OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saydi Umirov. Oltin zanglamas (2007)

Abdulla Qahhorga mehr-muhabbat menda maktabda o‘qib yurgan chog‘lar paydo bo‘lgan. Bu muhabbat keyinchalik, ehtimol, Asror bobo samovaridan o‘t olib, kampirlar qoqqan simdan yoxud “Oltin yulduz” shu’lasidan cho‘g‘lanib, so‘nmas otash-alangaga aylangandir. Harqalay, yozuvchining jozibador asarlari o‘shanda murg‘ak qalblarimizni ohanrabo yanglig‘ o‘ziga tortgan, boshqa so‘z san’atkorlari qatori adabiyotga, ijodga ishtiyoq uyg‘otgan edi.

Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan yillarda Abdulla Qahhor ijodi bilan kengroq, chuqurroq tanishish imkoni bo‘ldi. Biz adibning hikoyalari, romanlari, piesalari haqida qizg‘in bahslashar, ayniqsa, uning so‘zga xasisligi, fikrga saxiyligi, oz so‘z bilan ko‘p ma’no anglata olish mahoratiga qoyil qolar, suhbat, hazil-mutoyibalarda adibning original obrazlari, tagdor iboralarini ishlatishni, qahhorona gapirishni xush ko‘rardik.

Ivan Petrovich degan rus tili o‘qituvchimiz bo‘lardi. O‘z fanini, talabalarni sevadigan, o‘zbek tilini binoyidek biladigan bu keksa domlamizning Abdulla Qahhorga ixlosi baland edi. Bir kuni “O‘jar” hikoyasi asosida tayyorlangan teleinstsenirovkadan olgan taassurotini to‘lqinlanib hikoya qildi. “Alomat yozuvchi, zo‘r novellist. Afsuski, rus o‘quvchilari hali uni yaxshi bilishmaydi, tarjima qilinganlari ham bo‘sh”, dedi kuyunib. Bunday dil so‘zlarini eshitib, nuroniy domlamizni yana ham yaxshi ko‘rib ketar, yozuvchiga muhabbatimiz oshgandan oshar edi. O‘qituvchimiznng kuyunganicha bor edi: 1959 yil Moskvada o‘tgan o‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasi oldidan ko‘p adiblarning, jumladan, A.Qahhorning asarlari ham rus tiliga tarjima qilingandi. “Sinchalak”ni mashhur yozuvchi K.Simonov mohirona o‘girgan bo‘lsa, ayrim hikoyalari no‘noq tarjimonlar tomonidan ruschaga shosha-pisha, sifatsiz ag‘darilgandi. Masalan, uch betga yetar yetmas, biror-bir so‘zini olib ham, o‘zgartirib ham bo‘lmaydigan “O‘g‘ri” hikoyasi qappaytirilib, to‘rt sahifagacha yetkazilgan. Hatto Qobil bobo “starik Kadыr” deb berilgani haqida adib norozi bo‘lib gapirgan edi.

Oltmishinchi yili Toshkentga kelib, “Fan va turmush” jurnalida ishlay boshlagach, yozuvchilarning yig‘inlari, uchrashuvlaridan qolmaslikka harakat qilardim. Bir suratda Yozuvchilar uyushmasi binosi oldida (H.Sulaymonova ko‘chasi) Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Uyg‘unni qurshab olgan yoshlar ichida o‘zimni ko‘rib behad sevinib ketdim. Tanish fotografdan iltimos qilib, suratdan uch-to‘rt nusxa olib qo‘ydim. Bu noyob esdalik, axir.

Abdulla Qahhorning asarlarini o‘qish qanchalik zavqli bo‘lsa, nutq-suhbatini eshitish ham shunchalik huzurbaxsh edi. Adib har bir so‘z, iborani chertib, salmoqlab, yangi kutilmagan tashbehlar, obrazlar topib gapirar, eshituvchilarni o‘ziga rom etardi. Bu auditoriyaga chuqur hurmat, mas’uliyatni jiddiy anglash, ko‘ngildagi fikrini uzoq pishitish, aql, mantiq tarozisidan qayta-qayta o‘tkazish, yetti o‘lchab bir kesish natijasi ekanligi sezilib turardi. Abdulla Qahhor birdan yozgisi kelib qolib yozmaganidek, gapirgisi kelib qolib gapirmagan, dadil fikri bo‘lmasa minbarga chiqmas, shuning uchun uning ozu soz nutqlari, maqolalari favqulodda ta’sirli chiqar, tezda ovoza bo‘lib ketardi.

“Yoshlar bilan suhbat”ni (1965 yil) zal to‘la odam, vujudimiz quloq bo‘lib eshitganmiz. Ustozning ertaga buyuk adabiyot yaratilishi, bu adabiyotni hozirgi yoshlar yaratishlariga aminligi haqidagi bashorati, navqiron ijodkor avlodga xos uch oltin fazilat (dili hasad, baxillik degan qabih tuyg‘udan pokligi; kamtarligi, har bir muvaffaqiyatni bor imkoniyatning “chashna”si deb qarashi “toy bo‘la turib otning tepkisini ko‘taradigan chayir, chaqqon, har qanday katta galadan ham uloqni olib chiqib, xalqning sovriniga sazovor bo‘ladigan chavandoz otlar” bo‘lib yetishayotgani)ni suyunib qayd etgani; bildirgan tilaklari (adabiyot ko‘ngil ishi, ilhom samarasi ekanligi, tuyg‘usiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga o‘xshashi — meva tugmasligi; ilhomning o‘zi hech qachon kelmasligi, uni qidirib borish, topish, xalqning qalbiga qo‘l solish kerakligi; tirikchilik mahsuli bo‘lib maydonga kelgan narsalarga murosa ko‘zi bilan qaramaslik, didli, oriyatli bo‘lish lozimligi), “eshikni zich yopib”, ichkilikdan hazar qilish, bu balo-qazo, talant kushandasidan uzoqroq yurish haqidagi ogohi-nasihati eshitganlar qulog‘i tagida hamon jaranglab turibdi. Bu dil so‘zlari, dono maslahatlar o‘sha mahallar nechog‘li muhim bo‘lsa, bugungi kunda ham shunchalik zarur va dolzarbdir.

“Men adabiyot muhibiman, shuning uchun adabiyotga yashnab kirgan yoshlarni ko‘rib, quvonib ketaman, quvonchimni o‘sha yoshning o‘ziga minnatdorlik izhor qilib aytaman. Bu yashnagan cho‘g‘ni yelpish demakdir”, derdi adib.

Ustoz iste’dodli, serg‘ayrat yoshlar mo‘ysafid yozuvchilarning qadamiga qarab imillab yurmasliklarini ta’kidlar, salom berib, hurmatini joyiga qo‘yib o‘tib, Mixail Svetlov so‘zlari bilan aytganda, uchqur tulpori qulog‘ining tagini qashlab, o‘zib ketishlari, baquvvat, o‘tkir asarlar yaratib, katta adabiyot miqyosiga chiqishlarini astoydil xohlar edi.

Oltmish oltinchi yilning mayida (qaysi kunligi yodimda yo‘q), soat uch-to‘rtlar chamasi, eski Bratsk ko‘chasidan sekin piyoda yurib borayotgan Abdulla Qahhorni ko‘rib qoldim. Qandaydir o‘ychan va jiddiy. Zilzila takrorlanib turgan, tabiiy ofat asoratlari ham bitmagan kezlar. Yorilib ketgan bir qavatli uylarga temir tirgovichlar tirab qo‘yilgan; yaroqsiz imoratlarni tanklar buzib tashlayotir. Shovqin-suron, chang-to‘zon. Adib o‘z xayollari bilan band bo‘lib, bu manzarani ancha vaqt kuzatib turdi. Men ham bir chetda bu noodatiy manzarani, ham yozuvchini kuzatib turardim.

Oradan ko‘p o‘tmay A.Qahhorning “Hayotimiz jamoli” maqolasini o‘qidik. Unda, jumladan, shunday satrlar bor edi: “Yoshini yashab, zamonamizga muvofiq va munosib yangi qasrlarga o‘rnini bo‘shatib berish uchun zilzilaga qarab turgan eski binolar xarobasiga tanklar hujum boshladi, bu yog‘idan sho‘ng‘ib, u yog‘idan boshiga toshu tuproq, qamish, yog‘och ilib chiqmoqda. Buldozerlar, ekskavatorlar yangi qurilish maydonlarini tozalamoqda. Poytaxtimiz hademay yangi jamolini ko‘rsatadi”.

O‘shanda ko‘nglimdan kechgan fikr, ustozning dilgirligi boisi to‘g‘ri chiqdi: zamin zarbi yozuvchi qalbi qa’ridan o‘tadi, iz qoldiradi.

A.Qahhor yozuvchini “kelajakning maxsus muxbiri”, deya juda chiroyli va o‘rinli ta’riflagan edi. Yarim asr nari-berisida yozgan “Tuprog‘imiz oltin tuproq”, “Mashina odamning do‘sti”, “Childirmalarimiz sadosi gijbang”, “Po‘sht, karvon kelayapti!” kabi maqolalari, ocherklarini o‘qib, ular nafaqat kechagi, balki bugungi kunimiz haqida ham ekanligiga ishonch hosil qilamiz.

Oltmish yettinchi yili “Xarakter va sharoit tasvirida badiiy detalning roli” (A.Qahhor prozasi misolida) mavzuidagi nomzodlik ishim bir nuqtaga yetdi, himoyaga tavsiya etildi, avtoreferat chiqdi. Yozuvchi haqida tadqiqot, kitob bitilsa uni xabardor qilib qo‘yish an’anaga aylangandi. Shuni o‘ylab, Abdulla Qahhor asarlarining tili mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yoqlagan yaqin qadrdonim Iristoy Qo‘chqortoevga (joylari jannatdan bo‘lsin) maslahat soldim. “Yaxshi o‘ylabsiz, bitta avtoreferat olib oling, yaqinda adibning oltmish yillik to‘ylari o‘tadi, sovg‘angiz bo‘ladi”, dedi. Do‘rmonga jo‘nadik. Iristoy Qo‘chqortoev adib bilan ham, Kibriyo opa bilan ham ancha erkin gaplashar ekan, mushkulimni oson qildi, gapni o‘rniga qo‘yib, meni tanishtira ketdi.

Adib bizni nihoyatda ochiq, samimiy qabul qilgan bo‘lsa ham, u kishi bilan ilk bor baqamti kelib turganim uchun salobati bosdi shekilli, savollariga “Ha”, “Yo‘q” deyishdan nariga o‘tolmadim. Faqat bir narsa aniq esimda: referatni varaqlab “Himoya qachon?” deb so‘radilar. “Oltinchi sentyabrda”, dedik. Vaqtlarini olmaslik uchun, izn so‘radik. Yo‘l-yo‘lakay taassurotlarimizni o‘rtoqlashib ketdik.

Abdulla Qahhor o‘zi haqida biror narsa yozilsa, darhol xursand bo‘lib, iyib, yelkaga qoqib, rahmatlar aytadigan yozuvchilar toifasidan emasligini bilardik. O‘ziga va boshqalarga o‘ta talabchan adib asar ma’qul tushmagan bo‘lsa buni ro‘y-rost aytib, ofarin kutganlarni xijolat qilgani haqida ham eshitgan edik. Cho‘chibroq yurdim. Lekin oltinchi sentyabr kuni, yubileylaridan ikki kun oldin, vaqt ziqligiga qaramay, Til va adabiyot instituti ilmiy kengashida hozir bo‘lganlarida benihoya sevindik va ustozning yoshlarga naqadar mehribon, e’tiborli ekaniga yana bir bor tasanno aytdik.

No‘noq yozuvchi bir betda aytadigan gapni A.Qahhor bir jumla bilan ifodalab qo‘yaqolardi, mazmuni, mag‘ziga ko‘ra adib hikoyalari qissalarga, qissalari romanlarga tatigulik edi va bunda badiiy detalning xizmati oz emasdi. Asarlarida xarakter yaratish, sharoitni ko‘rsatishda, asosan, detallardan g‘oyat o‘rinli foydalanardi. Masalan, “Maston”da portret, “Dahshat”da peyzaj, “Nutq”da nutq detallari hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.

Olmishinchi yili mashhur adib A.P.Chexov tavalludining 100 yilligi sobiq ittifoq miqyosida keng nishonlandi. Bizda eng katta maqolalar bilan Chexovning sodiq shogirdi, dongdor adib Abdulla Qahhor chiqsa kerak, deb o‘ylagan edik. Adib, chindan ham, ikki gazetada ikki maqola bilan chiqdi. Biri yigirma yo‘llik “Ustod”, ikkinchisi yuz yo‘lga yetar-etmas “Muborak ko‘zoynak” sarlavhali maqolachalar edi.

Ustoz istagan hajmda yozishi mumkin edi, chek-chegara haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Lekin me’yorni adibning o‘zi belgilar, aftidan, u buyuk so‘z ustasi xotirasi ko‘p so‘zlilikni yoqtirmaydi, deb hisoblardi. “Muborak ko‘zoynak”da Chexovning kitobxonga yaxshi tanish ko‘zoynagi A.Qahhorning o‘tkir qalami ostida ko‘p ma’no anglatuvchi badiiy detalga aylangan. Chexovning 22 jildli asarlari to‘plamini qo‘lidan qo‘ymay o‘qib chiqqandan keyin o‘zida yuz bergan o‘zgarishni izohlab adib shunday yozadi: “Shu bilan muhtaram ustoz menga muborak ko‘zoynaklarini berdilaru: “Mana buni taqib o‘z xalqingning o‘timishiga nazar sol”, dedilar. Ustozning muborak ko‘zoynaklarini taqib xalqimizning o‘timishiga qaradim. Bir tomonda temir yo‘l gaykalarini burab olgan “yovuz niyatli kishi” — Denis, ikkinchi tomonda otqorovul yur desa yurgan, tur desa turgan, ustidan oshirib o‘q uzganda ham kiprik qoqmagan “battol o‘g‘ri” — Babar! Bular zamona daraxtida yetishgan olmaning ikki pallasi edi...

Men hikoyachilik hunarining alifbosini ham shu muborak ko‘zoynak bilan o‘qiganman”.

Abdulla Qahhor mohir so‘z san’atkori, ayni chog‘da, tilimizning sergak posboni ham edi. Adib tilga e’tiborsizlikni elga e’tiborsizlik deb qarardi. “San’atkor”, “Adabiyot muallimi” hikoyalari, “Nutq”, “Quyushqon”, “Bizning mulohazalarimiz” feletonlari “qahramon”lari tillaridan tutilishadi, so‘zlari, nutqlari bilan o‘zlarini fosh etishadi.

Albatta, kulish oson, kuldirish esa qiyin. Abdulla Qahhor kuldira olishdek noyob, antiqa san’atni to‘la egallagan so‘z zargarlaridan edi. G‘azabnok hajv, tig‘dor kesatiq, tagdor tabassum, xullas, kulgining turli xillari, tovlanishlari adib ijodida mujassam. Uning hikoya va ocherklari, feleton va maqolalari, povest va romanlari, komediya va dramalari, xat va suhbatlari buning yorqin misoli.

Kulgi manbai, koni adib tabiati, shaxsiyatida, albatta. Lekin qiziq hodisa: har qanday davrani yayratib kuldiradigan Abdulla Qahhorning o‘zi kam kular, Arkadiy Raykin, Aziz Nesin va boshqa kulgi ustalari singari hayotda jiddiy, o‘ychan, vazmin edi. Adibni kuldirish, miyig‘iga nim tabassum yugurtirish amrimahol edi. Ustozning bir marta yoyilib kulganini ko‘rganman. Oltmish yettinchi yil avgust oyi oxirlarida Samarqand davlat universitetida adib bilan uchrashuv bo‘ldi. Domlamiz, akademik Vohid Abdullaev, har safargidek, qiziq tarixlarni eslab, sho‘x she’rlar o‘qib majlisga zavq kiritdi, adib sha’niga ko‘p iliq gaplar aytildi. Erkin Vohidov ustozga atalgan “Chinor” she’rini o‘qib berdi. Taniqli munaqqid Ozod Sharafiddinov o‘z nutqida, jumladan, shunday dedi: “Mana hozir Sa’dulla Mirzaevning dokladida aytildiki, 30-yillarda Abdulla Qahhor bir muddat akademiyaning Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qigan ekan. Munaqqidlardan alamzada yozuvchilar orasida bir gap yuradi: tanqidchilar, yozuvchilik qo‘lidan kelmasa kerakki, osonroq deb shu sohaga o‘zini urgan. Bu yerda teskari misolni ko‘rib turibmiz. Abdulla aka, tanqidchilik qo‘lingizdan kelmagan bo‘lsa kerakki, o‘zingizni yozuvchilikka uribsiz”. Munaqqidning samimiy hazili Abdulla Qahhorga juda nash’a qildi, u o‘zini orqaga tashlab huzur qilib kuldi.

Yetmish yettinchi yili Toshkent davlat universitetining auditoriyalaridan birida Abdulla Qahhorning yetmish yilligiga bag‘ishlangan bir yig‘ilish o‘tkazildi. Ma’ruzalar o‘qildi, yaxshi gaplar aytilyapti... Lekin yig‘ilish qandaydir sovuqroq o‘tayotganday, o‘ng‘aysiz bir holat. Qo‘l ko‘tarib men ham so‘zga chiqdim. “Abdulla Qahhor mashhur so‘z ustasi bo‘lishi barobarida benazir yumorist, kulgi xazinasi ham edi, binobarin, ustoz xotirasiga bag‘ishlangan majlis xushchaqchaq bir kayfiyatda o‘tishi maqsadga muvofiq”, degan mazmunda gapirgan bo‘ldim, yuqoridagi gaplarni va yana ba’zi tarixlarni eslatib o‘tdim. Majlis raisi A.Qahhorning sodiq shogirdi Ozod aka Abdulla Qahhordan eshitgan kulgili voqealarni, o‘ziga qilgan hazillarni qiziqarli hikoya qilib berdi-yu, majlisga boshqacha fayz-tarovat kirdi.

Abdulla Qahhor kuldirib gapiruvchi va yozuvchi yumorist bo‘lishi barobarida, kuydirib gapiruvchi va yozuvchi o‘tkir satirik ham edi. Adibning to‘g‘ri, to‘qmoqli, achchiq, ochiq so‘zlari, kamchilik, illatlarni ro‘y-rost ochib, niqoblarni sidirib tashlovchi hayotiy, hajviy asarlari ba’zi birovlarga xush kelmagan bo‘lishi mumkin. Lekin xalqimizning Abdulla Qahhorga mehr-muhabbati yillar osha kuchaysa kuchayib bordiki, zarracha bo‘lsin susaygani yo‘q. Zero, dono xalqimiz “Oltin zanglamas”, deya bejiz aytmagan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 35-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.