Chingiz Aytmatov yetmish beshga to‘lib, to‘y qilayotgan emish! Yo tavba, kuni kecha biz Parijda YUNESKOning katta zalida uning yetmish yilligini o‘tkazgan edik-ku! Nahot besh yil shu qadar tez o‘tib ketgan bo‘lsa?.. Ha, hayot shunday g‘aroyib ekan: inson keksaygan sayin umri toshqin daryodek shitob bilan o‘tib ketarkan…
Biz Chingiz Aytmatov bilan qirq yil avval tanishganmiz...
Chingiz ellik yoshga to‘lganda qirg‘iz xalqi uning to‘yini zo‘r tantana bilan nishonlagan edi. Bu to‘y Qirg‘iziston poytaxtida emas, adibning tug‘ilgan yurti Talasda o‘tgandi. Unga kaminadan tashqari, tarjimoni Asil Rashidov, shoir Shukrullo, atoqli olim, professor Shobat Xo‘jaev va Chingizning yurtdoshi Ziyod Yesenboevlar taklif qilingan edi. Birinchi kecha Talasda bo‘ldik. Chingizning singlisi bilan kuyovi ho‘kiz so‘yib, beshbarmoq tayyorlab, katta dasturxon yozishgan ekan. Kecha juda go‘zal va samimiy o‘tdi. Yozuvchi o‘sha mahaldayoq «Jamila», «Gulsara», «Oq kema» kabi asarlarni yaratib, nomi jahonga tanilgan edi. Shuning uchun ham kechada so‘zga chiqqanlar uning o‘zidan ko‘ra, asarlari haqida ko‘p gapirishdi. Adibning o‘zi esa bu maqtovlardan uyalib, notiqlarning gapini bot-bot bo‘lardi: «Rahmat, rahmat, lekin maqtovlar qisqaroq bo‘lsin, beshbarmoq sovub qoladi-ku, og‘aynilar!» deb hazillashib qo‘yardi. Ertasiga yubiley tantanalari Chingiz tug‘ilgan Shakar qishlog‘iga ko‘chdi. Bu qishloqni ko‘rgan odam darhol sezardi: yozuvchi asarlaridagi tabiat tasvirlari, hamma-hammasi shu qishloq go‘zalligidan olingan mohirona nusxa ekan. O‘shanda meni yana bir narsa lol qoldirdi. Ovulga kiraverishda katta olomon yig‘ilgan. Uning orasida boshlariga oppoq qordek udana burkab olgan bir guruh keksa ayollar turardi. Biz mashinalardan tushishimiz bilan bu kampirlar ko‘zlarida yosh, yugurib kelib Chingizni o‘rab olishdi-yu, uni quchoqlab yig‘lab yuborishdi. Shunda men Chingiz nima qilarkan deb, zimdan kuzatib turdim. Chingiz ham ko‘ziga yosh olib, kampirlar bilan quchoqlashib ko‘rishdi, ularning yelkalarini silab iliq so‘zlar aytdi.
Keyin bilsam, Chingiz urush yillari shu ovulda qishloq kengashi kotibi bo‘lib ishlagan va frontdan kelgan «qora xat»larni beva ayollarga topshirmasdan, qishloq kengashining po‘lat sandig‘iga solib qo‘yavergan ekan.
Bizning borishimizdan oldin Chingizning ellik yilligiga atab katta kinoteatr qurilgan, kinoteatrning katta zalida uning yubileyi munosabati bilan fotoko‘rgazma tashkil etilgan ekan. Fotoko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlardan biri meni, ayniqsa, hayratga soldi. Unda shunday manzara muhrlangan edi: Bishkek aerodromiga kelib qo‘ngan samolyotdan sobiq ittifoq hukumati boshlig‘i Kosigin tushib kelyapti. Qirg‘iziston rahbarlari uni qarshi olgani samolyot tomon intilishyapti. Ularning safi boshida qirg‘iz rahbari emas, Chingiz Aytmatov boryapti. Ikkinchi suratda ular kulishib ko‘rishyapti… Bir qarashda, juda oddiy tuyuladigan bu manzaralar oddiy, lekin ayni zamonda ulug‘ haqiqatni anglatadi.
Bu voqealardan keyin anchagacha Chingiz bilan ko‘risha olmadim. Keyin taqdir taqozosi bilan u ham, men ham sobiq ittifoqning deputati bo‘lib qoldik. O‘sha yillar xalqimizning boshiga og‘ir kunlar tushgan, bo‘htonlar yog‘ilgan paytlar edi. Va biz hammamiz bu mudhish, yovuz tuhmatlardan iztirob chekib yurgandik. Bir kun bir do‘stimiz «Pravda» gazetasini ko‘tarib kelib qoldi, bundoq o‘qib ko‘rsam Chingiz bu gazetadagi maqolasida xalqimizni qattiq himoya qilibdi, o‘zbeklarni Markaziy Osiyoning yuksak madaniyatli, buyuk xalqi ekanligini aytib, Moskva matbuoti va televideniesidagi chiqishlarni rad etibdi.
Men uncha ham ko‘ngli bo‘sh odam emasman. Bizni Chingiz bilan yaqinlashtirgan sabablardan biri shuki, ikkimizning ham otamiz mash’um 37-yillar qatag‘onining qurboni bo‘lishgan va bolalikda ko‘p musibatlarni ko‘raverib diydamiz qotib ketgan. Lekin men o‘sha maqolani o‘qib, beixtiyor ko‘zimga yosh oldim.
* * *
Qirg‘iz xalqi har o‘n yilda (ba’zan besh yilda) aziz farzandining to‘ylarini ulkan bir tadbir darajasida o‘tkazib kelyapti. Lekin bu tantanalarning bari, nazarimda, Chingiz Aytmatovning Parijda o‘tgan yetmish yilligiga teng kela olmaydi. Parijdagi yubiley YuNYeSKOning katta marosimlar nishonlanadigan saroyida bo‘lib o‘tdi. Unga dunyoning qariyb barcha mamlakatidan vakillar: atoqli yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar, Chingiz Aytmatov ijodining bilimdoni bo‘lmish atoqli olimlar kelishdi. O‘ylaymanki, Chingiz haqidagi eng iliq, eng do‘stona, eng teran gaplar ham o‘shanda — YuNYeSKO saroyidagi kechada aytildi. Shunda men, «Chingiz bu maqtovlarni qanday qabul qilarkan», deb undan ko‘zimni uzmay o‘tirdim. Yo‘q, Chingiz o‘zini juda yaxshi tutdi, maqtovlardan taltayib ketmasdan, go‘yo oddiy, juda oddiy gaplar aytilayotgandek, sokin va vazmin o‘tirdi. Tanaffus paytlarida esa pastga tushib, odamlar orasida uzoq-yaqindan to‘yga kelgan adib va olimlarning ko‘nglini olishga urinib, shirin so‘zi bilan hammani xushnud etib yurdi. Shunda, men ichimda yana bir bor unga qoyil qoldim.
Parijdan keyin yubiley tantanalari Bishkekda davom etdi. Men o‘zbek delegatsiyasi nomidan sovg‘alarimizni topshirib bir-ikki og‘iz shirin gap aytmoqchi bo‘lgan edim, u: «Qo‘y, Odil, men bunday yubileylar ortiqcha ekanini yaxshi tushunaman. Hatto xat yozib, hozirgi iqtisodiy qiyin sharoitda yozuvchi odamning katta to‘y qilishi uyat-ku, deb rahbariyatga murojaat ham qildim... Biroq rahbariyat mening gaplarimga qo‘shilmadi. Sening yubileyingni qirg‘iz xalqi talabi bilan o‘tkazyapmiz. Shuning uchun sen hamma ulug‘ gaplarni toqat bilan eshitishingga to‘g‘ri keladi, deb javob berishdi”.
Yubileylar masalasida Chingiz emas, xalq haq deb o‘ylayman. To‘g‘ri, gap adib xizmatlarini yana bir bor yuksak baholab, unga ta’zim bajo keltirishda emas. Balki u yaratgan asarlarni yana bir xayoldan o‘tkazish, ularni o‘rganish; bu asarlar tagida yotgan teran o‘ylar, hayot va jamiyat, insoniyat uchun saboq bo‘la oladigan fikr-mulohazalardan bahramand bo‘lishdir.
* * *
— Yo‘q, bu safar uyingga borolmayman — dedi Chingiz bir gal Toshkentga kelganida. — Yaxshisi bunday qilaylik. Men ertalab mashinada tug‘ilgan ovulim Shakarga yo‘lga chiqaman. Sen anov Qozog‘iston chegarasidagi choyxonangga joy qildir. Men soat o‘nga yetib boraman. O‘sha yerda biror soat gaplashib o‘tiramiz. Keyin sen meni Qozog‘iston chegarasidan o‘tkazib qo‘yasan.
Men dasturxon tuzashni jiyanlarimga topshirdim. (Ular ham Chingizni ko‘rishga, albatta, mushtoq edi.) Ertalab to‘qqiz yarimda yetib borsam ukalarim to‘kin dasturxon tuzab qo‘yishibdi.
Chingiz roppa-rosa o‘nda yetib keldi (u doim soatga qarab ish qiladi). Bir soat qanday o‘tib ketganini bilmayman. Boshida aytganimday, nihoyatda suhbati shirin, dunyo va hayot to‘g‘risida teran mushohada yuritadigan Chingiz bu safar ham ko‘p qiziq hangomalarni gapirib berdi. O‘shanda men birinchi marta undan Andrey Saxarov to‘g‘risida eshitdim. Bu olim vodorod bombasini ixtiro qilgani uchun uch marta yuksak unvonga musharraf bo‘lgan, sobiq SSSRning barcha mukofotlarini olgan, dedi Chingiz. Endi u unvonu mukofotlari, shohona uylariyu ko‘rkam dala-hovlilari — barchasidan voz kechgan, hatto o‘zi yaratgan vodorod bombasini ham qoralab chiqqan. Hozir Moskvadan haydalib, Volga bo‘yidagi bir shaharchada g‘aribona hayot kechirmoqda. Qara, nobop davr qanchalik buyuk insonlarni yaralashga qodir ekan!
Roppa-rosa soat o‘n birda Chingiz ketishga ijozat so‘radi. Men: yana biroz o‘tir, suhbatingga to‘ymay qoldik-ku, deb iltimos qildim.
— Yo‘q, Odil, — dedi Chingiz. — Men Talasdagi tug‘ilib katta bo‘lgan ovulim Shakarga barvaqt yetib borishim kerak. Dunyoning ikir-chikir ishlari bilan bo‘lib, bir-ikki yildan beri borolmaganman. Olamdan o‘tgan odamlar bor, ularning xonadonlariga borib, fotiha o‘qishim, ko‘ngil so‘rashim kerak. Borsam, albatta, uchrashamiz, yotib dardlashamiz, yoshligimizni eslaymiz, deb va’da qilganman.
Chingiz yana shunday deb miyig‘ida kulib qo‘ydi:
— Ular, baxtli odamlar, Odil. Bir qo‘yning go‘shtini qozonga solishadi. Keyin sen bilan men ho‘plab o‘tirgan manov baloni (aroqni demoqchi) shokosalarga to‘ldirib, bir ko‘tarishda olishadi-da, kalla go‘shtidan urib, bir-birini askiya qilishadi, gurunglashadi, «qah-qah» otib kulishadi, yayrashadi. Ular o‘zlaricha baxtli odamlar. Biz endi ularday bo‘lolmaymiz. Yotsak-tursak elni o‘ylaymiz, xalqimizning kelajagiga qayg‘uramiz, tashvish chekamiz. Men bu tashvishlarimni ularga aytsam, tengdoshlarim ustimdan kulishadi. «Ay, Chingiz, Xudodan qo‘rqsang-chi! — deyishadi ular. — Ko‘ylagingning yoqasidan belbog‘inggacha orden-medal. Olmagan mukofoting qolmadi. Tag‘in nedan noliysan?» deb taajjubga tushishadi. Lekin men ularni yaxshi ko‘raman, sog‘inaman. Sababi — eng yorug‘, eng baxtli kunlarim shular bilan o‘tgan. Xo‘p, ziyofating uchun rahmat, endi menga ruxsat!
Men uni Qozog‘iston chegarasigacha kuzatib qo‘yib, orqamga qaytdim. Yo‘l-yo‘lakay aytgan gaplarini o‘ylab keldim. O‘zimdan o‘zim: «Sen ham tug‘ilgan elingga borib turasanmi, borganingda olamdan o‘tganlarni yo‘qlab, ruhlarini shod etasanmi, oila a’zolaridan ko‘ngil so‘raysanmi?» deb so‘rayman. Bu savollar uzoq vaqt xayolimdan chiqmay, vijdonimni qiynab yurdi.
Kunlardan bir kun jurnallarimizning biridan telefon qilishdi: «Chingiz Aytmatov bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan ekansiz, taassurotlaringiz haqida o‘rtacha hajmda bir maqola yozib bersangiz». Men rozi bo‘ldim. Ocherkimda Chingiz bilan qilgan suhbatlarim, olgan taassurotlarim, meni lol qoldirgan gaplari — hammasini batafsil yozdim. Oradan bir-ikki oy o‘tdi. Jurnal bosmadan chiqdi. Lekin ne ko‘z bilan ko‘rayki, Chingiz gapirib bergan eng qimmatli tafsilotlar olib tashlanibdi. Oqibatda ocherk pati yulinib, dumi kesilgan qushga o‘xshab qolibdi. Keyin bilsam, hushyor muharrirga Chingizning: «Qishlog‘imga ertaroq yetib boray, olamdan o‘tganlar bor, ularga fotiha o‘qiyman, jo‘ralarim bilan yotib dardlashamiz», degan gaplari yoqmapti. Chingiz Aytmatov katta yozuvchi, u bunday gaplarni gapirishi mumkin emas, degan emish muharrir. Men uzoq vaqt Chingiz mening pati yulingan qushchaga o‘xshab qolgan ocherkimga ko‘zi tushmadimikan, deb uyalib yurdim.
Ha, donishmandlar aytganidek, hayot bamisoli bir daryo ekan, u oqib o‘taverarkan-o‘taverarkan, birov undan bahramand bo‘lib, bog‘-rog‘ yaratar ekan, birov loqaydlik, dangasalik qilib hech narsa qilmay o‘tib ketaverarkan. Chingizning Shakarda o‘tgan unutilmas to‘yiga ham yigirma yildan oshibdi. Odatda, ellikdan oshgandan keyin, ijodkorning iste’dodi so‘na boshlaydi, qalami ham, aql-zakovati ham susaya boshlaydi, deyishadi. O‘ylaymanki, bu «nazariya» Chingiz Aytmatov ijodiga sirayam to‘g‘ri kelmaydi. U o‘zining dunyoni lol qoldirgan «Asrga tatigulik kun», «Kunda», «Kassandra tamg‘asi» romanlarini ellikdan oshgandan keyin yozdi. «Kunda» va, ayniqsa, «Asrga tatigulik kun» uni bugun jahon adabiyotining g‘aroyib yozuvchisi Gabriel Markesga teng miqyosga olib chiqdi. Chingiz yaratgan Manqurt obrazi, to‘g‘rirog‘i, bu so‘z kitobxonlarni larzaga solib, sotqinlik timsoli sifatida dunyoning barcha tillariga kirib ketdi! Shu jihatdan olib qaraganda, Chingiz menga Himolay tog‘ining Jamolungma cho‘qqisini zabt etishga kirishgan alpinistlarni eslatadi. Farqi faqat shundaki, Jamolungmani zabt etishga ahd qilishgan o‘nlab, balki yuzlab zabardast alpinistlar bu cho‘qqini zabt etolmay, orqasiga chekinganlar yoki fojiali halok bo‘lganlar. Chingiz haqida esa bugun hech ikkilanmay aytish mumkin: u san’at sohasidagi bu osmono‘par cho‘qqini zabt etdi! Endilikda u hech ish qilmay, erishgan zafarlarining gashtini surib, rohatu farog‘atda yashayverishi ham mumkin. Lekin bu kayfiyat unga yot. Ayni zamonda u: «Hozir qanaqa asar yozyapsiz?» degan savolni ko‘p xushlayvermaydi. «Ha, endi, bir narsani qoralayapman. Noumid shayton, balki bir nima chiqib qolar», deya kulib qo‘ya qoladi.
Ko‘plar sirtdan Chingizni o‘ta mag‘rur inson, ulug‘ yozuvchi, unga yaqinlashish qiyin, deb o‘ylashadi. Aslida esa, u hayotda juda sodda, hatto bolatabiat bir inson.
Chingiz Toshkentga keldi. U O‘zbekistonda o‘tgan qirg‘iz madaniyati kunlarida ishtirok etdi. Bir necha kun Assambleya (Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi) ishlari bilan shug‘ullandi. O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent Davlat texnika universiteti talabalari va olimlari bilan uchrashdi. Safarining ikkinchi kuni biz O‘trorga bordik. Albatta, hozirgi O‘tror Chingizxon qo‘shinlariga birinchi bo‘lib ko‘kragini tutib bergan va olti oy taslim bo‘lmagan qadimiy O‘trordan juda yiroq, uning g‘aribgina bir soyasi, deyish mumkin. Lekin hozirgi shaharchada o‘sha buyuk va mag‘rur O‘tror haqida, Chingizxon lashkarlari bilan mardona kurashgan dovyurak o‘g‘lonlari to‘g‘risida ozgina bo‘lsa-da tasavvur beruvchi katta muzey bor. Biz muzeyni borib ko‘rdik. Keyin shahar markazidagi san’at saroyida uchrashuv bo‘ldi, uchrashuvdan keyin tashqariga chiqsak, muzey oldidagi maydonda besh-oltita nor tuya cho‘kkalab yotipti. Shahar hokimi Chingizni katta bir tuyaning oldiga boshlab borib:
— Bu sizning Qora Noringiz, — dedi. — Minib ko‘ring, Chingiz og‘a.
— Mening Qora Norim bo‘lsa, minayin! — Chingiz shunday deb kuldi-da, tuyaga mindi. Maydonda qiyqiriq bo‘lib ketdi. Chingiz dastxat kutayotgan yoshlarga qarab:
— Olib kelinglar kitoblaringni! — deya murojaat qildi. — Qora Norning ustida o‘tirib yozib beray dastxatimni.
So‘ng, atrofini qurshab olgan kino va teleoperatorlarga yuzlandi:
— Suratga olinglar. Chingiz Qora Noriga minib dastxat yozyapti, deb namoyish qilasizlar olgan suratlaringizni!
Qora Norga minib olgan Chingizning bu darajada zavq-shavqqa to‘lib ketishi bejiz emasdi. Nazarimda, Qora Nor jahon adabiyotida yaratilgan, agar ta’bir joiz bo‘lsa, hayvonlar obrazining eng mukammali, deyish mumkin. Chingiz buni biladi va sezishimcha, o‘zi yaratgan hayvonlar obrazidan iftixor qiladi. Faqat Gulsari bilan Qora Nordangina emas, Akbara haqida ham g‘ururlanib gapiradi.
Uning aytishicha, Olmoniyada vino bilan shug‘ullanuvchi bir fermer yangi navli vino yaratib, unga «Qora Nor» deb nom beribdi. Vinosi dovruq qozonib, juda boyib ketibdi.
Bir safar shu to‘g‘risida gapirayotganida men undan:
— Sen o‘zing bu vinodan ichib ko‘rdingmi? — deb so‘radim.
— Tatib ko‘rdim, — dedi u. — O‘ta o‘tkir ekan. Ko‘proq ichishga qo‘rqdim.
Butun umrini bo‘rilar hayotini o‘rganishga bag‘ishlagan olmoniyalik bir olim «Kunda»ni o‘qib chiqqach, Chingiz ijodining targ‘ibotchilaridan biriga o‘zini yozuvchi bilan tanishtirib qo‘yishni iltimos qilibdi.
— Men hayronman, — debdi u. — «Kunda»ni o‘qiyotganimda menga shunday tuyuldiki, yozuvchi menga o‘xshab umrining katta qismini bo‘rilar orasida o‘tkazganga o‘xshaydi.
Umuman, Chingiz Olmoniyada bizdagidan ham mashhur. Hatto bizda uncha dong chiqarolmagan «Kassandra tamg‘asi» romani ham Olmoniya va boshqa xorijiy davlatlarda juda katta shuhrat qozongan. So‘nggi bir-ikki yil davomida, Assambleya ishlari sabab, Chingizni qachon surishtirsam, rafiqasi aksar hollarda uni goh Olmoniyada, goh Parijda, goh Amerikaga kitobxonlar bilan uchrashuvga ketdi, deb javob beradi. Chingiz o‘zi esa bu haqda gap ketganida xiyol ma’yuslanib:
— Endilikda mening asarlarim o‘z elimdan ko‘ra xorijda ko‘proq o‘qiladi, — deydi xo‘rsinib. — Chet el kitobxonlari haliyam bo‘lsa haqiqiy adabiyotning qadrini yaxshi biladi. Bizda esa didi yuksak kitobxonni barmoq bilan sanasa bo‘ladi. Rossiyada bo‘lsa ahvol bizdagidan ham battar. Ularda seks adabiyoti avj olgan. O‘qib ko‘ngling ozadi! Bilmadim, qachon bu botqoqdan chiqa olamiz!..
Shunday qilib, mana, bizning avlod ham yetmishdan oshib, saksonga qadam qo‘yish arafasida. Kuni kecha ko‘z ilg‘amas uzoq tuyulgan bu cho‘qqining tepasida turibmiz.
Ne chora? Hayotning shafqatsiz qonuni shunday ekan, unga bo‘ysunish va shukronalar aytishdan boshqa ilojimiz yo‘q!
Bundan besh-olti yil muqaddam adabiy jamoatchilik kaminaning yetmish yoshini nishonlagan edi. Shunda Chingizdan telegramma oldim. Telegrammada Chingiz kaminani qutlab, meni chuqur hayajonga solgan bir gapni aytibdi: «Men, — debdi Chingiz. — Mash’um O‘sh yong‘ini kunlari sen va Pirimqul bilan go‘yo bir otaning farzandlariday, go‘yo uch aka-ukadek og‘ir fojia yuz bergan joylarga borib, talofat ko‘rgan onalarga hamdardlik bildirgan onlarimizni, ularning ko‘nglini ko‘tarib, tasalli berishga uringan kunlarimizni bot-bot eslayman».
Iloyo, o‘sha mash’um qora kunlar sira qaytib kelmagay. Men senday buyuk yozuvchi, ayni zamonda oddiy va kamtar inson bilan zamondosh bo‘lganimdan toabad iftixor qilaman. Yaratgan Egam meni sen bilan uzoq yillar do‘st bo‘lish, oxirgi yillari esa olijanob bir maqsad yo‘lida birga ishlash, sening dilbar suhbatlaringni olish baxtiga musharraf qildi. So‘nggi paytlarda men ham bu haqda ko‘p o‘ylayman, ayniqsa, kechqurun, uyqum qochgan daqiqalarda ko‘p eslayman. Cheksiz quvonch va minnatdorchilik bilan eslayman.
Sen mendan: «Yetmish yoshda odam o‘zini qanday his etarkan, Odil?» deb ko‘p so‘rarding. Mana, o‘zing ham qutlug‘ yoshdan o‘tib, yetmish beshga kirding. Endi yetmish yoshda odam o‘zini qanday his etishini o‘zing bilaverasan. Ulug‘ yoshing qutlug‘ bo‘lsin, aziz zamondoshim! Bizning baxtimizga, nafaqat turkiy xalqlar, balki butkul jahon xalqlari kitobxonlarining baxtiga hamisha sog‘ bo‘l, qalaming bundan ham o‘tkirlashib boravergay, qadrli do‘stim!