OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Abdulla Oripov

Abdulla aka, shubhasiz, XX asr o‘zbek adabiyotining barmoq bilan sanarli nomayandalaridan biridir. Uning she’riyatida Oybekka xos nozik poetik tashbeh, Cho‘lponga xos hissiyot, H.Olimjonga xos jo‘shqinlik, G‘.G‘ulomga xos donishmandlik uyg‘unlashib, 60-yillarda o‘zbek she’riyatini odam qalbi bilan barobarlashgan pog‘onaga ko‘tarib qo‘ydi. Davr asalari zamonidan nariga o‘tmay, o‘z aksiga mahliyo bo‘lib, chuvalashib-o‘ralashib yotishi mumkin. Adabiyot Xudo tomonidan berilgan shunday in’omki, u qachon zamon bilan o‘ralashib qolsa, zamonning yolg‘onlari bilan o‘ralashib qolsa, odam qalbidan uzoqlashadi, darddan, haqiqatdan uzoqlashadi. Bu aksioma. Shu sababli qaysi tuzum, shoh adabiyot jilovini o‘zimning qo‘limda ushlab turaman degan bo‘lsa, adashgan. Sho‘ro tuzumi shuni istadi. Ammo adabiyotning yuksakligi inson ko‘ngli, millat ko‘ngli bilan o‘lchanadi. A.Oripov she’riyatni ko‘ngil qadar kengaytirdi, millat sha’ni qadar yuksaltirdi va har qanay tuyg‘u, his, tashbehda millat qalbi yotishini ko‘rsatib berdi. Biz 60–70-yillardagi xohlagan o‘ta intim she’rni olsak ham unda millatga xos kechinmalarni, millatga xos dardni ko‘ramiz. Men bilmadim, biz she’rni mutoalla qila boshlagan zamonlardan ilgari fanday edi, ammo biz mutolla qila boshlagan A. Oripov she’rlari millatga daxldor edi. Unda o‘sha davrning kechinmalari, dardlari, hissiyotlari yasatnibyu yotardi. Biz matbuotda o‘qimagan ko‘ngil va millat haqiqatlarinii bu she’rlardan o‘qib anglardik. Shubhasiz, 70–8-yillar adabiyotga kirib kelgan avlodning tanglayini A.Oripov she’rlari ko‘tardi. Abdulla akaning 60–7-yillarda yozilgan aksar asarlari yozilgan paytidayoq mumtoz she’rga aylana boshlagan. Agar Abdulla aka keyinchalik mutlaqo yozmay qo‘yganda ham, o‘sha she’rlar Abdulla Orif degan shoirning martabasini hozirgidan zarracha bo‘lsin pasaytirmasdi.
Men 1979 yili birinchi marta Abdulla Orifning «Yillar shamoli» (adashmasam, shunday nomlanardi) nomli kitobini tasodifan oldim. Keyin shu kitobning barcha she’rlarini yod ham oldim. She’r yodlashga ishtiyoqim bo‘lmagan. Ammo meni bu she’rlar yod olishga majbur qilardi. O‘sha payti kitobdagi she’rlar ta’sirida yashadim, ba’zan she’rlar ham yozdim. Ammo vaqtida Abdulla Orif bo‘lolmasligimni bilganman. Menga o‘xshab Abdulla aka ta’sirida she’r yozib, adabiyotda biron misra ham qoldirolmaganlar hozir ham bor. Ularning soqollari oqarib qolgan bo‘lsa ham, yozgan she’rlarini o‘ziniki deb o‘ylasa ham, baribir, bu she’rlar Abdulla Orifniki ekani bilinib qoladi. She’rdagi tuyg‘ular, qarashlar, tashbehlar, so‘z ishlatishlar, ohanglar o‘zini fosh qilib qo‘yadi. Abdulla aka kabi buyuk iste’dodlarning adabiyot rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi sal zaifroq, lekin tuppa-tuzuk iste’dodlarni yutib yuborish ekani ham bor gap. Qanchadan-qancha shoirlar Abdulla Orif kabi yozaman deb adabiyot ko‘chasida changi ham ko‘rinmay ketdi. Haligacha aldanib yurganlari qancha. Nachora, buyuk iste’dodlarning qismati shunday: buyuk ulush qo‘shadi, yana ko‘plab iste’dodlarni (to‘g‘rirog‘i, iste’dod bor-u, ammo o‘ziga ishonmaganlarni) adashtirib yuboradi.
Buyuk degan atamani ko‘pam ishlatgim kelmaydi. Ammo Abdulla akani «buyuk iste’dod» deb bemalol atashga hech narsa monelik qilmaydi. Iste’dod sifatida har qanday sifatlashlarga bosh beradigan asarlar yozdiki, bu o‘zbek adabiyotining XX asrdagi yorqin namunasi bo‘lib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.