OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oygul Suyundiqova. Shoiraning qizi (2006)

«Qizim, sen mening eng go‘zal she’rimsan...»
Marina SVETAEVA

Marina Svetaeva nafaqat rus adabiyotining, balki jahon adabiyotining ham yirik vakilidir. Shuning uchun ham uning hayoti va ijodi, quvonchu iztiroblari faqat bir davrga, bir millatgagina tegishli emas.
“Qismatimda g‘amlarim go‘zal...” deb yozgan hassos shoira hayoti va ijodini o‘zbek kitobxonlari ham yaxshi bilishadi.
Shoiraning murakkab taqdirini uning yagona vorisi, izdoshi, qizi — Ariadna Efronning “go‘zal g‘amlari”siz tasavvur qilish mushkul. A.Efron umr bo‘yi hayotning shafqatsiz zarbalariga Marina Svetaeva va Sergey Efronning qizi bo‘lib javob qaytardi, ammo u o‘z olamini ham yarataolgan ShAXS edi...
Ariadna Sergeevna Efron (1912-1975)ning bolaligi, yoshligi adabiy muhitning qaynoq nafasida kechdi. U bolaligidan kichik-kichik she’rlar, esdaliklar yoza boshlagan edi. Marina Svetaeva qizining qoralamalarini “Qish alomatlari” va “Bolalik esdaliklari” deya nomlab, ikki jildlik kitob tayyorlaydi.
“Bunday kitob dunyoda yo‘q. Bular — qizimning menga yozgan bolalik maktublari, bizning turmush tarzimiz (ko‘chalar, bozor, bog‘cha kabilar tasviri), tushlar, kitoblar haqida fikrlar, taqrizlar, odamlar haqida o‘ylar — hammasida olti yashar bolaning yuragi, shu yurakda to‘lib turgan hayot o‘z aksini topgan,” — deb yozgan Marina Svetaevaning orzulari, taassufki, orzuligacha qolib ketdi. Kitoblar nashr etilmadi. O‘sha kitoblar haqida Ariadna Sergeevna: “Hozir bunday yozolmagan bo‘lardim...” deya eslagan edi.
Yo‘q, yozdi u. Yozgandayam undan-da betakror yozdi. Samimiy she’rlari, “O‘tmish sahifalari”, Boris Pasternakka maktublari, beqiyos tarjimalari, u chizgan suratlar...
Ariadnaning ota-onasini hayoti o‘tli, dolg‘ali, og‘ir va shafqatsiz yillarga to‘qnash keldi. Chaqmoqlar, momaqaldiroqlar, yomg‘irlar ostida, bulutlar, tumanlar orasida kechdi bu umr, bu yo‘l. Bular Ariadnani ham chetlab o‘tmadi, aksincha, uni o‘zlari bilan birga olib ketishdi. Butun oila avval Praga, so‘ngra Parijga ko‘chdi, bir muddat Berlinda ham yashashdi. Muhojirlik hayotiga ko‘nikish, chidash, tinimsiz harakat, mehnat qilish, Alyaning (uni erkalatib shunday chaqirishardi) goh yarim, goh chala, goh to‘xtab qolayotgan o‘qishining ming bir chorasini topish...
Bu haqda Marina Svetaeva kundaliklarida iztirob bilan yozadi. Alya esa gimnaziyani bitirolmagan, o‘z tengqurlari singari yoshlik zavqlaridan to‘la bahra ololmagan, aksincha, oilamga yordamim tegsin deb to‘qishni o‘rgangan, undan keladigan arzimas pul bilan oilasini quvontirgan bo‘lsa-da, bu og‘irliklarning barchasini ko‘tardi va bularni yengilgina nafas bilan “quvnoq qashshoqlik”ka yo‘ydi. Onasi esa uyida qiziga bor bilimini berdi. U adabiyot va tarixni chuqur o‘rgandi, frantsuz tilidan tarjimalar qila boshladi. Otasi qizining iqtidorini yelda sovurilib ketishini istamas, baribir qaerda bo‘lsa ham uni o‘qitish lozimligini tinmay ta’kidlardi. Keyinchalik u Parijda Luvr qoshidagi maxsus amaliy san’at maktabi, so‘ngra Dobujinskiy va Bibilin tasviriy san’at maktablarida tahsil oldi.
Otasi Alya chizgan suratlarni juda sevar, juda qadrlardi. Keyinchalik qizaloq iste’dodli musavvir bo‘lib yetishdi. Sergey Yakovlovich qizining suratlari ko‘rgazmasini tashkil etishga ko‘p urindi, ammo barcha urinishlari samarasiz kechdi. Ariadna bolaligidan to umrining oxirigacha adabiyotdan, san’atdan, yozishdan va surat chizishdan ayrilmadi. “U chizishdan ko‘ra yaxshiroq yozadi”, — degan edi otasi singlisiga. Ota haq bo‘lib chiqdi. Oltmishga kirgan Ariadna Efrondan siz qaysi birini tanlagan bo‘lardingiz, deb so‘rashganida, u chizishdan ko‘ra yozishga ishtiyoqi hamisha kuchli bo‘lganligini aytadi.
Qo‘liga diplom olgani bilan Ariadna ish topolmaydi. Yana turli narsalar to‘qiydi, yumshoq o‘yinchoqlar yasaydi. Tish shifokori yordamchisi bo‘lib ishlaydi. Nemis oilasida enaga sifatida yaxshigina maosh, qulay ish sharoitiga ega bo‘lib yurganida, onasi bundan xursand bo‘lib shunday yozgan edi: “Oyiga — 150 frank, buning ustiga dengiz bo‘yidagi uy! Yeb-ichishi, yotib-turishi tayinli, madaniyatli — oila”.
Alya o‘sha yerda ham tinch o‘tirmaydi: buyurtmalar olib issiq kiyimlar to‘qiydi. Topgan pullarini ham, maoshini ham uyiga jo‘natadi. Bir safar onasining dugonasi unga tug‘ilgan kunida 50 frank berganida, shu pulga ham ip sotib olib, onasi va ukasi uchun kiyimlar to‘qib, uyiga yuboradi. O‘zini esa rangi o‘chgan tufli, eski yoki dugonalari sovg‘a qilgan ko‘ylaklar ham qanoatlantirardi. U bir umr onasiga beminnat xizmat qilishdan charchamadi. Butun og‘irlikni yuragi bilan ko‘tardi.
1937 yilda Ariadna hayotida bir qarorga kelish imkoniyati paydo bo‘ladi. U frantsuz qonunchiligiga ko‘ra, o‘zi xohlagan fuqarolikni qabul qilishi mumkin edi. Ariadna rus fuqaroligini tanlaydi. Bunday qarorga kelishida otasining ta’siri kuchli bo‘ldi. Sergey Yakovlovich Rossiyadan ketishi xato bo‘lganligini anglab yetganida ancha kech bo‘lgan va bu uni hamisha iztirobga solardi. Buning ustiga, Ariadnaga Moskvada kechgan bolalik xotiralari, qo‘lidan tushmagan rus adabiyoti va tarixiga oid kitoblar, onasining she’rlari, xotiralari — hamma-hammasi uni shu qarorga olib keldi.
Ariadna oilasining do‘stlari, Parijda yashab ijod qilayotgan muhojir rus adabiy muhiti, shoirlar, adiblar bilan birma-bir xayrlashib chiqdi. O‘shanda buyuk adib Bunin unga shunday degan edi:
— Tentak qiz, axir seni borishing bilanoq Sibirga quvishadi-ku! – adib biroz sukut saqlab, g‘amginlik bilan davom etdi: — Sening yoshing, yoshliging menda bo‘lsaydi... Mayli, Sibir bo‘lsin, mayli quvishsin! Axir, bu – Vatan, bu — Rossiya!...
Uni sovg‘a-salomlar bilan kuzatib qo‘yishdi. Onasining tili bilan aytganda, “hech narsasi yo‘q Alya butun boshli “kelinlik sepi”bilan Moskvaga qaytdi”. U boriboq o‘ziga yaxshi ish topdi — jurnallarda tarjimonlik qila boshladi. O‘sha yilning kuzida otasi ham Vataniga qaytdi. Sergey Efron kuchli filolog, o‘ta qobiliyatli, nozik yurakli inson, Rossiyani o‘zidan kechib sevuvchi, oq armiyada xizmat qilganida ham, Rossiyani qutqaryapman deb ishongan, sovet Rossiyasiga ham shu niyatda ishga kirgan edi. Ariadna yaxshi ishladi, yana topganini oilasiga tashidi. Onasi bilan ukasi 1939 yili Rossiyaga qaytishdi. Oila yana jam bo‘ldi.
Jurnallarda ishlab yurgan Ariadna sevdi, sevildi. Suyuklisi — hamkasbi Samiul Davidovich Gurevich edi. Ammo bu baxt uzoqqa cho‘zilmadi. Svetaeva-Efron oilasi eng og‘ir, eng shafqatsiz yillarda Rossiyaga qaytishgandi. Ig‘vo, tuhmat, chaqma-chaqarlik, gumonsirash, qama-qama avjiga chiqqan payt. Chet eldan qaytganlarga “ayg‘oqchi” tamg‘asi bosilib, hibsga olish boshlandi.
1937 yil 27 avgust. Ariadna Sergeevna Efron ham shu ayblar bilan hibsga olindi. U o‘sha olis tongni bir umr eslab qoldi: “... Men bu tongda onamni, otamni, ukamni, hayotimda nimaiki aziz bo‘lsa, hammasini so‘nggi bor ko‘rayotganligimni angladim”.
Oradan yarim yil o‘tib, Marina Svetaeva qizi haqida xabardor bo‘ladi. Alya Sergey Efronning qamoqqa olinib, 1941 yilda otib tashlanganligini keyinchalik biladi. Ariadnadan birinchi maktub (Knyazniy Pogost, Komi ASSR) 1941 yilda onasining qo‘liga tegadi.
Urush yillari. Ariadnaga xat kelmay qo‘yadi. 1942 yildagina ammalaridan xat oldi. Onasi, ukasi nega jim? Xatlarida qayta-qayta so‘raydi. Ammo hech kimning 1941 yil 31 avgustda onasi — Marina Svetaeva Yelabug‘ada o‘zini osib o‘ldirganini aytishga jur’ati yetmaydi. Oxiri bu haqiqatni ammasi Yelizaveta Yakovlevna Efron aytadi.
“Qadrdonlarim Lilya va Zina! Onamning o‘limi haqidagi xabar berilgan maktubni kecha oldim. Bunday bema’ni mushuk-sichqon o‘yiniga barham berganingiz uchun Sizga rahmat. Ba’zan rahmdillik ham mana shunday beshafqat, dilga ozor berib qo‘yarkan. Onamning o‘limi haqida hamma narsani to‘liq, aniq yozib yuborishingizni so‘rayman. Qachon, qaerda, qanday kasallikdan, nimalarning ta’sirida? Yonida o‘sha paytda ukam bo‘lganmi? Yoki yolg‘izmidi? 1939 yilda Parijdan olib kelingan qo‘lyozmalari, kitoblari, tarjimalari, suratlari, narsalari qaerda, kimda? Ularning hammasini, xullas, nimaniki saqlab qolish mumkin bo‘lsa, barisini yig‘ib olish lozim. Sizlar uni oxirgi marta qachon, qaerda ko‘rdinglar, suhbatlashdinglar? Ukam qaerda? Uning ahvoli qanday?
Maktubingiz meni ado qildi... Men onam o‘ladi, deb hech qachon o‘ylamagandim. Hozir ham ota-onam o‘lgan deb o‘ylay ololmayapman... Agar men onamning yonida bo‘lganimda, u o‘lmas edi. Men butun umr uning og‘irini yengil qilishga harakat qildim. Yonida bo‘lganimda, bu og‘irlik uni chilparchin qilolmasdi...” — deb ammalariga iztirob bilan yozadi.
Onasining arxivi ishonchli qo‘llarga — ammalari qo‘liga kelib tushganini bilgach, Ariadna ukasini xatlar orqali izlay boshlaydi. Ukasi — Georgiy Sergeevich Efron o‘sha yillarda Toshkentga jo‘natiladi, shu yerda maktabni tugallaydi. Onasining o‘limi haqidagi xabarni opasiga yetkazishga jur’at etolmaydi... Maktabni bitirib, Moskvaga qaytadi. A.M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutiga o‘qishga kiradi. 1944 yilning 26 fevralida urushga jo‘natilib, shu yilning 7 iyulida halok bo‘ladi.
Urush tugaydi. 1947 yilning 27 avgustida ozodlikka chiqqan Ariadna Efron Moskvaga qaytdi. Kutib oladigan hech kimi yo‘q. Eri haqida dugonasiga shunday yozadi: “Cobiq erim bilan (afsuski, sobiq. Oy ostida hech narsa abadiy emas, bu-ku er ekan!) do‘stona uchrashdik, suhbatlashdik. Yana birga bo‘lish haqida o‘ylash mumkin ham emas. Uning ishi partiya bilan bog‘langan. Men esa... Oyida ikki marta uchrashib turamiz. Yuragimizni ajib, g‘amgin lahzalar to‘ldirib yuboradi, ilojsizmiz. Hayotda shunday devorlar borki, boshing yorilib ketsa ham, yorib o‘tolmaysan...”
Ariadna Ryazanda yashay boshladi. Viloyat badiiy pedagogika bilim yurtida grafikadan dars berdi. Bu ishda Luvrda olgan saboqlari, iqtidori asqotdi. Urushdan keyin ham qatag‘on qilish ishlari davom etdi. Ariadna Efron ikkinchi marta — endi Turuxanskiyga surgun qilindi. Talabalari hech kimdan, hech nimadan qo‘rqmay stipendiyalarini yig‘ib, uni ko‘rish uchun qamoqxonaga borishdi. U Ryazanda yashagan qisqa “erkinlik davri”da onasi haqidagi ma’lumotlarni Moskvadan, Yelabug‘adan izladi. Onasi oxirgi paytda kimlar bilan uchrashgan, kimlar bilan suhbatlashgan, hammasini bilishga, aniqlashga harakat qildi. Onasi bilan Volga, Kama daryolari buylab paroxodda sayr qilgan taniqli adiba Sikorskayani izlab, Moskvagacha bordi. 1949 yil 22 fevralda Ariadna do‘stlariga shunday yozgan edi: “...17 fevralda onam tushimga kirib, meni xavfdan ogohlantirdi go‘yo... Seni olib ketishadi, — dedilar onam. — Avvaliga og‘ir, loyqalangan yo‘llardan o‘tasan. Ammo bularning barisi “bahor sellari”day o‘tib ketadi. Hammasi joyiga tushadi, yaxshi bo‘ladi...”.
Onasining nomi, ruhi unga hamisha hamroh bo‘ldi. U nihoyatda irodali inson edi. Shimolning eng chekkasidagi Turuxanskiyning sovuq iqlimiga, Muz okeanidan ufurib turgan izg‘irinli shamollarga lagerdayoq zaiflashib qolgan nozik yuragi bilan dosh berdi. Har bir daqiqa, har bir odamdan quvonch va ma’no izlab yashashga intildi. Yeniseydan chelaklab suv tashib, idish-tovoqlarni, maktabning pollarini yuvdi. Nihoyat uni klubga rassom qilib olishdi. Tuman madaniyat uyida ishlaganida hamma ishni bitta o‘zi epladi. Bayram kunlari butun binoni jihozlash, devoriy gazeta chiqarish, adabiy kechalar uyushtirish, kerak bo‘lsa, shu kechaning shoiriga aylanish... Bir so‘z bilan aytganda, mahalliy xalqni madaniyat uyiga tortdi. Shu bois ham uni unutishmadi, uzoq eslab yurishdi.
Bu paytga kelib Ariadna Efron qirq yoshdan oshib qolgan edi. Kasal bo‘lishiga qaramay tinmay ishladi. U aslida ijodkor edi. Ammo sovuq shamollar shafqatsizlik bilan uni bu yo‘ldan uloqtirib tashlashga urinishdi. Shu bois ham ijodni hamisha sog‘inib yashadi. Maktublar yoza boshladi. Ayniqsa, ammasi Ye.Ya.Efron, B.Pasternak, shoirlar, adiblar, do‘stlariga yozgan maktublari betakror. U onasining birinchi shoiri, oilasining eng yaqin do‘sti Boris Pasternak bilan umrining oxirigacha do‘st bo‘lib qoldi. Boris Pasternakday katta shoir uning har bir maktubini bebaho asarday qabul qilgan, zavqlangan, ruh olgan.
1955 yildagina Ariadna ozodlikka chiqdi. “Bahor sellari” Yeniseyga butunlay oqib ketdi. U yana Moskvaga qaytadi. Bu yerda uni bu safar ham hech kim kutib olmaydi. Hayot esa hamisha davom etib kelgan. Demak, hammasini qaytadan, yangidan boshlash lozim. U ammalarining torgina, kichkina uyiga kirib kelganida, ular keksayib qolgan, bemor edilar. O‘limidan keyin otasi ham oqlandi. Endi Ariadna Sergeevna shu kungacha qilolmagan ishi — onasining arxivini tiklab, nomini, sha’nini oqlash, daftarlarini, she’rlarini qayta-qayta o‘qishga kirishdi. Svetaevaning Stalindan tortib to Fadeevgacha yozgan arizalaridagi: “Boshqa she’r yozmayman. Hammasi tugadi” so‘zlarini oy nurida o‘qib, yig‘isi bo‘g‘ziga tiqildi. “Men hamma uxlaganda, hammayoq tinchiganda, bularni o‘qirkanman, yig‘lab bo‘ldim, yoshlarim qurigan, deb o‘ylagan edim. Yo‘q, bu o‘ylarim yolg‘on ekan. Ko‘z yoshlarim meni tiriltirish uchun oqayotganini angladim”, — deb yozadi u.
Ariadna Sergeevna 1955 yilning yozlarida Moskvaga qaytgan bo‘lsa, shu yilning sentyabridayoq onasining o‘limidan keyingi kitobini nashrga tayyorlaydi. Shu bilan birgalikda nashriyotlar bilan hamkorlik qilib, yana tarjimalar ustida ishlaydi. Nihoyat, ammalarining tor uyidan bobosi — onasining otasidan meros bo‘lib qolgan Tarusadagi dala hovliga chiqib ketadi. Kimsasiz uyni pechka yoqib isitadi. O‘t-o‘lanlar bosgan qarovsiz hovlini tozalab yashnatib yuboradi. 1958 yildan umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. Onasining har bir she’ri, tarjimasi, nasriy asarlari, kitoblari, maktublari, do‘stlari bilan bo‘lgan suhbatlarini yig‘ib boradi.
U o‘ziga, har bir so‘ziga talabchan edi. Tarjimalar bilan uzluksiz shug‘ullanardi. Xitoy, Boltiq bo‘yi xalqlari, italyan, ispan, ayniqsa, frantsuz adabiyotidan tarjima qilishni sevardi — Bodler, Varlen, Gote, Aragon, Juve, Reverdi, Triston Tzar. Uni mohir tarjimon sifatida Ittifoq Yozuvchilar uyushmasiga a’zo qilishdi. 1955 yilda tayyorlangan onasining kitobi 1965 yildagina kichkina, yupqa va kam nusxada chop etildi. O‘shanda Ariadna nihoyatda quvondi! Marina Svetaeva she’rlari yana o‘z o‘quvchisini topganiga amin bo‘ldi.
Onasi haqida xotiralar yozishni Ariadna Efron Turuxanskiydayoq o‘ylagan, ba’zi bir fikrlarini ham qoralay boshlagan edi. “Nafaqaga chiqib, uzoq yashashni istayman, — deb yozadi u. — Nafaqaga chiqsam, onam haqida bilganlarimni yozardim. Axir, men hammasini eslayman, ko‘p narsani bilaman. Onam shunchaki emas, qanday yozganini, nima uchun yozganini, uning qudrati nimadaligini ko‘rganman, sezganman. Biz butun umr birga yashadik, axir...”
Ha, hech kim onasini u kabi qattiq sevolmagan, u kabi chuqur tushunolmagan, u kabi Marina Svetaeva buyuk shoira ekanligini birinchi nafasdayoq, birinchi she’rlaridayoq bilmagan. Ular – ona va qiz hamma joyga birga borishardi. San’at saroyi (hozirgi Moskva, Vorovskiy ko‘chasidagi Yozuvchilar uyushmasi binosi)da Balmont, Svetaeva, Blok kabilar o‘z she’rlarini o‘qigan adabiy kechalarda, Mansurov studiyalari, mehmondorchilik, Balmontning uylarida Ariadna onasiga hamisha hamroh edi. Bu haqda Balmont shunday yozadi: “Bu ikki shoir yurak – ona va qiz xuddi opa-singillarga o‘xshashar, ularning hayotsevarligi, harakatchanligi, ishtiyoqlari ifloslik davom etib kelayotgan shunday sharoitda faqat noliydigan, dardmand bo‘lib qolganlar va dunyodan erta ketuvchilar orasida ham hayratlanarli edi... Ular oldga yuruvchilar edi, men ham ularga qarab so‘nayotgan umidlarimni rostlab olar, kuchimga kuch qo‘shardim... Ocharchilik kunlari. Agar Marinaning oltita kartoshkasi bo‘lsa, uchtasini menga olib kelardi. Yetti yashar Alya o‘zi och bo‘lsa ham onasining bu harakatlariga indamay rozi bo‘lar, uni tushunar, u bilan birga ovqat olib kelar, shu yoshdayoq bir mayizni qirq bo‘lib yeyishning ma’nisini anglab yetgan edi. U necha-necha martalab o‘zining arzimas ulushi – nasibasini hali uch yoshga ham to‘lmay vafot etgan singlisi Irina bilan baham ko‘rardi...”
Ariadna Efron “Marina Svetaeva haqida” nomli kitobini umr bo‘yi yozdi. Bu kitobning ilk variantlari umrining so‘nggi yillari – 1975 yilda “Zvezda” jurnalida bosilib chiqdi. Uning Tarusadagi kulrang-moviy tosh qo‘yilgan qabriga kelgan ziyoratchilar Marina Svetaeva va qizi nomini yodga olishadi.
Shubhasiz, bu kitob har bir o‘quvchida katta qiziqish uyg‘otadi. Kitob Svetaeva-Efron oilasi, do‘stlari, hayotiga oid noyob suratlar bilan boyitilgan. Ulardan birida Ariadna Efron Tarusada, daryo bo‘yida o‘rindiqda o‘tirgani aks etgan.
...Atrof tinch. Oka daryosi sokin oqmoqda. Xotirjam ko‘ringan yuz qiyofasida yillar, taqdirning o‘chmas izlari chizilgan. Oqargan sochlari chiroyli, tekis turmaklangan. Egnida oddiy va bejirim libos. Nimadir to‘qimoqda. Suratning tagida shunday yozuv bor: “Uning qo‘li hech qachon bekor turmagan. Bo‘sh qoldim deguncha u to‘qishni yaxshi ko‘rardi. Hatto Lubyanka kamerasida ham sharfini sitib yuborib, ikkita gugurt cho‘pida qaytadan to‘qib chiqqan”. Nazarimda, Ariadna Efronning Boris Pasternakka yozgan mana bu maktubining ruhi shu suratga uyg‘unlashgan ko‘rinadi. Bu maktubni qayta-qayta o‘qiganim sari shoira qizining o‘sha davrlardagi qalb tug‘yonlari, kechinmalarini anglashga urinaman...
“...Men hozir Tarusadaman. Ha, o‘sha sen so‘z boshingda tilga olgan, kichkina Svetaevalarning bolalik va o‘smirlik chog‘lari kechgan joydaman. Oka daryosidan boshqa hamma-hammasi, maqolda aytilganidek, oqib ketdi. Qachonlardir Svetaevalarning bobokolonlari ruhoniy bo‘lib xizmat qilgan sobor klubga, bobomning bobosining uyi — ”kashtachi qizlar” arteli“ga, buvimning hovlisi esa bolalar bog‘chasiga aylantirilgan. Eski qabriston o‘rnida – shahar bog‘i. Onam va Asya (Marina Svetaevaning singlisi-Anastasiya) yashagan, o‘sgan uy deyarli o‘zgarmagan, yaxshi saqlangan. U yerda dam olish uyining xizmatchilari va “yordamchi xizmatchilar” yashashadi. Svetaevalarga qadar bu uyda Borisov-Musatovlar yashagan. Va shu yerda vafot etgan. Onamning aytishicha, ancha paytgacha har qancha oqlangan bo‘lmasin, bolalar xonasining devorlaridan Barisov-Musatov mo‘yqalamlari, chizgan rasmlarining izlari ko‘rinib turgan ekan. Chunki u umrining so‘nggi damlarida to‘shakka mixlangan ko‘yi ishlardi, xonaning devorlari uning uchun palitra — bo‘yoq taxtalarning o‘rnini bosardi.
Gap nimada? Nega faqat daryo o‘zgarmay qolaverdi? Nima uchun suvlarning rangi o‘zgarsa-da, daryo qoladi? Bu yerda yashab o‘tganlarning hech qaysisi yo‘q, hech qaysisi! Vulflar ham, Svetaevalar ham, Polenovalar ham, Borisov-Musatovlar ham, Balmont, Baltrushaytislar ham yo‘q — ularning har biri qaytarilmas va yagona edilar. Daryo esa qoladi. Ha, qoladi! Unga tikilarkanman, uning o‘zgarmas qiyofasida, oqayotgan suvlarida onamga ilhom baxsh etgan buloqlarni simiraman, dildan his etaman ularni. Onam ularni birinchi ko‘rgan lahzasidan to umrining oxirigacha o‘zi bilan olib yurdi. Shu yerda uning she’rlari tug‘ildi, abadiy yashab qolishi uchun tug‘ildi. Daryo bo‘yida esa uning hayotligidagi marjon daraxtlari, chetan daraxtlari shovullab turibdi hamon. Bu daraxtlarning yarqirab turgan mevalari naqadar achchiq edi! Bu daraxtlarda — “fojianing kibr-havolari” mujassam. Daryoda esa — hayot, umr Yozi.
Shu kunlargacha yetib kelganim uchun taqdirimdan, Yaratgan Egamdan, odamlardan minnatdorman. Sen-la diydorlashish uchun yashadim shu kungacha. Endi esa onamning hayoti, ijodi, o‘zimning kechmishlarim bilan yuzlashib turibman bunda. Shu kunlarga ham yetib keldim-a! Sening romaningni, onamning kitobiga yozgan so‘z boshingni o‘qish uchun ham yetib keldim shu kunlarga. Onam, uning she’riyati haqida shunday teran va yengil nafas bilan yozish – mo‘‘jizalar mo‘‘jizasi emasmi! Zavqim oshib, tilim tinmay sayraganida, mo‘‘jizalar oldimda to‘xtab qoladi va meni maydalashib ketishimga yo‘l qo‘yishmaydi...
Eh, Borenka! Biz baribir maydamiz, mayda! Axir, muhimi — yozilgani, mo‘‘jiza ham aynan — shunda. Biz yana yozilganlarni ham nashr etishni xohlaymiz. Unda mo‘‘jiza kubning ichiga kirib qolmaydimi!...
Yaxshi, azizim! Biz o‘sha kunlarga yetamiz, albatta. Hammasini ko‘ramiz. Eng muhimi esa — sen va onamning yozganlari avlodlardan avlodlarga, bizning hali tushimiz ham, xayolimiz ham yetmas avlodlarga yetib boradi va ular Sizlar bilan ”sen”lashib so‘zlasha boshlaydilar. Bu asarlar ertangi va undan keyingi kunlarda ham yashash uchun bugunning qadri nechog‘li qimmatli ekanligini har bir daqiqa aytib turadi.”
Bir so‘z bilan aytganda, Ariadna Efronning onasi haqidagi bu kitobi Marina Svetaeva olami, tabiati, ruhiyati, ijodi, bosib o‘tgan yo‘lini bilib, o‘rganibgina qolmay, o‘sha davr, uning odamlari, tarixiga chuqur kirib borishimizga imkon beradi. Ijodning, adabiyotning naqadar qudratli kuch ekanligini qayta-qayta idrok etamiz.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.