Ustoz Izzat Sulton suhbatlarida bo‘lish maroqli edi. U kishi bilan qilgan muloqotlarimizdan birida domla aytgan quyidagi gaplar yodimda: “Shunisi qiziqki, qarigan mahaling eng maroqli ijodiy rejalar kelaverar ekan, eng quyuq fikrlar butkul zikringni band etarkan, eng go‘zal g‘oyalar maydonga kelar ekan. Va ular yozuvchini bezovta qilaverarkan. Biz, kinochilar ta’biri bilan aytganda, “uxodyaщaya natura” (o‘tib ketayotgan hodisalar)miz. Shuning uchun aytadigan gapni aytib qolishga shoshilish kerak. O‘ylaymanki, menga o‘xshagan — ham inqilobni ko‘rgan (etti yashar edim), ham sho‘ro davrini boshdan kechirgan, ham mustaqillik davridan zavqlangan kishining hayotiy tajribalari kelajak avlodga foydali bo‘lsa kerak. Xotiralarim u davrlarni to‘liq, bekami-ko‘st aks ettiradi, deya ayta olmayman. Lekin cheksiz ummonda oftob aks etganidek, bir tomchi suvda ham quyosh aksini ko‘ramiz. O‘zimni bir tomchi suvdek his qilib, o‘tmish haqidagi mulohazalarimni yozib qoldirishga harakat qilayapman. Bu fikrlarning yaxshi bir xususiyati shundan iboratki, ular boshdan kechirilgan mushohadalardir. Kishi dehqon yoki ishchimi, muallim yoki kosibmi, adib yoki siyosiy arbobmi — uning o‘zi yashab o‘tgan hayot so‘qmoqlari — davri haqidagi o‘y-fikrlari hamisha qiziqish uyg‘otadi. Shaxs taqdirida davrning asosiy xususiyatlari saqlanadi”.
Akademik Izzat Sulton to‘qsonni qoralab, yuz bilan yuzlashishga chog‘langandi. O‘n kam yuz! Aytishga oson. Shunday tabarruk yoshga yetishning o‘zi bo‘ladimi. Ortingda salmoqli ijodiy va hayotiy tajribalar qolsa bosgan izlaring benaf va besamar kechmaganligini his qilasan, kishi. “Alisher Navoiy”, “Imon”, “Noma’lum kishi”, “Ko‘rmayin bosdim tikonni”, “Donishmandning yoshligi”, “Qaqnus”, “Yangi odamlar”, “Oydin kecha asirligida”, “Istehkom” singari dramalar, “Navoiyning qalb daftari”, “Adabiyot nazariyasi”, “Drama — adabiy tur sifatida” kabi fundamental tadqiqotlar, “Buyuk Alisher”, “Shoir qalbi”, “Fidoyi” nomli kino asarlari, besh yuzga yaqin ilmiy-nazariy maqolalar, o‘zbek adabiyoti tarixi va nazariyasiga oid o‘ndan ziyod monografiyalar, tadqiqotlar... Sonda ham, sifatda ham bor asarlar. Ular Izzat Sulton nomini Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor singari ko‘rkam va fayzli silsila qatoriga qo‘shadi.
1990 yil boshida “Literaturnaya gazeta” sahifalarida Breygelning mashhur bir surati bosilgandi. Unda to‘p-to‘p basir olomon aks etgan. Xususan, yo‘qlikdan chiqib, noma’lumlik sari garangsib borayotgan, ikki ko‘zi basir, nimadandir iymangancha miyig‘ida jilmayib ketayotgan odamlar to‘dasi ifodalangan edi suratda. Ular bir-birlarining qo‘lidan tutmoqchi bo‘lishadi-yu, lekin qo‘llari yetisholmaydi. Kimdir qoqilib, yiqilayotib, kimningdir chimchilog‘idan yoxud boshmaldog‘idan tutib qolishga intiladi. Odamlar qo‘rquv va tahlikada. Qayoqdan kelib, qayoqlarga ketishayapti? Yuz ifodasidan hech narsani anglab bo‘lmaydi. Ifoda mavhum. Uymalashgan olomonning boshi ham, oxiri ham ko‘rinmaydi. Eng qizig‘i, o‘sha yiqilayotgan, qoqilayotgan, munkib ketayotgan odamlarning labida nim tabassum aks etgan. Bu tabassum istehzomi, mamnunlikmi, yoxud qanoatmi, o‘tgan umrdan norozilikmi yoki shukronalikmi? Bu olomon tasviri ramziy, sho‘ro odamlari qismatiga bir ishora.
Darhaqiqat, sobiq sho‘ro davrida ijodkor o‘zligidan tonmasligi, o‘ziligini saqlab qolishi juda qiyin edi. Shu bois, o‘sha davr so‘z san’atkorlarining hayoti va ijodiy faoliyati tom ma’noda fidoyilikning yuksak namunasi, deging keladi. Negaki, o‘sha zamonda chinakam so‘z san’ati durdonalari, ko‘rkam badiiyat yonida mafkuralashgan adabiyot vujudga kelgan, zamonasozlik, kommunistik mafkuraga yaltoqilik avj olgan edi.
1998 yil 25 fevral kuni adabiyotshunos To‘xta Boboevning “Oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek she’riyati poetikasi asoslarini o‘rganish” mavzuida pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoyasi bo‘ldi. Rasmiy opponentlar chiqishlaridan keyin norasmiy opponentlarga hamda ilmiy kengash a’zolaridan istaganlarga so‘z berildi. Ilmiy kengash raisi, akademik Izzat Sulton so‘zga chiqib, shunday degandi: “Hozir bir narsa esimga tushdi: bundan yigirma yilcha burun, shoir Habibiy bilan Samarqandga qandaydir bir tadbir o‘tkazgani bordik. Mashinada birga ketdik, Polshadan kelgan yosh yozuvchi ham bor. Domla Habibiyni u kishiga tanishtirdim. Polshalik adib: “Hammangiz shoir ekansizlar. Ichingizda she’r yozmagan, shoir bo‘lmagan odam yo‘q hisobi. Shuning uchun Polshaga borganda “Shoirlar yurti” degan kitob chiqaraman”, dedi. Sharq she’riy madaniyatidan u shunchalik ta’sirlangan ekan. Shunda, domla Habibiy chiroyli bir lutf qildi: “Sovet davrida she’riyatni xalqqa yaqinlashtirish uchun poeziyaning saviyasini tushirdik. Endilikda xalqimizni poeziyamiz saviyasiga ko‘tarishimiz lozim”. Darhaqiqat, bu borada aruzni, klassik adabiyotimiz xususiyatlarini o‘rganish katta ahamiyatga ega. Oldimizda katta vazifalar turibdi. Xalqimiz ongi, saviyasini buyuk merosimiz darajasiga ko‘tarishimiz kerak...”.
Nafaqat she’riyatni, balki XX asr adiblari ijodini, asarlarini, dunyoqarashidagi o‘zgarish va evrilishlarni, hukmron kommunistik mafkuraning ijodkorlarga ta’sirini o‘rganishdek mas’ul vazifa ham bor. Yana: sho‘ro davri o‘zbek adabiyotida, tun og‘ushida tonglar tug‘ilganidek, zamonasoz asarlar bilan boqiy san’at asarlari ham yonma-yon yashab kelganligini, adabiy jarayonning o‘ziga xos, betakror xususiyatlarini o‘rganish, qonuniyatlarini ochish vazifalari ham mavjud.
Izzat Sulton ijodiy faoliyati ana shu o‘zgarishlar jarayonida kechdi. Xususan, olim va adib dunyoqarashidagi evrilishlar bilan barobar go‘zal san’at asarlarining yaratilishi sabablarini kuzatish adabiyotshunoslar oldidagi muhim vazifalardir. Izzat Sulton estetikasida realizm kontseptsiyasini o‘rganish alohida diqqat-e’tiborga molik. Alisher Navoiy ijodi va mumtoz adabiyotimiz falsafasi I.Sulton talqinida, adib va olim nazariy tafakkuridagi umummushtarak xususiyatlar, badiiy-estetik printsiplar, tarixiy merosni ilmiy va badiiy o‘zlashtirish hamda o‘rganish tamoyillari, xususan, I.Sulton ijodida kino, teatr va drama nazariyalarining mushtarak hamda o‘ziga xos xususiyatlari singari bir qancha masalalar o‘z tadqiqotchilarini kutayotir. Nafaqat I.Sulton ijodi misolida, balki umuman, XX asr o‘zbek adiblarining badiiy izlanishlari asosida hayotni, voqelikni estetik o‘zlashtirish spetsifikasi bilan bog‘liq obrazli tafakkur tiplari, ijtimoiy-falsafiy, badiiy tafakkur ko‘rinishlari, uning yuz yil mobaynidagi dinamikasi, evolyutsiyasi, turg‘unlik holatlari adabiyotshunoslar e’tiboridan chetda qolib kelyapti. Vaholanki, adabiy matn nafaqat yaxlit badiiy butunlik, shu bilan birga, asarning yuzaga kelish tarixini namoyon etuvchi go‘zallik hodisasi hamdir. U ijodkor tuyg‘ulari va dunyoqarashining ma’lum shaklga kirgan ko‘rinishidir.
Dramaturg uchun ijodiy jarayonning yana bir nozik jihati bor. Dramaning o‘quvchi-kitobxon tomonidan qay tariqa idrok etilishidan tashqari, sahna talqinlari, tomoshabin munosabati singari mushtarak jihatlarni e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Ko‘rinadiki, ushbu omillarni uyg‘unlikda o‘rganish dramaturg dunyosiga kirishga, badiiy mahoratining o‘ziga xos xususiyatlarini bilishga yordam beradi. Dramaga xos obrazli tafakkurning kitobxon va tomoshabin tomonidan qay yo‘sinda idrok etilishi san’atkor mahoratini belgilashda muhim o‘rin tutadi. Kitobxon, aktyor, rejissyor va tomoshabinning tasavvuri va bahsi orqali yaxlitlik kasb etgan taassurotni dramaning badiiy-estetik saviyasini ham, dramaturg mahoratini ham ko‘rsatuvchi ko‘zgu deyish mumkin.
Badiiy g‘oyalar psixologiyasini, ya’ni muayyan asarning tug‘ilish jarayonini o‘rganish nafaqat san’atkorning fikrlash tarzini, shuningdek, uning o‘sha davrdagi dunyoqarashi bilan uzviy aloqadorlikda namoyon bo‘lgan obrazli tafakkur madaniyatini ham oydinlashtirish demakdir. Ahamiyatsizdek ko‘ringan u yoki bu detalning san’atkor ongi, nigohi, nazari tufayli yoqut misoli nur taratish jarayonlarini kuzatish zavq-surur bag‘ishlaydi. Izzat Sulton poetikasida shunday badiiy vositalar borki, ular mitti, juz’iydek tuyulishi mumkin. Lekin ularning adabiy matndagi badiiy samarasi jiddiy, yuraklarni larzaga solib yuboradi.
Izzat Sulton dramalaridagi badiiy vositalar oddiy va samimiy, darrov ko‘zga tashlanavermaydi. Ular ma’naviy-intellektual tayyorgarligi bor kitobxon va tomoshabinga, tadqiqotchiga darrov ko‘rinadi. Buning boisi bitta. U ham bo‘lsa, mazkur ijod tarixining ildizlari hayot chashmalaridan suv ichgan, voqelik bag‘riga yashiringan. Yozuvchi qo‘liga qalam tutqazgan, ilhomlantirgan, ko‘ngliga yashiringan u yoki bu niyatning badiiy g‘oyaga aylanishiga turtki bergan faktlar, holatlar, voqea-hodisalar ana shu buloqlardan bahra olgan.
Adibni asar yozishga da’vat etgan fakt-ma’lumotlar, voqea-hodisalar dramalarga ko‘chib o‘tgach, oddiyligicha qolmaydi, ular jonlanadi. Muayyan obrazlar, g‘oyaviy yo‘nalishlar, detallar og‘ushida — san’atdagi yangilangan badiiy hayotini boshlaydi.
I.Sulton ijodiy laboratoriyasiga daxldor mazkur masalalar ham tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelayotir. Real hayot bilan badiiy asar voqealari o‘rtasidagi qiyos, yozuvchi asarlaridagi tabiiylik hamda g‘ayritabiiylik, tomoshabin va o‘quvchini unchalik ishontirmaydigan jihatlar va aksincha, ishontirish, hayratga solish xususiyatlariga ko‘ra ko‘ngillarni zabt etgan badiiyat sehri bizni I.Sulton poetikasini o‘rganish sari yo‘naltiradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 51-sonidan olindi.