OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurboy Jabborov. Nurli istiqbol umidi (2009)

O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyotini Zokirjon Furqat ijodiy merosidan ayri tasavvur etish mahol. Binobarin, XIX asr ikkinchi yarmida milliy o‘zlikni anglash, istibdodga isyon, erk va ozodlik g‘oyalari dastlab uning asarlarida bo‘y ko‘rsatdi. Shoir yurtning “kuffor bandi ichra sonsiz tugunda qolgan”idan, “oxiru-l-amr hukumat gulshani xazon bo‘lib, bulbullar o‘rnini zog‘lar egallagan”idan iztirob chekdi, buning boisi “siyosati Rus” ekanini baralla aytishga jasorat topdi. Vatan va millat boshiga kelgan bu og‘ir musibatga muolaja izladi. “Hamani emdi ko‘z tutgoni bir Sohibqiron bo‘ldi”, deya umid va najotni istibdod girdobidan olib chiqishga qodir yo‘lboshchining tarix sahnasiga chiqishida ko‘rdi. Millatning boshiga davlat humosi qaytajagiga ishondi.

Faqat bugina emas. Shoir o‘zi mansub xalqning zamona ahvolidan ogoh bo‘lmog‘ini, jaholat uyqusidan uyg‘onmog‘ini, ma’rifatdan bahra olmog‘oni orzuladi. Rusiya gimnaziyasi haqida she’r yozar ekan, millat bolalarining shu singari zamonaviy ta’lim maskanlarida o‘qishini istadi. Vistavkani, teatrni vasf etar ekan, shunday madaniy hodisalarsiz taraqqiy etish imkonsiz ekanini angladi va anglatmoqqa urindi. Rusiyaning o‘sha davrdagi fan-texnika sohasidagi yutuqlarini targ‘ib etar ekan, ularga “o‘z naf’imiz uchun mulohaza qilsoq lozim”ligiga urg‘u berdi. Aniqroq aytganda, har bir ishda Vatan va millat manfaatini ustuvor bildi.

Furqat milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotida “ko‘p va xo‘b” ijod qilgani bilan alohida ajralib turuvchi siymolaridan. Mumtoz she’riyatning deyarli barcha janrlariga mansub qariyb o‘n ikki ming misrali nazmiy merosi, “Ahvolot”, “Qavoidi Chin va umuroti siyosiy” singari salmoqli nasriy asarlari, ijtimoiy-siyosiy mavzudagi publitsistik maqolalari buning dalilidir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan dastxatlari Furqatning mohir xattot ham bo‘lganini ko‘rsatadi. “Zubdatu-l-hukamo” (“Hakimlarning sarasi”), deya shuhrat qozongani uning faoliyati nechog‘li serqirra ekanini, tabobatda ham kamolga erishganini tasdiqlaydi.

Furqat hayoti va ijodining eng samarali o‘n sakkiz yili xorijda kechdi. Uning chet ellarga safari sanalarini eng so‘nggi ilmiy izlanishlar asosida quyidagicha belgilash mumkin: Turkiya — Yunoniston safari 1891 yil sentyabrdan 1892 yil 24 fevralgacha, arab mamlakatlariga safari 1892 yil 24 fevralidan shu yil avgustigacha, Hindiston — Tibet safari 1892 yil avgustidan 1893 yil sentyabriga qadar davom etgan. 1893 yil sentyabrida u Yorkentga boradi va umrining oxiriga qadar bu shaharda turg‘un bo‘lib qoladi.

Shoirning xorijga ketish va yurtga qayta olmaslik sabablari shu paytgacha turlicha talqin etilgan. Bu haqda hech qanday asossiz, hujjat-dalilsiz har xil taxminu gumonlar ham bildirilgan. Arxiv hujjatlari va mavjud manbalar tadqiqi Furqatning chet ellarga ketishining ikki sababi bo‘lganini ko‘rsatadi: 1) shoirning chor Rossiyasi mustamlaka siyosatini ochiqdan-ochiq qoralab asarlar yozgani; 2) Furqat ma’rifatparvarlik faoliyatining Vatan va millat manfaatlariga asoslangani.

Furqat “Begim” radifli g‘azali, “Bo‘ldi” radifli muxammasi, “Munojoti musaddas” va boshqa asarlarida Rusiya istibdodini ochiqdan-ochiq qoraladi. Uning insoniylikka zid mohiyatini fosh etdi. “Bo‘ldi” radifli muxammasidan olingan quyidagi iqtibos buning isbotidir:

Yumub ko‘zni, qadamni mardlar sori adam qo‘ydi,
Vafosiz dahr alarni jonig‘a toki alam qo‘ydi,
Ajal farzandi odamni jahonmulkida kam qo‘ydi,
Mingu uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi,
Hamani emdi ko‘z tutgoni bir sohibqiron bo‘ldi.        

“Yumub ko‘zni qadamni mardlar sori adam qo‘ydi”. Adam — yo‘qlik, demakdir. Bu misra orqali mardlarning, ya’ni millatparvar ziyolilarning qatag‘on girdobiga tashlaganiga ishora qilinmoqda. Oqibat shunday bo‘ldiki, “Ajal farzandi odamni jahon mulkida kam qo‘ydi”. Ya’ni bu hol ommaviy tus oldi. O‘sha davrga oid arxiv hujjatlari ham buni tasdiqlaydi. “Tajriba shuni ko‘rsatadiki, — deb yozadi Turkiston general-gubernatori Rossiya harbiy vaziriga yo‘llagan maktubida, — bu o‘lkada (Turkistonda — N.J.) oshkora qatl ijrosigina mahalliy aholiga yaxshi ta’sir ko‘rsata oladi. Sizdan, Rossiya hududida o‘lim hukmini oshkora ijro etmaslik haqidagi qonunni Turkiston o‘lkasiga tatbiq etmaslik uchun zoti Oliylari ijozatini olib bersangiz, deb iltimos qilaman” (O‘zbekistonning yangi tarixi. I kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. Toshkent, “Sharq” nashriyoti, 2000, 333-bet).

Keyingi misrada shoir bu fojialar ro‘y bergan sanani ham ochiq yozadi: “Mingu uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi”. Hijriy 1301 sana milodiy 1883 — 1884 yillarga to‘g‘ri keladi. Demak, o‘ris bosqinining ayni avjiga mingan davri haqida gap ketyapti. Beshinchi misrada yanada ahamiyatli fikr ifoda etilgan: “Hamani emdi ko‘z tutgoni bir sohibqiron bo‘ldi”. Darhaqiqat, millat bu paytda Sohibqiron Amir Temurdek yo‘lboshchiga muhtoj edi. Yurtni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilgan Sohibqiron — milliy ozodlik timsoli. Shuning uchun ham shoir millatga uningdek bir rahnamoni orzu qiladi.

Ko‘rinib turibdiki, Furqat she’riyatida ozodlikka, milliy istiqlolga intilish tuyg‘usi chuqur dard, betakror badiiyat bilan ifodalangan. Shoirning chor Rossiyasi mustabid siyosatining insoniylikka zid mohiyatini ayovsiz fosh etuvchi, Vatan va millat dardi bilan yo‘g‘rilgan, uning nurli istiqboli haqidagi orzu-intilishlarini aks ettiruvchi bunday asarlaridan mustamlaka ma’murlari bexabar bo‘lmagani aniq.      Tabiiyki, bunday asarlar yozgan ijodkor mustamlaka ma’muriyati uchun xavfli sanalgan. Bu esa, mazkur hukumat shoirdan qutulish uchun uni mamlakat hududidan chiqarib yuborishning barcha choralarini ko‘rgan, bir so‘z bilan aytganda, Furqatning xorijga ketishi va ona-yurtga qaytmasligi masalasi general-gubernatorlik tomonidan rejali asosda maxsus uyushtirilgan, deb hisoblash uchun asos beradi.

Furqat ana shunday murakkab va ziddiyatli davrda yashab ijod qildi. O‘z asarlari orqali ilmning, ma’rifatning beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi, ilmu ma’rifatga millatni muqarrar tanazzuldan qutqaruvchi yagona vosita, “ko‘ngullarni sururi, ko‘rar ko‘zlarni nuri”, deb qaradi. Shoir chor istibdodining fojeiy oqibatlarini fosh etish barobarida millat farzandlarini o‘sha paytda nisbatan ilg‘or bo‘lgan rus madaniyatini o‘rganishga, undan o‘z manfaatimiz yo‘lida foydalanishga chaqirdi. Shoirning Vatan va millat manfaatiga asoslangan ma’rifatparvarlik faoliyati mustamlaka ma’muriyatiga ma’qul kelmagani aniq. Shoirning chet ellarga ketishi uyushtirilishining ikkinchi sababi shu.

Zokirjon Furqatning yurtga qayta olmaganini ham, bizningcha, ikki sabab bilan izohlash mumkin: 1) shoirning chet ellarda yaratilgan asarlari mohiyat e’tibori bilan chor hukumatining mustamlaka siyosatiga zid ekani; 2) Furqatning shaxs sifatidagi fazilatlari.

Yuqorida shoirning chor istibdodini ochiqdan-ochiq qoralab asarlar yozgani haqida fikr bildirildi. Ta’kidlash joizki, bunday imkoniyat unda har doim ham bo‘lavergan emas. Ayniqsa, Furqat xorijdaligi paytida uning har bir qadami nazoratda bo‘lgan. Shuning uchun shoir endi boshqacha yo‘l tutadi. U, ayniqsa, “Turkiston viloyatining gazeti” uchun mo‘ljallagan asarlarida aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikrlarini bilvosita, asarlari tagmazmuni orqali ifoda etadi. Furqatning xalqaro mavzudagi siyosiy publitsistikasi bu jihatdan alohida ahamiyatga ega.

Furqat birinchi o‘zbek jurnalistlaridandir. “Gazet muallifig‘a kerakkim, insofpesha va rostandesha bo‘lg‘ay, — deb yozadi u. — Noloyiq va nomunosib so‘zlarni gazetga solmag‘ay va yozg‘on kalomidin gazet o‘qug‘uvchilarg‘a naf’ va foyda hosil bo‘lg‘ay. Agar bir hikoyat yozsa ham aning zaminida bir foydalik mazmuni bo‘lg‘ay. Xorijiya va doxiliya ahvolotidin yozsa, adl va insof yuzidin rostliq birla yozg‘aykim, e’tibor va istihsong‘a loyiq bo‘lsun”.

Ta’kidlash joizki, o‘zbek matbuotchiligi endigina shakllanayotgan bir zamonda aytilgan bu so‘zlar oradan bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zining ahamiyatini zarracha bo‘lsin yo‘qotgan emas. Zotan, Furqatning o‘zi ushbu so‘zlariga har doim amal qildi. Shu bois, uning publitsistik maqolalari bugungi kunda ham qimmatini saqlab kelmoqda. Binobarin, o‘sha og‘ir sharoitda zamonasining ilg‘or fikrli, dunyoni anglagan ziyolisi, salohiyatli qalam sohibi sifatida u ingliz-afg‘on muhorabasiga xolis munosabat bildirdi, rus-yapon urushi mohiyati xususida haqqoniy mulohaza yuritdi. Afg‘onistondagi yoxud Hindistondagi ingliz mustamlakasini qoralar ekan, bundan chor Rossiyasi istibdodi jabrini tortayotgan o‘z yurtdoshlari ibratlanishini ko‘zda tutdi. Millatning istibdod girdobidan qutulmog‘ini, ozodlikka erishmog‘ini istadi.

Shoirning xorijda yozgan she’rlarining, beistisno, barchasida uning ona-Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati aks etgani kuzatiladi.             

Vatanning ishtiyoqin tortaram g‘urbat g‘ami birla,
Turubdurman qutulmay g‘ussayu ranju inolardin.

Shoirning g‘urbatda — jondan sevgan ona-yurtidan uzoqda do‘sti Toshboltu Roiqqa yozgan she’riy maktubidan olingan ushbu bayt Vatanga muhabbati behad baland, lekin unga qaytish yo‘lida g‘ussayu ranju inolardin qutula olmayotgan komil insonning qalb iztiroblari ta’sirchan ifodalangan.

Do‘sti Toshboltudan xat olgan shoirning quyidagi misralarida betakror badiiyat bilan ifodalangan adadsiz iztirob, so‘ngsiz sog‘inch dardi, shiddatli hissiyotlar to‘lqini o‘quvchi qalbini larzaga soladi:

O‘qub ul dam oni bo‘ldi oqarg‘on ko‘zlarim ravshan,
Siyohig‘a ezib erding magarkim to‘tiyolardin.

Quyidagi misra ham shoirning qanchalik xohlamasin, ona-yurtga qaytish imkoni bo‘lmayotgani xususida:           

Borurman gar qutulsam bu tilismi hayratafzodin,
Yetib imdod holimg‘a jami’i muddaolardin.   

Xo‘sh, shoir qutula olmayotgan bu tilismi hayratafzo nima? Uning yo‘liga to‘siq bo‘layotgan g‘ussayu ranju inolar-chi? Ma’lumki, bu kabi savollar o‘z davrida boshqa adabiyotshunoslarni ham o‘ylantirgan. Bu mustamlakachilar tomonidan hiyla-nayrang tuzog‘ining uzoqni mo‘ljallab, rejali asosda qo‘yilgani bilan izohlanadi, nazarimizda. Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va unga qaytishning ilojsizligi! Ana shu ziddiyat shoirning g‘urbatdagi she’riyati asosini tashkil etadi deyilsa, mubolag‘a bo‘lmas. Mana bu baytda ham shunga ishora qilingan:

Paru bolim to‘kuldi, maskanim oxir qafas bo‘ldi,
Muhabbat yo‘lida, Furqat,Vatandin ayrilib qoldim.

Furqatning Vatanga qaytish yo‘llarining yopib qo‘yilishi sabablaridan yana biri uning sobit iymon-e’tiqod egasi bo‘lgani, deb hisoblash mumkin. O‘zbekiston Markaziy Davlat arxividagi N.Ostroumov fondida saqlanayotgan hujjatlardan birida Furqat mashhur “Gimnaziya” she’rini yozgan paytda Toshkent Erlar gimnaziyasida ta’lim olgan Stepanov degan kimsaning Yorkentga borib, shoir haqida mana bunday ma’lumotlarni yuborgani qayd etilgan: “Muhtaram Nikolay Petrovich, — deb yozadi Stepanov, — men sizga ushbu xat bilan Yorkentda ko‘rishganim Zokirjonning she’rlarini ham yuboryapman. Ochig‘ini aytganda, Zokirjonning she’rlari menga yoqmadi. Men Furqatning samimiyligiga mutlaqo shubha bilan qarayman. Tan olish kerakki, u juda aqlli, iste’dodli va benihoya yoqimli inson. U tabobat bilan shug‘ullanadi, yerda ishlashni yoqtiradi. Mening o‘ylashimcha, u Rossiyani mutlaqo sevmaydi (Ta’kid bizniki — N.J.).E’tiqodda benihoya sobit. Men unga she’r yozishdan tashqari, bizning sartlarimizni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan mahalliy mavzular: bu yerning aholisi, urf-odatlari, sanoati haqida yozishni tavsiya qildim. Bu yerdagi aqlga sig‘maydigan jaholat, shuningdek, rus zulmidan doimiy ravishda norozi bo‘lgan bizning Turkiston tuzemlilari foydalanayotgan qulayliklarga alohida urg‘u berishni so‘radim” (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi, fond № 1009, 1-ro‘yxat, 135-ish, 42 — 43- betlar).

Stepanov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Furqat mustamlakachilarni mutlaqo sevgan emas. Lekin bu yerda masalaning e’tibor berish zarur bo‘lgan boshqa bir jihati bor. Mazkur hujjatning o‘ziyoq ko‘rsatib turibdiki, Furqat chor hukumatining doimiy nazoratida bo‘lgan. Unga hatto nimalar haqida yozish ham tavsiya etib turilgan. Stepanov Turkistondagi chor ma’muriyatiga shoirdagi o‘zi yoqtirmagan yana uch xususiyat to‘g‘risida yozib yuboradi: 1) uning Rossiyaga nisbatan samimiyligiga shubha bilan qarashi; 2) Furqatning she’rlari unga ma’qul kelmagani; 3) shoirning mustahkam e’tiqodli shaxs ekani.

Bu singari faktlar Furqat haqida muntazam ravishda ana shunday ma’lumotlarni to‘plab borgan chor hukumati millatparvar shoirning ona-yurtga kelishini maqsadga muvofiq emas, deb topgani va uning Vatanga qaytish yo‘llarini taqa-taq yopib qo‘ygani haqidagi xulosaga olib keladi.

Hayotining qariyb uchdan bir qismi jonidan ham ortiq sevgani ona zamindan yiroqda o‘tgan, Vatan va millatning yuksak darajada taraqqiy etmog‘ini orzulagan, iztirob iskanjasida ham nurli istiqboldan umid uzmagan shoir Furqat “Begim” radifli g‘azalida Xudoyorxonning kenja farzandi Fansurullobekka, aslida esa, uning timsolida millatga xitoban:                 

Soyai Tangri nasib etgay saning boshingga ham,
Zoil o‘lmas bobaqo davlathumosidin, begim, —

deya murojaat qilgan edi. Shukrki, bugun shoir kutgan zamonlar keldi. Millat istibdod iskanjasidan ozod bo‘ldi. Milliy davlatchilik taraqqiyga yuz burdi. Uning davlat ramzi — gerbida baxtu saodat timsoli bo‘lgan, yuksak parvozlarga shaylangan humo qushi aks etgan. Ajab emaski, shu kunlarga erishmoq ilinjida ne-ne iztirobu alamlarni tortgan, butun faoliyatini millatni uyg‘otmoqqa baxshida qilgan mutafakkir ajdodlarimiz, jumladan, Furqat bobomizning ruhlari ham shod bo‘lsa.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 25-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.