Ona tilimizdagi har bir so‘z, ibora, milliy ma’naviyatimiz yombilari hisoblanadi. Ular asrlar osha o‘z zamirida xalq ma’naviyatining misqol-misqol ma’no, mazmun, mohiyat va tarixini tashiydi. Biz kundalik ijtimoiy hamda maishiy hayotimizda ulardan foydalanish barobarida bu ma’naviyat durdonalarini asrab-avaylamog‘imiz, muhofaza etmog‘imiz, ma’no salohiyatiga rahna solmasligimiz lozim.
Har bir lug‘aviy birlik bizning xususiy xizmatkorimiz emas, balki xalqning daxlsiz milliy ma’naviy boyligi ekanligini unutmasligimiz kerak. Ommaviy axborot vositalarida ba’zan ana shu benazir bisotga beparvolik bilan “Tilga ixtiyorsiz - elga e’tiborsiz” qabilida ish tutish, ayniqsa, ziyolilarimizning shunday ehtiyotsiz xatti- harakatlari kuzatiladi.
Yaqinda respublika gazetalarining birida Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy xodimi Matnazar Abdulhakim tomonidan e’lon qilingan “Toshqinlar sog‘inchi” maqolasidagi quyida keltirilajak mulohazalar mazkur va yana boshqa ayrim shunga o‘xshash hodisalar bu maqolaning yozilishiga sabab bo‘ldi: “Jayhun” so‘zi, “justan” (“izlamoq”), “xun” (“qon”) ma’nolaridan kelib chiqib fikrlaydigan bo‘lsak, “Qon izlovchi” daryo degani ham bo‘lib chiqadi. Bu taxmin, chindan ham, mantiqdan xoli emas. Chunki Jayxunning butun-butun qal’alarni o‘z komiga, o‘zining ajdahotabiat o‘pqonlariga ikki yamlab, bir yutib ketganliklarini xotiraga olsak uning “qonxo‘r”ligi ayon bo‘ladi.
Daryoga – obi hayotga nisbatan “qon izlovchi”, “qonxo‘r”, “ajdahotabiat” sifatlarini ishlatish naqadar dag‘al va g‘ayritabiiy. Axir, daryo, uning o‘pqonlari, toshqinlari – tabiat-ku. Tabiat hodisalari hamma vaqt ham bizning izmimiz, inon-ixtiyorimiz, xohish-istaklarimizga mos kelavermaydi. Najotbaxsh Quyosh ham saratonda o‘zining tafti, harorati bilan go‘yoki olov purkagandek bo‘ladi. Lekin, bu holatdan ta’sirlanib, biz uni “qotil” demaymiz. Chunki ona-tabiatning beminnat ziyo sochguvchi bu mo‘’jizasini haqoratlagan bo‘lamiz.
Amudaryoga nisbatan yuqoridagiday munosabat bildirish ilmiy, fikriy jihatdan ham to‘g‘ri emas. Voqean, fors tilida “justan” (izlamoq) fe’li bor. Uning hozirgi zamon o‘zagi “jo‘” (izla) dir. Adabiy tilimizda bu o‘zakdan yasalgan “xudojo‘y” (xudoni izlovchi), aybjo‘ (ayb qidiruvchi) kabi so‘zlar bor. Biroq “Jayhun” nomi “justan” fe’lidan olinmagan. Muallif esa o‘zi taxmin qiladi va taxminini “mantiqdan xoli emas” deya o‘zi tasdiqlaydi. Aslida, taxmin mutlaqo mantiqsizdir. Har qanday taxmin yoki bashorat muayyan ilmiy mushohadalar va dalillarga asoslanishi kerak. “Jayhun” nomining ikkala qismi (“jay” va “hun”) xaqidagi taxminiy sharhlar ham mantiqdan xoli.
Toponimika, ya’ni joy nomlari ilmida “Jayhun” tipidagi nomlarning bir qismi, albatta, suv oqadigan inshoot ma’nosini anglatadi. “Jo‘yi mo‘liyon” (mo‘liyon arig‘i), “qalqon ro‘d”,(qalqon arig‘i), Shovot kanali, bo‘zsuv va h.k. ”Jo‘y”,”ro‘d”, “kanal”, “ariq”, “suv” kabi so‘zlar ana shunday suv oqadigan inshootlarning toponimik ifodasidir. Ana shu mantiqdan kelib chiqsak, “Jayhun” toponimining birinchi qismi forscha “jo‘y” (ariq, anhor, daryo) so‘zidan kelib chiqqan bo‘ladi va bu haqiqatga yaqinroqdir.
So‘zning ikkinchi qismiga keladigan bo‘lsak, muallif uning qattiq “x” bilan yozilishi shakli to‘g‘ri deb hisoblaydi va undan “xun” (qon) ma’nosini keltirib chiqaradi. Bunga joriy lug‘atlarimizdagi har xillik, so‘z shaklini ifodalashdagi beqarorlik ham sabab bo‘lgan. So‘zning sahih shaklini aniqlash maqsadida bir qancha lug‘at va qomuslarni varaqlashga to‘g‘ri keldi. Nima uchundir hozirgacha eng sahih lug‘at deb hisoblanadigan 1976 yilda “FAN” nashriyoti chop etgan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da bu so‘zning imlosi berilmagan (163-bet). E. Begmatovning “O‘zbek ismlari ma’nosi” nomli izohli lug‘atida (“O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent, 2007 y., 2-nashri, 131-bet) bu nom arabcha deb, “Jayxun” shaklida (xato) berilgan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” avvalgi nashrida (Moskva, “Rus tili” nashriyoti, 1981 yil, 1-jild, 271-bet) fors-tojikcha so‘z sifatida “Jayxun” shaklida (xato) ifodalangan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yangi nashrida (“O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent, 2006 y., 2-jild, 66-bet) “Jayhun” shaklida (to‘g‘ri) yozilgan. Qaysi tildanligi ko‘rsatilmagan. “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”da (“O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashiryoti, Toshkent, 2002 y., 3-jild, 531-bet) “Jayxun” shaklida (xato) bayon etilgan. Ushbu lug‘at va qomuslardagi har xillik hayratlanarli holatda. Nahotki, o‘zaro muvofiqlashtirish hech kimning xayoliga kelmagan bo‘lsa. Lug‘atlardagi izohlar deyarli aynan bir xil: “Amudaryoning qadimgi nomi”. So‘zning arab Yozuvidagi shaklini ko‘rmay turib, masalaga aniqlik kiritib bo‘lmaydi. Keltirilgan lug‘at va qomuslarning birortasida so‘zning arab Yozuvidagi shakli berilmagan. Buni faqatgina “Navoiy asarlari lug‘ati” va “G‘iyos ul-lug‘ot”dan topishga muvaffaq bo‘ldik, “Navoiy asarlari lug‘ati” (218-bet) va “ G‘iyos ul-lug‘ot” da (Dushanbe, “Adib” nashriyoti, 1987 yil, 1-jild, 254-bet) “Jayhun” ning arab Yozuvidagi shakli tarzida berilgan. Ya’ni, so‘zning ikkinchi qismi yumshoq “he” (hoye ho‘tti) harfi bilan boshlangan. Demak, bu — “xun” ( ) – “qon” emas, balki “hun”
( ) so‘zidir. Bundan “qon izlovchi daryo” ma’nosi kelib chiqmaydi. Balki, Jayhun qadimgi turkiy elatlardan birining nomi bilan bog‘liqligi anglashiladi.
Umuman, etimologiya, ya’ni so‘zlarning kelib chiqish tarixini o‘rganadigan fan tarmog‘i juda murakkab bo‘lib, bu sohada endigina dastlabki lug‘atlar maydonga kela boshladi. Ular ham kamchiliklardan xoli emas. Shu boisdan, etimologiya sohasida tavakkaliga ot surish nojoizdir.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).