Matnazar Abdulhakim bugun oramizda yo‘q. Kimdir: “Matnazar deganlari qanaqa odam edi?”, deb so‘rab qolsa, uni yaqindan bilgan, asarlarini o‘qiganlar: “Yaxshilar ichra yaxshi, haqiqiy shoir, haqiqiy do‘st, ko‘ngli osmonga talpinib yashagan inson edi”, deb javob qilishi aniq. Darhaqiqat, u osmonni sevardi, mudom yuksaklarga talpinib yashardi.
Tabiatan kamgap, sipo, kamtar inson bo‘lsa-da, biroq ko‘zlari chaqnab turardi uning. Mumtoz adabiyotimizni puxta bilar, aruzning shaydosi, Navoiy va Ogahiyning mahliyosi edi aslida. Ham shoir, ham olim bo‘lish oson ish emas. Bu ikki maydonda birday iste’dodini namoyon etib, kibrlanmay, havolanmay yashab o‘tish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Matnazar Abdulhakim ana shunday kishilar sirasidan edi. U hech qachon men zo‘rman, deb ko‘kragiga urmadi, har bir so‘zini yetti o‘ylab-bir kesib aytdi. Shu bois, hamma uni baravar hurmat qilardi. Sirtdan sokin, vazmin ko‘ringan shoirning ko‘nglidagi bitmas-tuganmas tiniq tuyg‘ulari dilbar satrlarida aks etardi:
Men osmonga maktublar yozdim,Ruhi yuksak, so‘zlari oliy.Xayollarim samoviy edi,Maktublarim esa – xayoliy.Ushbu to‘rtlik uning “Osmonga xat” she’riga taalluqli. Ana shu she’rida shoir o‘tmishda ne-ne daho ijodkorlarga ham tinchlik bermagan og‘riqli savollarni o‘rtaga tashlaydi: nega yer yuzida mehr-muhabbat ustuvor emas, nega rahm-shafqat, muruvvat, saxovat, ezgulikni o‘ziga a’mol deb bilish hamma odamning ham qo‘lidan kelavermaydi? Nima uchun bashariyat turfa nifoqlar, fitnalar, tuhmatlar va bid’atlar girdobidan xalos bo‘lolmaydi? Inson nega bu qadar mo‘rt yaralgan?.. ...Matnazar osmonga talpinish — komillikka intilish ekanligini anglaydi. Aytadi: “Osmon meni sevmasa hamki, yashayverdim unga suykanib”. Ha, ma’naviy komillikka eltuvchi yo‘l mashaqqatlar bilan limmo-lim. Ming bir azobda o‘zingdagi nuqsonlarni yengib o‘tishing kerak. Ba’zan bu yo‘lda uchragan qiyinchiliklarga bardosh berolmay yozg‘irasan, umidsizlikka tushasan. Lekin ortga chekinsang, yutqazasan. Yuki naqadar og‘ir bo‘lsa-da, “osmon”ga suykanishing lozim.
Istiqlol yillarida Matnazar Abdulhakim chinakam ma’noda iste’dodini namoyon qildi. U o‘zining dilbar va jarangdor asarlarini ham aynan xalqimiz asriy istibdod zanjiridan xalos bo‘lib, hurriyat quyoshiga yuzlangan kezlarida yozdi:
Jilva qil, jonim, jahon oro topar,Darbadar ruhim mening ma’vo topar,Topdi ko‘nglim zor bo‘lib ko‘nglingni yor, Har qachon tilloni bil, tillo topar.Shoir qalbining jilva qilmog‘ini istaydi. Axir, besh ming yillik tarixga ega yurt vayronalararo Humo qushi bo‘lib bosh ko‘tardi. Jahon yana oro topib, asl chiroyini namoyon qildi. Shu paytga qadar uning ko‘rkida dog‘ bor edi. Zotan, darbadar ruh ma’vosiga intizor edi. Bundan shoirning ruhi ham aftoda edi. Nihoyat, u o‘zining ma’vosini ko‘rdi, unga yukundi, taskin topdi. Sir emaski, asl o‘z aslini topishi muqarrar. Biz aslmiz, aslligimizga qaytdik. Qushlar oshyoni bo‘lmish bo‘stonni xarob qilish mumkin, vale qushlar qo‘shig‘ini mahv etib bo‘lmaydi. Bu qo‘shiq nasldan-naslga o‘tadi. G‘orat etilgan bog‘da nihollar unib chiqqach, borliqni yana o‘sha qadimiy qo‘shiq ohangi tutib ketadi.
Bu Matnazar Abdulhakimning fikri, shoirning izhori, ishonchi. Bugungi farahbaxsh kunlar — ana shu fikrning isboti. Ozod, obod yurtimiz bog‘u bo‘stonlari qaytadan yashnayotir, yuraklarda avaylab saqlab kelingan ozodlik, istiqlol va istiqbol qo‘shiqlari baralla yangramoqda.
Matnazar Urganch tumanidagi Qorovul qishlog‘ida tug‘ilib o‘sdi. Sanasi 1948 yil, 20 fevral. Bir gal uchrashganimizda u: “Mening tug‘ilgan kunimda Xorazmda tashqari ancha sovuq bo‘ladi, men esa isib ketaman. Chunki ichkarimiz hamisha iliq”, degan edi. Ko‘pincha Najmiddin Kubro, Zamahshariy, Sulton Jaloliddin, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Munis, Feruzdan rivoyatlar aytar, ularning ibrati har bir qalbga muhrlanishini istardi. Men esa bu hikoyalardan zavq olardim, uni jurnalistika sohasida ham qalam tebratishga undardim. Qaysidir yili Matnazar “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Qishloq hayoti” gazetasiga bir maqola yo‘lladi. O‘sha kuni kechki soat o‘n birlarda gazetaning navbatdagi sonini nashrga uzatgach, maqolani qo‘limga oldim. O‘qib, behad hayajonlandim. Shoirning Yurtboshimiz tashabbusi bilan nishonlana boshlangan ushbu tabarruk ayyom zamiridagi ezgu g‘oyani juda ham nozik fahmlaganidan mutaassir bo‘ldim. “Oftob yaxshilik qilishdan to‘xtamaydi, — deb yozgan edi u, — vazifasini har bir otayotgan tongdan boshlab sidqidildan bajarishga chog‘lanadi, ona zaminga, insonlarga ezulik, mehr-muruvvat ulashadi, biz ham oftobday to‘xtamasligimiz kerak. “Xotira va qadrlash kuni” har kuni har birimiz savobdan to‘xtamasligimiz zarurligini bildiradi...” O‘sha zahoti rahmatli Ozod Sharafiddinovga qo‘ng‘iroq qilib, u kishiga maqolani boshdan-oxir o‘qib berdim. Ustoz: “Matnazarning ko‘ngli tiniq, she’rlari tiniq, har bir yozgani tiniq, g‘ubori yo‘q. Otasiga rahmat”, dedilar sevinib. “Matnazarni qo‘yvormang, u juda ajoyib ijodkor”, deb qo‘shib qo‘ydilar gapning so‘ngida.
Biz ham ustozning maslahatiga amal qilib, Matnazarni “qo‘yvormadik”. Bot-bot qo‘ng‘iroq qilib, biri-biridan yaxshi, o‘qishli maqolalar undirdik. Shoir yozgan har bir maqolasini, u bir g‘azal sharhi bo‘ladimi, Xorazmning osori atiqalari tariximi, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodiga doir badihami, barchasini “Qishloq hayoti”, “Hayot”, keyinchalik “Xalq so‘zi” gazetalariga ilinadigan bo‘ldik. Mushtariylardan ko‘plab minnatdorlik maktublari oldik. Matnazar bunday xatlar haqida eshitganida yosh boladay quvonib ketardi.
Shoir hazilni unchalik ham xush ko‘rmasdi. To‘g‘riso‘z, jiddiy inson edi. Kunlardan birida o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qoldi: “Aka, biz ham oz-moz she’r mashq qilib turamiz. Shu kunlarda she’r o‘z-o‘zidan quyilib kelayapti. Gazetadagi yigitlar mendan xafa bo‘lmay turishsin. Uch oycha tanaffusga chiqmoqchiman. Uzrimni qabul qilsangiz”. Oradan ko‘p o‘tmay, tandirdan uzilgan nondek qilib “Javzo tashrifi” saylanmasini tahririyatga olib keldi. Chin dildan tabrikladik.
— Bu nechanchisi? — so‘radik undan.
— “Tiniq tonglar”, “Fasllar qo‘shig‘i”, “Qor qo‘shig‘i”, “Mavj”, “Yonimdagi daryolar”, “Qorachiqdagi dunyo”, “Oydinlik”, “Bir quchoq gul”, “Yolg‘iz yaproq”, “Ko‘prik”, “Mangulik jamoli” va mana shu “Javzo tashrifi”, — deb shoir erinmasdan kitoblarini birma-bir sanadi-da, xijolatomuz jilmaydi. — Hisobda adashib ketdim. Nechanchisi ekan?..
O‘shanda Matnazar faqat she’riy asarlarini tilga olgan edi. Keyinroq uning “Iymon tuhfasi”, “Yaldoni yoritgan nur”, “Haq fayzi”, “Ko‘ngil ko‘zlari”, “Ilm sarchashmalari”, “Ikkinchi muallim saboqlari” kabi adabiyotshunoslikka oid ilmiy-badiiy kitoblari ham nashr etilganidan voqif bo‘ldik.
Matnazar umrining so‘nggi 13 yilini Prezidentimiz tashabbusi bilan Xivada qaytadan bunyod etilgan Xorazm Ma’mun akademiyasida ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib borishga bag‘ishladi. U ana shu qutlug‘ dargohda ishlayotganidan faxrlanardi. U o‘zining ilmi va salohiyatini ma’naviy merosimiz namunalarini tadqiq etishga safarbar qildi. Shayx Najmiddin Kubro, Shayx Majdiddin Bag‘dodiy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy ijodini chuqur o‘rganib, ularning yangidan-yangi qirralarini kashf etdi. Jahon adabiyotida o‘zining teran falsafiy ma’noga yo‘g‘rilgan she’rlari bilan shuhrat qozongan Mirzo Abduqodir Bedil ijodiga mehr qo‘yib, mustaqil tarzda fors tilini o‘rgandi. Tengsiz shoirning g‘azal va ruboiylarini asliyatdan o‘zbek tiliga o‘girdi. Bir vaqtlar Ogahiy Shayx Sa’diyning “Guliston” asarini tarjima qilib, o‘zbek tarjimashunoslik maktabiga asos solgan edi. Matnazar Abdulhakim ana shu an’anani davom ettirib, tarjimashunosligimiz rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Qolaversa, u qardosh turkman shoirlari, rus she’riyatining zabardast namoyandalari asarlarini ham o‘zbek kitobxonlariga taqdim etdi.
Matnazar Abdulhakim iste’dodli shoir, nozikta’b jurnalist, zukko adabiyotshunos, mohir tarjimon sifatida mamlakatimizda tilga tushgan, e’tibor va e’zoz topgan ijodkor edi. Xususan, 1992 yilda u Prezidentimiz Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlangan edi. 1998 yilda esa “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. 2001 yili mamlakatimizda tashkil etilgan “Ofarin” tanlovining “Eng yaxshi shoir” nominatsiyasi bo‘yicha sovrindori bo‘lgan bo‘lsa, yaqinda Mustaqilligimizning 19 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovida uning “Mangulik jamoli” va “Ilm sarchashmalari” kitoblari ikkinchi o‘ringa loyiq topilgan edi.
Iste’dodli shoir va nozikta’b adabiyotshunos Matnazar Abdulhakim ayni ijodiy kuch-quvvatga to‘lgan paytida olamdan o‘tdi. Ammo u jisman oramizdan ketgan bo‘lsa-da, ruhan biz bilan birga. Uning benazir she’riy va ilmiy asarlari hali yana ko‘p yillar millatimizga, vatanimizga, xalqimizga, kelajagimizga xizmat qilishi, shubhasiz. Zotan, shoir “Osmonga xat” she’rini shunday satrlar bilan yakunlagan edi:
Umid bilan sochmoqda yog‘du,Nurli choparlarim — ko‘zlarim.Ular endi so‘nmas... Elchiga,O‘lim yo‘q-ku, axir, do‘stlarim.“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 39-sonidan olindi.