OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Bo`lakcha muhabbat talqinlari (2007)

Yaqinda “Sharq ziyokori” kitob do‘koniga kirib, peshtaxtalarga chiroyli terib qo‘yilgan, bejirim, bir-biridan ko‘rkam, kitobat san’atining so‘nggi yutuqlari asosida chop etilgan turfa xil asarlarni ko‘rib havasim keldi.
Oldin ikkilanmasdan sotib olishga arziydigan kitoblarni xarid qilgach, yana peshtaxtalarga birrov nazar tashladim. Shunda Nigina Niyozning “Savdoyi qiz” degan kitobiga ko‘zim tushib qoldi. Muqovadagi go‘zal qizning surati faqat yoshlarning emas, barchaning diqqatini jalb etadi.
Sekin varaqlab ko‘rsam, kitobga O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Tohir Malik so‘zboshi yozgan ekan. Hoynahoy, shunday mashhur yozuvchi kitobni bejiz maqtamagandir dedim-u, bu kitobni ham sotib oldim. To‘g‘ri qilgan ekanman, uyga kelgach, kitobni bosh ko‘tarmay, bir o‘tirishda o‘qib chiqdim. Azbaroyi zavqim toshganidan goho muallifning suratiga qarab-qarab qo‘yar, nahotki, shu narsani ayol boshi bilan o‘zi yozgan bo‘lsa deb hayratlanar edim.
Mundoq o‘ylab ko‘rsam, bozor iqtisodiyoti sinovlariga andarmon bo‘libmi yoki o‘z gumrohligimiz, tanballigimiz tufaylimi, harqalay, san’atdan, adabiyotdan ta’sirlanmay qo‘ygan ekanmiz. Hatto qalamkashlar o‘zaro uchrashganda ham kitob haqida, adabiyot haqida negadir kamroq gurunglashamiz. Eslaysizmi, bolalik va o‘smirlik chog‘larimizda yaxshi kitoblardan qanday ta’sirlanar edik. Bokira tuyg‘ularimiz, ongu shuurimiz mutolaa tufayli alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketmasmidi? Bir necha kungacha kitob qahramonlari hayoti bilan yashamasmidik?
Nigina Niyozning kitobi o‘sha betakror davrlarni esimga tushirdi.
Ustoz Abdulla Qahhor: “Kitob shavq bilan o‘qilishi kerak”, degan edi. “Savdoyi qiz” to‘plamiga kirgan qissa va hikoyalar ulug‘ ustozning ana shu talabiga to‘la javob beradi. Muallif uslubi shakllangan yozuvchi ekan. U nimani yozishni va qanday yozishni (yozuvchi uchun o‘ta muhim fazilat!) yaxshi biladi. Qisqa va lo‘nda yozadi. Ayni chog‘da o‘zi yaxshi bilgan narsalar haqida yozadi. Shuning uchun ham yozganlari hayotiy, obrazlari jonli, yorqin.
Ustoz Ibrohim G‘afurov “Hayo — xaloskor” degan kitobida ta’kidlaydi: “Hozirgi” adabiyot ko‘proq bugunning voqeligini emas, kechagi kunlarni, ularda kechgan ma’naviy-ruhiy, ijtimoiy tanazzullarni aks ettiryapti. “Bugunning voqeligi”ni badiiy adabiyot hali to‘la anglab, mulohaza qilib ulgurgani yo‘q.
Darhaqiqat, “bugunning voqeligi” haqida asar yaratish oson emas. Bugungi kun — ertaga tarix. Tarix esa masofadan yaxshi ko‘rinadi.
N. Niyozning ayni “bugunning voqeligi” haqida asar yozishga jur’at etgani diqqatga sazovordir. Men to‘plamdagi “Paxmoq qizning baxti” qissasini nazarda tutyapman. Qissa shu kecha-kunduzdagi jurnalistlar hayoti haqida. Gazeta tahririyatidagi ish jarayoni, undagi o‘ziga xos muammolar, g‘aroyib voqealar nihoyatda maroqli hikoya qilinadi. Asar qahramoni — jurnalist Munisa hozirgi yoshlar ta’biri bilan aytganda, ancha “krutoy” qiz. G‘ururi baland, sportning u-shu turi bilan shug‘ullangan, o‘zini xafa qildirib qo‘ymaydi. Beodoblarning, ayrim insofsiz, diyonatsiz kimsalarning boplab ta’zirini beradi. Har qancha serzahmat, sermashaqqat bo‘lmasin, o‘z kasbini sevadi, ardoqlaydi. Muallif asardagi boshqa obrazlarga ham jon ato eta olgan. Shu o‘rinda Nigina Niyoz uslubiga xos yana bir muhim fazilatni alohida ta’kidlagim keladi. Bu — to‘plamdagi asarlarga betakror, o‘ziga xos joziba baxsh etib turgan hayotbaxsh yumor, beg‘ubor hazil-mutoyibadir. Yozuvchi yumordan shunchaki kitobxonni zeriktirmaslik, asarni qiziqarli qilish vositasi sifatidagina foydalanmaydi, ayni chog‘da xarakter va g‘oyani ochishga xizmat qildiradi.
To‘plamdagi aksariyat hikoyalarning mavzusi o‘sha ko‘hna, “ammo har bir yurak yang‘orta”digan (Hodi Toqtosh) muhabbat haqida! Bu hikoyalarning qahramonlari “o‘zga olam vakili”, “o‘zga dunyo fuqarosi”. Ularning sevgisi ham shunchaki oddiy sevgi emas, ilohiy sevgi! Ta’kidlayman — kitobiy emas, ilohiy sevgi! Bu hikoyalarni xotirjam, hayajonsiz o‘qish mumkin emas. Qahramonlarning dardu quvonchi, ko‘ngil kechinmalari beixtiyor kitobxonga ham “yuqadi”, shunda yurak hapriqadi. Ehtimol, ayrim kitobxonlar “Hayotda bunday sevgi bo‘lmaydi-ku!” deb o‘ylashi mumkin. Shu o‘rinda donolardan birining “Bizga ruhimizni tushiradigan haqiqatlardan ko‘ra ko‘nglimizni ko‘taradigan aldovlar muhim” degan hikmati xayolga keladi. Tadqiqotchilarning fikricha, ulug‘ rus yozuvchisi Turgenov hayotda uchramasa ham, ilohiy sevgiga qodir, dilbar ayollarning ajoyib obrazini yaratgandan ke­yin hayotda rostdan ham shunday ayollar paydo bo‘lgan ekan!
Muhabbat haqidagi bu lirik hikoya­larning hayotiy asosi ham bor-da. O‘z umrida haqiqiy, idealdagi, demakki, ilohiy sevgini orzu qilmagan odam bo‘lmasa kerak. “Men ilohiy muhabbatning latofatli, huzurbaxsh aksilmoddiy jihatlarini insonlarga namoyon etishni istayman. Toki ular ham dunyoda bo‘lakcha muhabbat borligini his etsinlar”, deydi “Mubhamlik sevgim mening” hikoyasi qahramoni.
Mulohazalar oxirida kitobning poligrafik ijrosi haqida (saboq bo‘lar degan umidda) ikki og‘iz so‘z: afsuski, shunday yaxshi kitobning ayrim sahifalari almashib ketgan, ularni joy-joyiga qo‘yib o‘qiguncha kitobxonning asabi buziladi.
Iste’dodli adiba Nigina Niyoz navbatdagi “Savdoyi qiz” kitobi bilan imkoniyatlari yanada barkamol qalamkash ekanligini ko‘rsatdi. Endi kitobxonlar undan yanada barkamol asarlar kutadi.

Shodmon OTABEK
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.