Ustoz Ozod Sharafiddinovning yorqin xotirasiga bag‘ishlayman.
Men bu mahzun qissani qachon o‘qimay, har safar Omon Matjonning «Charli Chaplinni eslab» she’ridagi misralar yodimga kelaveradi:
Charli Chaplin o‘ldi.
Xayol ekrani
Bexos qora tortdi. Musiqa tindi.
Qarz berilgan nurni olib ketdilar —
Tunlari Chaplinsiz yashaymiz endi.
Frantsuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperining mashhur qissasi qahramoni — Kichkina shahzoda ham olamga qarz berilgan nur timsolidir. Uning butun surati va siyratidan mana shu nur balqib turadi. Yetti sayyoradagi adashgan kimsalarga, Yerdagi jamiki mavjudotga mana shu nurni hadya etmoqni, olamda Ezgulik atalmish tuyg‘u hukmron bo‘lishini orzu qilgandi u. Afsuski, odamlar qalbi — ularning sayyoralarida «baobab daraxti» — noinsoniy hislar urchib-g‘ovlab ketgan ekan.
Bir odam dunyoga o‘zini yakka hukmdor sanab, qirollikni da’vo qilsa, boshqasi shuhratparastlik kasaliga yo‘liqqan. Piyanista tunu kun ichib yurganidan go‘yo uyalib, bu qilmishini unutish uchun yana ichsa, boshqa bir kimsa hech kimga foydasi tegmaydigan yostiqday-yostiqday bema’ni kitoblar yozib umrini sovuradi. Bularning yashash falsafasini tinglab avval hayron bo‘lgan, mohiyatni anglagach esa, ro‘yi rost achchiqlangan Kichkina shahzoda o‘zini «jiddiy ish» — samolyot sozlash bilan band ekanini ro‘kach qilgan uchuvchiga bezovta ko‘nglini to‘kib soladi:
«Men bir sayyorani bilaman, u yerda yuzi bo‘zargan bir janob yashaydi. U umrida biror marta gul hidlab ko‘rmagan, biror marta yulduzlarga tikilmagan. U hech qachon birovni sevgan emas, umrida biron-bir yumushni ham bajargan emas. U faqat bir ish bilan — raqamlarni bir-biriga urishtirish bilan ovora. Erta-yu kech xuddi senga o‘xshab yakkash: «Men jiddiy odamman! Men jiddiy odamman!», deb takrorlagani-takrorlagan.. Aslida u odam emas!»
Darhaqiqat, «jiddiy odam» qiyofasini yuzga tortib, insoniy hislarni unutgan, toptagan, hatto bunday hislar ustidan kuladigan odamlar oramizda ozmunchami?
Adibning o‘z asari to‘g‘risidagi ushbu gapi bizni chuqurroq mulohazalarga undaydi: «Men kitobimning shunchaki ermak uchungina o‘qilishini aslo istamayman».
Demak, bu kitob bolalar uchun ertak ham, navbatdagi rivoyat ham emas. Aksincha, u — Yer yuzida istiqomat qila boshlaganiga million yillar o‘tgan bo‘lmasin, hamon mukamallik manzilini topa olmayotgan odamzodning yuziga aytilgan achchiq ta’na-dashnom sifatida tushunilishi lozim. Zero, odamzod o‘z turish-turmushida qadriyat deya tanlagan qanchadan-qancha tushunchalar faqat va faqat uning ruhiy zavoli uchungina xizmat qilishini anglamog‘iga bu ulkan fursat ham yetarli bo‘lmadi. Aksariyat odamlar allaqachon sodda-go‘l nomini berishga tayyor uchuvchi, Kichkina shahzoda bilan o‘tkazgan ikki-uch suhbatidan keyinoq, o‘zini — odamzodni taftish etishga majbur bo‘ladi:
«Mabodo kattalarga: «Men qizg‘ish g‘ishtli chiroyli bir uyni ko‘rdim, derazasida yorongul ochilib turibdi, tomida kaptari bor», deb aytsangiz, ular bu imoratni sira ham ko‘z o‘ngilariga keltira olmaydilar. Ularga: «Men yuz ming frankli uyni ko‘rdim», deb aytish lozim — shundagina ular: «Ana go‘zalligu mana go‘zallik!», deya xitob qiladilar».
Kichkina shahzoda talqinicha, bu ruhiy-qadriyatiy evrilishning asosiy sababi, istisnosiz har bir sayyorada — inson qalbida urug‘i mavjud, agar vaqtida ildizi bilan tozalab turilmasa, g‘ovlab ketadigan boabab — nafs daraxti, noinsoniy hislarga borib taqaladi. Baobab daraxtining urug‘i ibtidodayoq odamning jismu joniga o‘rnashib olgan ekan, undan ogoh bo‘lmoqlik, har narsadan avval u haqda o‘ylamoqlik hammaning kundalik tashvishi bo‘lmog‘i kerak emasmi?
Insoniyatning eng buyuk oqillari boshini qotirib, sochini oqartirgan, ularni tinimsiz tafakkuriy izlanishga majbur etgan ham shu ko‘zga ko‘rinmas urug‘lardir. Yer yuziga yuborilgan jamiki payg‘ambarlar orqali ulardan forig‘ bo‘lish yo‘li ko‘rsatildi, qanchadan-qancha aqli donishlar shu yo‘l targ‘ibotiga aziz umrlarini sarfladilar, jild-jild sahifa qoraladilar.
Lekin...
Lekin qani bularning samarasi? «Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi» degan maqolni odamlar kim uchun to‘qigan? Hassani boshqa yo‘qotmaslik uchun hammaning ko‘r bo‘lishi shartmi? Yoki hamma gap barcha muqaddas kitoblarda, oxir-oqibat, qiyomat yuz berishining bashorat qilinganidami? Insonning manglayi shu qadar qorami? Kichkina shahzodaning aqli yetgan, u erinmay amal qiladigani qoidani nega biz nazarga ilmaymiz? Nazarimiz shu qadar balandmi yo... shu qadar pastmi?
« — Bizda shunday qoida bor, — dedi Kichkina shahzoda keyinchalik menga. — Ertalab uyqudan turib, yuz-qo‘lingni yuvgach, uyoq-buyoqni yig‘ishtirgandan so‘ng darhol sayyorangni tozalashga kirishmog‘ing lozim. Baobablarni har kuni, kanda qilmay yo‘q qilib turish kerak... Boshqa ishlar bir oz kechiksa ham ziyon qilmaydi, ammo baobablarni o‘z holiga qo‘yib berilsa, oxiri voy bo‘ladi. Men bir sayyorani bilaman, u yerda bir dangasa yashardi. U uch tup niholni vaqtida qo‘porib tashlamadi, oqibatda...»
Endi har birimiz o‘zimizga — qalb sayyoramizga nazar solaylik. Baobablar changalzorini ko‘rmaymizmi unda? Bu yovuz daraxtni peshma-pesh sug‘irib, urug‘ini quritish o‘rniga tagiga topganki go‘ngni tashlab, uni yanada g‘ovlatmayapmizmi?
Inson bolasi shu qadar chapdast, shunchalik ustomon ekanki, o‘zining har bir yovuz harakatiga nedir izoh topadi, shu izoh bilan vijdonning og‘zini yopadi. Darvoqe, balki men ortiqcha vahimaga berilayotgandirman, biroq ko‘nglimga shunday g‘ulu oralaydiki, qay tilda bo‘lmasin, odamzod lug‘at boyligidagi vijdon degan so‘zga tobora ehtiyoj kamayib borayotgandek. Odamlar birdaniga bu so‘z ifoda etadigan tuyg‘unigina emas, so‘zning o‘zini ham muomaladan chetlashtirmoqda. Insonlararo muomalaga avval tasavvur qilish mumkin bo‘lmagan nopok munosabatlar bemalol kirib boryapti-yu, biroq barcha munosabatlarning odil mezoni bo‘lmish vijdon oraga aralashtirilmayapti.
Tilshunoslar aytadiki, nimaiki muomaladan chiqib ketayotgan bo‘lsa, uni ifoda qiladigan so‘z ham yoddan chiqib boradi...
Gabriel Markesning «Yolg‘izlikning yuz yili» asari xotimasi yodingizdami? Insoniyat taraqqiyotining ibtidosidan to intihosi qadarlik qismatni o‘zida mujassam etgan bu roman qahramonlarining so‘nggi vakili orqasida cho‘chqa dumi bilan tug‘iladi. Sabab — u haromdan bo‘lgan, bo‘lib ham intsest — yaqin qarindoshlarning jinsiy aloqasi mahsuli edi. Asosiy tirikchiligi g‘arbda o‘tadigan «er janoblari» texnik taraqqiyotning jozibador mevasi — osmondagi aeroplanlarga mahliyo bo‘lib kun o‘tkazar ekan, ko‘ziga shahvat qoni to‘lgan ayoli o‘zining jiyani bilan qovushadi...
Donishmand Melkiadesning papirus qog‘ozda bitib qoldirgan bashorati to‘g‘ri chiqadi — Makondani yer yutadi!
Shunday achchiq bashoratlar Chingiz Aytmatovning «Kassandra tamg‘asi» asari qatlaridan ham chinqirib turibdi.
Biroq, boya aytilganidek, insoniyatning bular singari uyg‘oq aql va ijodiy tafakkur egalarining ogohlantirishlarini kim eshitmoqda-yu, kim ular to‘g‘risida bir chimdim bo‘lsin mulohazaga tolyapti?
«Makon jim, zamon jim, parvardigor jim...» (Shavkat Rahmon).
Holbuki, bu jimlik momaqaldiroqdan, zilziladan, to‘fondan oldingi jimlikka juda-juda o‘xshab ketadi...
Yakka-yakka olganda barcha insofli odamlar shu tashvishli o‘y bilan yashayotgani, bu o‘y o‘ttizga kirmayoq ularning sochini oqartirib, yuragini changallatayotganini odam bolalari ko‘rib turibdi. Lekin hammani yakka-yakka holda mahv etayotgan bu muammolar qarshisiga insoniyat hech qachon birlashib chiqa olmasligining alami kishi ruhiyatini battarroq ezadi. Ochig‘i, bunday hamjihatlikni ro‘yobga chiqarish yo‘li va usulini tasavvur qilishga ham kuchi yetmaydi odamning...
Mana shu achchiq haqiqatni 28 yoshidayoq anglagan shoir:
Yuzlarimga suv urdi samo,
Seskandimu o‘zimga keldim.
Kimligimni sezdim avvalo,
Keyin hech kimmasligim bildim.
Bu kamolmi yoki zavolim,
Quvradimmi yo qayta undim?..
Hayot, sizga yo‘qdir savolim,
Hayot, gapingizni tushundim
(Iqbol Mirzo)
der ekan, bu misralar Siz bilan meni faqat shoir iste’dodining kuchi to‘g‘risida emas, balki shu noyob iste’dod o‘sha hayot qarshisida nechun lol qotayotgani, shoir bu shafqatsiz mahobat qarshisida o‘zini nega «hech kimmasligi»ni tan olayotgani to‘g‘risida ko‘proq o‘yga toldirmog‘i kerak emasmi?
Kichkina shahzoda «baobab daraxti» balosini jilovlab turish uchun o‘z sayyorasida doimiy amal qiladigan qoidani eslatmoqda. Qadimgi xitoylar buni Konfutsiy o‘gitlari deb nomlaydilar, yunonlar ayni qoidalar bitilgan o‘tmish donishmandlari kitoblarini farzandlariga yod oldirganlar, musulmonlar qo‘lida muqaddas hujjat — Qur’on bor, Farobiy «Fozil odamlar shahri»ni orzu qilgan...
Bir so‘z bilan aytganda, Yer sayyorasida ham insoniylikning barcha zamon va makonlarga mos keladigan mukammal qoidalari mavjud. Faqat birgina farq: Kichkina shahzoda o‘z sayyorasi qoidalariga har kuni og‘ishmay amal qiladi, yerliklar bo‘lsa...
Universitetda o‘qib yurgan paytimda yon daftarimga quyidagi fikrni yozib qo‘ygan ekanman: «Yevropa biz quvib yetishimiz shart bo‘lmagan yo‘ldan ilgarilab ketgan». Keyingi yillarda bu mulohaza bot-bot ongga qalqib chiqadigan bo‘lib qoldi. Bundan to‘rt yil ilgari Polshada xizmat safarida bo‘ldim. Yevropa xalqlari tarixi bo‘yicha jiddiy izlanishlar olib borayotgan yosh latish olimi bilan bafurja suhbatlashishga imkon tug‘ildi. O‘sha suhbat davomida u bilan mana bunday mazmundagi savol-javob ham bo‘lib o‘tgandi:
— Insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan qit’a vakili sifatida Sizdan bir narsani so‘ray: shuncha madaniy tarixga ega bo‘lgan G‘arb tsivilizatsiyasi qayoqqa qarab ketyapti? To‘qlikka sho‘xlik orqasidan kelib chiqayotgan bu bemazagarchiliklar, fahsh, erkinlikning su’iste’molchiligi oxir-oqibat juda xunuk oqibatlarga olib borishini olim sifatida yaxshi bilsangiz kerak?
— Buni faqat men emas, hamma biladi!
— Hamma biladi?
— Ha, hamma biladi!
— Xo‘p, modomiki bilar ekansizlar, odamlarni bu yo‘ldan qaytarish uchun nimadir qilish kerak emasmi?
— Qilish kerak. Lekin odamlarning o‘zi endi buni xohlashmaydi.
— Buni qanday tushunish kerak?
— Hamma narsa individual rohat-farog‘at, maishat, bir marta kelinadigan hayotda mazza qilib yashab qolishga yo‘naltirilgan turmush tarzi va dunyoqarashga o‘rganib qolgan g‘arbliklar bu holatni o‘zgartirishni endi umuman istashmaydi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, G‘arb tsivilizatsiyasi tubsiz jarga — o‘z halokatiga qarab o‘qday uchib boryapti, endi uni hech qanday kuch to‘xtatib qololmaydi.
— Mana shu xavfni hamma tasavvur qiladi, deb o‘ylaysizmi?
— Aksariyat hamma! Yana ham aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, yoshlarda buni o‘ylashga ma’naviy-ruhiy ehtiyojning o‘zi yo‘q, kattalar esa bu haqda bosh qotirib o‘tirishdan hech qanday foyda chiqmasligiga ko‘nishgan. Bilasiz-ku — g‘arbliklar realist bo‘lishadi! Bu masalada ham ular realistlarcha fikr yuritishadi. Siz nazarda tutayotgan holatlar o‘lat paytidagi shohona maishat («pir vo vremya chumы»)dir...
Olim yigit suhbatga yakun yasar ekan, «mana shunaqa gaplar, biz nima ham qila olardik», deya yelkasini qisib, achchiq kulimsirab qo‘ygandi.
To‘g‘ri, texnik-texnologik sohada keskin oldinlab ketgan G‘arb davlatlaridan juda ko‘p narsani muttasil o‘rganishimiz kerak va shart. Ishlab chiqarishni tashkil etish, xo‘jalik boshqaruvi, kishilar moddiy-maishiy hayotini farovonlashtirish singari yuzlab yo‘nalishdagi xorij tajribalariga bepisand qarash — borib turgan milliy mahdudlik va manmanlikdan boshqa narsa emasligi aniq. Biroq biz bu sohalar qolib, ko‘proq g‘arbning nimasiga mahliyo bo‘layapmiz?
Birgina kuzatuv — puldor odamlar turadigan yangi mahallalarda qad ko‘tarayotgan imoratlarga nazar tashlaylik. Italyancha, ispancha, frantsuzcha, ruscha, hindcha, hattoki, yaponcha ham qilib qurishmoqda, faqat ... o‘zbekcha emas! Go‘yo o‘zbekcha imorat modadan qolgan, milliy imorat barpo qilishdan xuddiki or qilamiz. Milliy g‘ururni-ku (o‘sha imorat egalarida yo‘q narsa haqida bosh qotirish foydasiz narsa) aytmay qo‘ya qolaylik. Oddiygina o‘ylab ham ko‘rmaymizki, biz taqlid qilayotgan xalqlar o‘z turar-joyi tarhini mintaqasidagi ob-havo sharoitidan — shamol va yomg‘irning shiddatidan, quyosh qay tarafdan, yilda necha kun qanday harorat berishidan, ovqatlanish, dam olish, yotib-turish bilan bog‘liq milliy udumlaridan, farzandlar soni va yana boshqa minglab talablardan kelib chiqib chizishgan, imoratni o‘sha tabiiy va hayotiy talablarga moslashtirishgan.
Bizning ham mingyillik sinovlardan o‘tib taroshlangan milliy arxitektura an’analarimiz mavjud bo‘lib, ular har bir hudud uchun o‘ziga xos sifat va belgilarga egaligi ma’lum-ku! Bugun ayni an’analarni zamonga moslab takomillashtirish, bu an’analarni XXI asr kishilari zakovati bilan boyitish yo‘lidan borish to‘g‘riroq bo‘lmaydimi? Bu yumush tinimsiz ijodiy izlanishni, badiiy tafakkurga berilishni talab etishi tabiiy. Taassufki, biz bundan ko‘ra, tayyor qoliplarni o‘zlashtirib qo‘ya qolishni afzal bilamiz. Bu tanbal taqlid, bu orsiz o‘zlashtirish, ming afsus, boshqa ko‘plab sohalarda ham manaman deb maydonga chiqmoqda.
Xo‘sh, bu jarayonlardan qolajak natija nima bo‘ladi?
Kishilarning, ayniqsa, yoshlarning milliy zamindan uzilishi, g‘ayri madaniy-ruhiy muhit, g‘ayri urf-odat, ma’naviyat bilan to‘yintirilmagan yashash tarziga tobora sho‘ng‘ib borishi, oxir-oqibat, ommani duragaylashtirmasligiga, «na chin musulmonmiz, na kofir tamom» (Umar Xayyom) holiga solmasligiga kim kafolat beradi?..
Televideniemizda namoyish etilgan, Janubiy Koreya kino san’atkorlari tomonidan yaratilgan «Saroy javohiri» teleseriali, ayniqsa, uning bosh qahramoni Tan Gem obrazi ko‘pchilikning qalbini rom etdi. Mana shu dilxushlik aro mening ko‘nglimda bir og‘riq ham simillab turganini aytishga majburman.
Film rejissyorining e’tirof etishicha, mazkur teleserial yaratilishida XVI asrga oid, o‘sha paytlarda qirolni davolagan hamshira to‘g‘risidagi bir rivoyat asos bo‘lgan. Mana shu rivoyat sabab, koreys san’atkorlari butun dunyoga o‘z millati, uning ajoyib urf-odatlari, pazandachilik san’ati, tibbiyot ilmidagi muvaffaqiyatlarini ko‘z-ko‘z qilishga erishganlar. Tan bermay iloj yo‘q — qandini ursin, deymiz. Zero, Tan Gem timsoli koreys tomoshabinining o‘z tarixiga, an’analariga, milliyligiga nisbatan muhabbatini yanada kuchaytirgani, xalq g‘ururini yuksaltirgani — «Saroy javohiri» filmi olib kelgan eng muhim natija ekani kunday ravshan!
Biroq, shuning barobarida, boshqa bir mulohaza ham kishini qiynamasligi mumkin emas.
Axir, undan oz emas, ko‘p emas — besh asr (!) muqaddam bizning faxrimiz Abu Ali ibn Sino va u kishining izdoshlari tibbiyot sohasida erishgan muvaffaqiyatlar rivoyat emas, haqiqat-ku! Kimdir rivoyatni haqiqat darajasida taqdim eta olgani holda, nima uchun biz haqiqatni bor-yo‘g‘i rivoyat darajasidagina idrok qilib cheklanamiz. Qachongacha Ibn Sino, Beruniy, Farobiy, Zamaxshariy, Navoiy ... nomi tilga olinganda, boshiga sallani uquvsiz o‘ragan, kitobiy, yuzaki, hissiz, yosh bolaga ham ma’lum gaplarni takrorlashdan nariga o‘tmaydigan qiyofalarni «san’at asari», «badiiy obraz» deya taqdim etamiz? Uyat, andisha, insof qayga ketdi?..
Darvoqe, bu gaplarning frantsuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichkina shahzoda» qissasi bilan nima bog‘liqlik joyi bor, deb so‘rashingiz tabiiy. Menimcha, bog‘liqlik joyi juda ko‘p. Kichkina shahzodaning boyagi — «Men bir sayyorani bilaman, u yerda yuzi bo‘zargan bir janob yashaydi. U umrida biror marta gul hidlab ko‘rmagan, biror marta yulduzlarga tikilmagan. U hech qachon birovni sevgan emas, umrida biron-bir yumushni ham bajargan emas...» degan gaplari milliy tarixni, adabiyotni, san’atni, kuy va qo‘shiqni xo‘rlashdan boshqa ish qo‘lidan kelmaydigan, «vijdon» so‘zini eslatgan kishilar ustidan hiringlab kuladigan, miya kataklarini yog‘ bosgan, qo‘pol nafsdan urchigan baobab daraxtlari ko‘ngil mulkini o‘rab-chirmab tashlagan kimsalar to‘g‘risidagi hukm ham emasmi?..
Biz Kichkina shahzodani, Omon Matjon talqinidagi Chaplindek, «olamga qarz berilgan nur timsoli» degandik. Bir narsa aniqki, har bir millat qalbiga, ongu shuuriga uning dunyoda borligini isbotlashga rag‘bat, kuch va quvvat beradigan tafakkur, ijod, imon, g‘urur, nafsoniyat, ixlos nuri berilgan. Mana shu nurni asray bilgan, eng muhimi esa, uni ishga sola olgan, shu nur bilan o‘tmishi, buguni va kelajagini yoritishga bir yoqadan bosh chiqarib astoydil harakat qiladigan millatgina Yer deb atalmish sayyoraning chinakam shahzodasiga aylanadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 10-sonidan olindi.