OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Bobotog‘ tilsimlari (2010)

Yo‘l!

Odatda, har qanday safar yo‘ldan boshlanib, yo‘lning muayyan qismidagi manzilda yakun topadi. Negaki, yo‘l degani nihoyasiz, yo‘l degani cheksiz va sarhadsiz. U bepoyon yurtimizning turli puchmoqlari bo‘ylab shu qadar keng tomir otganki, buyuk allomalardan biri aytgandek, bu yo‘llarni to‘la kezib chiqmoq uchun kishi umri kamlik qilgay. Ekspeditsiyaning avval-bosh rejasida Sho‘rchi tumani hududida joylashgan Dalvarzintepa va Bobotog‘ ko‘zda tutilgani bois, tuman markazini qoralab yo‘lga tushamiz. Hududda keyingi paytda yuzaga kelgan qator obodonchilik ishlari darrov ko‘zga tashlanadi. El orasida: “Sho‘rchining oftobi qaynoq, shamoli andak beqaror, tuprog‘i esa naq oltinning o‘zi. Ermakka qurigan cho‘p suqsang-da, o‘sib o‘nadi. Unda bitgan mevalar tilni yoradi”, degan gap yuradi.

Kishilik jamiyatining meloddan oldingi VI-IV asrlari haqida hikoya qiluvchi Dalvarzintepani qora tortib yo‘lda davom etamiz. Ko‘z o‘ngimizda yastangan va bag‘rida shamol o‘ynab turgan bu yodgorlik tuman markazidan o‘n kilometr shimoliy-sharqda joylashgan bo‘lib, umummaydoni salkam ellik gektarni tashkil etadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Dalvarzintepa meloddan avvalgi Baqtriya davlati davrida bunyod etilgan. Bu davlat hozirgi O‘zbekiston hududidagi ilk davlatlardan biridir. Kushon saltanati davriga kelib uning atrofi mustahkam mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Shahar Tollisoyning Surxondaryoga quyilish joyida bo‘lib, tevaragidagi katta handaqlar suv bilan to‘ldirilgan. Darvoqe, o‘sha davrda Surxon daryosi Dalvarzintepa yaqinidan oqib o‘tgan va zamonlar o‘tishi bilan sharq tomonga surilgan.

Shahar ikki qismdan iborat: qalinligi o‘n metrgacha bo‘lgan qudratli mudofaa devori bilan o‘rab olingan shoh saroyi qal’asi va shaharning o‘zi. Shahar ham mudofaaning istehkomli tizimiga ega bo‘lib, bu yerda aslzodalar, hunarmandlar, kulollar, savdogarlar va ruhoniylar istiqomat qilishgan.

1962 yili O‘zbekiston san’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining san’atshunoslik ekspeditsiyasi bu yerdagi dastlabki tekshiruv ishlarini boshlab bergan. 1967 yildan boshlab esa muntazam ravishda arxeologik qidiruv ishlari bormoqda. Kushon podsholigining dastlabki poytaxti bo‘lgan Dalvarzintepa Kanishka davrida shahar sifatida to‘la shakllangan. Melodiy III asr oxiri IV asr boshlarida Kushon podsholigi eftalitlar tomonidan zabt etilganidan keyin, uning bir qismida hayot saqlanib qolgan va arablar istilosidan so‘ng shahar butunlay vayron qilinib, hayot o‘n kilometr sharqdagi Budrochtepa o‘rniga ko‘chgan.

Qadimshunoslar fikri bilan aytganda, Dalvarzintepa ajoyib antik shahar, undagi madaniy qatlam 2-3 tadan oshmaydi. Bu yirik tepalikning istagan joyi qazib ko‘rilsa, birdaniga qadimgi yodgorlik namunalariga duch kelish mumkin.

Dalvarzintepa sayohatidan so‘ng uzoq Bobotog‘ safariga hozirlik ko‘rayotganimizda sho‘rchilik oqsoqollardan biri Toshmat ota Poyonov qiziq fikrni aytib qoldi. Dediki, Bobotog‘ dostonlarda, ayniqsa, “Alpomish” dostonida ko‘p tilga olinadi, shuning uchun baxshilardan birini, albatta, hamroh qiling. Shunda tog‘ haqida ko‘plab afsona va rivoyatlardan boxabar bo‘lasiz.

Bu yurtda baxshilar e’zozlanib, qadim dostonlar sevib tinglanadi. Dostonlar xalqimiz ma’naviyatining yuksak sarchashmalaridan biri. Shu sababli yo‘l-yo‘lakay ekspeditsiyaga Xurram baxshini qo‘shib olishga qaror qilamiz. Baxshi tog‘ haqidagi so‘rovlarimiz va niyatlarimizni eshitgach, Bobotog‘ safariga hamrohlik qilishga bel bog‘larkan, sizlar tog‘lar bobosini so‘rab kelibsizlaru, biz yo‘q deymizmi, yo‘q desak, biz baxshilar uchun bu gunoh bo‘lar, deya do‘mbirasini sayrata ketdi:

Ulug‘ poyganing boshi Bobotog‘ bo‘lgan,
Qirq kunlik bu katta poygada, kimsan,
Alpomishning oti Boychibor birinchi bo‘lgan...

Bunaqa paytda baxshini to‘xtatib bo‘lmagay, to‘xta, degan odamni u nazariga ilmagay, nega deganda, baxshilarning o‘z olami, o‘z tutimi bor. Dunyoga doston qahramonlari ko‘zi bilan qaraydigan fe’li bor. Tinglasang, misli daryodek jo‘shar, tinglamasang, tinglamoqqa majbur etar. Sirli ohang va navolari ila, har neki qalbni o‘ziga rom etar...

Do‘mbira sas berishi bilan baxshining tevaragi muxlislarga to‘ldi. Bu orada tun cho‘kib, baxshi boqqa ko‘chdi. Qadimiy udumga amal qilib, gulxan atrofida doston aytadigan bo‘ldi. Buni baxshi xohladi, buni baxshi istadi. U dediki, qorong‘i tunda olovning g‘aroyib bir sehri bor, baxshiga ilhom bag‘ishlaydigan sirli bir kuchi bor. Bu ne kuch, ne sinoat ekan, baxshi buni aytmadi. Aytmoqni istamadi. Lekin o‘sha kuni yarim tungacha doston aytishdan horimadi. Bu el baxshilarni ardoqlaydi, ular ijrosidagi dostonlarni e’zozlaydi. Shu bois, bu elda baxshichilik azaliy va abadiydir.

Erta tongda Xurram baxshi hamrohligida Bobotog‘ tomon yo‘l tortamiz. “Alpomish” dostonida zikr etilgan, ta’rifi baxshilar tilidan tushmaydigan Bobotog‘ dastlab qirga o‘xshab tuyuldi. Axir, ekspeditsiya shu paytgacha ne bir tog‘larni ko‘rmagan, ne bir tog‘larning mahobati qoshida hayrat ummoniga cho‘mmagan. Baxshi xuddi buni sezganday, Bobotog‘ sirli tog‘, u uyatchan kelinchakday o‘z chiroyini asta ochadi, deydi.

Haqiqatdan Bobotog‘ o‘z chiroyini asta ocharkan. Yo‘lda pista daraxtlari mo‘l daralar uchray boshladi. Shuning bilan birgalikda u o‘zining o‘simliklar dunyosini ham namoyish eta boshladi. Bu toqqa yo‘l tortganimizning asosiy sabablaridan biri Bobotog‘ tabiatini o‘rganish qatori, undagi ilonlar makon tutgan sirli Govurgan darasini ham ko‘zdan kechirishni ko‘ngilga tukkan edik. Rivoyatga ko‘ra, u yer ilonlarning so‘nggi bor ko‘chgan manzili ekan.

Tog‘lar g‘ubor ostida sirli mudraydi. Odatda tog‘lar oyda bir necha kun mana shunday g‘ubor og‘ushida bo‘lib, o‘z ko‘rkini kishi nigohidan bekitadi. Baxtga qarshi, ekspeditsiyamiz ayni shunday g‘uborli kunlarga to‘g‘ri kelgandi. Bobotog‘ — Surxon va Kofirnihon daryolari oralig‘ida, shimoldagi Hisor vodiysidan Amudaryo sohillarigacha cho‘zilgan keksa tog‘ tizmasidir. Uning uzunligi 125 kilometr, eni 30-40 kilometrni tashkil etadi. Eng baland cho‘qqisi 2292 metr. Qish va bahor oylari ancha sersuv bo‘lib, yoz va kuz oylari deyarli qurib qoladigan ko‘plab soyliklar mavjud.

Bobotog‘ning iqlimi quruq bo‘lgani bilan uning o‘simlik dunyosi juda boy. Ayniqsa, ko‘klamda butunlay betakror chiroy kasb etadi. Keyin esa tog‘ning quruq iqlimiga bardoshli o‘simliklar qolib, qolganlari yanagi bahorni poylab yotadi. Bobotog‘da boshqa tog‘larda uchramaydigan o‘simliklarni ham uchratish mumkin. Negaki, bu tog‘ning tabiati o‘ziga xos, iqlimi boshqa tog‘larnikidan xiyla farqlanib turadi. Buloqlar ham kam.

Xurram baxshi Bobotog‘ni dunyodagi eng chiroyli tog‘ deb maqtaydi. Agar sirasini aytadigan bo‘lsak, dostonlarda Bobotog‘ katta poyga payti chavandozlar oldiga ne bir to‘siqlarni ko‘ndalang qo‘ygani ta’rif etiladi. Baxshining gapiga qaraganda, Alpomishning oti Boychibor xuddi mana shu tizmadan yelib o‘tib, g‘anim otlarini chang-chungda qoldirib ketgan.

Bizni tog‘lar mahobati va undagi ranglar qiziqtirmoqda edi. Bu yerda tabitdagi istagan rangni ko‘rishingiz mumkin. Bobotog‘da burgutlar serobligini payqamay qoldik. Ular go‘yo bizdan tog‘ni qizg‘angandek, tinmay boshimiz uzra charx urardi. Nihoyat ko‘plab rivoyatlarga sabab bo‘lmish Govurganni qora tortamiz. Qiziq jihati shundaki, tog‘liklar bu manzil haqida ko‘p eshitishgan, lekin u tog‘ning qaysi puchmog‘ida joylashganini ko‘pchiligi bilishmas ekan. Tog‘ni ta’riflashdan sira charchamayotgan baxshimiz ham u tomonlarda sira bo‘lmagan ekan. Govurganga eltuvchi yo‘lni yaxshi biladigan Ismat Abdiev hamrohligida poyi-piyoda yo‘lda davom etarkanmiz, bu yumush u kishiga unchalik yoqmayotganini payqamay qolmaymiz. Nima ham derdik, axir tog‘ma-tog‘ uzoqdan-uzoq yurish kimga ham yoqardi, deysiz. Yana boradigan joyimiz g‘ij-g‘ij ilonlar makoni bo‘lsa.

Tog‘liklarning g‘alati bir odati bor, ular manzilgacha bo‘lgan masofaning qanchaligini hech aniq aytishmaydi. Ming so‘rasang-da, “Oz qoldi, yana ozgina harakat qilsak, yetamiz” deyishdan nariga o‘tishmaydi. O‘sha “oz qoldi” deyilgan masofa gohida yigirma chaqirimni tashkil etishiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Bu safar ham shunga o‘xshayapti. Bilasiz, tog‘da buncha masofani bosib o‘tishning o‘zi bo‘lmaydi. Biz yo‘limizda uchragan pistazordan so‘ng ham yana juda uzoq yurishimizni hali bilmasdik.

Bobotog‘da o‘sadigan asosiy daraxt turlaridan biri — bu pista. Ayrim manbalarda u buta, boshqa manbalarda esa daraxt deb ham yuritiladi. Biroq istagan bir pistaga boshdan-oyoq razm solar bo‘lsangiz, unda butalik siyohi yo‘q, rosmana daraxtning o‘zi. Tanasi haddan tashqari pishiq va yo‘g‘on. Yaproqlari qalin va qattiq, xuddi plastmassadan yasalganday. Pista ko‘p yillik daraxt, sakkiz yuz yilgacha umr ko‘radi. Asosan suvsiz yerlarda o‘sadi, yovvoyi holda uchraydi. Uni sun’iy ravishda ham ko‘paytirish mumkin. Bu ish Bobotog‘da ancha yillardan beri amalga oshirilib kelmoqda. Pista xuddi archalardek tog‘larni yemirilishdan saqlab, yer osti suvlari muvozanatini saqlashga katta xizmat qiladi. Tog‘dagi boshqa o‘simliklarning unib-o‘smog‘ida ham uning hissasi katta. Umuman, tabiatda hamma narsa bir-biriga uzviy ravishda bog‘liq, pista daraxti ham o‘sha tabiiy zanjirning muhim xalqalaridan birini tashkil etadi. Pista mevasi g‘oyatda to‘yimli bo‘lib, inson organizmi uchun nihoyatda foydali hisoblanadi.

Aytgancha, bu tomonga safar uyushtirish rejalashtirilayotganda, pista daraxtlariga tirmashishdan juda ehtiyot bo‘lishimiz va har bir daraxtda, albatta, bir emas, bir nechtalab ilon bo‘lishi haqida jiddiy ogohlantirilgan edik. Biroq negadir daraxt shoxlariga o‘ralib yoxud novdalar bo‘ylab o‘rmalab yurgan bironta ilonni uchratmadik.

Yuqorilaganimiz sari ko‘z o‘ngimizda yangi-yangi tog‘ manzaralari namoyon bo‘la boshladi. Biroq shuncha yo‘l bosib qo‘ygan esak-da, hali-hanuz Govurganga yetolganimiz yo‘q edi. Biz allaqachon o‘n chaqirimdan ziyod yo‘lni bosib qo‘ygandik. Baxshi bo‘lsa, Bobotog‘ haqida, uning o‘ngiriyu chuquri to‘g‘risidagi rivoyatlarni aytib charchamasdi. Anavi gazadan Alpomish ot surib o‘tgan, deydi. Bizni esa bosh-keti yo‘q afsonalar emas, Govurgan qiziqtirardi. Nechun u to‘g‘ridagi rivoyatlar bir-biridan qiziq va dahshatli? Qani endi yugurgilab borsang-da, unga birrovgina nazar solsang. Ammo tog‘da yugurgilab bo‘lmaydi. Ko‘kdagi burgutlar ham bizning qadamimizni sanayotganday, tepamizdan nari ketay demaydi. Dostonlarda aytilganday, yo‘l yurib, yo‘l yursak ham mo‘l yurib, qanchadan-qancha o‘rliklaru pistazorlarni ortda qoldirgan holda, oxiri tog‘ning archali qismiga yetib kelamiz. Govurganga yaqinlashganimiz sari ehtiyotkorlikni unutmagan ko‘yi, har bir odimni o‘ylab bosishga harakat qilamiz. Tevarak esa nihoyatda go‘zal. Archalar borgan sari quyuqlashib borardi. Archadan tashqari, zarang, uchqat, pista, bodom daraxtlari, shuningdek, turli butalar ham uchrardi.

Muyulishdan so‘ng qarshimizda qalin archazor bo‘y ko‘rsatadi. Havoda archaning o‘tkir bo‘yi anqiydi. Xuddi shu yerda yo‘lboshchimiz Ismat Abdiev xavfli bir qiyalikdan so‘ng Govurganning yuqori qismidan chiqishimizni aytadi. Tabiiy, biz undan ilonlarni so‘raymiz. Axir, biz allaqachon ularga duch kelishimiz kerak edi-ku. Shunda u kishi tevarakka ishora qilib, deydiki, uzog‘i bilan yana bir haftadan so‘ng ilonlar qisqa muddatga kuzgi oftobga toblangani chiqadilar. Shundan so‘ng to yanagi ko‘klamgacha qaytib qorasini ko‘rsatmaydi. Bahor va yozda bu tog‘u toshlar, mana bu archazorlar ilonlarga to‘lib ketadi. Hozir esa ular kavaklarga biqinib olishgan. Har kuzgi toblanish oldidan ularning kavaklarga biqinib olishi sirini, to‘g‘risi, men ham bilmayman. Balki havoning sovuqligi tufaylidir, balki boshqa biror sababi bordir, bunisi endi bizga qorong‘i. Lekin ilonlar kuzgi oftobga bir toblanmasdan turib, qish uyqusiga ketmaydi. Ularni ko‘rish uchun yo sal ertaroq kelish kerak, yoki bir necha kun qolib kutish kerak. Ana o‘shanda ilonlarning har tomondan o‘rmalab chiqishini ko‘rasizlar. Biz xavfli qiyalik tomon ilgarilaymiz. Qiyalikdan narisi Govurgan. Qiziq, u qanaqa joy, qanaqa manzil ekan? Qiziqishimizning chegi-chegarasi yo‘q edi.

Tog‘da ko‘p hollarda o‘ta qaltis qiyaliklardan yurishga to‘g‘ri keladi. Faqat tiyg‘anib ketishdan ehtiyot bo‘lish lozim. Agar sal tiyg‘ansangiz, quyiga koptokdek dumalab ketishingiz hech gap emas. Qiyalikdan o‘tishimiz bilan ko‘plab rivoyat va afsonalarga sabab bo‘lmish Govurgan bor holicha namoyon bo‘ladi. Ana, u qalin g‘ubor ostida sirli va sokin holda mudrab yotibdi. Govurgan, keksalar ta’biri bilan aytganda, Bobotog‘ning eng sir-sinoatga to‘la, odam bolasining borishi qiyin bo‘lgan o‘ta nobop hududidir. Qarang, tog‘lar paydo bo‘lishi jarayonida bu yerda o‘ta kuchli portlash yuz bergandek, toshlar va qoyalar g‘alati holda qalashib-qorishib yotibdi. Qoyatoshlar zamin bag‘ridan qaynab-toshib chiqqandek go‘yo.

Ilonlar so‘nggi ko‘chishida ayni mana shu maskanni tanlagan ekan. Rivoyatda aytilishicha, ilonlar bu tomonga Yaratganning amri bilan ko‘chirilgan ekan. Boisi, qadimda Govurganning qoq markazida bir qavm yashagan bo‘lib, ular ko‘p axloqsiz ishlarga yo‘l qo‘yib, tog‘dagi parrandayu darrandalarni ayovsiz qira boshlabdi. Shunda Yaratganning qahri kelib, ular ustiga ilonlarni yuborgan ekan. Ilonlar tomonidan mahv etilgan o‘sha qavmdan qolgan qo‘rg‘on qoldig‘i haligacha mavjud emish.

Qo‘rg‘on qoldig‘i haqidagi gapni yo‘lboshchimiz ham tasdiqladi. Uni bir paytlar o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini e’tirof etarkan, bizni u tomonga boshlab borishdan qat’iy bosh tortdi. Dediki, adashib ketsak, qaytib chiqishimiz juda qiyin kechadi. Govurgan hududiga maxsus hozirliksiz tushish hamisha og‘ir oqibatlarga olib kelgan. Adashib ketgan bir ovchi to‘rt kun deganda zo‘rg‘a yo‘l topib chiqqan. Nega deganda, bu tog‘ning tabiati o‘ta g‘alati, qandaydir makr bor bu yerda. Esi bor odam bu nobop joydan uzoqroq yuradi.

Ulkan maydonda yastanib yotgan bu sirli manzilning har bir puchmog‘ini xotiramizga mixlab qolishga harakat qilamiz. Govurgandagi qoyalar burgutlar ini ekan. Ular bemalol uchib-qo‘nib yuribdi.

Bu orada kun bo‘yi bizga hamrohlik qilgan quyosh tog‘lar ortiga yashirina boshladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 26-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.