OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omon Muxtor. Katta bilan kichik munosabati (2007)

Maktabda o‘qib yurgandayoq adabiyotga qiziqib, yuragimda nimalardir yozish havasi uyg‘onganidan, ko‘p adiblar ismi sharifi-yu, ular yozgan asarlardan ma’lum darajada xabardor edim. Lekin birinchi mehrim tushib, hayotda etagini tutgim kelgan shoir men uchun — Sulton Akbariy edi.

Bo‘ron bo‘lib, g‘animlaringni

Qoyalarga ko‘tarib otsam... —

qabilida misralardan “Girdob” dostonigacha menga o‘shanda shunday yoqar ediki! Toshkentga kelib o‘qishga kirganimda, ustoz bilan birinchi borib tanishib, she’rlarimni ko‘rsatganman.

Sulton aka o‘zini oddiy tutgan ko‘ngli ochiq kishi ekan, tezda she’rlarni ko‘zdan kechirib, ikkitasini ajratib oldi, oz-moz qalam urdi va ... uch-to‘rt kun ichida ular gazetada bosilib chiqdi.

Shundan keyin, goh-goh Sulton akaga uchrab, u bilan suhbatlashib, she’r ko‘rsatib yurdim. Ammo kutilmaganda bizning ustoz-shogirdligimizga “ko‘z tegdi”.

“Kompaniya” degan tushuncha sho‘ro davridagi bema’niliklardan biri edi. Hamma narsa ”kompaniya”ga bo‘ysunardi. Odamlarni surgun yoki qatag‘on qilishdan paxta yig‘im-terimigacha! Qisqasi, bir yili — Xrushchyov davri edi, — “ziyolilar qishloqqa borib ishlasin!” mazmunida “kompaniya” paydo bo‘ldi. Yozuvchilardan kim bu ishni bajaradi, deganda Sulton aka labbay, deb yubordi. U, adashmasam Oqqo‘rg‘on tumaniga, bir kolxozga firqa kotibi bo‘lib ketdi. Oradan ma’lum muddat o‘tgach, uni ko‘rgani bordim.

Sulton aka egnida paxtalik, oyog‘ida etik, mashqi past, horg‘in edi. Biron soatcha suhbatlashdik. U garchi urush qatnashchisi (og‘ir sharoitga ko‘nikkan), buning ustiga, oldin ham tuman-qishloqda (gazetada) ishlagan bo‘lsa-da, “kompaniya”ga berilib to‘g‘ri ish qilmagani ko‘rinib turardi. Bu pallada she’r, adabiyot nazarimda, uning xayolida ham yo‘q. Bir so‘z bilan, bu avvalgi Sulton aka emas, boshqa odam edi.

Ikki-uch yildan so‘ng, u shaharga qaytib keldi.

Sulton aka bilan endi redaktsiyalarda, davralar, yig‘inlarda goh-goh tasodif ko‘rishib turdik. U men haqimda yordamga muhtoj davri o‘tdi, deb o‘ylab e’tibor bermay qo‘ydimi?! Yoki ayb menda, yoshlik qilib uning qismati, hayot va ijod yo‘lini o‘z qarichim bilan o‘lchadimmi?! Aytolmayman. Har holda, uzoqlasha boshladik.

Lekin bir narsa aniq. Sulton aka hayotining oxirgi damigacha (ba’zan toshib, ba’zan sal shoshib) qalam tebratdi. Shu orada “Tabassum va ko‘zyoshlar” turkumi singari ko‘rkam she’rlar, “Qatag‘on” singari g‘aroyib dostonlar yozdi. Umuman, Sulton Akbariy o‘z avlodi orasida chinakam iste’dodli, ulkan shoir edi.

Yana bir gap. Vaqtida ustoz-shogird munosabati qanday shakllangan bo‘lmasin, yuragimda bir umrga Sulton akaga nisbatan minnatdorlik tuyg‘usi saqlanib qolaveradi.

* * *

Yosh ellikka yetganida ham,
Yosh oltmishdan o‘tganida ham,
Hayot yo‘li bitganida ham —
Bir ustoz kerakdir dunyoda.
 
Haqiqatdan berkinmagin, deb,
To‘g‘ri yo‘ldan chekinmagin, deb,
Aytish uchun, o‘qinmagin, deb —
Bir ustoz kerakdir dunyoda.
 
Gunohlardan asranmoq uchun,
Gohi sovib, goh yonmoq uchun,
G‘aflat bossa, uyg‘onmoq uchun —
Bir ustoz kerakdir dunyoda.

Ustoz kerak.

Odamga odam ergashadi. Kimdir yozgan edi:

“Sen qanchalik bilimli, aqlli bo‘lmagin, har qachon sendan ko‘ra bilimliroq, aqlliroq kishi topiladi!”

Odamdan odam yashashni, mangu insoniy xislatlarni, nimadir bunyod etishni o‘rganadi.

Birgina ustoz etagini tutgan yaxshi. Pir va murid kabi.

Biroq inson hayoti tor ko‘chada katta yo‘lga chiqishdan iborat. Biz har qadamda bilmaganingni ozmi-ko‘pmi senga o‘rgatadigan ustozlarni uchratamiz.

Hayot va ijodda — odamlar orasida eskidan kelgan holat! — ba’zan biri-biriga yondashib, ba’zan uzoqlashish yuz beradi. Ammo o‘nlab ustozlardan birini ajratib, boshqalarni kamsitgandek ish tutsang, insof sharti buziladi. Umumiy manzarani ham tasavvur qilib bo‘lmaydi.

* * *

Elliginchi yillar oxiri, oltmishinchi yillar boshlanishi edi.

Avvaldan shuhratli shoir Mirtemir akaning nomi yangidan tilga tushdi. Davralarda barcha u haqda so‘zlar, uning she’rlarini o‘qir edi.

Mirtemir aka yoshlar orasida alohida o‘rin egallagan. Yosh ijodkorlar esa uni qurshab olishgan edi. O‘sha kunlar Abdulla Qahhorning “Mirtemir va jo‘jalari” degan gapi chiqqan. Mirtemir akaning o‘zi yosh ijodkorlarni “kipriklar” deb atagan, ularga “Kipriklarim” degan she’r bag‘ishlab, yangi bir kitobiga shunday nom ham qo‘ygan edi. Qisqasi, Mirtemir aka bilan tanishishdan ancha oldin men unga muxlis edim.

Esimda, talabalar o‘qish boshlanib-boshlanmay paxtaga chiqqanmiz. Bir kuni tushlikdan keyin ikkinchi kurs talabalari oldinda, biz, birinchi kurs talabalari orqada, dalaga qarab ketayapmiz. Men og‘aynilarimga nimanidir hikoya qilib borayotgan edim, bexos oldinda ketayotganlardan shlyapali bir yigit orqaga yarim burilib, undoq emas, bundoq, dedi. Biz andek qizishib bahslashdik. Og‘aynilarimdan bilsam, shlyapali yigit — Shukur Xolmirzayev ekan.

Shu kuni oqshom ko‘pchilik bekorchilikdan paxta xirmonida to‘plandik. Chiroq yo‘q, oy nurida aft-bashara g‘ira-shira ko‘rinar edi. Gurung boshlandi. Ko‘p o‘tmay, Shukur Xolmirzayev Mashrabning “Yig‘larmen” degan g‘azalini berilib, ta’sirchan kuyladi... Shu o‘rinda aytishim kerak, Shukur har jihatdan iste’dodli inson edi. Agar u xonanda bo‘lsa ham, san’atda iz qoldirardi! Dorilfununda buyuk Shukur Burhon rahbarligida drama to‘garagi bor, paxtada yurganda ham Shukur Xolmirzayev Hamlet rolini bajarishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Keyinchalik teatr sahnasida bu rolni u ikki-uch ijro etdi. Buni ko‘plar bilmasligi mumkin, Shukur Xolmirzayevning aktyorlik mahoratiga Shukur Burhon o‘zi tan bergan, u haqda maqola yozgan, o‘sha davrda katta mavqei bo‘lgan “Badiiy havaskorlik” jurnali muqovasining birinchi betida Shukurning Hamlet rolidagi surati bosilgan edi. Men aytmoqchiman, agar Shukur aktyor bo‘lsa ham, el ichida shuhrat qozonar edi...

Boyagi oqshom, paxta xirmonida menga ham navbat keldi. Mirtemirning “Surat” dostonini yod bilar edim. O‘qidim.

O‘qib tugatganimda kunduzi bahslashganimizni unutib, Shukur yonimga kelib o‘tirdi.

— Ey og‘a, rahmat. Men ham Mirtemirni yaxshi ko‘raman, — dedi.

Shundan keyin, Shukur bilan do‘stlashib ketdik.

Mirtemir akani, adashmasam, Do‘rmonda o‘tgan birinchi yoshlar kengashida uchratganman. Tez orada — so‘z boshlanishida aytganimdek, — uning ko‘plab shogirdlari safiga qo‘shildim. U adabiyotda o‘z o‘rnini bilganidan g‘ururli va behad kamtar edi. Ustozning uyiga borish, u bilan suhbatlashish oddiy hol. Hatto tobi yo‘q, horg‘in bo‘lsa-da, qo‘ng‘iroq qilgan kishini uyiga taklif qilaverardi. Uyi eshigi ochiq, xona o‘rtasida doim dasturxon yoziq bo‘lardi. Bu dunyoda birov yolg‘on so‘zlashi, qabihlik qilishi mumkinligiga ishonmaydigan sodda, gohida birovning gapiga kirib kayfiyati buziladigan, keyin ozor chekib yuradigan to‘g‘ri kishi edi.

Esimda, radioda ishlar edim, G‘afur G‘ulom, G‘ayratiydan tortib barcha adiblar o‘z asarlari bilan qatnashib turishar edi. Bir kuni domla Maqsud Shayxzoda qo‘ng‘iroq qilib, qo‘limda ancha she’r bor, hozir borib o‘qishga holim yetmaydi, kelib olib ketasanmi, dedilar. Xo‘p, dedim, bordim. Shayxzodani (ko‘pchilik Shayx aka der edi) katta-kichik adiblar hurmat qilishar, yaxshi ko‘rishar edi. Men ham. Cheksiz ehtiromim bo‘lganidan, bir asarda uni Faylasuf obrazida tasvirlaganman. Ozarboyjonga safar payti Og‘dosh (Oqtosh) tumaniga atay borib, domlaning tug‘ilgan joyi, o‘qigan maktabini ziyorat qilganman... Domla uyda shikoyatlanib, bir gapni aytdi. U Mirtemir akaga bag‘ishlab “Xiyobon” degan she’r yozgan, she’rda ikkovlari ham qatag‘on yillari zulmini boshdan kechirishganini eslagan edi. Birov Mirtemir akani Shayxzodaga qarshi qayrab, sizga ta’na qilyapti, degan, Mirtemir aka o‘zidan yoshi ulug‘ shoir lutf ko‘rsatganini anglamay gapga uchib, ranjib yurgan ekan... Yo‘q, keyin sir ochildi. Mirtemir aka buzg‘unchini “iplos” deb, undan yuz burdi.

Ustoz — so‘z zargari edi. Qo‘lyozmalarini ko‘rsangiz, bosma yozuvni eslatgan aniq, yirik harflarni go‘yoki terib chiqar, so‘ng har bir so‘zning o‘nlab ifodasini qidirib, sahifani qop-qora qilib tashlar edi. Uning she’r, dostonlari shuning uchun ravon, ehtirosli edi:

Na oltin, na javohir edim,
Armonli bir yosh shoir edim.
Zuhra bo‘lmasang ham chiroyda,
Men ishqingda naq Tohir edim.

Ilk qarashda “naq” so‘zi ortiqchadek tuyuladi. Lekin mana shu “naq” so‘zida bir dunyo ma’no bor!

Yoki:

Men seni injitmayman
Va lekin, tinchitmayman.

Bunday qarasang, oddiy. Ammo shunday “oddiy” yozib bo‘lmaydi!

Yoki:

Onaginam!
Odam bo‘ldimmi manam...

Ichki ohangga diqqat qiling. “O...nam — odam”, “ginam — manam”. Mabodo “men ham” deb ishlatsa, she’r yo‘qoladi!

Mirtemir aka menga juda ko‘p mehribonlik ko‘rsatgan. She’rlarimni necha bora “chizib-chizib” tashlagan. So‘z ustida ishlash bo‘yicha katta saboq olganman.

Bir gal ustoz she’rlarimni ko‘zdan kechirib, “Oq yo‘l” ham yozgan. Men uchun nihoyatda aziz bu “Oq yo‘l”ni eslashdan burun, noto‘g‘ri talqindan asranib ikki og‘iz izoh berishim kerak. Odatda, ustozlar “Oq yo‘l”mi, kitobga so‘zmi yozganda pilikni sal ko‘tarib, boridan yuqoriroq baho berishadi. Bundan tashqari, men o‘ziga-o‘zi mahliyo ijodkor emasman, oltmish yildan ortiq umrim davomida kattaning kichikka (yoki bir ijodkorning boshqasiga) bergan bahosi umuman, mutlaq haqiqat emasligiga ishonch hosil qilganman. Maqtovni ham, tanqid zaxmini ham ko‘rdim, etim qotgan. “Oq yo‘l” bunday edi:

“Omon Muxtor bilim ufqi keng, hamisha oldinga intiluvchi, izlab topguvchi, o‘z torini chalishga qodir yosh qalamkashlardan. U o‘zgalar ta’siridan tez qutulib olgan, hamisha yangi so‘z saralab aytayotgan, she’r nimaligini dildan tushunib qalam tebratayotgan — she’r mehnatkashlaridan. Bu jihatdan, Omon Husniddin Sharipov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarga juda yaqin, ya’ni yillar sudralib yurmay, kitobxonga tez tanilgan va sevilgan shoirlardan.

Omon Muxtor Buxoroda dunyoga kelgan va bolaligi shu ulug‘, yorqin shaharda kechgan. Buxoro o‘zi yuzlab qalamkash uchun umrbod mavzu bo‘lgulik diyor. Omon she’rlarida ona shahar manzaralari ta’sirbaxsh kuylanishi shundan. Uning sozida falsafiy chuqurlikka mayl va quymalikka e’tibor ham balki Buxoro sharofatidan. Axir, bizning Buxoro cheksiz falsafa, buyuk tarix, tubsiz ilm-ku...

Mirtemir,
1973 yil”.

Oradan ikki yil o‘tgach, Mirtemir akaning o‘zi meni “havolanib” ketmasin, debmi har qalay “ko‘tarilgan” pilikni ancha pastga tushirdi. “Guliston” jurnalida “Ohang” degan she’rlar to‘plamimga u yozgan tanqidiy maqola bosildi.

Mirtemir aka birovga bilib yo bilmay “qattiq so‘zlab”, keyin o‘zi o‘kinib-og‘rinmasa — Mirtemir aka bo‘lmas edi! Maqola e’lon qilingan kunlar uchrashib qolganimizda, u:

— Meni avrashdi, bo‘tam. Xafa bo‘lma, — dedi.

— Siz ustozsiz, bir betimga ursangiz, ikkinchi betimni tutaman, — dedim.

Lekin baribir, xafa bo‘lgan edim. O‘zimga aytish mumkin bo‘lgan e’tiroz matbuotda chiqqani menga malol kelgan edi. Hali yosh edim. Izzat-nafsim nozik edi. Mirtemir akaning dargohidan oyoq torta boshladim.

Bunga ahamiyat bergan ustoz ba’zi birodarlarimga Omon nega unday qilyapti, deb shikoyatlangan ekan. Eshitdim.

Uning dargohiga yana kira boshladim. U o‘tgan voqeani qaytib eslamadi. Men ham bilmaganga oldim...

Mirtemir aka hayot paytida ham, keyin ham unga bag‘ishlab ko‘p she’rlar yozganman. (Yaqinda “Tafakkur” jurnalida yana bir she’rim bosildi.) Sabab?! Mirtemir aka katta shaxs edi, uning o‘ziga xosligini aks ettirmaslikning iloji yo‘q. Oradagi munosabat bobida ham, o‘ylab ko‘rsam, ozor chekkanim qarshisida uning menga ko‘rsatgan mehri tarozi pallasini bosar ekan. Seni maqtashga haqli ustoz, tanqid qilishga ham haqli...

Albatta, ijodkorlar biri-biriga doim shafiq bo‘lgani durust! Lekin hayot — hayot-da!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 31-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.