OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Sahro dengizi (2010)

Tong chog‘i qarshimizda yuz ochgan To‘dako‘lni sahro dengizi deganicha bor ekan. U bamisoli ummondek mahobatli bir tarzda yastanib, chayqalib yotardi. Shuncha tikilsak-da, uning narigi qirg‘og‘ini ko‘z ilg‘amasdi.

Ko‘ldan sho‘rtangtob suv hidi, sohilidan esa sahro nafasi ufurib turgandek tuyuladi. Aslida ham bu ulkan ko‘lni sahro kengligi o‘rab turardi. Shuning uchun ham uning qirg‘oqlari sahro o‘simliklari bilan bezangan. Bu yerda yulg‘un va boshqa turdagi sahro tabiatiga mos ko‘plab o‘simliklarni uchratish mumkin.

Uzoq-uzoqdan qushlar ovozi keladi. Barcha ko‘llardagi kabi bu ko‘lda ham turli qushlar o‘ta gavjum. Darvoqe, qushlarning bu qadar serobligi bejiz emas, ko‘l va uning tevarak hududi qonun bilan muhofazalangan. Bu yerning yovvoyi tabiati bor holicha asrab qolinmay, balki o‘sha yovvoyi olamning boqiyligi va bus-butunligini yanada mustahkamlash yo‘lida doimiy ravishda g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Cho‘lliklarda qiziq bir gap bor, deyishadiki, o‘simliklarni asrasang — qushlarni asragan bo‘lasan, qushlarni asrasang — ko‘lni asragan bo‘lasan, agar hammasini asrasang — butun olamni asragan bo‘lasan. Jo‘ngina, lekin purma’no hikmat.

Ekspeditsiya ko‘lga chiqish uchun qayiqlarning qirg‘oqqa qaytishini kuta boshlaydi. Biroq ratsiya orqali chaqirtirilgan qayiqlar ko‘lning ko‘z ilg‘amas kengliklari bo‘ylab sochilib ketgani bois, ularning sohilga qaytishini kutishimizga to‘g‘ri keldi. Axir, ko‘lning kengligi chakana emas-da. Tushlik hozirlash uchun kimdir o‘choq kavlab qozon osadi, kimdir sabzi-piyoz archiydi. Ekspeditsiyada bu xil ishlar odatiy hol. Lekin qo‘limiz ishda bo‘lsa-da, ko‘l tomondan motor ovozi eshitilyaptimi, yo‘qmi deya, hammaning qulog‘i ding. Havo aynimasdan burun ko‘lga chiqishni o‘ylaymiz. Havo buzilsa, ko‘lga yaqinlashib bo‘lmas ekan. Uning avzoyi esa ertalabdanoq yaxshilikdan darak bermasdi.

Qayiqlar qirg‘oqqa yetib kelishi bilan ular tomon oshiqamiz, havo tobora aynimoqda edi. Bamisoli dengizday chayqalayotgan ko‘l bo‘ylab shitobla suza boshlaymiz. Ko‘lning qaysi bir qirg‘oqqa yaqin burchiga to‘r tashlagan baliqchilarning ish jarayonini, ayni chog‘da, ko‘lni ko‘zdan kechirish niyatida olg‘a suzardik.

Havo aynigan paytda suzish haqiqatdan xavfli, shekilli, qayiqni boshqarib borayotgan yigit ratsiya orqali tinmay ob-havoni surishtirib turardi.

Yurtimiz xaritasidan To‘dako‘l nomi bilan o‘rin olgan bu suv havzasi O‘rtacho‘l kanali orqali Zarafshon daryosining ortiqcha suvlarini o‘zida jamlaydi. To‘liq hajmi 800 million kubmetr, suv yuzasining maydoni esa 17,5 kvadrat kilometr. Agar buni gektarga aylantiradigan bo‘lsak, u 24 ming gektarni tashkil etib, qisqichbaqali ko‘l — Sho‘rko‘ldan deyarli besh baravar katta. Ko‘lning bo‘yi 48, eni esa 24 kilometrdan ortiq. Biz o‘sha kuni To‘dako‘l bo‘ylab 84 kilometrdan ziyod masofani suzib o‘tishimizga to‘g‘ri kelishini ayni damda hatto xayolimizga ham keltirmasdik. Hozircha sezganimiz shu bo‘ldiki, tabiatda eng yumshoq massa hisoblangan suv shamol paytida qayiqda suzgan odamga eng qattiq jismday bo‘lib tuyularkan. Qayiq tumshug‘i har ko‘tarilib suvga urilganida, suvning zarbidan og‘irroq narsa yo‘qligini butun vujudingiz bilan his eta borasiz.

Ko‘l maydoni shu qadar keng ediki, baliqchilar guruhi ayni vaqtda qaerdaligi ratsiya orqali bazo‘r aniqlandi. Nihoyat, uzoqdan baliqchilarning qayiqlari ko‘rindi. Ular narigi sohil yaqinidagi suvga to‘r tashlashgan ekan. Biz borgan paytda baliqchilar to‘rni suvdan torta boshlashdi. Markazda bir qayiq, to‘rning ikki boshida esa baliqchilar tushgan yana bir necha qayiq. Bu ham o‘ziga xos og‘ir va murakkab mehnat ekan. Baliqchilar oshiqmasdan to‘rni suvdan tortishar ekan, baliqlardan birini qayiqqa, xuddi shunday kattalikda boshqasini esa negadir suvga itqitishardi. Qiziq, ular nima uchun bunday qilishyapti?

Keyin bilsak, ko‘lda mavjud baliq turlari orasida o‘txo‘r baliqlar qatori tirik mavjudotlar bilan oziqlanuvchi yirtqich baliqlar ham serob ekan. Baliqchilar o‘sha yirtqich baliqlarni o‘lja sifatida qayiqqa tashlab, qolganlarini esa, o‘sib-unsin va yiriklashsin, deya qayta suvga itqitishar ekan. Ikkinchidan esa, to‘rga tushgan yirtqich baliqlar, jabrasining uzunligi tufayli, to‘rdan keyin yashab ketishi qiyin ekan Jabrasi o‘zgacharoq joylashgan o‘txo‘r baliqlar suvga qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham bemalol o‘zini tutib ketaverarkan. Xullas, baliqchilar yirtqich baliqlarni kamaytirish evaziga ham boshqa turdagi baliqlarning ko‘payishiga zamin hozirlarkan.

Oltinrang baliq ko‘lning asosiy baliq turlaridan biri hisoblanadi. Bu turdagi baliqlar ham tabiiy, ham sun’iy tarzda muntazam ko‘paytirib kelinadi. Qisqacha aytganda, baliq faqat ovlanmaydi, balki u undiriladi ham. Agar o‘xshatish joiz bo‘lsa, ko‘l — bu baliqchilar jamoasi uchun dehqonning dalasidek bir gap, qaerida nima bor, qaerini o‘t bosdiyu qaeridan nam qochdi, barini ko‘rib-bilib turishadi va shunga qarab ish tutishadi. Baliqchilar tili bilan aytganda, biz hosil yig‘ilayotgan paytda kelibmiz. Biroq yilning bu mavsumida bamisoli dengizdek chayqalib turgan ko‘lning kutilmaganda fe’li aynib, qaysarligi juda ortadi. Agar shu tobda kuchliroq shamol turib bersa bormi — tamom, baliq to‘rda, to‘r esa suvda qolib ketaveradi.

Baliq ovlash shunchaki ishqibozlik emas, balki kimlar uchundir u chinakam zahmatli mehnat ekan. Bu orada havo tobora aynimoqda edi. Ekspeditsiya oldida hali qilinishi lozim bo‘lgan yana bir talay ishlar ko‘ndalang turardi. Shulardan biri ko‘l tabiatida muhim o‘rin tutuvchi turli-tuman qushlar olami edi. Ekspeditsiya ularni yaqindan kuzatish va tasvirga olish maqsadida ko‘l bo‘ylab yelishda davom etadi. Ko‘l yuzida emin-erkin uchib-qo‘nib yurgan bu qushlarning ayrimlari o‘troq, aksariyati esa vaqt qanotiga ilashib, fasllarning ilishi va sovushiga qarab makonlarini o‘zgartirib turuvchi o‘tar qushlardir. Agar bu qushlarning ko‘l tabiatida tutgan o‘rniga ilmiy nuqtai nazardan yondashsangiz, ayon bo‘ladiki, bu qanotli jonivorlar doimiy ravishda ko‘lni o‘laksa va zaiflashgan jonzotlardan tozalab, uning orastaligiga ulkan hissa qo‘shib keladi. Ona tabiatimizni qushlarsiz aslo tasavvur etib bo‘lmaydi. Ammo ularning mavjudligiga ruhiy va hissiy dunyoqarash orqali nazar solsangiz, ko‘z o‘ngingizda o‘zga bir manzara, ya’nikim yurt tinchligi va osmon musaffoligini o‘z bag‘riga chirmagan go‘zal bir qo‘shiq bo‘y ko‘rsatib, ohang tarata boshlaganini sezasiz. Bu o‘lan momolarimiz tomonidan ming yillar davomida kuylab kelinadi. Unda qush tilidan shunday deyiladi:

Yer bovurlab uchaman,
Osmon bovurlab uchaman,
Qayda tinchlik,
Qayda osoyishtalik,
O‘sha yerda qo‘nim topaman.
Yerni mahkam quchaman,
Ko‘k yuzini o‘paman,
Qayda ko‘l,
Qayda daryo,
O‘sha yerni manzil tutaman.
Yerni siypab uchaman,
Ko‘kni silab uchaman,
Qayda g‘avg‘o,
Qayda notinchlik,
U yerdan men qochaman.
Yer aylanib uchaman,
Ko‘k aylanib uchaman,
Qaydaki ko‘lda qush bo‘lsa,
U elni tinch deb bilaman...

O‘landan shu ma’no anglashilayaptiki, osmoni tinch yurtning ko‘li qushga serob bo‘larkan! Momolarimiz falsafasining oddiy va ulug‘ligini qarang! Tasvirga olish jarayonida qushlar tinchligiga daxl qilmaslikka tirishamiz. O‘sha kuni ko‘l bo‘ylab uzoq suzib, sohilga yerni sog‘inib qaytamiz. Oyog‘imiz qattiq zaminga tekkach esa, yer tafti qatori, uning ulug‘vor mehrini ham his qilgandek bo‘lamiz!

Ekspeditsiyaning tuni ko‘pincha gulxan tevaragida kechadi. Shu tun ko‘l bo‘yida qolamiz. Shu niyatda qozon osamiz. Baliqchilarning hangomalari qatori, sovuq tunda ulkan va yirik baliqlarning suvni shaloplatishlarini eshitib yotamiz. Ertasi ekspeditsiya belgilangan rejaga ko‘ra, Navbahor tumani hududida joylashgan qadim tutlarni qoralab yo‘lga tushadi. Avvalgi ekspeditsiyalar davomida ming yillik ko‘hna chinor va boshqa turdagi daraxtlarga bir necha bor duch kelganmiz. Navbahor tumanidagi tutlar esa o‘zining o‘ta qadimiyligi bilan safar boshidayoq bizni juda qiziqtirib qo‘ygandi. Mana o‘sha tut daraxtlari! Ular bir emas, uchta. Oraliq masofa esa deyarli bir xil. Bundan shu narsa anglashiladiki, tutlar tabiiy ravishda o‘sib-unmagan, balki o‘z vaqtida ma’lum bir reja asosida ekilgan va undirilgan. Xo‘sh, o‘ta keksaligi tanasidanoq ko‘rinib turgan bu qadim daraxtlarning yoshi nechada? Nahotki, bu tutlarning yoshi o‘n besh asr nariga borib tutashsa? Axir bu bir yarim ming yil degani-ku! Bu haqiqatmi, yo rivoyatlarga yo‘g‘rilgan shunchaki go‘zal bir taxminmi? Azal-azaldan ma’lumki, bu yorug‘ olamda hech bir narsa sababsiz yuzaga kelmaydi. O‘zicha bo‘y cho‘zib, o‘zicha qad rostlamaydi. Jumladan, mazkur tut daraxtlarining mavjudligi, aniqrog‘i, qadimiyligining o‘ziyoq makon va zamon haqida nimadir aytib, nimanidir anglatganday bo‘ladi.

Qadim karvon yo‘lida qad rostlab turgan tutlarga zimdan boqarkanmiz, uning yaproqlari shivirida o‘tmishda mashriqdan mag‘ribga, mag‘ribdan mashriqqacha uzluksiz qatnab turgan karvonlar shovurini, ular qo‘ng‘iroqlarining sasini tuyganday bo‘lamiz. Ongu shuurimizda aks etgan bu sado bizni qadim karvon yo‘li bo‘ylab yurishga undaydi va Raboti Malik, ya’ni Shoh raboti bilan yuzlashmog‘imizga sabab bo‘ladi.

Taxminan 1069-1079 yillarda qadim Buxoro va Samarqand yo‘lining Cho‘li Malikdagi yirik savdo bekatida bunyod etilgan Raboti Malik, ya’ni Shoh raboti. U O‘rta Osiyodagi eng ko‘hna me’moriy yodgorliklardan biri hisoblanadi. Afsuski, bizning davrimizgacha bu katta karvonsaroyning peshtoq qismigina saqlanib qolgan. Uning o‘tgan asrgacha qad rostlab turgan janubiy minorasi 1930 yilga kelib butunlay zavolga yuz tutgan. Bu yodgorlik o‘z vaqtida karvonsaroygina bo‘lib qolmasdan, harbiy istehkom, qo‘rg‘on sifatida ham muhim rol o‘ynagan.

Rabot katta keng hovli va atrofi o‘ralgan ikki qavatli xona-hujralardan iborat bo‘lib, tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, ularga sopol quvurlar orqali suv o‘tkazilgan. Markaziy qismi to‘rida, muhtasham saroy bo‘lib, unga janubdagi peshtoqli darvoza orqali kirilgan. Rabot devorlarining o‘zagi xom g‘ishtdan, sirti esa pishiq g‘ishtdan ishlangan. Rabotning peshtoq qismi balandligi 18, eni 12 metr bo‘lib, yuzasi sakkiz qirrali yulduzlar hamda turli handasiy shakllar bilan bezalgan. Qisqasi, bu manzilda ne-ne karvonlar to‘xtab o‘tmagan deysiz. Agar tasavvurga ozgina erk berar bo‘lsangiz, o‘tmish o‘zining oq va qora ranglari bilan bor holicha ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi.

Rabot yaqinida esa, XIV asrga oid yana bir tarixiy yodgorlik — Sardoba joylashgan. Sardoba deganlari suv tanqis hududlarda uni to‘plash va saqlash uchun maxsus qurilgan gumbazli hovuzdir. U asosan O‘rta Osiyo va boshqa Sharq mamlakatlarida qurilgan. Sardobaning devori tsilindr shaklida, diametri 12-13 metr, chuqurligi 10-15 metr, hovuz yuzasi esa yer sathi bilan bir tekis bo‘lgan. Uning gumbazi o‘ta sifatli pishiq g‘isht va ganchdan ishlangan. Sardobalar geografik joylashuvi, joyning tabiati, relefiga ko‘ra, bir necha xil, ya’ni qor va yomg‘ir suvlari, anhor va ariq suvlari, yer osti suvlari yig‘iladigan usti yopiq hovuzlar bo‘lgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Movarounnahrda ularning soni 44 ta bo‘lgan. 29 tasi Qarshi cho‘lida, uchtasi Mirzacho‘lda, yana uchtasi Toshkent bilan Farg‘ona o‘rtasidagi savdo yo‘lida, bittasi esa Karmana yaqinidagi, XIV asrga tegishli mana shu Sardobadir. Sardoba so‘zining lug‘aviy ma’nosiga keladigan bo‘lsak, sard — sovuq, ob — suv, ya’ni u “sovuq suv” degan ma’noni anglatadi.

Ekspeditsiyamiz o‘sha kuni yo‘l-yo‘lakay Navoiy viloyatida yagona hisoblanmish minora va unga baqamti qad rostlagan Toshmasjidda to‘xtamasdan o‘tolmadi. Qiziltepa tumani hududida joylashgan bu obidalar monumental me’moriy yodgorlik bo‘lib, 1581-1586 yillarda bunyod etilgan. Yodgorlik nomiga kelsak, masjid hovlisi sahniga maxsus qayroqtosh terilgan bois, u Toshmasjid deb yuritib kelinadi. Bu yodgorlik ham boshqa tarixiy obidalar kabi necha bor zavol yuzini ko‘rmagan deysiz. U mustaqillik yillaridagina o‘zining haqiqiy shaklu shamoyilini qayta tiklagan yodgorliklar sirasiga kiradi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 16-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.