OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Otdan tushmagan yozuvchi

Menga XX asrning beshta eng yaxshi hikoyasini sanang deyishsa, shubhasiz, shu beshtaning ichiga «Dashtu dalalar» hikoyasini qo‘shgan bo‘lardim.
Mabodo XX asrning birdan-bir yaxshi hikoyasini ayting deyishsa, yana shu hikoyani tilga olardim.
Siz jahon adabiyotida qaysi asarlarni qayta o‘qish uchun ehtiyoj sezasiz deb so‘rashsa, Kafka, Folkner, Kortasar, Akutagava, Kavabata, T.Dzyunitiro, Chexov, Sh.Xolmirzaev hikoyalari hamda «Dashtu dalalar» hikoyasini deb javob bergan bo‘lardim.
Mendan bitta asar bilan yozuvchi adabiyotda qolishi mumkinmi deb so‘rashsa: «Ha! Bu Murod Muhammad Do‘st va uning «Dashtu dalalar» hikoyasi» – deb javob qaytarardim.
Murod akaning boshqa asarlari salmog‘ini pasaytirish niyatidan yiroqman. Lekin men «Dashtu dalalar» hikoyasi haqida shunday o‘ylayman. Bu mening o‘ta xususiy fikrim emas, bu asar adabiyotning eng nozik va o‘ta injiq, mahorat, katta iste’dod talab qiladigan hikoya janrida ozmi-ko‘pmi qalam tebratgan yozuvchilarni ham shunday o‘ylashga majbur qiladi, shunday o‘ylashga asos beradi.
Bu hikoya dashtning ko‘hna qo‘shig‘iga, bu dashtning bepoyon dalalardagi, tuganmas dard, qo‘msash, sog‘inch to‘la xirgoyisiga o‘xshaydi, oshiqlar haqidagi qadim miflar, dostonlar ohangi bor bu hikoyada. Hikoya xalq og‘zaki ijodi va XX asrdagi nasrning eng so‘nggi yutuqlarini yelkasida ko‘tarib turibdi.
Ehtimol, yana ko‘plab hikoyalar yoziladi, ulkan izlanishlar bo‘ladi, ammo bu hikoyaning o‘rni o‘zbek nasrida salmoqligicha qolaveradi.
Biz talabalik yillarimizda M.M.Do‘st, E.A’zamov, A.A’zam, X.Davron, U.Azim, Sh.Rahmon, X.Do‘stmuhammad, O.Otaxonov, X.Sultonov kabi shoir-yozuvchilarning har bir asarini mushtoqlik bilan kutganmiz va chanqoqlik bilan o‘qiganmiz. Afsuski, 70-yillarda adabiyotga o‘ziga xos ko‘tarilish olib kirgan bu avloddan keyin o‘zini avlod deb atashga arziydigan adabiy avlod paydo bo‘lmadi va bu avlod hali ham xuddi 70-yillardagidek adabiyotning yukini, uning yangilanish jarayonlarini o‘z yelkalarida ko‘tarib kelishyapti. Adabiyotning ravnaqi, didi uchun hali ham shu avlod o‘zini mas’ul deb bilyapti. Darvoqe, avlod sifatida jipslashgan va shakllangan, mustahkam qarashlarga ega, bu qarashlarni, garchi bahsli bo‘lsa ham, qat’iyat bilan himoya qilolgan, ham nazmda, ham nasrda adabiyot imkoniyatlari behad kengligini isbotlab bergan avlod hali ham «ot ustida» turibdi. Aslida, hech qaysi avlod boshqa bir avlodni adabiyot «oti»dan zo‘rlik bilan «tushirib» yubormaydi. Kirib kelgan avlod o‘zidan oldingi avlodning adabiyotga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartiradi, kengaytiradi – bu esa o‘z-o‘zidan yangi avlod «otga mingani»ni bildiradi. Murod aka mansub avloddan keyin ularning o‘rniga avlod sifatida va xuddi ular kabi yaxlit va mukammal adabiy qarashlarga ega boshqa bir avlod adabiyot maydoniga chiqqani yo‘q. Shu sababli ham hali-hanuz bu avlod aytgan, himoya qilgan, singdirgan qarashlar adabiyotda asosiy qarash sifatida saqlanib qolmoqda. Ana shuning o‘ziyoq M.M.Do‘st va uning avlodi adabiyotga nima berganini ko‘rsatib turadi. 80-yillarda adabiyotga kirib kelganlar ichida ham iste’dodlar bo‘lsa-da, bu avlod avlod sifatida o‘z qarashlarini yaxlitlab, jamlab berolgani yo‘q, o‘zlarini, qarashlarini qat’iyat bilan himoya qilolmayapti. Bu avlod yakka-yakka tarzda, tarqoq holda o‘z fikrlarini, qarashlarini tavsiya qilishmoqda, xolos. Shuning uchun haligacha ular olib kirgan fikrlar adabiyotda bahs bo‘lib yotibdi, haligacha shakllangan qarash sifatida tan olingani yo‘q.
«Dashtu dalalar» hikoyasi esa yuqoridagi avlodlar haqidagi fikrimizni tasdiqlab turadi. M.M.Do‘stning dastlabki hikoyalar to‘plami «Qaydasan, quvonch sadosi»dagi hikoyalarda biz dasht odamlarining xilma-xil dunyosiga duch kelamiz. Bu yerda yozuvchining barcha urinishlari, yutuq va tajribasizliklari kaftdagidek ko‘rinadi. Ammo dastlabki hikoyalardayoq M.M.Do‘st to‘pori, sodda va g‘ururi baland odamlarnining suratini va siyratini mahorat bilan chizishga kirishadi: hikoyalarni o‘qigandayoq o‘ziga xos sof o‘zbekona tiplar va xarakterlar yaratishga urinishni sezamiz. Bu to‘plamda bizga eslatilgan ko‘plab obrazlarga yozuvchining keyingi asarlarida – «Chollardan biri», «Iste’fo», «Galatepa qissalari» to‘plamida va «Lolazor» asarlarida yana duch kelamiz. Bu asarlarda ayni obrazga ishlatilgan bo‘yoqlar yanada tiniqlashadi, bizga chala ko‘ringan ko‘plab obrazlar boshqa asarlar orqali to‘laqonli qiyofalarda gavdalana boshlaydi. Biz endi Folkner adabiyotda qo‘llagani kabi faqat adabiyotdagina mavjud bo‘lgan Galatepa va galatepaliklarning gala obraziga duch kelamiz. Yer xaritasida yo‘q, faqat yozuvchi xayolida yaratilgan bu qishloqning ko‘chalarida kezamiz, qishloqning pastak, loysuvoq uylarida qahramonlar bilan birga yashaymiz, hayot va abadiyat, insoniylik va shafqat haqida ular bilan bahs qilamiz, ular bilan qo‘shilib iztirob chekamiz, birinchi muhabbat ko‘chasidan devona kabi qo‘shiq aytib o‘tamiz. Umuman, dasht odamlari qiyofasi, xarakteri, tili va ichki kechinmalarini, istehzoyu qochirimlarini XX asrda hech bir yozuvchi M.M.Do‘stchalik badiiy yorqin, xarakterli, izchil aks ettirolgani yo‘q. To‘g‘ri, Sh.Xolmirzaev asarlarining aksariyati ham qishloq haqida. Ammo Shukur akada xarakter yaratishdan ko‘ra davr og‘rig‘ini, dardini iztirobini ko‘rsatish birinchi o‘ringa chiqadi. M.M.Do‘stda esa davr ikkinchi darajadagi vosita. Galatepaliklar azaldan amal qilib kelgan aqidalaridan voz kechishmagan, an’analar, yashash va fikrlash tarzi asrlar silsilasida sayqallangan. Ular, davr qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ana shu sayqallangan aqidalar bilan yashashadi. Davr oqovalari yonlaridan oqib o‘tadi. Ba’zan bu oqova jalaga aylanib, qishloqni ham vahimaga soladi, ammo mazkur sellar asrlar tartib bergan rishtalarni yo‘q qilolmaydi. Ba’zida davr qiyofasida qamchi ko‘tarib keladigan raislaru rahbarlar ham bir kuni baribir Rayim oqsosqol kabi ana shu azaliy oqim o‘zaniga qaytib tushadi. G‘aybarov va Elomonovga o‘xshagan sarguzashttalablar esa xuddi sehrli olma yoki mangu yoshlik suvini izlab sirli qo‘rg‘onlarga borib qolgan ertak qahramonlari kabi shaharlarda kezinadi. Ammo qo‘rg‘on-shaharlarda ular o‘zlarini yolg‘iz va aftoda sezadilar, hamisha o‘zlari bilmagan holda Galatepaga qaytish yo‘llarini izlaydilar. Galatepaga qaytish zindondan ozod bo‘lgan Alpomishning uyiga qaytishini eslatadi. Kim bu o‘zandan chetga chiqsa, hayotida mazmun va mohiyat yo‘qoladi, e’tiqod mezonini ham yo‘qotadi. Elomonov timsolida biz buni aniqroq his qilamiz. Shu sababli yozuvchi asarlarida (hatto «Lolalzor»da ham Galatepa va uning raisi Rayim G‘aybarov Yaxshiboev va Oshno hayotida muhim o‘rin tutadi: G‘aybarov bilan bahs boylashib Bulduruq raisi ularni o‘qishga jo‘natadi) garchi bitta obrazga urg‘u berilsa-da, ammo galatepaliklar va ularning bir-birlariga bo‘lgan ishonchi, munosabati uyg‘unlashgan hayot haqidagi hikmatlari – azaliy hikmatlar bosh qahramonga aylanadi. Bu azal-abad hikmat goh Mustafo chol, goh Rayim rais, goh Nazar maxsum, goh taloq eshitgach ham umrining oxirigacha eriga sodiq qolib, umrini beva o‘tkazgan Anzirat, goh boshqa qishloqqa erga tekkani uchun erini ismi bilan aytib chaqirib, shu orqali galatepalik ekanini bildirib turgan G‘aybarovning opasi va boshqa o‘nlab har biri o‘ziga xos fe’l-atvor va qarashlarga ega galatepaliklar timsolida gavdalanadi. Yozuvchi bir asarida bir epizodik tarzda qo‘shib ketgan, boshqa yozuvchilarda o‘tkinchi bo‘lib qoladigan obraziga boshqa asarida yana qaytadi, uning o‘sha, oldingi asarda ko‘rinmagan chizgilarini berib o‘tadi. Shunday qilib, asardagi bironta nomi keltirilgan obraz shunchaki emas, balki ana shu epizoddagi obraz ham «Galatepa» turkumining asosiy qahramonlaridan biriga aylanadi. Menda, Murod aka «Chollardan biri», «Galatepa qissalari», «Dashtu dalalar» hikoyasidagi epizodik qahramonlarni ham qachondir kelib asosiy qahramon sifatida talqin qilib asar yozishni rejalashtirgan bo‘lsa kerak degan taassurot paydo bo‘ladi. Chunki mazkur epizodik qahramonlar epizodik sahnada adabiyot uchun ko‘p narsa va’da qiladi. Biz galatepaliklarni yaxlit holda tasavvur etib, ularning har biri yaxlit holda asosiy qahramon deb o‘ylay boshlasak, asarlardagi hali tadqiqotchilarimiz nazaridan chetda qolib kelayotgan urg‘u-ishoralarni tushungandek bo‘lamiz.
Esimda, talabalik paytimda, 1982 yili, chog‘i, jurnal variantida xuddi tashnaligimizni bosmoqchidek yutoqib o‘qiganimiz «Galatepaga qaytish» qissasi adabiyotga havasmand avlodning nasr haqidagi fikrini o‘zgartirib yuborgandi. G‘aybarovning oniy xotiralariga qurilgan, har birini mustaqil hikoya desa bo‘ladigan o‘ndan oshiq hikoya-bobdan iborat bu asar qissadan hissa shaklidagi o‘ziga xos asarlardan biridir. Bu asarning shakli, konstruktsiyasiga singdirilgan fikrni haligacha biron tadqiqotchi to‘laligicha ochib berolgani yo‘q. «Galatepaga qaytish», menimcha, M.M.Do‘stning shaklbozlik yo‘lidagi oxirgi asari – o‘z davridagi nasrning ulkan g‘alabasi, ammo yozuvchining mag‘lubiyati edi. Murod aka, ehtimol, o‘sha asaridan so‘ng bu yo‘l o‘zi uchun emasligini, bu yo‘ldan o‘zini topolmasligini anglagandir. Men «Galatepaga qaytish»da boshqa adibni ko‘raman. Bu asar jahon adabiy uslublarining o‘zbekchalashgan sintezi sifatida bundan keyin ham ko‘plab adabiyotga kirib kelayotgan yozuvchilarni o‘ziga undab turadi, ko‘plab tajribalar beradi. Ammo asardagi ohangda va voqelikka munosabatda g‘ayri nigoh bor, bu nigoh boshqa asarlar, eng asosiysi, Galatepa hikmatlari bilan uyg‘unlashmaydi. Asar hozir ham nasrimizning o‘rganilishi va tadqiq etilishi kerak bo‘lgan o‘ziga xos yo qissa, yo romani sifatida qiymatini yo‘qotmagan esada, M.M.Do‘st «Dashtu dalalar»dagidek dashtning to‘pori va azaliy ohangini topolmaydi. XX asrning, shubhasiz, eng yaxshi hikoyalaridan biri bo‘lib qoladigan bu hikoyada yozuvchi chinakam azaliy hikmatni, metaforani topadi.
Galatepa turkumidan tubdan farq qiladigan «Lolazor» romani esa o‘zbek nasrining jiddiy asarlaridan biridir. Roman haqida tadqiqotlar anchagina. Ammo, menimcha, asarni hadeb faqat davrning aybnomasiga aylantirishga qo‘shilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, asar hech qachon o‘zi yashayotgan davr muammolaridan uzilmaydi. U qaysidir ma’noda (ko‘proq ramziy ma’noda!) zamonasining ramzidir. Ammo har qanday asar ayni zamonda mangulikning ramzlarini topolsagina u yashab qolishga haqli. «Lolazor» qissanavis (Saidqul Mardon)ning nigohi bilan davrning qarashlarini ifoda etgan Yaxshiboev nigohini asar tizimiga birlashtirib turadi. Asarni o‘qisangiz, qissanavis bilan Yaxshiboevning ayni paytda bitta roviy ekaniga guvoh bo‘lasiz – bu ikki nigoh asar so‘ngida bitta nigohga aylanadi. Sayidqul Olloyorga otasi barpo etgan bog‘ni ko‘rsatadi. Qahramonlar faoliyatini baholashga, ulardan xulosa chiqarishga ezgulik va yovuzlik haqidagi mavjud tushunchalarimiz kamlik qiladi. Ehtimol, gap ezgulik yoki yovuzlik, davr fojiasi haqida ham emasdir?! Gap inson fojiasi, bilib turib ko‘rib turib, o‘zini qurbon qilgan inson, o‘zini qurbon qilishga mahkum bo‘lgan inson haqidadir?! Yaxshiboev ham, Oshno ham o‘zlarining kimligini, nimaga xizmat qilishayotganini yaxshi bilishgan! Ammo ularga boshqacha yashash, boshqacha kurashish uchun muqobillik bormidi? Dastlab Yaxshiboevni xush ko‘rmaydigan, unga zamonaning maddohiga qaraganday munosabatda bo‘lgan Sayidqulning o‘zi ham Yaxshiboevning soyasiga aylanib ketadi. Gap shundaki, menimcha, Yaxshiboev ham, Oshno ham o‘z davriga oshkora qarshi kurashgan bo‘lganlarida ham, ayni vaziyatdagidek ezgulikka xizmat qilisholmasdi. «Faust»da shunday satrlar bor: «Qiyofam yovuzlik, faoliyatim ezgulik». Men «Lolazor» romani ayrim kishilar haqidagi emas, XX asrning ijtimoiy harakati, ijtimoiy faoliyati haqidagi asar deb o‘ylayman. Nima bo‘lganda ham roman o‘tgan asrning yirik romani – yirik tadqiqotlarga, bahs-munozaralarga asos bo‘ladigan asar. Unga Murod aka mansub avlodning va ulardan oldingi avlodning tarjimai holi, ahvolu ruhiyasi bitilgan. Shu sababli hali bu asar yana qayta-qayta tadqiq etilaveradi.
Mendan bitta asar bilan adabiyotda maktab yaratish mumkinmi deb so‘rashsa, ha deb javob berardim. Adabiyotda bitta hikoyaning o‘zi bilan maktab yaratgan yozuvchilar bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. «Dashtu dalalar» hikoyasining o‘ziyoq Murod Muhammad Do‘stni o‘zbek hikoyachiligida o‘ziga xos yo‘nalishdagi, o‘ziga xos maktabga mansub asar yaratgan, yangi shakl, ohang, ruh olib kirgan adib sifatida tan olishga to‘liq asos beradi.
Mendan yana kimlar didni ko‘cha cho‘pchakbozligidan qutqarib, haqiqiy adabiy didga aylantira oladi, kimlar bu didni o‘za asarlari bilan yana yuksak ko‘tarishga qodir, deb so‘rashsa, yana o‘sha – bugun 60 yoshga kirayotgan avlodni va ular orasida birinchilar qatorida M.M.Do‘stni ko‘rsatgan hamda bular hali otdan tushmagan, adabiy poyga shularniki deb javob qaytargan bo‘lardim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.