O‘tgan asrning boshlarida yangi o‘zbek adabiyoti degan fenomenning yuzaga kelgani muhim voqea edi. Agar murakkab tarixiy davrda yashagan ijodkorlar she’riyat, nasr va dramaturgiya turlaridagi asarlari bilan yangi tarixiy davrning erk va hurriyat g‘oyalarini fidoyilik bilan targ‘ib va tashviq qilmaganlarida, mudroq xalq uyg‘onmagan, milliy adabiyotimiz esa yangi uslub va janrlar bilan boyimagan bo‘lardi. Shuning uchun ham shu davr adabiyotining beshigini tebratgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon, Hamza singari ijodkorlar qatorida G‘ulom Zafariy nomini ham hurmat bilan tilga olish lozim.
* * *
G‘ulom Zafariyning qachon va qaerda tug‘ilganligi to‘g‘risida turlicha qarashlar mavjud.
Ma’lumki, o‘tgan asrning elliginchi yillari oxiri – oltmishinchi yillari boshlarida, shaxsga sig‘inishning fojiali oqibatlari fosh etilganidan so‘ng, qatag‘on etilgan yozuvchilar ijodini o‘rganish va ularning asarlarini xalqqa qaytarish ishlari boshlangan. Shu xayrli jarayonda, filologiya fanlari nomzodi Muhsin Zokirov ham faol qatnashib, “Toshkent oqshomi” gazetasida unutilgan yozuvchilar ijodiga bag‘ishlangan adabiy sahifalarni tashkil qilgan. Mazkur gazetaning 1968 yil 1 iyul sonida ilk bor G‘ulom Zafariyga bag‘ishlangan maxsus sahifa ajratilgan. Mazkur sahifada berilgan Muhsin Zokirovning maqolasida G‘ulom Zafariy 1899 yili Toshkent shahridagi Zarqaynar mahallasida tug‘ilgan, deb yozilgan. Shu yili “Toshkent oqshomi”ning “Adabiy sahifalar”ida berilgan barcha ma’lumot va materiallarning marhum yozuvchilar arxividan olinganligi sababli, o‘sha ma’lumot G‘ulom Zafariy haqidagi aksar maqolalarda tirajlanib keldi. Kamina ham “Guliston” jurnalining 1996 yildagi 4-sonida bosilgan maqolamda: “G‘ulom Zafariy 1899 yili Toshkentning Zarqaynar mahallasida tug‘ildi. U 1937 yilda hibsga olinganida, Kattabog‘ mahallasidagi Xoliqov degan kishiga qarashli 71-uyda ijarada yashagan”, deb yozganman. Sirasini aytganda, bu so‘zlar G‘ulom Zafariyning 1937 yildagi tergov jarayonida bergan ma’lumotiga mutlaqo zid kelmaydi. Zero, G‘ulom Zafariyning mahbuslik anketasida tug‘ilgan sanasi va joyi “1899 yil, Toshkent shahri”, deb qayd etilgan. Hibsga olingan kunlarida ijodkorning Xoliqovning uyida ijarada yashaganligi to‘g‘risidagi ma’lumot ham shu tergov materiallaridan olingan. Ammo filologiya fanlari doktori Berdiali Imomov “Sharq yulduzi” jurnalining 1981 yil, 11 sonida e’lon qilingan “G‘ulom Zafariy – shoir va dramaturg” degan maqolasida adibning tug‘ilgan sanasi va joyi haqida bunday ma’lumotni bergan: “Siddiqa G‘ulomovaning bizga yozib bergan “Otaginam” sarlavhali xotiranomasi va boshqa ma’lumotlarga qaraganda, G‘ulom Zafariy 1888 yilda Qo‘qonning Yog‘bozor mahallasida hunarmand-miskar oilasida tavallud topgan (ayrim manbalarda, masalan, “Toshkent oqshomi” gazetasining 1968 yil 1 iyul sonida uning tug‘ilgan joyi Toshkentda deyilib, yoshi o‘n bir yilga kichraytiriladi). Yosh G‘ulom eski maktabda o‘qib yurgan kezlarida, taxminan, asrimizning boshlarida, ularning oilasi Toshkentning Beshyog‘och dahasiga qarashli Chaqar mahallasiga ko‘chib keladi va shu yerdan hovli-joy sotib olib yashay boshlashadi”.
To‘qsoninchi yillarning boshlarida, Toshkent televideniesining istagi bilan G‘ulom Zafariyga bag‘ishlangan teleko‘rsatuvni tashkil etganimda, adibning qizi Siddiqa G‘ulomova kaminaga ham “Otaginam” xotiranomasining bir nusxasini bergan edi. Afsuski, uch sahifadan iborat bu xotiranomada adibning 1888 yili Qo‘qon shahrida tug‘ilganligi haqida biror ma’lumot yo‘q. Ammo, akademik Mamajon Rahmonov “Ma’rifat qurboni” deb nomlangan suhbatida “Teatr” jurnalining 2000 yil 3 sonida bosilgan Siddiqa G‘ulomovaning 1963 yilda unga “otasi haqidagi qimmatli ma’lumotlar”ni berganini aytib, bunday degan: “G‘ulom Zafariy 1889 yilda Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Asrimiz boshida uning oilasi Toshkentning Chaqar mahallasiga ko‘chib keladi. Bo‘lg‘usi ijodkor avval eski maktabni, so‘ngra rus-tuzem maktabini bitiradi”.
Siddiqa G‘ulomovaning kaminaga bergan xotiranomasiga qaraganda, bo‘lajak adibning otasi usta Muzaffar “ochiq chehrali”, “juda-juda qiziqchi va mehribon otalardan bo‘lgan”. U mahalla bolalarini ko‘rganida, “ularga qand-qurs ulashar”, so‘ngra: “Gijbadado‘ng-gijbadado‘ng, Puli borning gapi o‘ng, Puli yo‘qning gapi to‘ng”, degan so‘zlarni ashula qilib aytar va ularni o‘yin tushishga chorlar ekan. Onasi Fayziniso otin esa “aqlli, ilmli, hojatbaror, hamma qo‘ni-qo‘shnilarga va mahallaga mehribon, tadbirkor”, “chevar, chevarlik orqasida puldor ona”lardan bo‘lgan ekan. “Mahallada to‘y bo‘lsa, – deb yozgan Siddiqa opa, – maslahatgo‘y, qolaversa, puldan yordamda bo‘lib, <to‘y-hashamlarda> bosh-qosh bo‘lib, doim hurmatda bo‘lganlar. Hozir ham <uni> hurmat bilan tilga olurlar”.
Adabiyotshunos Berdiali Imomov adib haqidagi maqolasida Siddiqa G‘ulomovadan olgan ma’lumotlarga asoslangan holda, adibning ota-onasi va bolalik yillari haqida quyidagi fikrlarni keltiradi: “Usta Muzaffar oiladagi yakka-yagona farzandi G‘ulomning har tomonlama barkamol shaxs, bilimli inson bo‘lib yetishishi ustida qayg‘uradi. Shu maqsadda, otasi uni Toshkentdagi rus-tuzem maktablaridan birida o‘qitadi. G‘ulomning san’atga mehri ortishida uning o‘qimishli, chevar onasi Fayziniso da’vatlari, kechalari eski kitoblardan, dostonu qissalardan o‘qib, ertaklar aytib berishlari beiz o‘tmadi va yosh farzandi qalbida san’atga juda erta mehr uyg‘otdi.
O‘z kasb-korlari orqasida yaxshigina turmush kechirgan bu oila yolg‘iz farzandining xohishiga qarab, sobiq Eshonguzar (Toshkentdagi Samarqand darvoza ko‘chasiga tutash Kattabog‘) mahallasidan mevalarga boy, ko‘rkam hovli-bog‘ sotib olishadi va shu yerda istiqomat qilishadi.
O‘qishni bitirgach, G‘ulom Zafariy Kushobda o‘qituvchilik qila boshlaydi...”
Afsuski, Berdali Imomovning bu ma’lumoti bir oz umumiy va an’anaviy so‘zlardan iborat. Maqola muallifi adib oilasining Toshkentga ko‘chib kelish sabablarini, bizningcha, noto‘g‘ri izohlagan. Negaki, “o‘z kasb-korlari orqasida yaxshigina turmush kechirgan” oila hech qachon murg‘ak farzandining xohishiga qarab, boshqa shaharga, begona kishilar orasiga ko‘chib bormaydi. Usta Muzaffarning oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelishining boshqa bir sababi bo‘lishi mumkin.
Bizga shu narsa ayonki, bo‘lajak dramaturg, dastlab, eski maktabni, so‘ngra rus-tuzem maktabini bitirganidan so‘ng, Toshkentdagi Xo‘ja Ahmad madrasasida tahsil olgan. 1912 yili u, noma’lum sabablarga ko‘ra, O‘sh shahriga borib, yangi usul maktabida o‘qituvchilik qilgan. 1913 yili esa yana Toshkentga qaytgan. Bu, jadidchilik harakati avj olgan yillar edi. Toshkentlik ma’rifat shaydolari, endi, nafaqat, Turkiya, Misr, Hindiston, Qrim va Tataristonda, balki o‘zbek diyorida nashr etilayotgan gazeta va jurnallarni ham o‘qib, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni, maorif va madaniyat sohasidagi yangiliklarni zo‘r e’tibor bilan kuzatayotgan edilar. Shu yilning so‘ngi kunlarida Toshkent va Samarqandda teatr truppalari tashkil etilganligi va bu truppalarning ilk sahna asarlarini xalqqa ko‘rsatish uchun taraddud ko‘rayotganlari haqidagi xabarlar ularni, shubhasiz, loqayd qoldirmagan. G‘ulom Zafariy ham 1913 yil oxirlarida Avloniy tomonidan tashkil etilgan “Turon” teatr truppasiga a’zo bo‘lib kirgan.
1911-1912 yillarda Turkistonga Ilyosbek Ashkazorskiy, G.Qoriev, Qosim Shomil va Komil Mutiy rahbarligidagi tatar, 1911-1917 yillarda esa Ahmadbek Kamarlinskiy, Ahmadxon Xontalshinskiy, Yu.Narimanov va Sidqiy Ruhullo rahbarligidagi ozarbayjon teatr truppalari kelib, o‘z spektallarini namoyish etishgan. Taxmin qilish mumkinki, G‘ulom Zafariy ham shu truppalarning Toshkentda namoyish etgan spektakllaridan xabardor bo‘lgan. Va, shu hol tufayli, unda teatr san’atiga qiziqish tuyg‘usi uyg‘ongan, desak, xato bo‘lmaydi. “Turon” truppasining 1914 yilga oid 22 kishidan iborat ro‘yxatida G‘ulom Zafariy nomining faxriy o‘rinlardan birini egallab turgani tasodifiy emas.
G‘ulom Zafariy shu yillarda teatr san’atiga ixlos qo‘yish bilan birga, bir nechta g‘azallar ham yozgan. Uning shunday g‘azallaridan biri 1914 yili “Oyna” jurnalining 40 (iyul) sonida ”E ilm!” sarlavhasi ostida e’lon qilinadi. Oradan yetti oy o‘tgach, shu jurnalning 1915 yil 9 (fevral) sonida “Holimiz” nomli g‘azali chop etiladi.
1916 yili Sidqiy Ruhullo rahbarligidagi ozarbayjon teatr truppasining Turkistonga ikkinchi marta kelishi o‘lkaning madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Sidqiy Ruhullo shu safari chog‘ida “Layli va Majnun”, “Asli va Karam”, “Arshin mol olon”, “U o‘lmasin, bu o‘lsin” kabi opera va musiqali spektakllarini namoyish etibgina qolmay, “Turon” truppasi ishtirokida “Layli va Majnun” operasini ham sahnaga qo‘yadi. Bu, Toshkent shahrida namoyish etilgan birinchi musulmon operasi edi. Agar shu tarixiy voqea 1916 yil 12 noyabr kuni ro‘y bergan bo‘lsa, o‘sha yilning 30 dekabrida “Turon” truppasi artistlari Sidqiy Ruhullo rahbarligida “Layli va Majnun” operasini o‘zbek tilida namoyish etadilar. Shu spektakldagi epizodik rollarning ijrochilar orasida Mannon Uyg‘ur, G‘ulom Zafariy va Xurshid ham bo‘lishgan.
Shunday qilib, shu yillarda, birinchidan, “Turon” truppasi misolida o‘zbek teatr san’ati tug‘ilgan bo‘lsa, ikkinchidan, shu truppa bag‘ridan Mannon Uyg‘ur, G‘ulom Zafariy, Sulaymon Xo‘jaev, Xurshid singari teatr san’ati darg‘alari yetishib chiqqanlar.
1917 yil Fevral inqilobidan keyin, toshkentlik va vodiylik erksevar kuchlar Qo‘qon shahrida O‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyiga to‘planib, Turkiston Muxtoriyat hukumatining tuzilganini e’lon qildilar. Bu, o‘zbek jadid ma’rifatparvarlari orzu va armonlarining tantanasi edi. Shu quvonchli voqea munosabati bilan Munavvar qori Abdurashidxonov, Sa’dulla Tursunxo‘jaev, Afandizoda, Salimxon Tillaxonov, Norbo‘tabekov va boshqa “Milliy ittihod” tashkiloti a’zolari “Turon” teatri binosida maxsus yig‘ilish o‘tkazib, Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida Muxtoriyat foydasiga tushuntirish ishlarini olib borishga qaror qildilar. Yig‘ilish tashkilotchilari orasida G‘ulom Zafariy ham bo‘lib, u M.Uyg‘ur, B.Qoriev, Ye.Bobojonov va A.Hidoyatov bilan birga “Milliy ittihod” tashkiloti rahbariyatining qarorlarini amalga oshirishda, xususan, bolsheviklar tomonidan qamoqqa olingan kishilarni ozod qilishda faol ishtirok etadi. Bu fakt G‘ulom Zafariyning shu yillarda erk va hurriyat yo‘lida kurashgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon singari ijodkorlar bilan bir safda bo‘lganidan shahodat beradi.
G‘ulom Zafariy 1918-1921 yillarda bolalar uchun “Sharifjon”, “Tilak”, “Rahmdil shogird”, “To‘sqinlik”, “Bahor”, “Gunafsha”, “Er va xotun” singari bir pardali musiqali pesalar yozadi. 1919 yil 20 mayda “Namuna” maktabi havaskorlari “Turon” teatrida uning “Yomon shogird”, 13 iyunda “Turon” qoshidagi to‘garak ishtirokchilari “Kolizey” binosida “To‘sqinlik”, 16 avgustda “Rohat bog‘cha” sahnasida “Bahor” musiqali dramalarini namoyish etadilar. Bu bir pardali muzikali sahna asarlarining tomoshabinlarga manzur bo‘lganini ko‘rgan “Turon” va “O‘lka musulmon siyosiy truppasi” G‘.Zafariyning “Tilak”, “Yomon o‘g‘il” va “Rahmdil shogird” asarlarini 1919 yilning iyun-oktyabr oylarida uch pardali spektakl shaklida tomoshabinlar e’tiboriga havola etadi. Hali bolalar uchun maxsus adabiyot maydonga kelmagan bir vaqtda, G‘ulom Zafariy bu asarlari bilan o‘zbek bolalar dramaturgiyasini boshlab berdi.
Manbalarda qayd etilishicha, tilga olingan pesalarning yaratilishi va sahnalashtirilishida Cho‘lpon, Fitrat, Mannon Uyg‘ur, Qori Yoqubov singari ijodkor va san’atkorlar muallifga yaqindan yordam berishgan.
1919 yilning ikkinchi yarmida Maorif xalq komissarligi o‘zbek xalq etnografiyasi, teatri, musiqasi, og‘zaki ijodi namunalarini to‘plash va o‘rganish maqsadida Ilmiy bo‘limni tashkil etgan, shu bo‘lim o‘z navbatida Musiqiy-etnografik bilim hay’ati, O‘zbek bilim hay’ati, Teatr-etnografik bilim hay’ati va Etnografik bilim hay’ati singari sho‘‘balarga bo‘lingan edi. Mazkur sho‘‘balardan biri – Teatr-etnografik bilim hay’atiga G‘ulom Zafariy rais etib tayinlanadi va hay’at o‘zbek folklorining turli janrlariga oid qiziqarli materiallarni to‘plashga muvaffaq bo‘ladi. Uning shaxsan o‘zi 1921-1922 yillarda Farg‘ona vodiysiga, Elbek esa Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga borib, ikki yuzga yaqin qo‘shiq, yuzga yaqin lapar, ikki mingdan ortiq maqol va matallar (variantlari bilan), yuzdan ortiq topishmoq, bir necha o‘nlab ertaklar, xalq dramasi namunalari, bolalar o‘yinlari, urug‘lar haqidagi rivoyatlar va boshqalarni to‘plab, yozib kelishadi. G‘ulom Zafariy o‘zi to‘plagan materiallar asosida “Chig‘atoy-o‘zbek xalq teatrusi” (“Bilim o‘chog‘i” jurnali, 1923 yil, 2-3 qo‘shma son) maqolasini va “El ashulalari” (Elbek bilan hamkorlikda, 1925 yil) to‘plamini e’lon qiladi.
“To‘plamdagi xalq og‘zaki ijodi namunalari orasida, – deb yozadi filologiya fanlari nomzodi Olim Usmonov, – yurt tarixida ro‘y bergan biror jiddiy voqeaga bag‘ishlangan tarixiy qo‘shiqlar ham bor. Masalan, “Saydahmad” qo‘shig‘i Marg‘ilonda yaratilgan bo‘lib, 1916 yildagi xalqni larzaga solgan, ba’zi joylarda isyonlarga sabab bo‘lgan mardikor olish voqeasiga bag‘ishlangan. Bu qo‘shiq xalqning mahalliy ma’murlarga va oq poshshoga nisbatan qahr-g‘azabini yorqin ifoda etadi.
To‘plamdan “Begijon”, “Ajab yorlarim”, “Andijon boray, dedim”, “Oh, mening shohim”, “G‘ayra-g‘ayra”, “Yoring bo‘lsa”, “O‘rtoq”, “Omon yor”, “Ufor”, “Gulyor”, “Do‘st-do‘st”, “Al omon”, “Alla-alla, yor, alla”, “Qashqarcha”, “Chiroylik”, “Xon o‘yini”, “Qani-qani”, “Gul o‘yin”, “Qizil bola”, “Chamanda gul”, “Bodom qovoq”, “Olmacha-anoringga balli”, “Hoy, bola-bola”, “Hoy, mening yorimsan”, “Yalla”, “Yor” va boshqa ko‘plab ishqiy-lirik qo‘shiqlar o‘rin olgan...
Xalq qo‘shiqlarini o‘rganish G‘ulom Zafariy ijodiga katta ta’sir ko‘rsatdi va uning asarlarining xalq orasida mashhur bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Uning ko‘pgina doston va dramalariga xalq qo‘shiqlaridan namunalar kiritilgan”.
G‘ulom Zafariy shu yillarda mamlakatimizning turli viloyatlariga qilgan ilmiy ekspeditsiyasi natijasida, xalq badiiy xotirasidan o‘chib ketishi mumkin bo‘lgan ko‘plab qo‘shiqlarni yozib olib, o‘zbek folklori asarlarini to‘plash va o‘rganish ishiga muhim hissa qo‘shdi. Ayni paytda, boshqa viloyatlardagi xalq qo‘shiqlarining musiqiy xususiyatlari va o‘ziga xosligini o‘rganib, o‘z asarlarining badiiy-musiqiy jihatdan yanada jozibador bo‘lishiga intildi. Uning, masalan, “Halima” musiqali dramasini tinmay qayta ishlab, mukammallashtirib borishining sabablaridan biri ham adib badiiy olamining yildan-yilga boyib, nurlanib borayotganida edi.
Turkiston Muxtoriyati va Buxoro amirligi tugatilganidan so‘ng, boshqa sobiq “ittihodchilar” qatori bolsheviklar partiyasiga o‘tgan G‘ulom Zafariy “firqaviy faoliyatsizlik”da ayblanib, firqa a’zolari safidan chiqariladi. Shundan keyin u 1923 yili Termiz shahriga borib, 1927 yilga qadar musiqa bilim yurtida mudir bo‘lib xizmat qiladi. San’atkorning o‘zbek musiqa san’atiga doir bilimi g‘oyat boy va chuqur bo‘lganligi tufayli uning bilim xazinasidan nafaqat talabalar, balki Sharq musiqasi bilan shug‘ullangan rus musiqashunoslari ham bahramand bo‘ladilar. Atoqli musiqashunos va kompozitor V.A.Uspenskiy moskvalik kasbdoshi V.M. Belyaevga 1927 yil 18 iyunda yo‘llagan xatida, chunonchi, bunday so‘zlarni yozgan edi: “Samarqandda G‘ulom Zafariy bilan uchrashdim – senga uning manzilgohini yuborayapman – Samarqand – Kitob palatasi – unga. Senga u bilan aloqa bog‘lashni juda ham maslahat beraman, u musiqa bo‘yicha ko‘p narsani biladi, eng muhimi, musiqa to‘g‘risida so‘z borgan eng nodir kitoblarni titib tashlagan. Unga sen haqingda gapirib berganman, u sening topshirig‘ing bilan ingliz gazetasiga Samarqanddagi musiqa va teatr hayoti to‘g‘risida <maqola> yozib berishi mumkin”. Shu muallifning 1933 yil 25 iyunda yozgan xatidagi quyidagi satrlar ham G‘ulom Zafariyning noyob musiqashunos olim bo‘lganidan dalolat beradi. “O‘zbek shoiri G‘ulom Zafariy, – deb yozadi u V.M. Belyaevga, – menga quyidagilarni aytdi. Dugoh ertalab soat 10 ga qadar, Bayot soat 10 bilan 12 orasida, Chorgoh kunduz soat 1 bilan 6 orasida, Segoh oqshomda, Shahnoz kechasi, Nasrulloi esa kech soat 12 dan ertalab soat 6 ga qadar ijro etiladi...”
O‘zbek mumtoz musiqasini mukammal bilgan G‘ulom Zafariyning 1928 yili Samarqandda yangi ochilgan O‘zbekiston musiqasi ilmiy-tekshirish institutiga o‘quv bo‘limi mudiri sifatida taklif etilgani tasodifiy emas. U mazkur ilm dargohida Fitrat, N.N.Mironov, V.A.Uspenskiy singari o‘zbek mumtoz va zamonaviy musiqasini puxta bilgan allomalar bilan birga ishlaydi.
* * *
Bahs bevosita “Halima” asarining yaratilish tarixi va tahliliga yaqinlashar ekan, zamondoshlarning xotiralari asosida G‘ulom Zafariyni qurshagan adabiy-madaniy muhit to‘g‘risida ham to‘xtab o‘tish joiz. Negaki, radio va televidenie singari samarador ommaviy axborot vositalari bo‘lmagan davrda, ziyolilar o‘zlariga maslakdosh kishilar bilan yaqinlashib, to‘garak, gurung, “gap”ga o‘xshagan “majolis un-nafois”larni tashkil etganlar. Shu norasmiy adabiy-madaniy “uyushmalar”da mumtoz shoirlarning asarlarini o‘qib, tahlil qilganlar, adabiyot va san’at haqidagi yangiliklar bilan tanishganlar, xonanda va sozandalar ijrosidagi mumtoz kuy va qo‘shiqlardan bahra olganlar. Badiiy ziyolilar o‘rtasida bunday ijodiy hamkorlik turlarining maydonga kelishi ular ijodining shakllanishida muhim omil bo‘lgan.
G‘ulom Zafariy atrofida ham shunday adabiy-madaniy muhit bo‘lgan.
Atoqli navoiyshunos olim Hamid Sulaymonning xotiralaridan ma’lum bo‘lishicha, uning otasi – taniqli kinoartist, kinorejissyor va kinodramaturg Sulaymon Xo‘jaev G‘ulom Zafariy va birinchi o‘zbek romani muallifi Abdulla Qodiriy bilan bir madrasada tahsil olishgan. “Otamning madrasadagi hamhujra do‘stlaridan eng yaqinlari, – deb yozgan edi olim, – sevikli adibimiz Abdulla Qodiriy – Julqunboy va dramaturg G‘ulom Zafariylar edi. Abdulla Qodiriyning tug‘ilib o‘sgan uyi Kamolonning g‘arbidagi qo‘shni Eshonguzar mahallasi bo‘lgan. Bizning hovli bilan Abdulla akaning hovlisi orasi yarim kilometrcha bo‘lib, shu oraliqda G‘ulom Zafariy hovlisi va kichik, g‘oyatda shinam bog‘i joylashgan edi. Abdulla Qodiriy va G‘ulom Zafariylar bilan dadam bolalik chog‘idan birga o‘sib katta bo‘lgan. Ularning bir-biri bilan abadiy va sodiq do‘stligi, shubhasiz, ularning dunyoqarashi, qalbi, zavqi va didlarining bir-biriga yaqin va monandligi bilan izohlanadi...”
“Bizning bog‘imiz, – deb yozadi Siddiqa G‘ulomova o‘z xotiranomasida, – Toshkent Beshyog‘och daha Eshonguzar mahalla (hozirgi Kattabog‘ mahalla)da joylashgan bo‘lib, bog‘imiz go‘zal gullar bilan to‘la edi. Eshikdan kiraverishda hovuz, atrofida majnuntol, hovuzning to‘rt tomonida xitoyi gullar bo‘lib, o‘rtada shohsupa bor edi. Shohsupa atrofiga gilam to‘shalgan edi. Hech kim bo‘lmasa, ko‘rpacha taxlab qo‘yilar, tez-tez yoki istagan vaqtlarida Mannon Uyg‘ur, Abror aka, Obid Jalilov, Karim qiziq, Sayfi qori akalar kelib, otam bo‘lmasa ham, supadagi ko‘rpachalarni solishib: “Hoy, Siddiqa qizim, choy keltir”, – deyishar edi... Otam ogoh bo‘lsalar kerak, bir ozdan keyin Shorahim hofiz, Shojalil, Soat dutorchilarni boshlab kelar edi. Men otamning iltimosiga ko‘ra, Abdulla Qodiriy, Nizom qori aka, yana mahallamizdagi bir necha suhbatkashlarni chorlar edim. Shunday davralarda Saidazim aka ham ishtirok etguvchi edi. Ajoyib shirali ovozi bo‘lib, tug‘ma ashulachi edi. Juda jozibali ashulalar aytib, ularni xushnud qilguvchi edi. Bunday tashriflar biznikida ko‘p bo‘lguvchi edi...”
Siddiqa G‘ulomovaning shu so‘zlaridan keyin bir oz betartib yozilgan xotiranomaning boshlariga nazar tashlasak:
“<Otam> 1916 yillardan boshlab, 1922 yilgacha “Halima” muzikali dramasini asosan yozib tugat<gan edilar. Yodimda bor> yozning oxiri – kuzning boshlari edi. Bog‘imizdagi gulzor o‘rtasidagi katta supa ustida Uyg‘ur akam, Abror Hidoyatov, Yetim Bobojon, Karim qiziq Yoqubov va Sayfi qori akalar kelishib, kechasi katta chiroq atrofida “Halima” pesasini o‘qigan edilar. Ko‘p olqishdan so‘ng otam yozgan “Halima” o‘qilib, tamom bo‘ldi. Chiroq atrofida davra bo‘lib o‘tirib olqishlaganlari hali-hali yodimda...”
Hamid Sulaymon va Siddiqa G‘ulomovaning bu xotiralariga tayangan holda aytish mumkinki, G‘ulom Zafariyning Eshonguzar mahallasidagi bog‘ida toshkentlik adabiyot va san’at namoyandalari tez-tez uchrashib turishgan, bir-birlarining yangi yozgan asarlarini tinglab, muhokama qilishgan. “Halima” asarining ham spektakldan-spektaklga, yildan-yilga sayqallanib borishida mazkur davraning roli oz bo‘lmagan.
* * *
Respublika hukumati shu yillarda teatrning xalq ongini shakllantirish, ma’naviy va madaniy saviyasini oshirishdagi roli va ahamiyati g‘oyat katta ekanligini inobatga olib, 1932 yilda Respublika drama komitetini tashkil etadi. “Halima” asari mamlakatimiz sahnalarida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilayotgan paytda, G‘ulom Zafariy mazkur komitetga ishga taklif etiladi. Ammo u yangi muassasada uzoq ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmadi. 1932 yil yozida adib aksilinqilobiy, zararkunandalik faoliyatini olib borganlikda ayblanib, 3 yilga Janubiy Sibirga surgun qilinadi. G‘ulom Zafariy surgundalik paytida ham asarlari, do‘stlari tufayli, namoyish etilishda davom etadi. Cho‘lpon muallifga tegishli qalam haqining bir qismini unga yuborib, ikkinchi qismini oilasiga yetkazib turadi. G‘ulom Zafariy surgundalik paytida moddiy qo‘llab-quvvatlanib turganligi tufayli, badarg‘alik yillarini nisbatan yengil o‘tkazib, 1935 yilda yurtiga katta umid va orzular bilan qaytadi. U adabiyot va san’atdagi o‘rnini tiklab olish uchun, Cho‘lponning maslahati bilan, paxta haqida doston va opera asarini yozishga kirishadi. Ammo zamonaviy mavzuda ijod qilish tajribasi bo‘lmagan adibning bu asarlari ko‘ngildagidek chiqmaydi. Ishsiz qolgan adib sabzavot do‘konida sotuvchilik qilib, oilasini boqishga majbur bo‘ladi. U qisman sotuvchilikdan olgan moyanasi, qisman “Halima” namoyishidan tushgan qalam haqi evaziga tirikchilik o‘tkazib, “Paxtaxon”, “Yangi odamlar”, “Sayil va to‘y” “operetta”larini yozadi. Bu asarlardan faqat “Sayil va to‘y”gina Komil Yashin tahririda va uning hammuallifligida sahna yuzini ko‘radi va 1937 yil mayida Moskvada o‘tkazilgan o‘zbek san’ati o‘n kunligida “Kolxozda sayil” nomi bilan namoyish qilinadi.
1937 yil 29 oktyabrda G‘ulom Zafariy NKVD xodimlari tomonidan ikkinchi marta qamoqqa olinib, oradan ikki oy o‘tgach, 28 dekabrda, sho‘ro davlatining ashaddiy dushmanlaridan biri sifatida otib tashlanadi.
* * *
G‘ulom Zafariyning bizga qadar yetib kelgan dastlabki asarlari 1914-1915 yillarga oid. Shu hol adib ijodi o‘tgan asrning o‘ninchi yillari o‘rtalarida boshlangan, deyishimiz uchun to‘la asos beradi. Uning 1914 yili “Oyna” jurnalida chop etilgan “Ey ilm”, “Sadoi Farg‘ona” gazetasida e’lon qilingan “Jaholatdamiz” she’rlarida jadidona g‘oyalar o‘z ifodasini topgan va bu asarlar muallifning shu yillarda Toshkent jadidlari muhitida yashagani va ular bilan hamnafas ijod qila boshlaganidan darak beradi.
Bu she’rlar yozilgan 1914 yil o‘zbek madaniyati tarixiga birinchi o‘zbek dramasi yaratilgan va namoyish etilgan yil sifatida kiradi. Drama janri xalq og‘zaki ijodida mavjud bo‘lganiga qaramay, shu vaqtga qadar yozma adabiyotimizga kirib kelmagan edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy qalamiga mansub “Padarkush” asarining shu yili Toshkent va boshqa shaharlarda namoyish etilishi o‘zbek xalqining madaniy hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘ldi. Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy va boshqa yozuvchilar “Padarkush” ta’sirida ilk sahna asarlarini yozib, o‘zbek yozma dramaturgiyasini boshlab berdilar. Mahmudxo‘ja Behbudiy dramasi ta’sirida dramaturgiyaga shiddat bilan kirib kelgan yozuvchilar orasida G‘ulom Zafariy ham bor edi. Agar 1915 yilda Abdulla Qodiriy “Padarkush” ta’sirida “Baxtsiz kuyov” dramasini yozgan bo‘lsa, G‘ulom Zafariy shu yili yozgan ilk sahna asarini “Baxtsiz shogird” deb atagan. Bu asar o‘z vaqtida sahna yuzini ko‘rmaganligi va nashr etilmaganligi sababli, bizgacha yetib kelmagan. Binobarin, uning syujet chizig‘i bizga aniq emas. Lekin asar sarlavhasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, “Baxtsiz shogird” ham muallifning bolalar uchun yozilgan va havaskorlik sahnalarida o‘ynalgan asarlari sirasiga kiradi. Bu hol G‘ulom Zafariyning ijod olamidagi ilk qadamidan boshlab bolalar hayotiga murojaat etganligi va o‘z oldiga bolalar tarbiyasiga xizmat qiluvchi sahna asarlarini yozish vazifasini qo‘yganiligidan shahodat beradi. Agar XX asr boshlarida G‘ulom Zafariyga qadar va undan keyin bolalar dramaturgiyasi bilan boshqa biror ijodkorning maxsus shug‘ullanmaganligini e’tiborga olsak, uning tom ma’noda o‘zbek bolalar dramaturgiyasining asoschisi ekanligi ayon bo‘ladi. Agar dramaturg “Bahor”, “Gunafsha” singari bir pardali pesalarida tabiat va bolalar mavzusi orqali ular ruhiy olamiga nazar tashlagan bo‘lsa, “Quyon”, “Rahmdil shogird”, “Tilak”, “Tuyg‘unoy”, “Tatimboy ota” singari kichik sahna asarlarida o‘z oldiga bolalarni mehr-shafqatli, halol, vijdonli, kattalarga hurmat, mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalash vazifasini qo‘ygan va voqelikdagi shu badiiy vazifaga xizmat qiluvchi qahramonlarni tanlagan. Bu asarlarning ahamiyatli tomonlaridan biri ham shunda: muallif tasvirga tortilgan voqea va qahramonlarni real kundalik hayotdan olgan va shu hol bu asarlarning yosh tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olinishi hamda ular tarbiyasiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘lgan.
Shu yillarda aksar iste’dodli yoshlarda teatr san’atiga qiziqish va muhabbatning uyg‘onishi, ularning o‘z taqdirlarini bir umrga teatr san’ati bilan bog‘lashlari G‘ulom Zafariyning “Erk bolalari” va “Halima” musiqiy dramalari ta’sirida amalga oshgan.
Yosh dramaturgning bolalar hayotidan olingan sahna asarlari o‘ndan ziyod bo‘lgani va u shu asarlari bilan o‘zbek bolalar dramaturgiyasiga asos solganiga qaramay, uning o‘zbek dramaturgiyasi va teatri tarixidagi katta xizmati, avvalo, “Halima” dramasi bilan belgilanadi. Ushbu dramaning dastlabki nusxasi 1919 yilda maydonga kelgan. Lekin muallif spektaklni sahnalashtiruvchi rejissyor Mannon Uyg‘ur va teatrning ijodiy jamoasi bilan hamkorlikda asar ustida ishlashda davom etgan. Va, nihoyat, o‘zbek muzikali drama teatrining afsonavor spektakllaridan biri – “Halima” 1920 yil 14 sentyabrda Eski shahardagi “Rohat bog‘cha” sahnasida tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Tomoshabinlar “Halima”ning birinchi nusxasiniyoq qizg‘in kutib olganlar. Shunga qaramay, muallif asarga sayqal berishda, asar to‘qimasiga yangi personajlarni olib kirish, qahramonlar obrazini mukammallashtirish, spektaklni yangi va katta emotsional ta’sir kuchiga ega bo‘lgan ariya va duetlar bilan boyitishda davom etadi. Muallif va teatrning “Halima” ustida uzoq yillar davomida tinmay ishlashlari natijasida asarning bir necha nusxalari paydo bo‘lgan. Shu nusxalarning ayrimlarida asarda tasvir etilgan voqeaning 1915-1920 yillardagi xalq turmushidan, ayrimlarida esa 1916-1922 yillardagi hayotdan olinganligi aytiladi. Muallifning shu izohoti tufayli ayrim teatrshunoslar “Halima”ni real hayotiy voqea asosida yozilgan asar, deb hisoblaydilar. Ammo gap shundaki, mazkur asar zaminida yotgan voqea nafaqat 1915-1920 yillarda, balki undan oldin ham, keyin ham, hatto nafaqat O‘zbekiston, balki Osiyo va Yevropa qit’alaridagi barcha shaharlarda ham ro‘y bergan bo‘lishi mumkin.
Agar jahon dramaturgiyasi va teatri tarixiga nazar tashlasak, Ne’mat bilan Halima o‘rtasidagi muhabbat tarixi juda ko‘p asarlarda turli variatsiyalarda takrorlanganiligiga ishonch hosil qilamiz. Ammo dramaturg va teatrning katta yutug‘i shunda bo‘ldiki, ular Ne’mat bilan Halimaning fojiali muhabbati tarixini real makon va real zamonda sodir bo‘lgan voqea sifatida talqin etdilar. 1917 yil arafasidagi va undan keyingi o‘zbek jamiyatida boylar bilan kambag‘allar o‘rtasidagi tavofut sezilarli tus olganligi tufayli, Ne’mat bilan Halima muhabbatining fojiali yechimi shu davrning bosh konflikti bilan ulanib-tutashib ketdi. Aslida, Hamzaning “Boy ila xizmatchi” dramasida ham, Oybekning “Qutlug‘ qon” romanida ham, o‘zbek adabiyotining yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarda yaratilgan boshqa aksar asarlari zamirida ham shu konflikt yotadi. Ammo buni sho‘ro davri mafkurasining ta’siri, deb baholash to‘g‘ri emas. Zero, Abbat Prevoning “Manon Lesko” romani, Shekspirning “Romeo va Juletta” tragediyasi, Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni, hatto “Tohir va Zuhra” xalq ertagi zamirida ham shu konflikt yotadi. Buning sababi shundaki, uchinchi shaxs aralashgan, oshiq va ma’shuqaning o‘zaro munosabatlariga rahna solgan va ular muhabbatini olovlantirib yuborgan muhabbatgina chin va buyuk muhabbat darajasiga ko‘tariladi. Shunday muhabbatgina adabiyot va san’at asarlariga mavzu bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Zafariy hayotning ana shu qonunini yaxshi bilganligi tufayli, katta yoshdagi tomoshabinlar uchun yozgan ilk sahna asariga fojiali muhabbatni mavzu qilib olgan. Dramaturg Halima va Ne’matning bir-biriga bo‘lgan muhabbati Farhod va Shirinlar, Layli va Majnunlar, Tohir va Zuhralar muhabbatidek kitobiy, zamonaviy tomoshabindan uzoq qahramonlar bo‘lib qolmasligi uchun ularni o‘z davrining tarixiy sharoiti fonida tasvirlaydi. Shu maqsadda, asarga o‘tgan asrning 10-yillari oxiri – 20-yillarining boshlaridagi hayotiy masalalar va tafsillarni olib kiradi. Natijada 20-yillarda yashagan tomoshabinlar Halima va Ne’mat obrazlarini o‘zlarining dugona-o‘rtoqlari, mahalladoshlari yoki, nari borsa, hamshaharlari o‘laroq idrok qildilar. Ayrimlari esa ular taqdiri ko‘zgusida o‘z fojialarini ko‘rdilar. Ne’mat va Halima dramaturg va teatrning hamkorlikdagi samarali ijodiy mehnati tufayli tomoshabinlar qalbidan real adabiy qahramonlar sifatida chuqur joy oldi.
“Ishtirokiyun” gazetasining 1920 yil sentyabr oyidagi sonlaridan birida asarning sahnalashtirilgani to‘g‘risida quyidagi e’lon berilgan: “Eski shahar “Rohat bog‘cha”sinda 1920 yil 14 sentyabrda, seshanba kuni, o‘zbek sho‘ro artistlari tomonidan besh pardali “Halima” otli opera o‘ynaladi. Yozuvchisi: G‘ulom Zafariy. Bu asar yerli turmushdan olib yozilgan fojiadir. Havolari o‘zbekcha bo‘lg‘oni bilan birga muzika (cholg‘u)da o‘zbek cholg‘ularidir. O‘yin boshlanur soat 7 yarimda...”
Asarning dastlabki nusxasi garchand besh pardadan iborat bo‘lsa-da, hajm nuqtai nazaridan ham, personajlar sonining ozligi jihatidan ham keyingi nusxalaridan keskin farq qilgan. Shunga qaramay, asarning ilk nusxalari asosida yaratilgan spektakllar ham tomoshabinlar o‘rtasida zo‘r muvaffaqiyat qozongan.
Asar tahliliga yondashishdan avval shuni yodga tushirish joizki, “Halima”dan avval o‘zbek teatri tarixida ko‘p pardali musiqali drama asari bo‘lmagan va namoyish etilmagan. Shuning uchun ham san’atshunoslik fanlari doktori Toshpo‘lat Tursunovning quyidagi fikrini keltirish ayni muddaodir:
“Halima” asari, – deb yozgan edi taniqli teatrshunos olim, – avvalo, eng muhim jumboq – muzikali drama o‘zbek teatri uchun qonuniy holmi, bordi-yu javob ijobiy bo‘lsa, uning yaratilish yo‘llari qanday bo‘ladi, degan savolga javob beradi. Zotan, “Halima” qo‘yilishi bilan jamoatchilik, mutaxassislar va matbuot birinchi navbatda shu masalaga javob istardi. Binobarin, spektaklga birinchi yozilgan taqrizning Abdurauf Fitrat tomonidan quyidagicha boshlanishi bejiz emas. “Adabiyot va sahnachilarimiz uchun bu kecha bir sinoat kechasi edi. O‘z kuylarimiz, o‘z cholg‘ularimiz bilan opera qo‘yila olurmi? O‘zbek cholg‘usi bilan o‘zbek kuyi opera kechalarinda istadigimiz ta’sirni bera olurmi, degan so‘roqlarga biz shu “Halima” tomoshasini ko‘rgandan keyin javob bera olur edik.
Bu savol, avvalo, G‘ulom Zafariyni ko‘pdan beri o‘ylatar va unga ijodkor javob axtarar, izlanardi. Uning to‘rt-besh yildan beri tajriba ma’nosida yozayotgan bir pardali muzikali dramalari shu izlanishlarning samarasi edi. Ko‘rinadiki, bu muhim muammoni “Halima” muzikali dramasi hal etdi".
Toshpo‘lat Tursunov bu so‘zlaridan so‘ng, o‘zbek muzikali dramasining asoschisi kim ekanligi masalasida bahslar bo‘lgani va G‘ulom Zafariyning bu boradagi xizmatlari ayrim teatrshunoslar tomonidan kamsitilayotgani haqida so‘zlab, bunday davom etgan: “... “Halima”ning muzikali drama ekaniga mensimayroq qarash hollari hali ham bor. Bunday qarash keyinchalik paydo bo‘lgan xulosa. Chunonchi, “Halima” – maxsus yozilgan muzikaning emas, balki xalq muzika merosining hisobiga vujudga kelgan asar. Lekin o‘sha davrda bundan boshqa yo‘lning o‘zi yo‘q edi va o‘zbek muzikali drama janri yigirmanchi, hatto o‘ttizinchi yillari ham shu yo‘ldan bordi. Bu, masalaning bir tomoni. Ikkinchisi – “Halima” o‘sha yo‘l bilan bo‘lsa ham, tugal muzikali drama asari edi. Muhimi shu. G‘ulom Zafariy pesa muzikasini bilimdonlik, did bilan tabdil yo‘lida shakllantirdi. G‘ulom Zafariy o‘zbek mumtoz qo‘shiq merosining kuchli tomoni – undagi teran muhokama va emotsional kayfiyatni vujudga keltiruvchi dramatizm, tug‘yon, teatr elementlarini birinchi bo‘lib sezdi va muzikali drama janriga olib kirdi”.
Bu so‘zlar ko‘proq asarning musiqiy talqiniga oid esa-da, muzikali drama, avvalo, badiiy adabiyot janri bo‘lganligi uchun dramaturg “Halima”ni yozishdan avval ozarbayjon teatrining “Layli va Majnun” va boshqa muzikali drama janridagi spektakllari tajribasini qunt bilan o‘rganib, shu janrning o‘ziga xos tomonlari haqida puxta bilimga ega bo‘lganligini alohida qayd etish zarur. Biz asarning qo‘limizdagi besh yoki olti nusxasini o‘zaro qiyoslar ekanmiz, muzikali drama janri haqida aniq tasavvurga ega bo‘lgan G‘ulom Zafariyning qahramonlar obrazini yaratishda nafaqat drama janri, balki muzika san’atining ham boy imkoniyatlarini -ariya, duet, monolog, rechitativ singari komponentlarni o‘rinli istifoda etganligini ko‘ramiz. Dramaturg qahramonlarning monologik va dialogik nutqlarinigina emas, balki ariya va duetlar matnini ham o‘zbekona ifodalar va poetik obrazlar bilan muzayyan etgan.
Asar markazida oshiq va ma’shuqa – Halima va Ne’mat obrazlari turadi. Ularning ikkalasi ham bir mahalladan. Ammo Halimaning otasi mahallaning obro‘li boylaridan biri bo‘lsa, Ne’matning otasi – oddiy yamoqchi. Oshiq va ma’shuqalar qaerda va qaysi zamonda yashagan bo‘lmasinlar, shu ijtimoiy farq asrlar davomida ular baxtiga rahna solib kelgan. Ne’mat, xuddi Qays (Majnun) singari Halimani butun qalbi va vujudi bilan sevadi. Halimaning mehr va muhabbati ham faqat Ne’matga atalgan. Lekin Ortiqboyning sovchilari Halimaning uyiga kirib kelishi bilan oshiq va ma’shuqaning oshiga zahar sochiladi. Muslimboy xotini Rokiya va o‘g‘li Zokirning qarshilik ko‘rsatganlariga qaramay, qizini keksa Ortiqboyga berish niyatidan aslo qaytmaydi.
Vaziyatning kutilmaganda keskin tus olishi qahramonlarni dovdiratib qo‘yadi. Ota-ona izmiga mutelik ruhida tarbiyalangan qahramonlar faol harakat qilishga ojizlik qiladilar. Halima Ne’mat bilan qochishga tayyor ekanligini bildirsa ham, na uning o‘zi va na Ne’mat bunday qat’iy harakatga qodir emaslar. Shuning uchun ham Halima bilan Ne’matning samimiy muhabbatidan xabardor bo‘lgan Zokir singlisini himoya qilib, ota ra’yiga qarshi isyon ko‘taradi.
Asarda, boshqa qahramonlar qatori, Zokirning ham kim va qanday inson ekanligi haqida biror shama yo‘q. Lekin taxmin qilish mumkinki, u savdogarning farzandi bo‘lganligi uchun yangi usul maktablarining birida xat-savod chiqargan, gazeta o‘qiydigan, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar haqida ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega bo‘lgan yigit. U dunyoning o‘zgarib borayotganligidan yaxshi xabardor. U endi Odam Atodan qolgan aqidalar bilan yashash mumkin emasligini yaxshi biladi. Yosh, go‘zal va shirin orzular og‘ushida yashayotgan Halimaning Ne’matni seva turib, keksa Ortiqboyga turmushga chiqishi aslo mumkin emas. Bu, o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizning hazon bo‘lishi bilan baravar. Shuning uchun ham Zokir otasining ahdiga qarshi chiqadi. U va uning do‘stlari ilg‘or qarashlari va oqilona xatti-harakatlari bilan jadidlarni eslatadilar. Ha, u jadid. Shu vajdan u chirkin urf-odatlarga ham, shu urf-odatlar to‘ridan chiqa olmagan otasiga ham qarshi. Rokiya – Halimaning onasi ham u bilan hamfikr. Shuning uchun ham u o‘g‘lining yoniga kirib, eriga yolboradi:
“Rokiya – Jon otasi, ...ko‘ra-bila turib, ko‘zimizni oqu qarosi, birgina qizimizni o‘tga tashlamaylik. O‘ylab ish qilaylik.
Muslimboy – Men “xo‘p”, deb javob berib yubordim. Endi so‘zimdan qaytsam, el-yurt ichida burdim ketadi, obro‘yim tushadi... Shunisi ham borki, Ortiqboy bizga qaraganda badavlatroq, mol-dunyosi, merosi deganday... Har qalay, oqmasa ham tomadi-ku”.
Rokiya bilan Zokir ham, Muslimboy ham Halimaning Ortiqboyga turmushga berilishi masalasida ertani o‘ylaydilar. Ammo Rokiya bilan Zokir Halimaning baxtli ertangi kuni haqida o‘ylasa, Muslimboy o‘z savdo ishlarining Ortiqboy tufayli gurillab ketishiga umidvor. U shu umidining ro‘yobga chiqishi uchun popukdek qizini keksa boyga in’om qilishga ham tayyor. Tomoshabin vujudga kelgan dramatik vaziyatning yechimida Muslimboyning manmanligi va xudbinligi tufayli nafaqat Ne’matning, balki o‘z qizi Halimaning umri ham xazon bo‘lganini ko‘radi. Dramaturg va teatr asar asosida yotgan voqea tasviri orqali muhabbat insoniyat ruhiy olamining oftobi, uni so‘ndirish oshiq va ma’shuqalarni o‘ldirish, bir oilaning osuda hayotini barbod qilib tashlash bilan baravar, degan g‘oyani ilgari suradi. Ana shu umuminsoniy g‘oya o‘z muhabbatiga sodiq qolgan Halima va Ne’mat obrazlarini ichdan nurlantirib, ularni Farhod va Shirinlar, Layli va Majnunlar, Tohir va Zuhralar yashayotgan arshi a’loga yaqinlashtirgandek bo‘ladi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Ne’matning ham, Halimaning ham xatti-harakatlarida faollik yetishmaydi. Bu faolsizlik ularning oila va jamiyat hayotida tutgan o‘rinlari bilan izohlanadi. Lekin bu oshiq va ma’shuqalarning qalblariga quloq tutsak, ularning yuksak ruhiy olamidagi, ular qalbidagi insoniy his-tuyg‘u va intilishlardagi musaffolik, porloqlik, samimiylik bizni maftun etadi.
“Iroq” kuyiga moslab yozilgan Ne’mat ariyasining quyidagi dastlabki satrlariga e’tibor bering:
Kel, ey tongni shamoli, uyqudagi dildorimni uyg‘ot,
Ko‘ngil torini chertar sahar sitorimni uyg‘ot.
Yurak dardini izhor aylayin men u vafodora,
Ko‘ngilni o‘zga band etgan vafoli yorimni uyg‘ot.
Tarab sochin, sochib atrin dimog‘imga, muattar qil,
O‘shal noz uyquda yotgan ko‘zi xumorimni uyg‘ot...
Bu satrlarda Ne’mat qalbidagi otashin muhabbat olovlari balqib turadi. Uning o‘z sevgilisini goh vafodor, goh bevafo (“ko‘ngilni o‘zga band etgan”) deb atashida ham katta ziddiyat yo‘q: sir emas, oshiq va ma’shuqalarning muhabbati osmonida o‘qtin-o‘qtin shubha va gumon bulutlari paydo bo‘lib turadi. Ne’mat, Majnun yanglig‘, o‘z muhabbatiga sodiq. U hatto zamona zo‘ravonlari tomonidan qamoqqa tashlanib, rosa kaltaklanganida ham o‘z sevgisidan voz kechmaydi. Ne’matni qamoqxonadan yarim o‘lik, yarim tirik holda olib kelganlarida ham uning tilidan “Halima” kalimasi tushmaydi, uning xayolidan sevimli yor surati nari ketmaydi. Halimaning o‘zi ham shunday mustahkam muhabbat zanjirlari bilan bog‘langan. U ota ra’yiga qarshi kurasha olmay, Ortiqboy xonadoniga kelin bo‘lib tushganida ham, Ne’matga bevafolik qilishdan ko‘ra, o‘limni afzal bilib, o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldiradi. U o‘zining shu xatti-harakati bilan Shirinni eslatadi, Julettani eslatadi.
Halima sharq qizi sifatida o‘z muhabbatini afisha qilmaydi. U hatto Ne’matning ko‘ksiga boshini qo‘yib, usiz yashay olmasligini aytishga jur’at etmaydi. Ne’matning uni bevafolikda ayblashining sababi ham shunda. Uning qalbida kechgan ishqiy kechinmalar Ne’mat chekkan iztiroblardan kam va yengil emas. Agar Ne’mat o‘z sevgisini baland tog‘ ustiga chiqib ham oshkor qilishga shay bo‘lsa, Halima sharq qizi sifatida bunday “imkoniyat”dan mahrum. Shuning uchun kuchli ruhiy kechinmalar uning qalbini sadpora qilib tashlaydi.
Halima
Qanchalar zor yig‘lasam, holimni bilmas hech kim,
Rahm etib ko‘zimdagi yoshimni sezmas hech kim.
Ko‘ksimi ming pora qilsam, ko‘zga ilmas hech kim,
Yo‘lda yotsam yastanib, menga egilmas hech kim.
Bilmadim, bu dardimi kimlarga izhor aylasam,
G‘am-alamlar ichra qoldim, bilmam, endi naylasam?..
Halima muhabbat dardida shunday ruhiy azoblarni boshidan kechiradi.
Shu o‘rinda, lirik chekinish sifatida shuni aytishni xohlardikki, mazkur spektaklda Halima rolini ijro etgan aktrisalardan biri uzluksiz shu ruhiy holatni boshdan kechirishi natijasida, ruhiy kasallikka chalinib qolgan. Bu fakt, bir tomondan, Halima obrazi zimmasiga tushgan ruhiy-ma’naviy yukning nechog‘liq cho‘ng va katta bo‘lganidan darak bersa, ikkinchi tomondan, “Halima” spektaklining uzoq yillar davomida tomoshabinlar ongi, ruhi va hayotiga behad darajada katta ta’sir ko‘rsatganidan dalolat beradi.
Insoniyat go‘zallik va muhabbatning sehrkor kuchini his eta boshlagan paytlardan boshlab, hayotda ham, adabiyotda ham “ishqiy uchlik” (“lyubovn?y treugolnik”) tushunchasi paydo bo‘lgan. Ayniqsa, feodal tuzum sharoitida Halima va Ne’mat singari yoshlar muhabbati uchinchi, qudratli shaxsning o‘rtaga tushganligi tufayli fojia bilan yakun topgan. Bunday fojiali voqealar, yuqorida aytib o‘tilganidek, “Halima” spektakli yaratilgunga qadar ham, teatr sahnasida anshlag bilan namoyish etilgan yillarda ham ro‘y berib turgan. Ammo “Halima” sahna yuzini ko‘rgan yillarda tarixiy sharoit o‘zgargan, badavlat kishilarning Halima va Ne’matlar baxtiga rahna solishi qiyinlasha boshlagan, jamiyatda oshiq va ma’shuqalar baxtini himoya qilish imkoniyati paydo bo‘lgan edi. Spektakl shunday ijtimoiy-tarixiy sharoitda yosh yigit va qizlarning muhabbat va nikohga bo‘lgan munosabatlarini keskin o‘zgartirib yubordi. Ular yangi ijtimoiy-tarixiy sharoitda o‘z sevgilari uchun, insoniy haq-huquqlari uchun kurashishlari mumkin va lozimligini, muhabbatli nikohning baxt va saodat, muhabbatsiz nikohning esa kulfat va uqubat ekanligini chuqur tushuna boshladilar. Shu ma’noda, “Halima” spektakli o‘tgan asrning 20-yillaridagi jamiyatning nafaqat madaniy, hatto ijtimoiy va ma’naviy hayotida muhim rol o‘ynadi.
Biz “Dafnis va Xloya”da ham, “Farhod va Shirin”da ham, “Romeo va Juletta”da ham oshiq va ma’shuqalar manfaatini himoya qiluvchi kishilarni ko‘rmaganmiz. Ammo “Halima”da mahallaning ilg‘or kishilari Muslimboyning huzuriga kirib, uni tartibga chaqirmoqchi, uning mol-davlat deb qizining baxtiga zomin bo‘layotganini tushuntirmoqchi, zamonning o‘zgarganini aytmoqchi bo‘ladilar. Dramaturg va teatr Zokirning bu do‘stlari zimmasiga katta yuk qo‘ymaganiga qaramay, jamiyatda ma’rifatli va mas’uliyat hissi bilan yashovchi kishilar paydo bo‘lgan, Zokir va uning do‘stlari shunday kishilarining jonli timsollari edilar.
* * *
O‘tgan asrning yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarida tanilgan tanqidchilardan biri – Sotti Husayn ushbu asarni jadid adabiyotining so‘nggi namunalaridan biri sifatida to‘g‘ri ilg‘agan. Lekin, u asarda eski turmush milliy burjuaziya nuqtai nazaridangina tanqid qilinganini aytib, bunday yozgan edi: “Halima”da biz eski, chirik turmushga, fikr nafratini(ng) muzikali, ta’sirli berilganini ko‘ramiz. ”Halima”dagi eski turmushni(ng) ko‘rsatilishi proletariat nuqtai nazarida(n) emas, burjuaziya nuqtai nazarida(n)dir. Chunki asar faqat eski hayotni(ng) kerakligidan boshqa narsa(ni) anglatmaydi. Proletariat hokimiyati vaqtida yozilgan drama bo‘lsa-da, proletariat inqilobining eski turmush bilan nuqtai nazarlari sezilmaydi. Asar qaysi davrni o‘z ichiga olgan bo‘lmasin, o‘sha davr hukumat idoralarining ishtiroki lozim. Ammo buni yozuvchi ko‘rsatmaydi”.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, asarning turli yillarda qayta tahrir qilingan va to‘ldirilgan nusxalarida voqea 1908-1910, 1915-1920, 1916-1922 yillarda ro‘y berganligi aytiladi. Asarning biror epizodida voqeaning sho‘rolar davrida kechayotganiga shama yo‘q. Hatto shunday shama bo‘lganida ham, dramaturgdan asarga sho‘ro davlati vakillari obrazlarini olib kirishni talab etish kulgilidir. Asarda milliy burjuaziya nuqtai nazari ifodalanganligi to‘g‘risidagi so‘zlar ham nodonlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, vulgar sotsiologik tanqidchilikning shunday talablari bilan o‘zbek dramaturgiyasi tarixining keyingi davrlarida sahna asarlariga turli darajadagi partiya va davlat rahbarlari, aksar hollarda esa bu rahbarlar o‘rniga rus kishilarining najotkor sifatidagi obrazlari kirib keldi va ularsiz hatto biror maishiy muammo ham hal bo‘lmaydigan bo‘ldi. Ammo bu noxush jarayon Sotti Husayn singari tanqidchilarning chiqishlari tufayli emas, balki eng yuqori va nufuzli tashkilotlarning qarorlaridan so‘ng boshlandi.
O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillar avvalida, xususan, G‘ulom Zafariyning qamoqqa olinib Janubiy Sibirga surgun qilinishi munosabati bilan matbuotda “Halima” spektaklini sahnadan olib tashlash lozimligi haqida maqolalar chiqa boshladi. Akmal Ikromov bunday chiqishlarga javoban O‘zKP(b) Markaziy Komitetining 1932 yil 13 iyulda bo‘lib o‘tgan V plenumida bunday degan edi: “Halima”, “Farhod va Shirin” kabi asarlarni sahnalashtirish mumkin emasligi haqidagi gaplarni tez-tez eshitish mumkin. Bunday gaplarni qat’iy qoralash lozim. “Halima”ning o‘rniga boshqa <bundan ko‘ra barkamol> asarni yaratmay turib, uni sahnadan olib tashlash mumkin emas. Shuni ochiq aytish zarurki, “Halima” o‘zbek teatri taraqqiyotida ijobiy rol o‘ynadi”.
Shubhasiz, birinchi o‘zbek muzikali dramasi dramaturgiya nuqtai nazaridan ham, rejissura va stsenografiya nuqtai nazaridan ham, ijrochilar mahorati nuqtai nazaridan ham qator kamchiliklardan xoli bo‘lmagan. Lekin har bir asarga o‘z davrining adabiy-estetik talablaridan kelib chiqqan holda yondashish lozim. Agar shunday me’yor va mezonlar asosida yondashsak, “Halima” qachon va qaerda sahnalashtirilgan bo‘lmasin, tomoshabinlarga katta estetik ta’sir ko‘rsatgan va 30-yillarning o‘rtalariga qadar muzikali drama janrining eng yaxshi namunasi hisoblangan. Sahnada Halima obrazini yaratgan san’atkorlar mazkur rol ustida ishlash jarayonida taqdiri Halimaga o‘xshagan tanish-bilishlari, hatto yaqin kishilarini ko‘z oldilariga keltirib, rolning yanada yorqin, hayotiy va ta’sirchan talqin etilishiga muvaffaq bo‘lganlar. Shu hol ham spektaklning tomoshabin qalbida katta aks-sado berishida muhim omil bo‘lgan.
* * *
G‘ulom Zafariy, boshqa qalamkash birodarlari singari, serqirra iste’dod egasi bo‘lgan. U 20-yillarning o‘rtalarida yana she’riyatga qaytib, bolalar uchun bir necha dostonlar yozdi. “Vannaycha”, “Cho‘pon Temir” (1924) va “Yoshlar endi berilmas” (1926) dostonlari o‘sha davrning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, ularni bolalar adabiyoti tarixida qolgan badiiy yuksak asarlar sifatida baholash qiyin. Shu dostonlardan biri xotin-qizlar ozodligi uchun kurash kampaniyasi qurbonlaridan biriga bag‘ishlangan. O‘zbek teatrining dastlabki yulduzlaridan biri – Vannaychaning fojiali o‘limi G‘ulom Zafariyni loqayd qoldirmadi. U, Cho‘lpon singari, o‘zi yaxshi bilgan otashqalb ayolning o‘limidan qattiq ta’sirlanib, uning nomini o‘z dostoni bilan abadiylashtirishga urindi. Dostonda Vannaychani sevgan yigitning rashk orqasida o‘ldirishini, qotilning shu dahshatli daqiqalardagi ruhiy azoblarini, umuman, yaxshi tasvirlagan. Ammo 20-yillarda dunyo yuzini ko‘rgan boshqa o‘nlab dostonlar kabi bu asarning badiiy qimmatini ham bugungi kunning “gaz”i bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
G‘ulom Zafariyning “Cho‘pon Temir” dostonida “Tohir va Zuhra” singari xalq ertaklariga xos motiv jaranglab turadi. Farzand boshini silamay o‘tayotgan boylardan biri kambag‘al oilaning Temir ismli farzandini o‘g‘il qilib oladi. Bu hodisadan mamnun bo‘lgan alloh boyga rahm-shafqat qilib, o‘g‘il beradi. Temir bilan Gulasal bir oilada o‘sar ekanlar, ular qalbida muhabbat tuyg‘ulari g‘unchalab qoladi. Bundan xabar topgan boy kambag‘al Temirga qizini berishni or bilib, uni o‘z bag‘ridan quvib haydaydi. Temir olis tog‘lar bag‘rida yashab, cho‘ponlik qiladi. Ammo Temir qalbini bir umrga zabt etgan muhabbat uning tili va dilidan qo‘shiqlar bo‘lib otilib chiqadi. Sevimli yor dardi bilan tovlangan qo‘shiqlar Bobur shohning qulog‘iga yetib boradi. U qizning otasini chaqirtirib, koyiydi va Temir bilan Gulasal sharafiga to‘yu tomosha tashkil etib, ularning baxtli muhabbat og‘ushida yashashlariga sababchi bo‘ladi. Taxmin qilish mumkinki, G‘ulom Zafariyning bu dostoni uning mamlakatimiz viloyatlariga qilgan ilmiy ekspeditsiyalari chog‘ida topilgan xalq ertagi asosida yaratilgan. G‘ulom Zafariy ijodining tadqiqotchilaridan biri Olim Usmonov to‘g‘ri kuzatganidek, shoir bu dostonda sho‘ro davri o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib adolatli va olijanob podsho obrazini yaratgan. Uning bu obrazni yaratishida Bobur siymosidan fodalanganligi alohida e’tiborga molik.
Dostonda tasvirlangan voqea kitobxonlarga manzur bo‘lganligi tufayli G‘ulom Zafariy mazkur asar motivlari asosida “Chin Temir botir” operasini yozgan, ammo bu “opera” ham sahna yuzini ko‘rmagan.
Shoirning “Yoshlar endi berilmas” deb nomlangan dostoni yer-suv islohoti mavzuiga bag‘ishlangan.
Respublika matbuotida e’lon qilingan bu dostonlaridan tashqari, G‘ulom Zafariyning “Gulyor”, shuningdek, “Ketmon chopdi”, “Qora kunlar”, “Yetishdilar murodga”, “Yangi ro‘zg‘or erlari” dostonlarini ham yozganligi ma’lum. Bu asarlarning aksari muallif qamoqqa olingan vaqtda olib ketilib, yo‘q qilib yuborilgan. G‘ulom Zafariyning yana bir liro-epik asari “Uchqun” (Buxoro) jurnalida nashr etilgan. “Gulyor” deb nomlangan bu dostonda 20-yillar uchun xarakterli mavzu – sevimli yoriga turmushga chiqayotgan qizning mahalliy Otellolar tomonidan o‘ldirilishi mavzuida yozilgan.
Yuqorida tilga olingan asarlarning asosan xotin-qizlar mavzuiga bag‘ishlanganligi G‘ulom Zafariyning o‘z davrining ijtimoiy va ma’naviy muammolari bilan yashaganidan shahodat beradi. Cho‘lpon, Fitrat, Hamza singari shoirlar qatori, u ham jamiyat e’tiborini xotin-qizlar masalasiga qaratib, ularning tarixiy taqdirida o‘zgarish qilmasdan turib, ilg‘or va insonparvar jamiyatni barpo etish mumkin emas, deb hisoblagan.
Muzika va teatr san’atining bilimdonlaridan biri G‘ulom Zafariy “Sharq kuylari va cholg‘ular” (1922), “Chig‘atoy-o‘zbek xalq teatrusi” (1923), “O‘zbek teatru tarixi” (1924), “O‘zbek muzikasi to‘g‘risida” (1929), “Muzika muammosi” (1930) singari maqolalar ham yozib, 20-yillardagi madaniy jarayonda faol ishtirok etgan. Afsuski, u 1932 yilda hibsga olinib, uch yillik surgun muddatini o‘tab kelganidan so‘ng, badiiy ijod maydonlariga yaqinlashtirilmadi. Uning zamonaviy dolzarb mavzularda asarlar yozib, teatr sahnalarini qayta egallash haqidagi orzu va umidlari ro‘yobga chiqmadi. Sabzavot savdosi bilan turmush tebratishga majbur bo‘lgan shoir va dramaturg 1937 yil qilich ko‘tarib kelganda, boshqa qalamkash birodarlari qatori qamoqqa olinib, otib tashlandi. Ammo uning – birinchi o‘zbek muzikali dramasini yaratgan va musiqiy san’atimizning shu sohasiga asos solgan ijodkorning nomi yigirmanchi asr adabiyoti tarixida abadulabad qoladi.
Naim Karimov. G‘ulom Zafariy (2012)
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.