Ustoz Oybek xastalik yillarida Umar Hayyom an’analarini davom ettirib, ruboiy janrida ijod qilgan va shunday “jajji mo‘‘jiza”larining birida yosh avlodga qarata bunday degan edi:
Go‘zal xulq gavhardir, aslo bo‘lmas xor,Hayot ildizida undan bir nur bor.Haqiqat va axloq yaqin, tug‘ishgan,O‘g‘lim, o‘yla, umr o‘tmasin bekor.Nazarimda, Oybek yuksak ma’naviyat haqida aytmoqchi bo‘lgan barcha fikrlarini shu to‘rt ajoyib misra bag‘riga sig‘dirgan edi.
Yuksak ma’naviyat… O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan beri hurmatli Yurtboshimizning butun fikri-zikri yuksak ma’naviyatli navqiron avlodlarni shakllantirishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari ulug‘ ajdodlarimizning sho‘ro davrida unutilgan nomlari va meroslarini e’zozlashga qaratilgan ishlarga rahbarlik qiladimi, shaharlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, muhtasham saroylar, xiyobonlar, litsey va kollejlarning barpo etilishida jonbozlik ko‘rsatadimi, bularning hammasi zamirida faqat bir maqsad — buyuk ajdodlarimizning vatanparvarlik, xalqparvarlik, fidoyilik an’analarini munosib davom ettiruvchi yangi, yuksak ma’naviyatli avlodlarni tarbiyalab, voyaga yetkazish maqsadi yotadi. Yurtboshimizning milliy adabiyotimizni rivojlantirish bo‘yicha yozuvchilar, adabiy jamoatchilik oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalarida ham shu g‘oya nurlanib turibdi.
Muallim, yozuvchi va olim qavmiga mansub kishilar xalqning ardog‘ida, hurmat va izzati og‘ushida yashab kelishgan. Ular o‘z faoliyatlari bilangina emas, muomala, kiyinish va yurish-turish madaniyati bilan ham boshqalarga ibrat namunasi bo‘lishgan. Ota-onalar farzandlarining qarindosh-urug‘lari yoki mahalladoshlari orasidagi shunday kishilarga o‘xshab o‘qimishli bo‘lib ulg‘ayishni orzu qilishgan. Yosh avlod vakillari shu tarzda ma’rifatli va madaniyatli bo‘lib kamolga yetganlar. Ammo shu muhim omil bilan birga yuksak ma’naviyat maktabining boshqa qudratli quroli ham bo‘lgan. Bu — kitob, adabiy asarlardir.
Tuni bo‘yi mijja qoqmay “O‘tgan kunlar” romanini o‘qib chiqqan kitobxon mutolaa jarayonida Otabek yoki Kumushga xos sharqona buyuk ta’lim va tarbiyaning ko‘rinmas nurlarini simirgan. “Navoiy” romanini o‘qib chiqqan kitobxon esa, mutolaa jarayonida buyuk shoirning insonparvarlik, adolatparvarlik, ma’rifatparvarlik yog‘dulari balqib turgan siymosini o‘z qalbiga ko‘chirgan. Shoir va yozuvchilar shu kitobxon xalqqa munosib asarlar yozish va ular muhabbatini qozonish borasida o‘zaro musobaqalashib ijod qilganlar. Ana shu tarzda yuksak adabiyot yuksak ma’naviyatni shakllantiruvchi maktab bo‘lib keldi.
“Biz shoir deganda Alisher Navoiydek benazir zotlarni, yozuvchi deganda Abdulla Qodiriy, Oybekdek o‘z xalqi uchun nafaqat noyob iste’dodi, ayni paytda, butun hayotini bag‘ishlagan buyuk va mo‘‘tabar insonlarni tasavvur etamiz”. Kamina Yurtboshimizning ulug‘ ijodkorlarga nisbatan mehr porlab turgan shu so‘zlarini o‘qib, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu so‘zlar tagida teran ma’no va ulkan orzu yotibdi. Hamma shoir ham Alisher Navoiy bo‘la olmaganidek, hamma yozuvchi ham Abdulla Qodiriy va Oybek bo‘la olmaydi. Buning uchun ijodkorda iste’doddan tashqari, buyuk va mo‘‘tabar insonlarga xos fazilatlar ham mavjud bo‘lishi lozim.
Kamina yaqin tarixning mudhish “sir”laridan bir oz xabardor kishi sifatida shuni bilamanki, ayrim zamondoshlarimiz qiynoqlarga bardosh berolmay, o‘zlarining ham, yor-do‘stlarining ham allaqanday aksilinqilobiy tashkilotga a’zo bo‘lganliklari haqidagi so‘roqnomalarga imzo chekkanlari holda Abdulla Qodiriy biror qalamkash birodariga nisbatan ham, o‘ziga nisbatan ham bichib to‘qilgan tuhmatlarni mardona turib rad etgan! Bu insoniy jasoratning doyasi, shubhasiz, ulug‘ adibdagi yuksak ma’naviyatdir.
37-yilning “qil ko‘prigi”dan arang omon o‘tgan Oybek 50-yillarda mashhur akademik yozuvchi, laureat, deputat bo‘lishiga qaramay, temir iskanja ostiga olinganida, bedavo xastalikka yo‘liqib, tildan qolgan. Shunga qaramay, hayotining so‘nggi 16 — 17 yilida qahramonlarcha ijod qilib, yuzlab she’rlar, “Guli va Navoiy”, “Davrim jarohati” singari go‘zal dostonlar, qissa va romanlar yaratdi. U “xastaman”, deb dori ichib yotishi mumkin edi. Lekin adib o‘tagan yuksak ma’naviyat maktabi unga yashash va ijod qilish uchun katta kuch-quvvat bag‘ishladi.
Fitrat 1922 yili Germaniyaga o‘qishga ketayotgan shogirdlarini Samarqandga olib borib, Go‘ri Amirda o‘zbek xalqining hur va ozod kelajagi yo‘lida kurashuvchi kishilar bo‘lib kelishlari uchun qasamyod qildirdi. 1937 yil arafasida Fitratni professor lavozimida doimiy ishlash uchun Qohira universitetiga taklif qilishganida u bilimini, adabiy iste’dodini o‘zbek xalqiga bag‘ishlashini aytib, 37-yil arafasida turgan vatanini tark etmadi. Bu ham yuksak ma’naviyat namunasi.
Mashhur yozuvchilarimiz shu tarzda hatto o‘zlarining fojiali hayotlari bilan ham yosh avlodga yuksak ma’naviyatning jonli timsollari bo‘lib qoldilar.
Shunday ekan, nafaqat olis ajdodlarimiz, balki ular haqida ham tarixiy-biografik qissa va romanlar, kino va sahna asarlarini yaratish Yurtboshimiz tomonidan qalam ahli oldiga qo‘yilgan vazifalar sirasiga kiradi. Abdulla Qodiriy yoki Oybekdek butun hayotini xalqi uchun bag‘ishlagan buyuk va mo‘‘tabar insonlar haqidagi asarlarning o‘zi ham navqiron avlodlarning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Qolaversa, ular “jamiyatning oldingi saflarida yuradigan, hayotni kuzatib, odamlarning yuragida, dunyoqarashida bo‘layotgan o‘zgarishlarni hammadan avval sezib, ularni ta’sirchan obrazlar, yorqin badiiy bo‘yoqlar orqali mahorat bilan yoritib bera oladigan” hozirgi shoir va yozuvchilar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilsalar, ayni muddao bo‘lurdi.
Xalqning, jumladan, navqiron avlodning shakllanishida ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, televidenie, kino va teatr muhim rol o‘ynaydi. Tomga qo‘ndirilgan temir likoplar orqali “ommaviy madaniyat”ning eng tuban namunalarini — zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni, axloqiy buzuqlikni, pulga bo‘lgan hirsni targ‘ib qilgan kinofilmlarni ko‘rgan tomoshabinning milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishi mahol. Bu jamiyatimizda sodir bo‘layotgan ayrim noxush voqealardan yaqqol ko‘rinib turibdi. Bunday “asarlar”ni “ommaviy madaniyat” “meva”lari sifatida taqdim qiluvchilar narkotrassa “qahramonlari”dan zarracha ham farq qilmasa kerak.
Yoshlar ma’naviy olamini yot ta’sirlardan muhofaza etishning birdan-bir yo‘li hayot haqiqati yorqin badiiy bo‘yoqlar orqali mahorat bilan tasvirlangan, Muqanna, Torobiy, Shiroq, To‘maris singari el-yurt uchun kuyinib yashagan fidoyi insonlar obrazi yaratilgan asarlarni yozish va bu asarlarni, XXI asr reklama san’ati erishgan yutuqlardan to‘la foydalangan holda el-yurt o‘rtasida keng targ‘ib qilishdir.
Adabiyot — qariyb barcha san’at turlarining onasi. Agar shoir va yozuvchilarimiz o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifalarga javoban yuksak badiiy asarlarni yarata olsalar, bu hol, o‘z navbatida, teatr va kino san’atlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘ylaymizki, Yurtboshimizning o‘zbek adabiyotining hozirgi ahvoli va taqdiri haqida astoydil qayg‘urib, qimmatli fikrlarni bildirish bilan birga muhim amaliy chora va tadbirlarni amalga oshirishga rahnamolik qilishi ham, shak-shubhasiz, o‘z samaralarini beradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 30-sonidan olindi.