OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobil: «Adabiyot mangu yoniq qalb nuridir» (2010)

Ertak!

Biz uni xalq og‘zaki poetik ijodining asosiy janrlaridan biri, ya’nikim to‘qima va uydirmaga asoslangan, sehrli-sarguzasht va maishiy mazmundagi epik badiiy asar sifatida bilamiz. Lekin ayni shu janr ayrim kishilar taqdirida nechog‘li ahamiyatli bo‘lishini va hatto inson qismatini bolalikdan belgilab berishini hammamiz ham bilavermaymiz. Masalan, kaminaning yozuvchilikka havas va ishtiyoqi bolalikda ertaklar tufayli yuzaga kelgan desam sira yanglishmayman. Ne baxtki, onam Hanifa Omon qizi ertakchi ayol edi. U minglab ertaklar bilardi va har oqshom to yarim tungacha qorachiroq nuridan yoritilgan o‘n bolorli uyimizda ertak aytilardi. Zamon og‘ir, kitoblar topish qiyin, topilganini ham birpasda o‘qib tashlardik. Boz ustiga, kattalar qatori biz bolalar ham mehnatga tortilgandik. Deylik, kuz va qish tunlari oddiygina ko‘rak chuvish biz bolalar zimmasida edi. Kunduzlari har bir xonadonga aravada qop-qop ko‘rak olib kelib tashlanardi va tonggacha biz ularni chuvib bo‘lishimiz lozim edi. Bola uchun dunyoda ko‘rak chuvishdek zerikarli va bema’ni ish bo‘lmasa kerak. O‘rtada uyilib yotgan ko‘raklarni ko‘rganda olam zimiston tortib ketardi, tashqarida qora sovuq, tunda boshlanib tongga yaqin tinadigan shamolning uvillashi yurakka battar g‘ashlik solardi. Bunga uzoq-yaqindagi bo‘rilarning uvlashi qo‘shilganda dunyo yakkash xavf-xatardan iboratdek tuyulardi. Ana shunday paytlarda ertak jonga ora kirardi. Onamiz ertak boshlashi bilan uy ichi kengayib, yorishib ketganday bo‘lardi. O‘rtada uyilib yotgan yoqimsiz ko‘raklarni barmoqlarimizgina sezar, aql-hushimiz esa ertak voqealariga og‘ardi. Bo‘rilarning uvlashlari bamisli hofizning qichqirig‘idek tuyulib, murg‘ak yuragimizda ortiq dahshat hissini tug‘dirmasdi. Negaki, aytilayotgan ba’zi ertaklarda u qonxo‘r maxluq emas, tanti va mard jonivor sifatida talqin etilardi-da. Umuman olganda, ayrim tunlari bo‘rilar qishloq oralab, kimningdir qo‘rasiga tushgudek bo‘lsa, odamlar bu hodisani fojea o‘rnida qabul qilmas, yengilgina qo‘l siltab: “Aka kep, haqini obketdi-da”, deb qo‘ya qolishardi. Bir tomondan ertak, ikkinchidan esa qishloq kattalarining bo‘rilarga nisbatan bu xil qarash va munosabatlari biz bolalar qalbida ularga nisbatan ozmi-ko‘pmi hurmat hissini uyg‘otmay qolmasdi.

Tashqarida shamol quturar, ichkarida esa onamiz ertak aytardi. Ertak bahonasida o‘rtadagi ko‘rak chuvilishi lozim edi. Shuning uchun ertak deganlari bir-biriga ulanib ketaverardi. Uzoq tunda aytiladigan ertakning sehri boshqacha bo‘ladi... Keyin-keyin esa tengqurlarim orasida o‘zim ertak aytishni odat qildim. Ular qolib, katta yoshdagi bolalar og‘zimga tikilganini ko‘rib hayron qolardim va bilganlarim tugab qolgudek bo‘lsa, o‘zim ertak to‘qiy boshlardim. To‘qigan ertaklarimda yovuzlik va yorug‘likdan tashqari, hayvonot dunyosiga nisbatan bo‘lgan munosabatimu muhabbatim aks etardi. So‘ng menda ularni qog‘ozga tushirish fikri paydo bo‘ldi. Biron yerda chop ettirish emas, shunchaki yozgim kelgani uchun yoza boshladim. Mashqlarimni biron gazeta yoki jurnalga yuborish tushunchasi yo‘q edi menda. Axir uchinchi sinf bolasida bu fikr qaydan bo‘lsin. Keyinchalik ertak to‘qishdan qoniqmay, bilib-bilmay hikoya janriga qo‘l urdim. Bu holat tafakkur qila boshlaganimni bildirardi. Tafakkur qilish esa kaminada ertak aytish ishtiyoqini so‘ndirdi, kamgap bo‘lib qoldim. Oqshomlari maysa ustida o‘mbaloq oshib, bolalar bilan kurash tushish ishtiyoqi tark etdi meni. Kamina endi borliqqa o‘zga nigoh bilan nazar sola boshlagandi. Tabiat hodisalari va fasllar almashuvidan o‘zimcha ma’no qidiradigan bo‘ldim. Uy burchagidagi javonda o‘qigan kitoblarimning soni ortgani sayin nafaqat tafakkurimda, balki fe’limda ham o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlagandi. Kitoblar ta’sirida qishloqqa sig‘may qoldim. Dala-dashtu qir-adirlarga intila boshladim. Qishloqdan narisi qir-adirlik, so‘ng chek-chegarasiz tog‘lar boshlanardi. Sukunat bag‘riga cho‘mib, istaganingcha xayol sur, xalal beruvchi biror kimsa yo‘q, jonivorlar esa g‘ij-g‘ij edi. Bu paytda jonivorlarga ozor berishdan tiyilgandim. Chunki bu dunyoda barcha narsa tabiiy uyg‘unlik asosiga qurilgani va tabiatga ozor beruvchi yolg‘iz jon odam bolasi ekanligini favqulodda anglab yetgandim. Oqibat, yovvoyi tabiat va jonivorlar do‘stimga aylandi. Ular haqida yoza boshladim. O‘quvchilarga o‘zim ko‘ra bilgan va his qilgan dunyoni ko‘rsatish, ularni ogohlantirish uchun yoza boshladim. Men dunyoni o‘zgartirishni istardim. Yozganlarim bilan go‘yo dunyo o‘zgarib qoladigandek edi. Buning qarangki, taqdir jonivorlarga nisbatan munosabatim o‘zgachiligini sezganday, necha va necha bor meni bo‘rilarga duch qildi. Itlar haqida gapirmasam ham bo‘ladi. Ularning ovozidanoq nima demoqchi ekanligini sezadigan bo‘ldim. Chunki ular menga shunchaki it emas, tabiiy uyg‘unlikning jonli bir bo‘lagi edi. Sadoqatni o‘shalarda ko‘rdim, mardlikni bo‘rilarda uchratdim. Qishning qirchillama kunlaridan birida qirning tor o‘zanida ularning to‘rttasiga to‘satdan ro‘paro‘ kelgan va azbaroyi qo‘rqqanidan yelkasidagi miltiqni olishga ham qurbi yetmagan yigitcha men edim. Surishtirib kelsa, ular emas, men bo‘rilarning yo‘lidan chiqib qolgandim. Shunda ular nima qildi dersiz? Nima qilishardi, qorinlari to‘q ekanmi, xuddi to‘nkani chetlab o‘tganday, yo‘rtishgancha yonimdan o‘tib ketishdi. Hatto birining quyrug‘i barimga surgalib o‘tganday bo‘ldi. Endi ular o‘rnida xashaki itlarni tasavvur qilib ko‘ring – ular yo tashlangan bo‘lardi, yo izlariga qaytib ketardi. Bo‘rilar esa izlariga qaytishni xayollariga keltirmagandek, menga e’tibor ham berishmadi. Yirtqichlarning bu qilig‘i, ya’ni odamni pisand qilmasligi juda qiziq bo‘ladi. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bunaqa paytda ular sizga nigohini qadamaydi, shunchaki bir qarab qo‘yadi. Ularning bu shunchaki bir ko‘z tashlab qo‘yishida ulug‘vorlik, o‘ziga ishonch, maydalikdan yiroqlik va yana ko‘p narsalar borki, bu holatni faqat badiiy asarlarda tasvirlash mumkin. Shunga o‘xshash holatlarni zoti toza itlarda ham ko‘rganman.

Hozir o‘ylab qolaman. Nechun bu xil holat va hodisalarga bolalikdayoq duch kela boshlaganman? Bundan tashqari, azim kentda yashab turib, nechun hozirda umrimning yarmi tog‘u toshlarda, dashtu sahrolarda kechmoqda? Javob esa bitta – bu qismat. Taqdirning menga atalgan in’omi bu. Bolalikdan ertaklar olamida ulg‘ayishim esa taqdirning tuhfasidir. Axir shu ertaklar emasmi, bolalikdayoq menda kitoblarga havas uyg‘otib, dunyoqarashimni shakllantirgan, qalbimga ezgu tuyg‘ular baxshida etib, tabiat va jonivorlarga nisbatan muhabbat hissini yuzaga keltirgan. Shuning uchun barcha onalarga hayqirib aytgim keladi, bolalarga ertak ayting, onalar!

Ijod haqida so‘z yuritar bo‘lsam, yozganlarimni uzoq vaqtgacha biron yerda chop ettirishga oshiqmaganman. Darvoqe, bolalikda yozgan mashqlarim – ertak va hikoyalarimning bari yo‘qolgan. Qanday qilib yo‘qolgan, buni o‘zim ham bilmayman. Shunchaki mashqlar bo‘lgani bois ularga hozirda achinmayman. Keyin yozganlarimni esa... Qaytamga hayotni yaxshiroq o‘rganish maqsadida turli kasblarda, hatto o‘zim yoqtirmagan ishlarda ham ishlaganman. Endilikda o‘ylab qolaman, to‘g‘ri qilganmanmi-yo‘qmi deb. Chamasi, to‘g‘ri qilganga o‘xshayman. Kasb, kasbga bog‘liq turfa xarakterlarni o‘rganishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu katta bir maktab hayotimda.

O‘zimcha hayotni o‘rganishga yakun yasab, soham bo‘yicha matbuotda ish boshlashim bilan o‘tgan asrning saksonchi yillarida, go‘zal bir ijodiy muhitga tushib qolganman. O‘tkir Hoshimov, Erkin A’zam, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, musavvir Odil Bobojon – bularning har biri o‘ziga xos olam edi. Bu davralarda tafakkur yolqinlanardi, fikr nurlanardi. Adabiyotga o‘zni fido aylash tushunchasi qanotlantirilardi. Ertaklar meni oyoqlatgan, ijodiy izlanishlar dunyoqarashimni shakllantirib, o‘zligimni anglatgan bo‘lsa, bu ijodiy muhit kaminaga ustozlik qildi desam sira xato qilmagan bo‘laman. Turgan gap, ijodiy muhitda gap ko‘p, u kishini mukammallikka yetaklaydi. So‘zning zalvorli kuchini teran his qilgan holda, uning qatidagi ranglarni ilg‘ay boshlaysiz. Va tinimsiz ijodiy izlanish hayot tarzingizga aylanadi. Adabiyot qismatingiz, uningsiz tiriklik ma’nisiz va tussiz ekanini anglashga yordam beradi. Muxtasar qilib aytganda, adabiyot mangu yoniq qalb nuridir. Xalq ongining shakllanishida, uning o‘zini anglashda adabiyotning beqiyos roli mavjudligini yanada teran tuyganingizdan so‘ng esa, ulkan bu adabiy jarayonning zanglamas bir murvatiga aylangan ko‘yi, uning azaliy va abadiy harakatiga o‘z ulush va hissangizni qo‘shish ishtiyoqida yona boshlaysiz. Bu yaratish ishtiyoqidir. Afsuski, ushbu ishtiyoq ko‘plarda juda tez so‘nadi. Adabiyot esa qalbi mangu yoniq ijodkorlar ishidir va faqat ulargina uning badiiy va ma’naviy xazinani yangi durdonalar bilan boyita oladi. Xullas, saksoninchi yillardan qator hikoyalarim “Yoshlik” jurnalida, so‘ng boshqa gazeta-jurnallarda yuz ko‘rsata boshladi.

Shu kungacha o‘n beshga yaqin kitobim chiqdi. Shu o‘rinda kitobxonlik xususida andak fikr yuritmoqchiman. Bu yorug‘ olamda kitobdan zo‘r do‘st yo‘qligi bizdan avval ham ko‘p ta’kidlangan. Haqiqatdan kitobdan zo‘r do‘stning o‘zi yo‘q va uning o‘rnini hech qaysi san’at turi bosa olmaydi. O‘z oilasida kitobxonlikni shakllantira olgan ota-ona tarbiyada ko‘p narsani yutadi. Bu borada, ayniqsa, onaning roli o‘zgachadir. Chunki bolalar ko‘proq ayollar bilan muloqotda bo‘ladi-da. Turmush o‘rtog‘imiz To‘xtaxon muallima, maktabda til va adabiyotdan dars beradi. Bolalarning yoshi va qiziqishiga qarab kitob tanlashda juda ustasi farang, ming qilsayam, o‘qituvchi-da. Qisqasi, kitob o‘qigan bolaning hayajoni sal bo‘lakcha bo‘ladi, uning hayajoni paytida andak e’tiborli bo‘lsangiz, bolada kitobxonlik hissi yanada oshadi. Aks holda quruq o‘quvchiga aylanib qolishi mumkin. Ularni fikrlashga undash uchun bolaning hayajoniga esh bo‘lish lozim. Donolar aytishadiki, bolasiga o‘rgatmagan va so‘ng bolasidan o‘rganmagan odam hayotdan orqada qolib ketadi deb. Shu bois uydagi chug‘ur-chug‘urlardan ham nimadir o‘rganayapmiz.

Adabiyotda shovqinni yoqtirmayman, bir-ikkita narsa yaratib qo‘yib, o‘zini daho sanaydiganlarni jinim sevmaydi. O‘quvchi tushunishi qiyin bo‘lgan holda murakkab yozish kerak, deydi shunaqalardan bittasi. Keyin allaqanday oqimlarni ro‘kach qilib, o‘zbek adabiyotida bittayam haqiqiy iste’dod yo‘q deydi. Masalan, Navoiyni kim o‘qiyapti deydi. Gapidan shu narsa ang­lashiladiki, u o‘zbek adabiyotini o‘qimagan, o‘qimagani holda unga baho berishga tirishadi. G‘arb adiblaridan bir-ikkisining nomini sanab, shunaqangi va’zxonlik qiladiki, oqibat, kalavasining uchini yo‘qotib, nima deyayotganini o‘zi ham bilmay qoladi. U Navoiyni maktab dasturida o‘qigan, “O‘tkan kunlar”ni varaqlab ham ko‘rmagan. Cho‘lpon va shuningdek, boshqalarning nomini eshitishni ham istamaydi. U vaysashni, da’vo qilishni yaxshi ko‘radi. So‘ng o‘zini hech kim tushunmayotganidan nolib, hammani g‘irt nodonga chiqaradi.

Bu xil kimsalar bahsga arzimaydi. Uning yonidan, qirning tor o‘zanida o‘zimga yo‘liqqan bo‘riday, indamay, shunchaki bir ko‘z tashlab o‘taman. O-o, shunchaki ko‘z tashlab o‘tishdan yomoni yo‘q va shunda uning nigohida “iste’dodga nisbatan hurmatsizlik bu” degan ta’nani o‘qiyman.

Ha, adabiyotni iste’dodlilar yaratadi, iste’­dodsizlar esa qora quyunday doim ular atrofida charx urib, daholikka da’vogar bo‘lib yuraveradi. Bu ham kunu tundek, azaliy holat erur.

Mendan ko‘pincha, nimalar yozayapsiz, deb so‘rashadi. Yozayapman, lekin o‘sha yozayotgan narsam haqida avvaldan bir narsa deyishdan hamisha istihola qilaman. Avvaldan aytish, nazarimda, non o‘rniga xamir tutishdek bir gap emasmi?!

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 7 (236)-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.