XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandasi Maqsud Shayxzoda, shubhasiz, xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan atoqli so‘z san’atkorlaridan biridir. Shayxzodani bunday sharafga noil qilgan omillarning boshida uning so‘zga e’tiqodi va ehtiromi turadi. Ana shu e’tiqod va ehtirom bois u so‘zga shayxlik qiladi, so‘zni oydin maqsad sari yetaklaydi, ma’nan va mantiqan “ko‘zi ochilgan” so‘zlar g‘aroyib mo‘‘jizalar yaratadi.
Atoqli olmon tilshunosi Vilgelm fon Gumboldtning: “Tillarning xilma-xilligi faqat tovushlarning turlichaligi emas, balki har bir millatdagi dunyoni ko‘rishning farqliligi natijasidir”, degan gapi bor.
So‘z san’atkori muayyan tilda dunyoni badiiy obrazlar orqali qayta gavdalantiradi. Ammo dunyoni badiiy gavdalantirish barcha ijodkorlarda aynan bir yo‘sinda bo‘ladigan bo‘lsa, buning oddiy taqlidchilikdan farqi qolmaydi. Shuning uchun ham muayyan bir tilda ijod qiladigan ikki ijodkorning dunyoni ko‘rishi, eshitishi va badiiy idrok qilishida o‘ziga xos farqlar bo‘lishi badiiyatning azaliy talabidir. Zotan, ana shu farq ijodkor mahorati, uning til va uslubdagi ustaligi, o‘ziga xosligi tarozisining shayini bo‘lib keladi. Tabiiyki, dunyoni o‘ziga xos ko‘rish, eshitish va badiiy idrok etish, avvalo, badiiy tilda zuhur etadi. Shayxzoda she’riyati benazir so‘z mo‘‘jizalari sifatida buning shahodatidir.
Shayxzodaning “Shoir qalbi dunyoni tinglar” she’rida shunday misralar bor:
Shoir qalbin darchalaridantalay tovush kelib kiradi...Tovushlarning kichik, ulug‘i,tovushlarning hidi – bo‘yi bor.Tovushlarning sovuq, ilig‘i,tovushlarning rangi-ro‘yi bor.Tovushlarning shirin-achchig‘i,bordir hatto yumshoq, qattig‘i.Shoir rassom bo‘lsaydi agar,chizar edi shundan lavhalar.Bu misralarda shoir ko‘rish mumkin bo‘lmagan narsalarni ko‘radi, eshitish mumkin bo‘lmagan narsalarni eshitadi, ilg‘aydi va ularning barini yaxlitligicha o‘ziga xos tarzda badiiy idrok etadi.
Shoir o‘z she’rlarida bunday metaforalardan katta mahorat bilan foydalangan, ammo, ta’kidlash joizki, ularning birontasida ham originallikni unutmaydi, o‘zini o‘zi takrorlamaydi. Ayniqsa, shoirning rang bilan bog‘liq ana shunday metaforalari ham diqqatga sazovor (Umuman, shoirning badiiy tasvir arsenalida rangning, demakki, rang bildiruvchi so‘zlarning eng faol unsurlardan ekanligini ta’kidlash mumkin). Masalan, “Ufqlar” she’rida o‘qiymiz:
U naqadar zumrad ufqlar...U yerdagi ko‘k sohillardaFiruza rang ko‘rfaz chayqalarVa havo rang nag‘malarningmoviy naqarotlarikuylanadi tillarda.Parchadagi har bir misrada rang bildiruvchi so‘z bor, ya’ni zumrad, ko‘k, firuza rang, havo rang, moviy. Bu so‘zlar umumiy bir yashil-moviy rangning turli nozik jilvalarini ifodalaydiki, shoir ularni jamlash orqali dunyoning turfarangligi, pokizaligi, go‘zalligining rasmini chizganday bo‘ladi. Ayniqsa, havo rang nag‘ma va moviy naqarot tarzidagi sinestetik metaforalar o‘zining kutilmaganligi, ohorliligi bilan shoir badiiy xayolotining nafis topildig‘i sifatida she’rxon diqqatini darhol jilovlaydi. Farosatli o‘quvchi havo rang nag‘malarning moviy naqarotlari ifodasining moviyligi goh quyuqlashib, goh suyuqlashib dolg‘alanayotgan, chayqalayotgan dengiz yuzidagi betinim to‘lqinlarning muntazam (naqarotday takror-takror) qatlanishi rasmi ekanligini tasavvur etar ekan, oddiy so‘zlarning bunday sipo va inja to‘lqinlari uning qalbiga ham hayrat shaklida ohista ko‘chadi.
Shayxzodaning aksariyat she’rlarida tirik tabiatning nafasi, tinim bilmagan dunyo harakatining turli pardalardagi saslari muntazam sadolanib turadi, tiriklik tilsimotining murakkab simfoniyasi goh jo‘shqin, goh miskin va gohida majhul bir ohanglarda eshitiladi. Bunday ta’sirli tasvirni yuzaga keltirmoq uchun shoir tilimizning boy bisotidan eng uyg‘un birliklarni bitta-bittalab saylab-terib oladi. Tabiiyki, u ayni badiiy niyatining real ro‘yobiga muvofiq tarzda ko‘proq o‘zagi tovushga yoki obrazga taqliddan iborat so‘zlar (shovullamoq, vovullamoq, yaltiramoq kabi), shuningdek, ma’no tarkibida “tovush, ovoz” unsuri mavjud bo‘lgan, ya’ni gap, sado, ashula, nag‘ma, tovush, tinglamoq kabi “ovozli” so‘zlarga murojaat qiladi. Shoirning “Tovushlar” she’ridan olingan quyidagi parchalarda bunday so‘zlar yaratgan simfoniyani tinglab, huzurlanmaslikning imkoni yo‘q: “Sho‘rtepaning alohida bir gashti bor kechasi... Razm solib tinglayman... har tovushning bor hikmati va o‘z sababi... Ana ko‘ppak esnab-esnab uvullaydi... Ana mashinaning o‘lchovlik nafasi... Ana devor orqasidan... havolandi ashula... Ana tovush: sinchalaklar chiyillar, Chigirtkalar charchamasdan chirillar... Ana boshqa tovushlar bor hovuzda, Vaqirlar qurbaqalar... qahqahalar yangrab ketar olisdan... Vizillaydi endi yuvosh shabboda... Faqat bu savolning aksi sadosi – “Ki-im ke-raaaak...” Borib qo‘nar teraklarning shoxiga... Sharillaydi suvlari shirin-shirin... Traktor tarillaydi dalada... Tovushlar bor, demak, hayot bor... Demak, biz hammamiz tirikmiz... Ko‘zlarni yumib, uyg‘oq dunyoni Tinglamoq lozim!..”.
Shayxzodaning jonlantirish asosidagi metaforalari ham kutilmaganligi va ohorliligi, holat tasviri uchun favqulodda uyg‘unligi bilan alohida diqqatga sazovordir. Masalan, “Tovushlar” she’rida Oy jilmayib chaqiradi chamanga, Soy yo‘talib chaqirar anjumanga tarzidagi go‘zal misralar bor. Albatta, oyning jilmayishi unchalik ham yangi tashbeh emasdir, ammo soyning yo‘talishi faqat Shayxzodaga xos original va o‘tkir, jonli va jozibali metaforadir. Yoki shoir “Derazalar o‘chirdi Kattakon ko‘zlarini... Oy bulutni ko‘rpadek o‘rab olgan boshiga... Soyda suvlar uxlaydi, Tollar tongni o‘ylaydi” (“Chunki...” she’ri) kabi misralarida jonlantirish orqali tungi sokinlik, osoyishtalikning go‘yoki harakatdagi manzarasini chizganday bo‘ladi, shoirning ustaligi bilan holat ifodalaydigan so‘zlar g‘ayriixtiyoriy bir tarzda harakatlanganday bo‘ladi.
Ma’lumki, bahor kelishi bilan tunlar qisqaradi, kunlar esa uzaymoqqa boshlaydi. Tanti tabiatning tirikligini tarannum etmoqdan tolmagan Shayxzoda mazkur qonuniyatni ham shunchaki emas, balki tiniq tuyg‘u bilan, bir chimdim intim intiqlik epkini bilan, yosharishning erka avjiyu erkin mavji bilan tasvirlamoq uchun so‘zlarga shayxona yo‘l ko‘rsatadi, ularning chinakam mo‘‘jiza ko‘rsatishlari uchun imkon yaratadi. Buning betakror namunasi mana budir:
Ana, tuproq tirildiva uyg‘ondi daraxtlar...Kundan-kunga ulg‘ayayotgan kunduzlarkechalarning belini siqib,soatlardan, daqiqalardanlola rang ufqlarga ruxsat so‘raydi.(“Bahor nashidasi” she’ri.)
Quyidagi misralarda ham kunduz, tun va tong obrazlari haqiqiy so‘z san’atkorining tarbiyasi bilan tiriklik suvidan bahramand bo‘lib, dilbar bir tasvirga kirgan:
Kunduzlar tunlarning sochin taramay,o‘polmas tonglarning pushti rang labin.(“Yillarning salomin yillarga eltib...” she’ri.)
Mazkur she’rda Bu yil osmonga yetdi boshimiz, Fazoda ucharkan vatandoshimiz misralari bor. Ta’kidlamoq joizki, shoir boshi osmonga yetmoq iborasini juda ham ustalik bilan qo‘llagan, ya’ni bir paytning o‘zida mazkur iboraning ham asosiy ma’nosi (hadsiz xursand bo‘lmoq) namoyon bo‘lgan va ayni paytda bu iboraning to‘g‘ri ma’nosi ham reallashgan. Demakki, mazkur birlik to‘lig‘icha shoirning badiiy niyati ro‘yobi uchun xizmat qilgan.
Shayxzoda she’rlarida so‘zlarning g‘ayriodatiy birikmalari ham bot-bot ko‘zga tashlanadi. Shoir bunday birikmalarni tuzar ekan, u til qonuniyatlariga nopisandlik yoki zo‘rlik qilmaydi. Hassos so‘zchi sifatida u tilning botinida, tub qatlamlarida yashiringan so‘z qo‘shilishi imkoniyatlarini badiiy niyatiga muvofiq tarzda ishga soladi. Buning natijasida kutilmagan so‘z qo‘shilmalari yuzaga keladi, ular she’rxon diqqatini o‘ziga jalb qiladi va uni o‘ylashga chorlaydi, alal-oqibat o‘quvchi bu qo‘shilmalarda pinhon bo‘lgan ma’no injaliklarini kashf etadi. Masalan, “Binafsha” she’rida oshiqning tuyg‘ular taloshidan tilining kalimaga kelmasligini tasvirlar ekan, Bu balki go‘llikdir, agarda bilmasang, Bu soqov g‘azaldir, sukutni anglasang, deb yozadi. Aytish mumkinki, soqov g‘azal g‘ayriodatiy birikmasi betakror badiiyat bilan yukungan. Shoir she’rlaridagi yana chol asr, xumpar qush, tanbal daqiqa, shumshuk haykal, she’rga shinel kiydirmoq, yo‘lsiz yo‘l kabi ko‘plab ana shunday birikmalarni eslash mumkin.
Shayxzodaning tildagi mavjud qonuniyatlarni suiiste’mol qilmagan, balki teran his etgan holda yangi so‘zlar yasashi ham ibratlidir. Shoir yasagan yangi so‘zlar (tilshunoslikda “muallif neologizmlari” deb yuritiladi) tasvir aniqligi, narsa-hodisa yoki belgining muayyan jihatlarining qabariq ta’kidi, umuman, poetik maqsad uchun to‘lasicha xizmat qiladi. Masalan, “Oy bilan suhbat” she’rida tundalik so‘zi bor:
U choqda o‘qiymiz biz lirik daftaring,kundalik emas,tundalik daftaring.Ko‘rinib turganiday, shoir kundalik so‘zining qolipi asosida tundalik so‘zini yasagan, bu yangi so‘z “Oyning tundagi faoliyatini qayd etuvchi daftar” ma’nosini bemalol ifoda etadiki, bu ayni o‘rindagi badiiy tasvir aniqligi uchun favqulodda muvofiqdir. Shoir tomonidan mahorat bilan yasalgan bunday yangi birliklarga ko‘plab misollar keltirish mumkin: yulduzboz, cho‘liston, jangboz, nafosatboz, xilvatiy, joyparastlik, oybachcha, qishboy, lahzadosh, fazoshumul, parvozkor, tinim kuni (dam olish kuni), serkadar, jangiy, shodmijoz, g‘ayratmand, damsoz, salomobod kabi.
So‘zga buyuk e’tiqod va ehtirom bilan qaragan, so‘zning zalvori va qudratli zarbini tugal tasavvur qilgan, uning bitmas-tuganmas siru sinoat manbai ekanligiga imon keltirgan Shayxzoda qaysi mavzuni qalamga olmasin, so‘zga zargarona munosabatda bo‘lgan, uning she’rlarida chinakam badiiy yuksiz so‘zlar yo‘q. Shayxzoda she’riyatini yaxlitligicha so‘zdan benazir chaqinlar yaratish bobidagi ulkan ibrat maktabi deyish mumkin. Uning so‘z shaklidagi karomatlari o‘zbek adabiyotidagi betakror mo‘‘jizalar sifatida she’riyat muhiblari qalbiga hamisha hayrat va huzur baxsh etaveradi, shuning uchun ham uning umri ming yillik tilimizning umriday boqiydir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 7-sonidan olindi.