangan.

Shirinmiya ikki-uch yil ko‘kargach, unga suv kerak emas — ildizi tabiiy holda namni topib oladi. Shu bois u ekilgan dalalarda sizot suvlari sathi uch metrdan ko‘proqqa pasayibdi. Bu tuproq sho‘rining ko‘tarilishi shunchaga kamaydi deganidir. Ayni chog‘da, shirinmiyaning kuchli darajada ildizlashi sabab tuproq tarkibi yaxshilangani ham kuzatiladi.

Demak, sho‘rlash oqibatida unumdorligi tushib ketgan yerlarda to‘rt-besh yil shirinmiya yetishtirish bizning sharoitimizda yerni tiklashning eng qulay usuli ekan. Bu usul boshqa texnologiyalarga qaraganda juda arzon ham. Bir gektar yerni tiklash uchun 70-80 AQSh dollari kifoya. Dehqonlar shirinmiya pichanining bir bog‘ini ming so‘mdan sotishmoqda. Uning ildizi ham pul. Bir gektardagi shirinmiyadan 4-5 yilda 12 tonnagacha ildiz olsa bo‘ladi. Jahon bozorida uning har tonnasi 500 dollar turadi.

Sho‘r bosgan yerlarni tiklashning yangi usuli-ku tajribalarda o‘zini oqlabdi. Xo‘sh, Boyovut dalalarida afzalligi ayon bo‘lgan shirinmiya yanada kengroq maydonlarga ekiladimi? Uning nafini amalda ko‘rgan sirdaryolik fermerlar bu haqda nima deydi?

Shu savollarga javob olish maqsadida tajribalarda faol ishtirok etayotgan Guliston davlat universiteti kafedra mudiri, biologiya fanlari nomzodi Habibjon Qo‘shievga qo‘ng‘iroq qildim. Habibjon Toshkentdagi anjumanda ishtirok etayotgan ekan. Ko‘p o‘tmay suhbatimiz tahririyat binosida davom etdi.

Undan dastlab shirinmiyaning sanoat xomashyosi sifatidagi ahamiyatidan tashqari yer sho‘rini ham kamaytirishi mumkinligi qanday aniqlanganini so‘radik.

— Professor Davronbek Dolimov shirinmiya ildizidagi glitsirrizin kislotasi asosida dorivor moddalar yaratishga doir tadqiqotlarga rahbarlik qilayotganidan xabarim bor edi, — deb boshladi u so‘zini. — Sho‘rga chidamli bug‘doy navlarini tanlashga doir izlanishlarimda namuna uchun shirinmiya ekib ko‘rib, kutilmagan yangilikka duch keldik. Sho‘r yerda o‘sgan shirinmiya bilan tuz tarkibi me’yorida bo‘lgan dalada o‘stirilgan shirinmiya ildizlaridagi farq bizni taajjubga soldi. Birining ildizi ingichka va baquvvat bo‘lsa, ikkinchisiniki yo‘g‘on va mo‘rt. Sababi sho‘r yerda o‘sgan shirinmiya ildizi yot moddalar bilan tabiiy kurash oqibatida uni o‘ziga ko‘proq singdirib, hajmi kattarib ketadi. Shu tariqa yerning sho‘rini ham kamaytirar ekan.

Bu tajribalar gulistonlik olimlarning dastlab Boyovut tumani hokimligi, 2005 yildan boshlab esa Osiyo Taraqqiyot banki hamda Suv resurslarini boshqarish instituti bilan hamkorligiga keng yo‘l ochdi.

Demak, sho‘r bosib zavol topgan yerlarni tiklash uchun shirinmiya ekish tajribasi tadqiqotlarda o‘z afzalligini to‘kis namoyon etibdi. Xo‘sh, unda nega 20 ming gektardan ziyod yeri kuchli darajada sho‘rlangan Sirdaryo va boshqa viloyatlarda shirinmiya vositasida yerlarni tiklashga talabgorlar chiqmayotir? Tashviqot kammi yoki boshqa sabablar ham bormi?

— Avvalo, fermerlarga yaroqsiz yerlarni besh yil emas, o‘n yilga soliqdan ozod qilib berish kerak, — deydi suhbatdoshim. — Negaki, fermer shirinmiya yetishtirish uchun yer haydash, ikki-uch yil davomida sug‘orish, uni o‘rish va ildizini kavlab olish uchun xarajat sarflaydi. Buni ham hisobga olish kerak.

Ha, hamma narsa manfaatdorlikka borib taqaladi. Biz ba’zan bir so‘mni tejayman deb, ming so‘mning nafidan ko‘z yumib qo‘ya qolamiz. Axir ziroatchilikka qaytarilgan yer koni foyda emasmi? Demak, mutasaddilar shirinmiya ildizini fermerlardan sotib oladigan qonuniy tashkilot tuzish haqida ham o‘ylashi zarur. Bugun bu ish brakonerlar qo‘lida. Shu sabab shirinmiya yetishtiruvchilar manfaatdorligi xorijdagiga qaraganda uch-to‘rt barobar kam.

Axir unumdor yerlar zavol topib, cho‘lu biyobonlar kengayib borayotgani, o‘rmon yong‘inlari jami tiriklikning hayot-mamoti bo‘lgan kislorod manbalarini butkul yo‘qqa chiqarayotgani bugun hech kimga sir emasku! O‘zimiz va farzandlarimiz yashayotgan bahri muhitda shunday keskin muammolar bo‘la turib, olimlarning yaxshi bir tajribasiga loqayd qarash dono xalqimizning: oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degan maqolini yana bir bor eslatmayaptimi?

Ona zamin go‘zalligi va farovonlik ne’matlarini ko‘paytirish uchun jon kuydirmoq vaqti — ayni bugundir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 10-11-sonlaridan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.