Har bir odam o‘zidan keyin, kasbi-koridan tashqari, fe’l-atvoriga loyiq yaxshimi-yomonmi xotira qoldiradi. Kimningki nomi, kasbi-kori, amal-martabalari, ayrim nuqsonlaridan qat’iy nazar, kishilar orasida: xudo rahmat qilsin, yaxshi odam edi, deb tilga olinsa, eslansa, bu katta baxt.
Hamid G‘ulom tengdosh do‘stlari, hamkasb yozuvchilar orasida muomala, gap-so‘z, kiyinishdan ham o‘ziga xos shaxs sifatida ajralib turardi. U o‘zining qadrini yaxshi bilardi, katta-kichik demasdan boshqalarning hurmatini joyiga qo‘yardi. Uning olijanob fazilatlaridan yana biri shu ediki, u birovga hasad qilishni bilmasdi. Na tengdoshlari va na biror kishiga qattiq gapirganini eslolmayman. Ba’zan ish ustida yoki biror asar munosabati bilan o‘rinsiz gaplar aytganlar yoki asariga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirganlar bo‘lsa, gina saqlab yov qarash qilganini sezmaganman. Balki bu haqda o‘ylashga uning vaqti ham bo‘lmagandir. Chunki men uni biron joyda ishlamasdan yurgan paytini bilmayman. U g‘ayratli, ishchan, ishbilarmon, bilimdon yozuvchi edi.
U juda xushmuomala edi-yu, ammo ko‘rishganlar bilan uzoq pachakilashib gaplashmasdi, o‘zini sipo tutardi. Gapni qisqa qilib, “og‘zingga shakar” qabilida muomalada bo‘lardi. Xalqimizda: janjal chiqaradigan rostdan, murosaga keltiradigan yolg‘on afzal, degan gap bor. Hamid G‘ulom shu aqidaga amal qilardi. U G‘afur G‘ulom nomidagi davlat nashriyotida direktor bo‘lgan yillari she’rlar to‘plamimni, keyin nasriy kitobimni topshirgan edim. Rejaga kiritilganiga qaramay, bir yilcha qo‘lyozmalarim harakatsiz turib qoldi.
Bir kun ish oxirlab qolgan payt, jahl chiqsa, aql ketadi, deganlaridek, Hamid G‘ulomga telefon qildim. Salom-alikni cho‘zib o‘tirmay, jahl bilan:
— Hamid Ubaydullaevich, bu mening kitoblarim qachon chiqadi, axir! — deb gap boshlagan edim, u hech narsa bo‘lmagandek:
— Shukrulloxon, chiqadi, sabr qiling, — dedi va uning bu gapi jahlimni alangalatib, gapini oxirigacha eshitmay:
— Iya!... Ikkitadan bittasi ham chiqmasa. Yana!... — degan edim, holatimni sezgan Hamid G‘ulom o‘ziga xos bosiqlik, xushmuomalalik bilan:
— Plan bor, boshqalarning ham... — deb gap boshlagan edi, “boshqalar” degan so‘zni eshitishim bilan gapining davomini eshitmay:
— Boshqalar qatoriga bizlar qachon kiramiz! Agar gap shunday bo‘ladigan bo‘lsa, u mahalda... (bilmadim, o‘sha mahalda jahl bilan og‘zimdan qanday gaplar chiqdi, qattiqroq gapirib yubordim, chamasi). Unga gapirishiga ham imkon bermay, telefonni qo‘yib qo‘ydim. Ammo dilini og‘ritganimdan o‘zim ham xursand bo‘lmadim, o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim.
Yoshlikdan qo‘shni mahallada birga o‘smagan yoki yaqin hamkasb bo‘lmagan begona rahbar bo‘lganida, balki bunday muomala qilmagan bo‘larmidim. Nima bo‘lganda ham, yaxshi qilmaganimdan ko‘nglim g‘ash bo‘ldi.
Oradan biror soat o‘tar-o‘tmas (go‘yo bulut ichidan quyosh chiqqanday) ish kunining oxirlarida uyimga telefon bo‘ldi. Kim desam, uydagilar Hamid G‘ulom, deyishdi. “Obbo!.. Ana endi u ham haqqini olsa kerak, kitoblarim chiqishining kechikishi ham gapmi endi, yillab orqaga surilsa kerak. Mana jahlning oqibati”.
— Shukrulloxon, men Hamid akangizman, uydan telefon qilayapman. Telefonlar rasvo. Boya gapingizni yaxshi eshitolmadim, — dedi.
Men nima deb javob qilishimni ham bilmay qoldim. Ko‘nglimga nur kirdi, yengil tortdim. “Nima gap bo‘lardi, Hamid Ubaydullaevich, axir, ikkita kitobim...”.
Gapimni aytib ulgurmasimdan Hamid G‘ulom:
— Shukrulloxon, gap bunday (odati bo‘yicha gapni qisqa qilib), yaqinda ko‘p qog‘oz oldik, she’rlaringizning korrekturasi kelgan. Shu oyning oxirlarida bosilib chiqadi. “Javohirlar sandig‘i”ni ikki oydan keyin, yangi yilning boshida olasiz. Gap shumi, salomat bo‘ling, — dedi.
Hamid G‘ulom bilan u Arpapoya, men Olmazor ko‘chasida turgan bo‘lsak ham, hovli-joylarimiz juda yaqin bo‘lgan. Hamid G‘ulomning uyiga biror mehmon kelsa, ayniqsa, boshqa shaharlardan, albatta, o‘g‘illaridan birini, Farhodni yoki Sherzodni yuborib meni chaqirtirardi. Ba’zan G‘afur G‘ulom ham bizlarga yaqin Arpapoya ko‘chasida yashagani uchun kechki paytlar aylanib uning uyiga birga borardik. Ey! Nimalarni gaplashmasdik, nimalarning guvohi bo‘lmaganmiz. Mana bugun Hamid G‘ulomni xotirlab, bundan taxminan ikki yil burun rahmatli Hamid G‘ulomni xotini Manzuraxon bilan, men rafiqam Minavvarxon bilan shifoxonada birga davolangan vaqtimizda deyarli har kuni bog‘ni aylanib qilgan suhbatlarimizni ko‘nglimdan o‘tkazdim. Sog‘ligimiz, umrning o‘tayotgani haqida dardlashib, yoshlik yillarini esladik. Gaplashsak, oylab gaplashsak ham gapimiz tamom bo‘lmasdi.
Hamid G‘ulom bilan 1939 yili institutda birga o‘qiganmiz. O‘sha yillariyoq u yaxshi shoir sifatida “O‘ylab qarasam” kabi she’rlari bilan adabiyot ahli o‘rtasida obro‘ga ega bo‘lib, mashhur bo‘lib ketgandi. Lekin Usmon Nosirga yaqinligi, “xalq dushmani” sifatida qamalib ketgan institut domlalari Fitrat, G‘ozi Yunuslarning tarbiyasini olganligi unga quvonch bag‘ishlamadi.
Hamid G‘ulom faqat hayotligida emas, ba’zan biror sabab bilan hozir ham yodimga tushganda ham qalbimga quvonch bag‘ishlaydi. Adabiyotda tutgan mavqeimiz, fe’limizni yaqin deb bo‘lmasdi. U menga nisbatan bosiq, obro‘li ishlarda xizmat qilgan, martabali, yozuvchi sifatida ijodi bilan mashhur edi. Ishi ko‘pligidanmi yoki tabiati shundaymidi, gap-gashtaklarga unchalik xohishi bo‘lmasdi. Bu jihatdan men unga nisbatan ancha erkin edim, menda ulfatchilikka hamisha vaqt topilardi. Bunday paytlarda Hamid G‘ulom bir og‘iz shirin so‘z aytib, uzr so‘rardi. Uning fe’lini bilganimiz uchun gina qilmasdik. Meni o‘ziga qancha yaqin tutgan bo‘lmasin, yoshlikdan qadrdonligimizga qaramay, biror sabab yoki asarlarim muhokamasida ijobiy fikr aytgani munosabati bilan “Qani endi bugun sizga bir eriydigan bo‘ldim”, degan vaqtlarda ham u bir bahona bilan minnatdorchilik bildirib qo‘ya qolardi.
Hamid G‘ulom ta’mani bilmasdi, hatto uni maqtagan chog‘larimizda ham oxirigacha eshitib o‘tirmasdi, ta’magirlik bilan aytilgan maqtovlardan o‘zini ehtiyot qilardi.
Hamid G‘ulomni quvonib eslayman. Uning ibratli tomonlari ko‘p edi. Bag‘rikeng inson edi. Axir, u meni o‘ziga yaqin olib, qanchalik bir-birimizni hurmat qilgan bo‘lmaylik, ijodkor sifatida o‘rtamizda qattiq-qotirim gaplar o‘tgan vaqtlar ham bo‘lgan. Uning kamoloti shunda ediki, u odamning ruhiyati, fe’lini tushunardi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmas, deganlaridek, mening ichkilikni xush ko‘rishimni yoqtirmasdi. Lekin o‘zininng aqli bor-ku, degandek yuzimga solgan emas. Qaysi viloyatga bormaylik, deyarli hammasida menga hamroh bo‘lardi. Hayotim, ijodim to‘g‘risida uchrashuvlarda ko‘nglimdagi gaplarni aytib quvontirardi. Matbuotda bosilgan maqolalarida ham nuqson va fazilatlarimni katta shoir sifatida samimiy tahlil qilganlardan biri edi u.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 17-sonidan olindi.