OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Dajjolning tug‘ilishi («XX asr kino san’ati»)

Xotini o‘lik farzand tuqqan amerikalik amaldor iztirob chekkan holatda paydo bo‘ladi. U bir necha marta o‘lik farzand tuqqan xotini navbatdagi yo‘qotishga dosh berolmasligidan azob chekmoqda. Biroq uning iztirobi uzoqqa cho‘zilmaydi: xuddi shu kuni – 6 iyun, soat 6 da (uchta 666) tug‘ilgan va onasi o‘lgan go‘dakni unga tavsiya qilishadi. Amaldor bolani olib, xotini oldiga olib kiradi. Shunday qilib, bo‘lajak elchi oilasiga ota-onasi noma’lum farzand kirib keladi va unga Demian deb ism qo‘yadilar. Tezda otani Angliyaga elchi qilib jo‘natishadi. Voqea ana shu yerdan dramatik, qiziqarli tus oladi. Demian mehribon ota, mehribon ona qaramog‘ida juda yaxshi tarbiya topadi va sog‘lom bo‘lib o‘sadi. Bolaning sog‘lomligidan hamma xursand, darvoqe, uning sog‘lig‘i favqulodda darajada yaxshi. Tanish-bilishlar, yoru do‘stlar bolaning besh yoshga to‘lganini nishonlash uchun yig‘ilishadi. Shu yerda fojia yuz beradi: bolaning tarbiyachisi bazm payti o‘zini osib qo‘yadi, osarkan: u «Demian, sen uchun o‘limga ham tayyorman», – deb xitob qiladi. Ana shu yerda tomoshabinlar bolaning ko‘zidagi g‘ayritabiiy nigohga duch keladilar. Bu nigoh yovuz, qat’iyatli va qadimiy, odamzodga nafrat sochib turgan ko‘z edi. Tarbiyachi o‘zini osar ekan, bolaning orqasida qandaydir paydo bo‘lgan qora it turardi va bola unga qo‘l silkib qo‘yardi. Shu tantanani suratga olib yurgan fotograf e’tiboridan tarbiyachining holati ham, it ham qochib qutulolmaydi. Ertasiga elchi oldiga qandaydir ruhoniy kelib, unga g‘alati, tentaknamo bir gapni aytadi: siz iblisni tarbiyalayabsiz, siz tarbiyalayotgan bola iblisning bolasi.
Bu gaplar elchining g‘azabini qo‘zg‘aydi. Tabiiyki, u ruhoniy aqldan ozgan deb o‘ylaydi va politsiya chaqirib, uni elchixonadan chiqarib yuboradi. Biroq ruhoniy hamma joyda: ko‘chada, mehmonda, uyda elchini ta’qib etadi. Bir kuni u elchini elchixonaga kiraverishda uchratadi va «Ertaga falon xiyobonga keling, mayli, ishonmasligingiz mumkin, lekin gaplashib olaylik», – deydi. Elchi bu chin dildan aytilayotgan taklifga rozi bo‘ladi. Ruhoniy burilib ketarkan qaydandir paydo bo‘lgan fotograf uni suratga tushiradi. Ertasiga elchi xiyobonga borsa, ruhoniy uni tuman qoplagan xilvat joyda allaqachon kutib o‘tirgandi. U elchiga avvalgisidan ham g‘alati gap aytadi: «bolangiz iblisning bolasi. Siz uni falon cherkovdan olgandingiz, men uning onasini tanirdim. Men ulug‘ gunohkorman...» «Buni qanday isbotlaysiz?» – deb so‘raydi elchi. «Bolangiz 6 iyun soat 6 da (uchta 666) tug‘ilgan. iblis bolasi tug‘ilishi bilan sizning haqiqiy bolangiz dunyodan ko‘z yumdi. Bu Iblisning ishi. Chunki u bolasini ijtimoiy ta’minlangan, kelajakda katta mansabdor bo‘lish imkoniyati bor oilada tarbiya topishini istadi. Shunday bo‘ldi ham. Bola boshining qoq o‘rtasida va tovonida tug‘ma uchta olti raqami bor. Chunki 6 iyun kuni Kometa sayyorasi yer yuziga yaqin kelgandi. Sizning xotiningiz yana homilador bo‘lgan. Biroq Iblis bolasi bu bolangizni ham o‘ldiradi, xotiningizni, sizni, butun xonadoningizni o‘ldiradi va mulklaringizga yagona xo‘jayin bo‘lib oladi. Bu mulk unga o‘z rejalarini, yovuz niyatlarini amalga oshirish uchun zarur... Bu fojianing oldini oling».
Bular elchi uchun kutilmagan gaplar edi. U og‘ir shubhaga tushadi. Elchi suhbatdan mutaassir bo‘lib uyiga keladi. Xotini homilador bo‘lib qolganini, uni hozir aniqlaganini aytadi. Bu elchini gangitib qo‘yadi. Saldan keyin besh yashar Demian velosiped bilan onasini urib ketadi, homilasi tushadi. Ruhoniyning bashoratlari to‘g‘ri chiqayotgandi. Bir kuni elchining ko‘zi gazetaga tushadi. Unda o‘sha tanish ruhoniy sirli ravishda uzun xoda bilan yelkasidan yerga qadab qo‘yilgan holatda topilgani haqida xabar bosilgandi. Aytganday, ruhoniy o‘zini iblis ta’qib etib yurganini, uning o‘g‘li haqidagi sirni fosh qilgani uchun o‘ch olishini aytgandi. Endi elchi ruhoniyning gaplariga zarracha shubha qilmay qo‘yadi. Shunda uning yonida fotograf paydo bo‘ladi va unga ruhoniyning gaplaridan ham g‘alatiroq suratlar ko‘rsatadi: unda Demian bilan tarbiyachi va ruhoniy aks etgandi. Bu suratlar ularning o‘limlaridan oldingi suratlar edi. Qizig‘i shundaki, ikkalasining bo‘ynida ham g‘ira-shira arqon osmonga bog‘langan holatda turardi. Elchi bu arqonlarning taqdiri a’zal hukmlari ekanini endi bilardi: arqonlar iblisning hukmi edi.
Film davomida ruhoniyning barcha bashoratlari to‘g‘ri chiqadi. Demian avval ota-onasini, so‘ng ammasini, keyin amakilarini, kimki yo‘liga to‘siq bo‘lsa, barchasini halokatga giriftor etib, o‘z mavqeini tiklab oladi. Endi u qadim suratlarda qayd etilgan iblisning o‘ziga aylangandi. Uning bosh maqsadi o‘ziga izdoshlar to‘plash, odamlarni Xudo ta’limotidan qaytarish va o‘z otasining yo‘lini, ta’limotini targ‘ib qilishdan iborat edi. U parvardigor va uning ta’limotidan darak beruvchi barcha narsani vayron qilishga kirishadi. Asta-sekin uning izdoshlari, salaflari va sahobalari ko‘paya boradi. U iblis nomidan yer yuziga «payg‘ambar» etib jo‘natilgan, maqsadi odamni parvardigorga emas, iblisga qul qilish edi. U o‘z vazifasini juda muvaffaqiyatli o‘tay boshladi. Puturdan ketgan e’tiqodlar diniy ta’limotning uzoq yillar jaholat va mutaassiblik qobig‘iga o‘ralib, parvardigordan ko‘ra shohlarga, imperatorlarga xizmat qilgani, ruhoniylarning ruhdan ko‘ra ko‘proq jismni, tanani o‘ylashga berib ketganlari, fahsh, yolg‘on XX asrga kelib o‘zining oliy maqomiga yetgani, yolg‘onga, xiyonatga, sotqinlikka, fahshga asoslangan boshqaruvlar siyosatida imkon emas, ko‘proq ayyorlik, nayrangbozlik rusum bo‘lgani iblisvachchaning hokimiyat zinalaridan tezlik bilan yuksaklik sari ko‘tarilishiga imkon yaratdi. U yaqin yillar ichida o‘zini hukmron qilib ko‘rsatishga tayyorlanmoqda edi. Xullas, XX asr hayotida iblis yashamog‘i va g‘alaba qilmog‘i uchun barcha qulayliklar, imkoniyatlar mavjud edi: bu asrda diyonatli odamlar shusiz ham kam qolgan, diyonat salkam eskilik sarqiti sifatida qarala boshlagandi. Alloh yo‘lidagi da’vatlar ham dindorlarning o‘zaro kelishmovchiliklari, fisqu fasodlarga o‘ralashib, zaif va ishonchsiz, zerikarli va qotib qolgan tarzda davom etardi. Bundan tashqari, XX asr odamining ichki dunyosi bo‘m-bo‘sh edi. O‘ziga, o‘zlikka yotlashishdan, ma’naviy tanazzaldan iborat ushbu bo‘shliqni iblisvachchaning da’vatlari osongina to‘ldira boshladi. Odamlar muqaddas ilohiy kitoblargamas, qora kitoblarga mehr qo‘ydilar, qora kitoblarni muqaddas deb bildilar. Vaqtlarini ertayu kech qora kitoblarni o‘qishga bag‘ishladilar, qora kitoblar odamlarning dillarini, shuurlarini egalladi, odamlarda ichki «men» o‘ldi. Iblisvachchaning izdoshlari ko‘paydi. Filmda Demianning 24 martda tug‘ilgan (Isoning izdoshlari tug‘ilishi kerak bo‘lgan kecha) barcha go‘daklarni qirib tashlash haqidagi buyrug‘i iblis mavqeining eng yuqori cho‘qqisi bo‘ldi. 24 martda tug‘ilgan bolalar ayovsiz qirila boshladi.
Bu hol ko‘plar qatori ruhoniylarni ham bezovta qilib qo‘ydi. Oqibatda ular voqeaning tagiga yetdilar va Demian (aytganday Demian lotincha so‘z bo‘lib, demon, iblis ma’nosini beradi) yo‘q qilish payiga tushdilar. Faqat faol kurash, mustahkam e’tiqod, insoniyat va parvardigor oldidagi mas’uliyat tufayli ular to‘g‘ri yo‘l topdilar. Demianni faqat Iso yasagan xanjar bilangina o‘ldirish mumkin edi. Qolgan barcha urinishlar behuda bo‘lib chiqdi. Iblisvachcha barcha suiqasdlarni bir imo bilan yo‘qqa chiqardi, joniga qasd qilganlarni esa mashinaga bostirdi, tokka urdirdi, suvga cho‘ktirdi, itlarga yem qildi, olovda qovurib kul qildi. Ilohiy xanjarni topib kelgan ruhoniy oxiri iblisvachchaning yer yuzidagi hayotini so‘ndirdi: o‘g‘lining iblis izdoshi bo‘lganidan va Demian aybi bilan bevaqt o‘limga duchor etilganidan g‘azabga kelgan jurnalist ayol uni ilohiy xanjar bilan cherkovda o‘ldirdi. Demian cherkovga Isoning ustidan g‘alaba qilganini tasdiqlash uchun kelgandi. Yana aql-idrok zafar qozondi. Biroq hamishami? Bu g‘alaba mangumi?
Film bizga iblis ichimizda ekani, uni mahv etish va aql-idrok g‘alabasini ta’minlash o‘z qo‘limizdaligini yana bir bor eslatadi. Bu faqat mistika emas, ruhiyat, inson irodasi haqidagi filmdir. Avval o‘zini poklagan odamgina dunyoni poklay oladi. Pok va diyonatli odamlargina dunyoni qutqara biladi. Garsi film Iso ta’limoti haqida bo‘lsa-da, uning mazmuni xristian dini chegaralaridan chiqib, umumbashariy tus oladi – bu faqat Iso haqidamas, Allohning ulug‘ligi va faqat u yuborgan ta’limot-vahiygina insonni chinakam but qilishi mumkinligi haqidadir.
Film uch qismdan iborat. U bizni fikrlashga, tevarak-atrofimizga nazar solishga, mushohadaga, o‘zimizni, o‘z ichki dunyomizni tahlil qilishga va san’atni tushunishga o‘rgatadi. Ichingizga boqib ko‘ring. Film sizni hamisha hushyorlikka chaqirib turadi, ichingizga, ma’naviy dunyoingizga nazar soladi, sizni o‘z ichkaringizning xo‘jasiga aylantiradi, aql-idrokingizni charxlab, o‘zingizga o‘zingizni mas’ul qilib qo‘yadi. O‘z-o‘ziga mas’ullik ma’naviy dunyoingizni adashishdan asraydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.