Ilk tanishuv
Ming to‘qqiz yuz yetmish to‘rtinchi yilning may oyi oxirlari edi o‘shanda. Men Qo‘qon davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti fakultetining IV bosqichini tugallash arafasida edim. Amakim — talabalarga fors tili, o‘zbek adabiyoti tarixi va eski o‘zbek yozuvidan saboq beruvchi adabiyotshunos olim Lutfullaxon Zohidov meni yoniga chaqirdi-da:
— Charxiy domlani bilasan-a? — dedi kulimsirab.
— Bilaman, u kishini hamma taniydi-ku, — dedim.
— Xo‘p yaxshi, bo‘lmasa gap bunday, — dedi amakim muddaoga o‘tib. — Tunov kuni domla mendan “Arab imlosiga tishi o‘tadigan talabalardan birortasini muzeyga yuborsangiz”, deb iltimos qilib qoldi. Sababi domlaning hamma qo‘lyozmalari eski o‘zbek yozuvida. Shularni kirilchaga o‘girish lozim. Menimcha, domla nashriyotga yangi kitob tayyorlayotgan bo‘lsa kerak. Arab imlosidan savoding durust. U kishiga yordam berish kerak. Eplaysan-a?
— Bilmadim, — dedim hayajonlanib. — Domlaning qo‘lyozmalarini ko‘rmay turib...
— Sen shu bugunoq muzeyga borib u kishiga uchra, — deya amakim so‘zini qisqa qildi.
O‘sha kuni darsdan chiqib Charxiy domla ilmiy xodim bo‘lib ishlaydigan Muqimiy muzeyiga yo‘l olarkanman qalbimni quvonchu, hayajon bilan birga biroz hadik, tashvish chulg‘ab olgandi. “Domlaning qo‘lyozmalariga tishim o‘tmasa-ya. Sharmanda bo‘lsam-a!”
Shunday o‘y-xayollar bilan soat uchlarga yaqin muzeyga yetib keldim. Hovliga qadam qo‘yib, pillapoyadan yuqoriga ko‘tarildim-da, u kishi o‘tiradigan xona eshigini ohista ochdim. Domla to‘rdagi stulda o‘tirib, qandaydir qo‘lyozmani ko‘zdan kechirayotgan ekan.
— Assalomu alaykum, — dedim ichkariga bir qadam qo‘yib.
— Vaalaykum assalom, — domla muloyimlik bilan qaradi. — Keling, o‘g‘lim.
Men u kishi bilan qo‘sh qo‘llab so‘rashgach, nima deyishimni bilmay bir lahza turib qoldim.
— Qani, marhamat, — dovdirab qolganimni sezgan domla yonlaridagi o‘rindiqlardan biriga ishora qildi. — O‘tiring.
— Men institutdan kelgan edim, — dedim o‘zimni biroz bosib olgach. — Haligi... amakim yuborgandilar.
— Amakingiz kim? — so‘radi domla mayin tabassum bilan.
— Lutfullaxon.
— Ie, siz Lutfullaxonning jiyanlari bo‘lasizmi? — Domlaning chehrasi yorishib ketdi. — Men u kishidan talabalardan birortasini yuboring, deb iltimos qilgandim. Ko‘p yaxshi. Bo‘lmasa gap bunday.
Charxiy domla biroz o‘ylanib turdi-da, stol ustida turgan qog‘ozlar orasidan birini olib menga uzatdi.
— Mana, bunga bir ko‘z yugurtirib, keyin kirill harfida ko‘chiring. O‘qishga qiynalgan joyingiz chiqsa, tortinmay so‘rang.
Sarg‘imtirroq qog‘ozdagi g‘azal husnixat bilan bitilgan edi. Domladan yordam so‘rashga hojat qolmadi. O‘n-o‘n besh daqiqada kirill harfiga o‘girib bo‘ldim.
— Ofarin, — dedi domla yozganlarimni ko‘zdan kechirgach. — Juda yaxshi. Lutfullaxon aytgan bo‘lsalar kerak. Endi bundan keyin darsdan keyin kelib menga yordam berib turasiz-da. Ma’qulmi?
— Xo‘p bo‘ladi, domla. — Shunday degach biroz dadillanib qo‘shimcha qildim. — Yaqinda o‘qishimiz tugaydi. Kanikulga chiqamiz. O‘shanda ertalabdan kelsam ham bo‘laveradi.
— Unda nur ustiga nur, — dedilar domla mamnun bo‘lib. — Rahmat o‘g‘lim. Meni juda xursand qildingiz...
Bir qoshiq qonimdan keching
Institutda o‘qish tugab, yozgi ta’til boshlangan kunlar edi. Shu bois kunda kunora Muqimiy muzeyiga borishni odat qildim. U yerda bo‘lish, Charxiy domla bilan “ishlash” men uchun nihoyatda maroqli edi. Boz ustiga bu dargohga domlani yo‘qlab shahar va atrof tumanlardan obro‘li, mo‘‘tabar insonlar tez-tez kelib turishardi. Men bir piyola choy ustida ular qurgan suhbatga quloq tutib maza qilardim.
Bir kuni mehmonlar bilan bo‘lib qo‘lyozmalarni ko‘chirishga ulgurmadim.
— Domla, — dedim yozganlarimni u kishiga ko‘rsatib. — Mana bu ikkita g‘azalni o‘girishga ulgurmadim. Mayli, desangiz uyda ko‘chirib, ertaga olib kelaman.
— Ma’qul, — dedi u kishi rozi bo‘lib.
Velosipedimda o‘n-o‘n besh daqiqa yo‘l bosib uyga keldim. Xonamga kirib ne ko‘z bilan qarayki, qo‘lyozma varaq yo‘q. Yo‘lda qog‘ozlar tushib qolibdi. O‘zimni qo‘ygani joy topolmayman endi. “Domlaga nima deyman? Yo‘qotib qo‘ydim, yo‘lda tushirib qo‘yibman, desam ishonarmikin?” O‘sha kuni allamahalgacha uyqum kelmadi. Bu ko‘ngilsiz voqeaning meni tashvishga solgan yana bir tomoni shunda ediki, o‘zim ham gohi-gohida she’r mashq qilib turardim. Charxiy domlaning ham bundan xabari bor. Shu bois “bu yigitcha balki yo‘l qilayotgandir, keyinchalik g‘azalni o‘zining nomidan e’lon qildirmoqchimikan”, degan xayolga borsa-ya, degan o‘y meni iztirobga solardi.
Xullas, o‘shandan keyin ikki kun muzeyga bormadim. Uchinchi kuni o‘ylay-o‘ylay “Egilgan boshni qilich kesmas” dedimu, domlaning huzuriga yo‘lini oldim.
— Ha, “progul” qilib qoldingiz, — dedi u kishi hazil-mutoyiba ohangida.
— Domla, — dedim qo‘l qovushtirib. — Mening bir qoshiq qonimdan kechsangiz...
— Ie, tinchlikmi? — domla hayron bo‘lib qaradi.
Men tutila-tutila bo‘lgan voqeani gapirib berdim.
U kishi bir lahza tikilib qoldi-da, keyin birdan kulib yubordi.
— Shuning uchun kelolmay yurgandim, deng? Mayli, mayli, xijolat bo‘lmang, kechdim.
O‘shandan keyin Charxiy domla gohida u kishini yo‘qlab kelgan birodarlariga qo‘lyozma voqeasini kula-kula gapirib, “Nosirjonning bir qoshiq qonidan kechganman”, deb qo‘yardi.
Darmondori
O‘zgi ta’til tugab, institutda yana o‘qishlar boshlandi. Lekin men haftada bir yoki ikki marotaba muzeyga borib turardim. Xullas, kuz, qish, bahor o‘tib yana yoz keldi. Institutni tamomlashimizga sanoqli kunlar qoldi. Men bir-ikki yil bahavo qishloqlardagi maktablarning birida o‘qituvchilik qilishni niyat qilgan edim.
Bir kuni domlaning huzurlariga borsam, u kishi:
— Muzeyimizga kichik ilmiy xodimlikka bitta shtat berishdi. O‘zingizga o‘xshagan, shu yerda ishlash istagi bor do‘stlaringizdan bo‘lsa yaxshi bo‘lardi, — deb qoldi. Shunda “lop” etib kursdoshim, yaqin do‘stim Usmonjon yodimga keldi.
— Ganjiravonlik bir o‘rtog‘im bor, — dedim xursand bo‘lib. — Arab imlosiga judayam puxta. Ertaga birga olib kelaman.
Ertasi kuni muzeyga do‘stim bilan birga keldik. Usmonjon Charxiy domlaga juda ma’qul bo‘ldi.
Xullas, o‘sha yili men yo‘llanma bilan Farg‘ona tumaniga ketdim. Do‘stim Muqimiy muzeyida qoldi. Oradan ikki yil o‘tdi. Armiyani tugatib Dang‘ara tumani gazetasida ishlay boshladim. Lekin o‘sha yillari gohi-gohida domlaning huzurlariga borib turishni kanda qilmasdim.
Bir kuni Nursux qishlog‘idan shoirni yo‘qlab uch-to‘rt birodarlari kelib qolishdi. Darrov choy qo‘yib, dasturxon yozdik.
— Domla, — dedi mehmonlardan biri bir-ikki piyoladan choy ichishgach. — O‘tgan hafta ataylab mashina jo‘natsak ham borolmadingiz.
— Keyingi paytda gohi-gohida qon bosimim oshib turibdi, o‘sha kuniyam shunday bo‘luvdi, uzr, — dedi domla. — Yana biror kun fursat bo‘lib qolar.
— Men sizga bir dori olib keldim, — dedi mehmon hamrohlari bilan ko‘z urishtirib olgach. — Tabib berib yubordi.
U shunday degach, ikki litrli idishga quyilgan “dori”ni qog‘oz xaltadan olib stol ustiga qo‘ydi.
— Mana shundan ikki mahal, ovqatdan oldin katta yog‘och qoshiqda to‘rt qoshiqdan ichasiz. Buning oti “darmondori”.
Usmonjon ikkimiz idishdagi to‘q qizil rangli “dori”ga shubha bilan qarab qo‘ydik. Buni sezgan mehmon bizga “indamanglar”, degandek ko‘z qisib qo‘ydi. Shunda biz bu “darmondori” Nursuxning musallasi ekanini sezib, kulgidan o‘zimizni zo‘rg‘a tiydik.
Domla tabiatan nihoyatda sodda, ishonuvchan edilar.
— Shunaqami, — dedi “dori”ni qo‘llariga olib aylantirib ko‘rarkan. — Mayli, buniyam bir ichib ko‘raylik-chi.
Oradan bir hafta o‘tgach, shanba kuni Chorsuda tasodifan Usmonjonni uchratib qoldim.
— Ertaga soat to‘qqiz-o‘nlarda domlaning uylariga o‘ting, — dedi u salom-alikdan keyin. — Ikki-uch kun orasida Toshkentdan mehmonlar kelib qolishi mumkin ekan. Hovlini biroz tartibga keltirib qo‘yish kerak, degandilar.
— Ma’qul, — bajonidil rozi bo‘ldim men.
Ertasi kuni soat birga qolmay hovlidagi yumushlarni bajarib bo‘ldik. Domlaning ahli ayollari tushlikka osh damladi. Palov suzilib dasturxonga qo‘yilgach, domla ichkari kirib yarimlab qolgan “darmondori”ni olib chiqdi. Keyin “tabib” buyurgandek piyolaga to‘rt qoshiq to‘ldirib quydi.
— Dori degani odatda bir qoshiqdan ichilardi, — dedi ayollari choy keltirib yonimizga qo‘yarkan bizga qarab. — O‘lsinakan, to‘rt qoshiqdan ichilsa.
Domla piyoladagi “dori”dan ichib, bir osham palovdan olgach, yangamizga qarab dedi:
— Qoidasi shunaqa ekan-da. Sen bilasanmi, tabib biladimi? — Keyin bizga qarab qo‘shimcha qildi. — Shuni ichganimdan keyin nazarimda biroz tetikdayman.
Ichkilik ichmaydigan domlaning soddaliklaridan kulib yubormaslik uchun Usmon ikkimiz labimizni tishladik.
Charxi davvorni ham aylandik
Ming to‘qqiz yuz yetmish to‘qqizinchi yilning kuzida domla insult bo‘lib qoldi. Biz, Usmonjon ikkalamiz u kishidan tez-tez xabar olib turardik. Oktyabr oyining oxirlari edi nazarimda. Choshgohga yaqin Charxiy domlaning uylariga bordik. Jussalari kichik bo‘lgan shoir dard tortib, yanada kichraygan, yosh boladek bo‘lib qolgandi.
O‘nida besh-o‘n daqiqa o‘tirganimizdan keyin domla sekin, past ovozda dedi:
— Meni tashqariga, so‘riga chiqaringlar.
Biz yengilgina bo‘lib qolgan shoirni ko‘tarib, beozorlik bilan so‘riga to‘shalgan ko‘rpachaga o‘tqazdik. O‘sha kuni havo ochiq, iliqqina edi. Domla osmonga bir muddat tikilib turdi-da boshini Usmonjon tomonga xiyol burib dedi:
— Sizdan iltimos, hovlini bir aylantiring.
— Xo‘p bo‘ladi.
Usmonjon ustozni yosh boladek avaylab opichlab, gulzor oldiga olib bordi. Domla gullarni, ayniqsa, qizil atirgulni judayam yaxshi ko‘rardi. U kishi so‘nggi marta ochilgan gullarga uzoq termuldi.
Usmonjon domlani yana bir bor hovlini aylantirgach, so‘riga olib kelib yotqizdi.
— Rahmat, umringiz uzoq bo‘lsin. — Domla duo qildi. Keyin xiyol tabassum bilan “Mana, charxi davvorni ham aylandik”, dedi. Men ustozning bu so‘zlarini “mana, umr poyoniga yetdi”, degan ma’noda tushunib yuragim zirqiradi.
Oradan ko‘p o‘tmay xokisor, kamtar, butun umrini halolu poklik bilan o‘tkazgan mo‘‘tabar zot, atoqli shoir foniy dunyoni tark etdi.
Bizning Mavlono Muqimiyning sobiq izdoshi Charxiy domla bilan oxirgi uchrashuvimiz shu bo‘ldi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 51-sonidan olindi.