OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozoqboy Yo‘ldosh. Olamni bilishga intilgan olim (2009)

Odam o‘zgalardan e’tibor topishi uchun o‘zini o‘zi hurmat qilishi kerak. Yaqinlarining aytishicha, Begali Qosimov yoshligidan o‘zini hurmat qiladigan, har bir gapi-yu xatti-harakatining hisobini oladigan jiddiy bola bo‘lib o‘sgan. Shuning uchun boshqalar ham o‘z qadrini biladigan bu bolaga e’tibor bilan qarashar, hisoblashishar ekan. Boshlang‘ich sinfdaligida ohangga solib doston o‘qir, favqulodda xotirasi sabab o‘qigani yod bo‘lib qolarkan. O‘qigani o‘ziniki bo‘lib qoladigan «qumquloq» bolakayga nafaqat kattalar, balki tengdoshlari ham hurmat bilan qarasharkan.

B.Qosimov tabiatan iste’dodli va shu iste’dodiga yarasha intizomli ekani bois, o‘n besh yoshida o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirdi. So‘zga muhabbat uni Milliy universitetning filologiya fakultetiga yetakladi. U kirish imtihonlaridan a’lo baholar olib o‘qishga kirdi. Universitetni imtiyozli tugatdi, aspiranturaga tavsiya etildi. Mashhur olim G‘.Karimov rahbarligida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqladi, professor bo‘ldi.

Favqulodda qobiliyati olimning xotirasida saqlangan sanoqsiz faktlar, nomlar, asarlarni kuchli analitik tafakkurdan o‘tkazib, ular zamiridagi qonuniyatni topish imkonini berardi. Shu bois, uning xulosalari salmoqli, tosh bosadigan bo‘lardi. B.Qosimov «Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik» nomli fundamental tadqiqotida jadidchilikni shunday izohlaydi: «Jadidchilikning mohiyatini Millat va Vatanni anglashdan ular manfaati uchun kurashishgacha bo‘lgan qizg‘in va hayajonli jarayon tashkil qildi. Ayni paytda, bu harakat millatni ham tarbiyalab bordi. Uni o‘z boshiga yog‘ilgan har bir ofatni taqdir deb ta’bir etishdan tahlil qilib, chorasini izlay olish darajasigacha ko‘tardi». Olim uchgina jumlaga millat tarixidagi butun bir davrning mohiyatini joylay bilgan. Dunyo olimlarining professor B.Qosimov fikrlari bilan hisoblashishlari, asarlarining AQSh, Angliya, Frantsiya, Turkiya, Tatariston, Qrim, Boshqirdiston singari yurtlarda chop etilganining asl sababi shu.

B.Qosimov olim sifatida adabiy hodisa zamiridagi qonuniyatni teran ilg‘aydi. Shu bois, Turkiston jadidlari haqida gapirar ekan, XIX asrning boshlaridan e’tiboran butun insoniyat, xususan, arab, eron, hind, turk xalqlaridagi fikriy uyg‘onish jarayonlari bir zanjirning halqalari singari bir-biriga bog‘liq ekanini izohlab beradi.

Sho‘ro zamonida badiiy adabiyot vulgar sotsiologik asosda tekshirib kelingandi. Begali aka badiiy adabiyotga mafkuraviy jangari sotsiologik yondashishni inkor etib, uni chinakamiga ijtimoiy metod asosida tadqiq etish yo‘llarini ko‘rsatgan ilk o‘zbek adabiyottanuvchisi bo‘ldi. Garchi sotsiologik metod bilan vulgar sotsiologik yondashuv juda o‘xshash atalsa-da, adabiyotshunoslik ilmida ular tamomila boshqa-boshqa hodisalar hisoblanadi. Negaki, sotsiologik tadqiq metodida badiiy hodisaning ijtimoiy asosini topishga uriniladi, vulgar sotsiologizm esa estetik hodisadan mafkuraviy aqidalarni qidiradi.

B.Qosimov jadid adabiyoti taraqqiyotini millat ijtimoiy ongining falsafiy, tarixiy, mafkuraviy, iqtisodiy, siyosiy, estetik ko‘rinishlari bilan bog‘liqlikda tekshirdi. Badiiy adabiyotni ijtimoiy ko‘zqarash bilan tekshirgan tadqiqotchi oldida hamisha yo badiiy asardan faqat sotsial ma’no qidirish yoxud ijtimoiy ahamiyatga ega har qanday bitikni, badiiy saviyasidan qat’i nazar, san’at asari sifatida baholash xatari turadi. B.Qosimov badiiy so‘zni nozik his etadigan va ijtimoiy mazmundor asarlardagi san’atni bexato payqaydigan ko‘zchil mutaxassis sifatida badiiy so‘zning ingichka jihatlari, sehri, o‘ynoqiligidan zalvorli ijtimoiy ma’no topa bilardi.

Dunyoni bilish uchun unga qo‘shilish, unga qo‘shila olish uchun dunyoni bilish kerak bo‘ladi. Begali Qosimov dunyoni bilishga intilib yashagani bois unga bemalol qo‘shila oldi. Yotsiramay qo‘shilish esa, ochunni yanada chuqur bilish imkonini berdi. Olimning tadqiqotlari miqyosining kengligi, fikrlarining salmoqdorligi sababi shunda. «Turk dunyosi adabiyoti» o‘ttiz jildli majmuasining yaratilishida, unda turk xalqlarining bosh bo‘g‘ini bo‘lmish o‘zbeklarning adabiyoti munosib targ‘ib etilishida professor Begali Qosimov qo‘shgan hissaning ilmiy va tarixiy ahamiyati hali avlodlar tomonidan maxsus o‘rganilajak.

Begali domla shaxs uyg‘onmay millat uyg‘onmasligini, millatning mustaqilligi har bir shaxsning mustaqilligidan boshlanishini yaxshi bilgani bois, milliy uyg‘onish haqida uyg‘oq odamlar misolida yozardi. U millat hayotidagi yorug‘ nuqtalarni ko‘ra va ko‘rsata bilardi. Lekin Vatanni sevish ko‘r-ko‘rona mahliyolikdan iborat bo‘lmasligi kerakligini qayd etadi: «Vatanni shunchaki sevib bo‘lmaydi. Uning dardi bilan yashamoq, uning baxtidan quvonmoq, u bilan faxrlanmoq kerak. Bu ham kifoya emas. Chinakam muhabbat uni yana ham go‘zalroq, yana ham mukammalroq, yana ham ulug‘vorroq qilishga undashi kerak. Bu esa, kurash demakdir. Vatan ozodligi masalasining, aslida boshlanish nuqtalaridan bo‘lgan bu narsa shoirdan faxr yonida qahrning ham bo‘lishini talab qiladi».

Millatsuyar olim ilmda torlik qilmaydi. O‘z millatiga adoqsiz muhabbat va turkiy ildizning birligini anglash tuyg‘usi o‘zbek olimini Ismoilbek G‘aspiraliga yaqinlashtirdi. Jadidchilikning otasi haqida dunyoning biror olimi Begali Qosimovchalik muntazam, qamrovli, miqyosli tadqiqot olib borgan emas. U ulkan muhabbat va baland oydinlik burchi ila G‘aspirali hazratlari haqida qator maqolalar bitdi, maxsus kitob yozdi, uning «Xotinlar o‘lkasi» fantastik romani, bir qancha maqolalarini o‘zbekchalashtirdi. Begali aka I.G‘aspirali qarashlarida turkiy tafakkurning ulkan miqyoslarini ko‘radi, turkiy taraqqiyotning o‘tmishinigina emas, istiqbol imkoniyatlarini ham his etadi.

Begali Qosimov andishali va o‘ychil inson edi. U atroflicha o‘ylab ko‘rmay, haqligiga to‘liq ishonmay turib, biror xatti-harakat qilish u yoqda tursin, biror so‘z ham aytmasdi. Shu bois, kam xato qilardi. Bu sifat uning yashash printsipiga aylangandi, deyish mumkin. Begali aka o‘zini hamisha so‘nggi marta yozib, so‘nggi marta gapirayotganday tutardi. Maxsus tayyorgarliksiz biror ishga qo‘l urmas, hozirlik ko‘rmagan bo‘lsa, oddiy yig‘inlarda ham so‘zga chiqmaslikka urinardi. Natijada, uning har bir chiqishi odamlar xotirasida iz qoldirardi. Domla iste’dodli olim sifatida hamisha o‘ziga yo‘l topa bildi. Iste’dodning iste’dodligi fidoyilikdan tashqari, to‘siqlarni yengib o‘ta olish qudratiga egalikda hamdir.

Kishining mutaxassis sifatidagi fazilatlari uning shaxs sifatidagi xususiyatlariga mutanosib bo‘lsagina e’tibor topadi. Chinakam shaxs hamisha kishini o‘ziga jalb etadi. U o‘zi istamagan taqdirda ham doim odamlar qurshovida bo‘lib, betakror va jozibali shaxsiyati bois ko‘pchilikning diqqat markaziga chiqib qolaveradi. Begali aka ana shunday odam edi. Uning do‘stlari juda ko‘p edi. Do‘stlarining ko‘pligi uning bilimli bo‘lgani sababligina emasdi. Birov bilan bilim olish uchun do‘st bo‘linmaydi, bilimni kitobdan o‘rgansa ham bo‘ladi. Do‘stlari ko‘pligiga sabab Begali akaning suyanish, maslahatlashish, dardlashish mumkin bo‘lgan odamligi edi.

Men Begali akani ilk bor Guliston universiteti talabasi ekanimda ko‘rgan va asarlarini o‘qib bir qadar bilgandim. 1991 yilda Do‘rmon bog‘ida yonma-yon xonalarda yashab, “Adabiyot” dastur va darsliklarini yaratishda qatnashish bu bilishlikni tanishlikka aylantirdi. Taqdirni qarangki, 1998 yilda Begali aka o‘qigan va bir umr ishlagan fakultetga ishga keldim. Buning ustiga Qoraqamishda domla bilan qo‘shni yashadik. Vaqti kelib, davradosh bo‘ldik. Deyarli kuniga ko‘rishardik, o‘tboshilarimizdagi biror katta-kichik ma’raka bir-birimizsiz o‘tmasdi.

Begali aka bilan Sirdaryo, Zomin, Qashqadaryo, Termiz, Chorvoq, Shohimardon kabi joylarga goh ikkov, goh sheriklar bilan necha bor safarlarga borganmiz. Birgalikda qanchalab konferentsiyalar o‘tkazdik, uchrashuvlar qildik, dasturlar tuzdik, darsliklar yaratdik va maqolalar yozdik. Ikki-uch yil o‘rindosh domlalar sifatida Begali akaning mashinasida Toshkentdan Guliston universitetiga birga qatnaganmiz.

Begali domla oqibatli odam edi. Oqibat ko‘rgan odamini unutmaslikka intilardi. Ko‘pincha, u yoki bu odamdan ko‘rgan yaxshiligiga javob qaytarolmaganidan xijolatday bo‘lib yurardi. U kishining domla G‘ulom Karimovga oqibati bir farzandnikidan kam emasdi. Begali akaning o‘z yaqinlariga muntazam ravishda oqibat ko‘rsatganiga shaxsan guvohman. Maqtamoqchi bo‘lgan odamini “oqibatli”, der edi.

Birgalikda bo‘lgan yillar menda Begali aka o‘zidagi barcha ezgu sifatlarni jiddu jahd bilan o‘zi shakllantirgan, degan fikrni paydo qildi. U or-nomusni har narsadan baland qo‘yadigan odam bo‘lgani bois sha’niga gard yuqtirishni istamas, buning uchun muayyan me’yorlarga qat’iy amal qilib yashardi.

Begali Qosimov tabiatan jiddiy odam edi. Uning jiddiyati atrofidagilarga ham o‘tardi. Eng yaqin jo‘ralari ham u bilan ehtiyot bo‘lib, qandaydir hayiqibroq, ayabroq munosabatda bo‘lishardi. Begali aka so‘zamol odam emasdi, lekin o‘tkir notiq edi. Nutqining yaxshiligi tilining qayralganidan ko‘ra, fikrining charxlangani va so‘z aytishga o‘ta mas’uliyat bilan qaraganidan edi, deb o‘ylayman. Uning chiqishlari g‘oyat ta’sirli va yuqumli bo‘lardi. Bu yurakdan chiqqan so‘zlarning mantiqqa yo‘g‘rilgan holda aytilganidan bo‘lsa kerak. Zero, yurakdan chiqqan so‘zgina yuraklarga yetib boradi.

Ayrimlar Begali akani bir umr faqat qog‘ozu kitoblarga ko‘milib yashagan odam, deb sanashadi. Men uning yozish-chizishdan boshqa narsani o‘ylamaydigan, tunu kun nima qilib bo‘lsa ham avlodlarga ko‘proq asar yozib qoldirishga urinib, jon-jahdi bilan tinimsiz ishlaydigan kishi bo‘lmaganiga aminman. U ham ko‘pchilik qatori odam edi. Insonga xos barcha istagu intilish unga ham begona emasdi.

Begali aka faqatgina ishlamadi, u, birinchi navbatda, yashadi. Bir odamday. Shuning uchun ham uning yo‘qligi bugun juda bilinib qolmoqda. Atrofidagi odamlar bilan ishi bo‘lmay, faqat o‘qib-yozgan kishini odamlar eslamaydi, undaylarni faqat tadqiqotchilar yodga olishlari mumkindir. O‘qish va yozish har bir oydinning qismati. Halol ilm qilmoqchi bo‘lgan odam ko‘p o‘qish va yozishga mahkum. Agar Begali aka, ayrimlar aytganiday, faqat o‘qish-yozishni bilganida, uning yozgan kitoblari bo‘yidan baland bo‘lishi mumkin edi. Ammo atrofida buncha odam to‘planmagan, buncha ezgu ishlar qilolmagan bo‘lardi. Shaxmat o‘ynamagan, sport bilan shug‘ullanmagan, safarlarga yurmagan, dam olmagan, sayohatlar qilmagan, binobarin, na odamlarni, na hayotni tuzukroq bilgan bo‘lardi. Domla bir yoqlama odam bo‘lmagani uchun ham yozish-chizishga bir ish, deb qarardi. Shu bois ham, ilmida cheklanganlik, torlik yo‘q. Uning olam miqyosida fikrlashi sababi odamning tabiatini ichdan bilganida edi. Odamni bilgan olimgina olamni to‘g‘ri izohlay oladi. Begali aka odamni bilish orqali olam hodisalarini anglagan olim edi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 19-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.