OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Najmiddin Komilov. Qalbi gavharday pokiza edi... (2002)

1971 yilning yanvari edi. Men Toshkent davlat dorilfununi (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetidagi Tarjima nazariyasi va nashriyot ishlari kafedrasiga endi ishga qabul qilingandim. Kafedra mudiri marhum ustozimiz G‘aybulla Salomov bilan bir xonada o‘tirardik. Mening andak hayron bo‘lib turganimni ko‘rgan domla dedilar: 
-Kafedra, mulla Najmiddin, hozircha uch kishidan iborat: men, kamina - mudir, siz - o‘qituvchi, Tilakjon - laborant.
-Qani o‘sha laborantingiz, axir, u domlalardan oldin kelib o‘tirmaydimi, xonani saranjomlab, u yoq-bu yog‘iga qaramaydimi? Domla indamadilar. Keyin menga qarab:
-Ana shu laborant Tilakni topib kelasiz, sizga birinchi topshiriq shu.
-Qaerdan topaman uni? - deb so‘radim.
-Falon yotoqxonaga borasiz, Tilak Jo‘ra qaerda turadi, desangiz, ko‘rsatishadi.
Kamina domla aytgan talabalar yotoqxonasiga bordim va duch kelgan talabadan surishtirdim.
-Ha, shoirmi, yuring ko‘rsataman, - dedi va yotoqxonaning ikkinchi qavatidagi eng oxirgi ko‘rimsiz bir eshikni borib taqillatdi. Ichkaridan «Kim u?» degan ovoz keldi. «Eshikni oching, sizni ziyorat qilgani kelishibdi», dedi talaba.
Shunda eshik ochilib, jilmayib turgan bir navqiron yigit ko‘rindi. Men o‘zimni tanishtirdim. U «ichkari»ga taklif qildi. «Ichkari» so‘zini tirnoqqa olganimga sabab shuki, bu rosmana odam yashaydigan xona emas, balki yotoqxonaning u - bu narsa saqlaydigan joyi edi. Xona tor bo‘lib, Tilakning o‘zi, bir temir krovat va bir tumbochka zo‘rg‘a sig‘ardi. Men bir amallab temir krovatga cho‘kdim. Xona papiros tutuni hidi bilan to‘lgan edi.
Bildimki, Tilakjon endigina qishloqdan kelib, jurnalistika fakultetida sirtdan o‘qir va kun o‘tkazish uchun laborant bo‘lib ishlar ekan. Bu muloyim yigit ilm olish ilinjida, she’r ilinjida musofirlikning og‘ir mashaqqatlarini bo‘yniga olgan. Ko‘z oldimga onam so‘zlab bergan qalandar darveshlar keldi. Sochlarining o‘sib ketgani, hech narsaga parvo qilmay, o‘z holiga sira achinmay ijod qilishi, shu burchak xonada shirin va bokira tuyg‘ular og‘ushiga g‘arq bo‘lib she’r yozishi mening bu yigitga qiziqishimni orttirdi, qalbimda bir iliqlik sezdim.
Axir, men o‘zim ham aspiranturaga o‘qishga kelib, bu azim Toshkentda qancha mashaqqat chekmadim. Kitoblarimni orqalab oilam bilan yetti joyga ko‘chganman. Menga tanish edi bu holat. Ammo, baribir, Tilakning holatiga achinganday bo‘ldim. Biroq sal o‘tmay biz buni unutdik, chunki Tilakjon yangi yozgan she’rlarini o‘qib bera boshladi. Tingladim. Boshqalarini o‘qishini so‘radim. U goh yoddan, goh qog‘ozga qarab she’r o‘qir, zavqlanib, o‘z she’rlarini tushuntirar, qanday yozilganligini so‘zlardi. Bir pastda tor va dimiqqan xona kengayib ketganday bo‘ldi, ko‘nglim yayradi.
Bu yigit shunchaki havaskor qalamkash emas, u she’riyatning shaydosi, iste’dodi yarq etib ko‘ringan shoir ekani she’rlarining har satridan bilinib turardi. Bug‘doyzor dalalar, dehqon terining sarxush qiluvchi hidini ifodalardi bu she’rlar. Birdan ustozning topshirig‘i esga tushib, ikkalamiz kafedraga yo‘l oldik.
Tarjima nazariyasi kafedrasining jurnalistika fakultetida tuzilganligi ko‘pchilikka erish tuyulardi, chunki odatan tarjimachilik filologiya sohasi hisoblangan. Ammo hayot shuni ko‘rsatdiki, ayni jurnalistlarga tarjimachilik ko‘proq kerak ekan. G‘aybulla Salomov yana bir bor haq bo‘lib chiqdi. Zero, tarjima - ijodiy ish, keng sohalarni qamrab oladi. Aynan tarjima nashriyot va redaktsiyalarda xodimlarning asosiy mashg‘uloti bo‘lib, tahrir masalasi ham, so‘z ustida ishlash mahorati ham, badiiy did ham shu orqali «pishar» va kamol topardi. Buning ustiga, aynan jurnalistika fakulteti ijodkor yoshlar tahsil oladigan joy edi.
Shu bois bo‘lsa kerak, tarjima nazariyasi kafedrasi o‘zi kichkina bo‘lsa ham, ammo talabalarning asosiy tahsil joyiga aylandi, yosh qalamkashlar, shoirlar bizning kafedra atrofiga uyushgan, ijodiy munozaralar tashkil qilinar, fikr qaynardi. Ana shu munozara - muhokamalar markazida Tilak Jo‘ra turardi. Yosh ijodkorlar «Tilak aka» deb uning etagini tutar, u esa qo‘lidan kelguncha ularga yordam berardi. Tilakjonni yaxshi ko‘rmaslik mumkin emasdi. Bu sodda, dehqoncha tabiatli, rostgo‘y va to‘g‘ri so‘zli odam boshqalardan ham shuni talab qilardi, qing‘ir va bema’ni ishlarni ko‘rsa, xafa bo‘lar, dili og‘rirdi. U o‘z fikrini majlisda bo‘lsin, suhbatlarda bo‘lsin, yashirmay, to‘ppa-to‘g‘ri bayon etar, dilida bori tiliga chiqib turardi.
Mening ko‘z oldimda Tilakjon o‘sib kamol topdi, ketma-ket uchta she’rlar to‘plami, saylanmasi chop etildi, dissertatsiya yozib fan nomzodi bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindi.
Katta-katta adiblar, tanqidchilar og‘ziga tushdi. Ammo Tilak kekkayib ketgani yo‘q. U o‘sha-o‘sha darvesh shoir, xoksor insonligicha qoldi, shoir Tilak Jo‘ra va o‘qituvchi Tilak Jo‘raev bir-birida ajralmas edi. Chunki uning ma’ruza va darslari ham she’riyat suhbatlari, go‘zal g‘oya, go‘zal so‘zning sehrini kashf etish edi. Shu bois talabalar uning darslarini intiqlik bilan kutardilar. Oddiy muloqotda andak duduqlanib, tez-tez gapiradigan Tilak ma’ruzada yayrab gapirar, ajabtovur bir yengillik bilan tinglovchilarga murakkab ilmiy muammolarni tushuntirib berardi. Adabiyotning nozik masalalarini nozik va juda teran anglar, o‘zi hali nomzodlik dissertatsiyasi yozmay, ko‘p tadqiqotchilarga mavzu topib berar, dissertatsiya va diplom ishlari muhokamasida ham original, toza fikrlar aytib, bizlarni hayron qoldirardi. Adabiyotshunoslik va tarjimashunoslikni u quruq masalalar yig‘indisi emas, balki jonli bir jarayon, estetik voqea deb qabul qilar va shunday o‘rgatishga moyil edi.
Tilakjon, shu tariqa, kafedraning asosiy fikr beruvchi kishilaridan biriga aylangan edi, uni bir kun ko‘rmasak sog‘inardik, u bo‘lmasa hamma go‘yo bir narsasini yo‘qotganday xomush o‘tirar, u kirib kelsa, xonaga nur kirganday, fayz kirganday bo‘lar, hazil-mutoyiba boshlanib ketardi. Yaxshi odamning farishtasi bor deb shuni aytsalar kerak. U haqiqatdan ham farishtali, Xudo yarlaqagan inson edi.
Men bu o‘rinda Tilak Jo‘ra bilan G‘aybulla Salomov orasidagi munosabatlarga to‘xtalmasam bo‘lmas. Bu ikkalasi ajralmas va qiyomatli do‘st edilar, yo‘q, ota-fazandday bir-birlariga yaqin edilar. G‘aybulla aka mehribon otaday Tilakning erkaliklarini ko‘tarar, unga iloji boricha og‘ir gapirmas, ammo juda ustakorlik bilan talab qo‘yib turardi. Tilakning o‘ksik qalbini (u katta shoir va olim bo‘lgandan keyin ham, baribir o‘ksik sezardi o‘zini) G‘aybulla aka juda yaxshi his qilardi. Tilakning do‘stlari ko‘p edi. Miraziz A’zam, Sa’dulla Ahmad, Otayor, Norto‘xta Qilich uning tez-tez ko‘rishib turadigan, «ijodiy davradoshlik» qiladigan, sog‘inib keladigan kishilari edi. Muxlislari ham talay edi. Ammo hech kim G‘aybulla Salomovday Tilak Jo‘raga ham ustozlik, ham sirdoshlik va ham madadkorlik qilmagan. Tilak Jo‘raning dissertatsiya yozishi o‘zi bir «doston». Buni ko‘pchilik biladi. U badiiy tafakkur odami sifatida ilmning injiqliklari, rasmiyatchiliklarini hazm qilolmasdi. Shu bois Nozim Hikmat haqida maqolalar yozgan, diqqatga loyiq yangi fikrlari bilan she’riy tarjima usullarini tadqiq etgani holda, qaysarlik bilan ishni dissertatsiya shakliga keltirishdan «bo‘yin tovlar», buning ustiga nomzodlik imtihonlari topshirish talablari va boz ustiga, oila tashvishi, iqtisodiy qiyinchiliklar birlashib, ko‘nglining armoni, yuragining dardi bo‘lgan she’r yozishga xalaqit berayotganidan ezilardi. Shunda u «isyon» qilib turar, gohida bir-ikki kun ishga kelmas, darslari qolib ketar (ba’zan boshqa domlalar yoki G‘aybulla akaning o‘zi o‘tardi darsini), ba’zan «bosh olib» vatani - Qorako‘lning Sayyod qishlog‘i, onasining huzuriga ketib qolardi.
G‘aybulla Salomov esa bularning barchasiga chidardi, kafedra ham chidardi. Tilak yana o‘zi paydo bo‘lib qolar, avvalgiday, berilib ishga sho‘ng‘ir edi. Bir marta «butunlay ketdim endi» deb ketib qolgan Buxoroga. Bu gal gap jiddiy tus oldi shekilli, bir oy chamasi qaytib kelmadi. Shunda G‘aybulla aka azza-baza poezdga chiqib, Tilakni «izlab» Qorako‘lga, Sayyodga borib, shoirni yana Toshkentga olib keldi. Bu voqealar zamirida boshqa bir muhim narsa bor edi, nazarimda. Ya’nikim, Tilak yigirma yilcha Toshkentda yashagan bo‘lsa ham, ammo shaharga ruhan «sig‘madi», ko‘nikolmadi. U qishloqning bepoyon dalalarni sog‘inardi, uning har bir she’ri bundan darak berib turardi. U dehqon bolasi, sodda, afandinamo, ammo qalbi gavharday pokiza shoir edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u rus shoiri Sergey Yeseninni juda sevar, Yesenin obrazlariga mahliyo edi. Yesenin portreti ish stoli ustida ro‘parasida turardi. Tilakning tabiati Yesenin tabiatiga o‘xshardi, ijodi ham ruhan yaqin edi.
Xullas, Tilak Jo‘ra nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi - olim bo‘ldi. Moskvadan Radiy Fish opponent bo‘lib keldi. Shu kuni shoir do‘stlari bilan bayram qildi - u nihoyatda xursand edi. Tilakdan ham ko‘ra G‘aybulla Salomov ko‘proq xursand bo‘lgandi o‘shanda. G‘aybulla aka go‘yo o‘z o‘g‘li dissertatsiya yoqlaganday shod edi.
Tilak Jo‘ra - mehribon do‘st, vafoli, sodiq inson edi. Do‘st uchun jonini berishga tayyor bu odamning qalbi nihoyat nozik, mehrga chanqoq ekanini hamma ham his eta olmasdi. Tilakning borlig‘i, xislatlari, ruhi she’rlarida ifodalangan. Tilak - Vatan tuyg‘usini yuragida olib yurgan, o‘zbekligidan faxr etgan va buni sho‘rolar hukmronligi davrida ham baralla kuylagan insondir. Istiqlol g‘oyalari ichida yashab, istiqlolni qo‘msab ijod qildi va istiqlolni ko‘rib, baxtiyor bir shukuh bilan ruhan yayradi. Afsuski, og‘ir surunkali xastalik shoirning jismini ojiz qilib qo‘ygandi. Keyingi yillarda u barakali ijod qilolmadi. Ammo u Vatanini ozod-erkin ko‘rib olamdan ko‘z yumdi.
O‘sha yurak xuruji bilan kasal yotgan oxirgi damlarda kasalxonaga, keyin uyiga borib, Tilakjon bilan suhbatlashgan onlarim esimdan chiqmaydi. Rangi ro‘yi siniqqan, ozib ketganiga qaramay, o‘zini tetik tutar, o‘zi dasturxon tuzashga intilar, ilgarigiday ruhi bardam edi. Ovozi ozgina hazinlashgan bo‘lsa ham, lekin dadillik bilan «Xudo xohlasa, tuzalganimdan keyin bir turkum she’r yozaman, turkumning sarlavhasi «O‘zbekning armoni» bo‘ladi. Yana ikkita doston boshlamoqchiman, tariximiz haqida. Mavzu va syujetini o‘ylab qo‘yibman», dedi.
Tilak - katta shoir edi, o‘ziga xos uslubi, obrazlar olami bor uning, O‘zbekistonning oltin rang boshoqlari, loysuvoq tomlarda ochilgan qizg‘aldoqlari, xullas, betakror manzaralari chizilgan. Mehnat ahlining shukuhi ajib bir jonli lavhalarda tasvir etilgan she’rini olasizmi («Pishiqchilik»), shovillagan bug‘doyzorga jo‘r «Dehqon qo‘shig‘i»ni olasizmi, oydin tun manzarasini olasizmi («Oydin qo‘shiq») - barida bir samimiyat, bir hazin va ayni vaqtda dilni yayratadigan ohangni sezasiz. Shoir tabiatni va insonni butunligicha sevib tasvirlash, ozod ruh shukuhini kuylashni xush ko‘rardi. She’rlari xuddi o‘ziday sodda va mazmunli edi U she’rni ko‘z-ko‘z qilmas, neki yuragi buyursa shuni yozardi. Shu bois she’rlari hamon ta’sirchan, hamon yurakka yaqin. Yurt sog‘inchi, do‘st sog‘inchi, onai zor va go‘zal yor sog‘inchi uning sevgan mavzulari, oy, quyosh, bug‘doy, bedana, tok narti, bedazor - uning xush ko‘rgan tashbehlari edi.
Mana bu she’rni tinglang:

Sog‘inib yashadim, sog‘inib o‘larman:
Yuragim qo‘lga olmoqni,
Oydin kechalardan ming bora ravshan
Nurli bir imorat solmoqni.
Tok nartiday senga chirmashib,
Quchmoqni sog‘inib o‘larman.
Mo‘ridachi tutundek shoshib,
To‘zmoqni sog‘inib o‘larman.

Sog‘inib o‘larman, sog‘inib... Biroq -
O‘lim mendan juda ham yiroq.


Ha, shoir o‘lmaydi, uning umri she’rida davom etadi, uning umri «ohanglar og‘ushida qoladi» va bizni tok nartiday vatan tanasiga chirmashib yashashga, «olam ostonasi O‘zbekistonni» butun go‘zalligi bilan sevishga da’vat etadi. Tilak biz bilan birgadir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 8-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.