Bundan roppa-rosa yigirma yil ilgari, mustaqilligimizning dastlabki kunlarida taniqli yozuvchi Shukur Xolmirzayevning «Adabiyot o‘ladimi?» maqolasi keng adabiy jamotachilikda jiddiy bahs-munozara uyg‘otgan edi. Ushbu savol hanuzgacha adabiy tanqidchlilik, adabiy davralardagi bo‘lgan munozaralarda e’tibordan tushmay kelayotir. Xo‘sh? Shukur Xolmirzayev maqolasida nima haqida fikr yuritgan ediki, yillar o‘tsa-da, adibu shoirlar, olimu ziyolilar ushbu savolga bot-bot murojaat etib kelmoqda? Savollar bisyor, javoblar esa turlicha. Masala mohiyatiga teran nazar tashlasangiz, hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, yozuvchi adabiyotning o‘lish-o‘lmasligi emas, muhimi boshqa bir masala xususida iztirob chekkanligi ayonlashadi. Sobiq ittifoq davri adabiyoti mafkura zug‘umi ostida, nazoratida yaratilgani, shu maqsadda yolg‘on shiorlar bilan inson tafakkurini parvarish qilishga uringani, bu maqsadlar insonni, insoniyatni, millatni, millat, elatni, elatligidan, tabiiy yashash, madaniy urf-odatlari, qadriyatlari, tili, dinidan mosuvo etib, mutlaqo qaram, xalqqa aylantirish yotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Qancha suvlar oqib ketdi, qancha tuzumlar, davrlar o‘zgardi… Shunday ekan, «Adabiyot o‘ladimi?» mash’um savolning tug‘ilishi, botinimizdagi bir ehtiyoj zamirida yaratilgan ediki, bu kabi savol yozuvchini uzoq yillardan buyon o‘ylantirib, tinimsiz mushohada yuritib kelgani ayni haqiqatdir…
Mustaqillikka erishgandan keyingina yozuvchi ko‘nglidagi pinhon hasratlarini, dardu iztiroblarini ro‘y-rost, dangal ayta oldi. Chunki, sobiq tuzumning bitta sharti bor ediki, ushbu shart: «qaysi mavzuda asar yaratilmasin, unda sovet kishisining orzulari, armonlari, o‘y-kechinmalari tasvirlanmog‘i kerak» degan. Eslang, Qodiriy, Cho‘lponu Fitrat, Behbudiyu Usmon Nosirlarni, millatimiz gultojlarii mustaqillik, erk, ozodlik uchun yonib yashagan edi. Bulardan tashqari yuzlab begunoh millat ziyolilarining aql tafakkuri kesib tashlandi, yo‘q qilindi…
Shukur Xolmirzayev ushbu mangu savoli bilan o‘zbek adabiyotining abadiy kelajagi, nurli manzillari uchun o‘ylab bitgani, qaysi mezonlar asosida ish ko‘rmoq kerakligi xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi… Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov «Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» risolasida shunday deydi: «Tabiiyki, davr taqozosiga ko‘ra, yozuvchilar yashash uchun, o‘z iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun kommunistik tuzum bilan murosa qilishga majbur bo‘lgan. Shu ma’noda, mustabid tuzum davrida vijdon azobini kim ko‘proq tortgan, desa, men, doimo bu hayotning ma’no-mazmuni, insonning qadr-qimmati, el-yurt taqdiri haqida qayg‘urib yashaydigan odamlar va ularning oldingi qatorida bo‘lgan ijod ahli, deb aytgan bo‘lardim». Yurtboshimiz ta’kidlagan teran fikrlar haqiqatan ham adabiyot fidoyilari (haqiqiy san’atkorlar) haqidagi g‘amxo‘rlik masalasi birinchi navbatda, mustaqillik tufayli erishilgan eng katta boyligimiz – fikr erkinligi, so‘z erkinligi bo‘lganligini asoslab beradi. Kechagina qalbu yuragimiz temir qafasda, tilimiz bir so‘z deyishga hadiksirab turardik. Shukurki, mustaqil bo‘ldik. Endigi qilinadigan va qilinishi mumkin bo‘lgan ezgu ishlarimiz nimalardan iborat? Inson ruhiyatini, millat hayotini, kashf etuvchi so‘z san’ati – Adabiyotimizning ahvoli qanday kechadi? Yozuvchi Shukur Xolmirzayev ana shu kabi g‘oyat iztirobli mangu savolga o‘z qarashlarini teran tahlilu dalillar bilan bayon etadi… O‘sha paytda munozaraga adibu shoirlar, munaqqidlar turlicha qarashlar bilan o‘z mulohazalarini bildirib o‘tadi. Akademik Matyoqub Qo‘shjonov esa bu borada yozuvchining xolis niyatini to‘g‘ri tushunib, munosabatini bildiradi: «Bu ma’ruzani g‘oyat miriqib eshitdim. Unda adabiy jarayon va adabiyotimizning ahvoli pishiq-puxta va hamma jarayonlari tahlil etilgan. Bundan quvondim va ayni paytda keyingi yetti-sakkiz yillik bosib o‘tgan yo‘limizga achindim ham. Chunki biz shu davrda ur-surlar, alg‘ov-dalg‘ovlar ichida yuraverib adabiyotimizdan yiroqlashib ketgan ekanmiz…»
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganiga yigirma yil bo‘ldi. Shu qisqa vaqt – asrlarga teng yillarda barcha sohada, xayrli, ezgu ishlar amalga oshirildi. Xususan, adabiyotimizga esa yangicha ohang, yangicha ruh kirib keldi. Bu borada fikr yuritadigan bo‘lsak, birgina 20 yil ichida bir yuz ellikdan ortiq roman yaratilibdi. Hikoya va qissalarni aytmaganda, bu ko‘rsatgich yaxshi holatdadir. Lekin sifat masalasiga kelsak, ba’zilari o‘qilmasdan yo‘qolib ketmoqda…
…ana o‘sha romanlar ichida xalq mehrini, kitobxon muhabbatiga sazovor bo‘lgan asarlar bor. Bular hanuzgacha e’tibordan chetda qolmay ziyoli va oddiy o‘quvchi qalbiga birdek yo‘l topib, ma’naviy bisotimizni boyitib kelmoqda. P.Qodirovning «Ona lochin vidosi», Sh.Xolmirzayevning «Dinozavr», T.Murodning «Otamdan qolgan dalalar», X.Do‘stmuhammadning «Bozor», Sh.Bo‘tayevning «Qo‘rg‘onlangan oy», U.Hamdamning «Muvozanat», L.Bo‘rixonning «Jaziramadagi odamlar» kabi o‘nlab romanlar munaqqidu olimlar tomonidan ijobiy baholandi, bu borada muayyan jiddiy tadqiqotlar, o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar yaratildi.
Yozuvchi Sh.Xolmirzayev mash’um savolning bir joyida «bozor adabiyoti» degan tushunchaning kirib kelishi va buning zararli tomonlari xususida ham fikr yuritadi. Bizning nazdimizda «bozor adabiyoti» degani shunday narsaki, xaridorgir, yengil-elki asarlar kitob rastalarnini tamomila egallab oladi. Yozuvchi ham o‘quvchining ta’b-didiga moslabgina asarlar yaratadi. Lekin bunday qilish real mantiqqa zidki, bora-bora haqiqiy adabiyot bilan yengil-elpi ko‘cha adabiyotining orasidagi masofaga putur yetadi. Bu degani shuki, kitobxonga millat ruhiyatini aks ettiruvchi asarlar emas, tezda hazm bo‘ladigan, qalbu yuragini tezda zavqu shavqqa to‘ldiradigan, xayolini bir damgina band etadigan «voqealardan iborat» asarlar suv va havodek zarurligi ayonlashadi…
…ayonki, keyingi o‘n yilliklar adabiy mahsulotlari ichida bozor adabiyotining oshig‘i olchi bo‘ldi. Chunki, shu o‘tgan o‘n yilliklarda yuzlab detektiv, mistik, fantastik, kriminalistik asarlar paydo bo‘ldiki, nomlari turfa xil, faqat bitta g‘oya o‘quvchini o‘z izidan ergashtiradi, bu ham bo‘lsa – hayotda bo‘lmagan narsalar, ro‘y bermagan jarayonlar, jinoyatlar, firibgarliklar, soxtaliklar xususida to‘qib chiqarilgan syujetlar edi. Yozuvchining nima haqida, nima demoqchi kabi savollarga o‘zlari ham to‘liq javob berolmay, «oldi-qochdi» voqealar bilan kitobxonni «aldashga» urinishi aqli bor ijodkor uchun eng katta gunoh ekanligini nahotki bilishmasa?! Shukur Xolmirzayev ana shu masalaga befarq bo‘lmaslikka, haqiqiy adabiyot bilan «ko‘cha adabiyoti»ning farqiga borishga chaqiradi…
…chaqiradiki, o‘zi e’tirof etganidek, adabiyotni bunday viruslardan tozalab turish uchun tanqidchi-mutarjimlarni ham shunga da’vat etadi… Rosti-da, «o‘zingga ravo ko‘rmaganni, o‘zgaga ham ravo ko‘rma» deb bitilgan muqaddas hadislarda…
Bozor adabiyoti xususida bahslashish katta mavzudir. Lekin shunday bo‘lsa ham bir-ikki nazariy qarashlarni o‘rtoqlashish adolatdan bo‘lar…
Nisbatan qisqa vaqt ichida madaniy hayotimizda mislsiz o‘zgarishlar, keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bunda muhtaram Yurtboshimizning oqilona siyosati – bozor iqtisodiga o‘tishning o‘zbek modeli va bunda aql bilan, juda puxta o‘ylab qilinishi g‘oyat zarur jihatlar o‘zining samarasini berib kelyapti. Xususan, birgina badiiyat sohasi – adabiyotimizda katta evrilishlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Lekin, bozorbop asarlar, xiyla chaqqanroq chiqdi. Bunga zamin hozirlagan kayfiyat bir kunmas bir kun, o‘z taqdiri – ertangi hayoti oldida mung‘ayib qolishini mualliflar ham juda yaxshi bilardi… ammo, ilk asarlari juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan keksa yoshdagi adiblar ham «fahsh», «nayrangbozlik», «jinoyat», «mafiya» xususida bichib-chatib, katta-katta romanlaru qissalar yoza boshladi va yengil-elpi adabiyoti ko‘chasiga bir yumalab o‘tib oldi… Sabab – shuning ketidan manfaat, obro‘, boylik va nom qozonish yotganligi – zamirida o‘sha niyat bir tosh naridan qiyofasini namoyon etib turadi… (Masalan N.Ismoilov, H.Temirov, S.Bo‘ri… bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkindir, lekin buni sanab adog‘iga yetish mushkuldir!)
«Bozor adabiyoti» degan atamaning xuddi metoritday yoppasiga bostirib kelishi – ko‘ngil va ruhning nozik pardalariga jiddiy ta’sir etishidan nega cho‘chimasligimiz kerak?! Biz «oldi-qochdi», «engil-elpi» asarlar bilan o‘zimizni aldamasligimiz kerak. Hozir kitob o‘qiydigan o‘quvchi juda kam deya matbuotda ham, televideniyeda ham, munozaralar tez-tez quloqqa chalinib turibdi. Balki shunday deyishdan oldin yoshlarni eng go‘zal, o‘qimishli, mustaqil fikrlashga, tafakkurimizni boyitishga o‘rgatadigan asarlarni o‘qishga chorlashimiz juda ham zarurdir… Shukur aka butun ongli hayotini Katta Adabiyotimizning nurli kelajagi uchun chaqirib, o‘zi esa shunga Ibrat ko‘rsatib yashadi. N.Ismoilovning «Burgut tog‘da ulg‘ayadi» degan sarguzasht qissani yana 20 yildan keyin o‘qilishiga kim kafolat bera oladi? Agar o‘quvchining ta’b-didiga moslab yozishda davom etilaversa, demak, bu narsa oqibatda juda katta zararlar keltirishi mumkin. San’at inson ruhiyatini tarbiyalashi, uning hayotdagi intilishlariga monand rag‘bat uyg‘otmog‘i, millat hayotidagi jiddiy evrilishlarni haqqoniy ko‘rsatib bermog‘i kerak. Shunday ekan, xususiy gazetalardagi «hikoya», «qissa», «roman» janri ostida chop qilinayotgan haligidek asarlar o‘quvchilar qalbida «demak, hikoya bundoq bo‘larkan, roman andoq bo‘larkan» degan tasavvurni uyg‘otmaydimi?..
Bundan besh yuz yil narida yaratilgan Navoiyning «Xamsa»sini o‘qiydigan kitobxonning o‘sha asarlarga bo‘lgan ehtiyoji hech qachon so‘ngan emas! Uni o‘qigan o‘quvchi o‘sha asar qahramonlaridek ezgu fazilatli bo‘lishga o‘zida kuch va rag‘bat topadi ham… Farhodu Shirinlar, Layli va Majnunlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbati, olijanobligi, jasorati, mardligi, insoniyligi har birimiz uchun ibrat namunasi emasmi? Masalan Nuriddin Ismoilovning «Mafiya sardori»ni ( uch kitobdan iborat roman) o‘qigan o‘quvchi «hayot shunday ekan» deya mafiya, jinoyat yo‘liga kirib ketmasligiga kim kafolat beradi? Adabiyot esa aslida insonni ezgu yo‘lga chorlashi kerak!
Mavzu ichida bitta manbaga murojaat etishni ma’qul ko‘rdik. Shukur aka adabiyot haqidagi suhbatida shunday deydi: «Bir kuni Anton Pavlovich Chexov shogirdi Bunin bilan Qora dengiz sohilllarida sayr etib yurib, ittifoqo to‘xtab qolishadi. Tolstoy… Lev Tolstoy suv yoqasidagi bir qoyada qoyadek bo‘lib o‘tirganmish. Oppoq soqollari yelpinib, yelkalariga ucharmish. Chexov o‘ziga xos nazokat va do‘xtirlarga xos xotirjamlik bilan debdi: «Ivan Tolstoy qaridi. Yaqinda o‘ladi. Bilasanmi, uning o‘limi meni unchalik hayajonga solmaydi. Boshqa narsa hayajonga soladi: adabiyotimizda qalang‘i-qasang‘i yozuvchi, xom-xatala asarlar bodrab ketadi. Didning buzilishi boshlanadi. Demak, odamga ziyon yetadi… Tolstoyning avtoriteti adabiyotimizni ana o‘sha loyqa oqimlar bosqinidan asrab turibdi hozir…»
Aleksandr Titov aytmoqchi, «g‘oya adabiyotning yuragi, uning ruhidir. Agar g‘oya bo‘lmasa odamlarda xuddi yaltillagan cho‘g‘lar singari yoki tunda daryolar yuzida tovlanadigan pufak yanglig‘ faqat Tangri ato etgan uchqunlargina qoladi». Bizning adabiyotimiz har qachongidan mavzu-mundarijasi, shaklu uslubidan ham jiddiy farqlanib ulgurdi. Zamondosh inson qismati tasvirlangan asarlar suv va havodek zarurdir. Busiz did o‘tmaslashadi, tafakkur olg‘a siljimay qoladi. Shukur akaning mangu savoli ham ana shu kabi iztiroblar og‘ushida tug‘ilgan edi. Titov bo‘lsa yaqindagina «Adabiyot keraksiz bo‘lib qoldimi?» savoli bilan maqola yozgan edi. Shukur aka esa bundan yigirma yil ilgari bu mavzuda bahs-munozarani boshlab berdi. Ayniqsa, o‘zimizda va boshqa g‘arb, uzoq sharq davlatlarida hukm surayotgan «kayfiyat»ga ilmiy mezonlar, faktlar bilan murojjat etib asosli ravishda isbotlab bergan edi…
Shukur aka adabiyotning o‘lmasligini bilardi… lekin u kishini tashvishga solgan yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan «Bozor adabiyoti» yaratuvchilari kabi asarlar urchib ketishidan xavotirlanar edi…
…xavotirlanar ediki, o‘zlari chog‘roqqina chaylasi – Do‘rmondagi ijodxonasidan chiqmay «yo-ti-ib» yozaverdi. Erkin A’zam aytmoqchi, «o‘qisa o‘qisin, o‘qimasa – otasining go‘riga…»
Endi mash’um savolning mangu iztiroblariga qaytsak. Har bir asar yozuvchining qalbidan tug‘ilgan «farzandi». Shunday ekan ommaning badiiy kitob o‘qishga bo‘lgan ehtiyoji har qanday (sivilizatsiyaning eng yuksak cho‘qqilariga chiqqan) davrlarida ham tug‘ilaveradi… Yoshlar nasri, nazmi, adabiy-tanqidiy chiqishlarida hali mahoratning egallanmagan ko‘proq mutolaani talab qiladigan jihatlari ko‘zga tashlanadiki, boya aytganimizdek «Adabiyot o‘ladimi?» mangu savolga munosib javob bo‘ladigan asarlari deyarli uchramaydi-da!!!
Katta avlodni qo‘ya turaylik, o‘zimizning tengqur qalamkashlarning badiiy izlanishlarida achinish hissi ko‘ngilga bir dam tinchlik bermaydi. Biz Yurtboshimizning yaratib bergan cheksiz imkoniyatlaridan, oqilona foydalangan holda, Mustaqil O‘zbekistonimizning BUYuK adabiyotini xuddi sport yanglig‘ dunyoga tarannum etishimiz darkor. Va, shunga mahkummiz! Adabiyotni qismatim deb bilgan yozuvchining IBRATLI ijod jarayonidan, yaratgan asarlaridan o‘qib, uqib o‘rganishmiz va jahonbop asarlar yaratishimiz eng dolzarb masalalardan biridir…
Katta avlodga munsub adabiyot ilmi bilan shug‘ullanib kelayotgan ziyolilar «Yaxshi asarlar yaratilmayapti» deya bot-bot gapirib turibdi. Lekin bunga qo‘shilib bo‘lmaydi. Yaxshi asarlar, jahonbop asarlar yaratilmoqda, ammo boshqa bir jihati kishini o‘ylashga undaydi. Biz yaxshi asarlarni sevib mutolaa qiladigan, kitobxonlarni tarbiya qilishimiz kerak…
Sababki, har bir davr adabiy mahsuloti o‘sha davrning kayfiyatini ifodalaydi. Kayfiyat esa har kimda har xil kechadi. Internet ommalashdi. Hozirda internetsiz hayotini tasavvur etolmaydigan bir avlod shakllanib ulgurdi. Bu borada jiddiy ishlarni amalga oshirish zarurdir…
Adabiyot insoniyat tafakkurini, uning hayotdagi o‘rnini, orzu-armonlariyu, maqsad-intilishlarini o‘zida jo etgan Ilohiy san’atdir. Bizning ana shu pog‘onaga yetishimiz uchun ne-ne ezgu ishlar amalga oshirilmadi. Endilikda shunga monand, shunga munosib javob berishimiz uchun tinimsiz izlanmog‘imiz kerak. Shukur Xolmirzayevning mangu savoli mangu savol bo‘lib qolaveradi…
Eng asosiysi bizlar (tengdoshlarim nazarda tutilyapti!) ko‘p asarlik va boy katta adabiyotimizning yorug‘ kelajagini sitqidildan o‘ylaydigan bo‘lsak, yozmaslikni o‘rganmog‘imiz kerak. «Bozor adabiyoti» havaskor adibu shoirlari ana shu masalani o‘zlariga farz qilib olsa ADABIYOT uchun eng katta xizmat qilgan bo‘ladilar…