Ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan bir do‘stim tadqiqot mavzusiga doir ma’lumotlarni gazetalarda e’lon qilingan maqolalar orasidan topishda yordam so‘rab qoldi. Rozi bo‘ldim. Birgalikda Markaziy Osiyodagi qadimiy kitoblar, gazeta-jurnallar, turli hujjatlar saqlanayotgan eng yirik ziyo maskani — Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga bordik. Gazeta taxlamidan kerakli sonni izlay boshladik, ammo... sal o‘tmay urinishlarimiz bekor ekani ayon bo‘ldi.
Chunki bizdan oldin bu yerga qadam ranjida qilgan “ilm izlovchi”lardan biri ayni o‘sha sondagi sahifani allaqachon “yulib” ketibdi...
Ajdodlarimiz yozib qoldirgan bitiklar biz uchun tengsiz xazina, oltin meros sanaladi. Ularning har bir sahifasi ustida qanchadan-qancha tadqiqotchilarimiz izlanishayapti, hijjalab o‘rganishayapti. Ularning sidqidildan olib borgan sa’y-harakatlari bois bobolarimizning beqiyos tafakkuri, turmush tarzi va faoliyati bilan tanishib borayapmiz. Qolaversa, bu noyob durdonalar bizdan keyingi avlod uchun ham juda katta xazinadir. Tabiiyki, bugun chop etilayotgan nashrlar ham bir kun kelib kelajak vorislarimizning noyob boyligiga aylanishi turgan gap. Har bir xalqning o‘zligini namoyon etuvchi milliy qadriyatlari bo‘ladi. Shundan kelib chiqsak, har qanday davlatning Milliy kutubxonasi ham uning bebaho boyligidir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida 10 mln. nusxada hujjatlar mavjud. Shundan 3 mln.dan ortig‘i milliy matbuot to‘plami, 2 mln.ga yaqini esa ilmiy-texnik adabiyotlar. Fond har yili 15-20 ming nusxadagi turli nashrlar bilan boyitib boriladi. Bu yerga bir yillik kitobxonlar qatnovi esa 500 mingdan ortiq bo‘lib, kitob bilan ta’minlanish darajasi 1 mln. 700 mingdan ortadi.
Ayniqsa, nodir nashrlar fondi bilan har bir yurtdoshimiz faxrlansa arziydi. Bu bo‘limda 250 mingdan ortiq hujjat saqlansa, shundan 15 mingdan ko‘prog‘i noyob kitob va qo‘lyozmalardir. Ular orasida 594 tomdan iborat o‘ziga xos entsiklopediya — “Turkiston to‘plami” hamda A. L. Kunin tomonidan tuzilgan 10 tomlik “Turkiston albomi” (unda o‘lkamiz aholisining turmush tarzi, urf-odatlari to‘g‘risidagi 1200dan ortiq fotosuratlar bor) alohida ahamiyat kasb etadi.
Biz Al-Buxoriy, At-Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshbandiy, Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimizning nomlari bilan faxrlanamiz. Ularning ilmiy-adabiy meroslari butun insoniyatning bebaho mulki hisoblanadi. Ana shunday ulug‘ zotlar yaratgan asarlarning aksariyati ham bugun kutubxona fondida saqlanmoqda.
Xo‘sh, shunday tengsiz mulkka ega bo‘lgan kutubxonaning o‘quvchilari undan oqilona foydalanayaptimi? Ba’zi titilib ketgan nashrlarni ko‘rib ko‘ngil g‘ash tortadi. Nahot, ma’naviyat xazinalarimizga munosabat shunday bo‘lsa?..
Kutubxona direktori, sotsiologiya fanlari doktori Abdusalom Umarov bilan suhbatda yuqorida qayd etilgan holat haqida ham so‘radik.
— 40-45 ming nafar doimiy a’zosiga ega bo‘lgan ziyo maskanlarimizda ilm tashnalari uchun yangi-yangi imkoniyatlar yaratishga harakat qilayapmiz. Internet orqali masofaviy xizmat yo‘lga qo‘ygani ham fikrimiz dalilidir. Elektron pochta orqali bizga murojaat qilgan kitobxonga kerakli asarning bor-yo‘qligi aniqlanib, ma’lumot beriladi. 200 mingdan ortiq raqamlashtirilgan nashrlarning elektron variantini Internetda o‘qish mumkin. Vertual imkoniyatlarimiz ham kundan-kunga kengaymoqda. Chunonchi, “Kutubxonalarda elektron fondlar” dasturi asosida AQShning “EBSCO Publishing Inc.” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatishgan. Endi o‘quvchilarimiz dunyoning 23 mingdan ortiq gazeta-jurnallarining kamida o‘n yillik taxlamidan Online tizimida maxsus parollar yordamida foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, bir nechta davlatlarning qishloq xo‘jaligi, neft-gaz, samolyotsozlik, qolaversa, turli fanlarga doir referativ jurnallariga bevosita obuna bo‘lganmiz. Bundan asosiy maqsad — olimlarimizning dunyo ilm-fanida ro‘y berayotgan yangilanishlardan doimiy xabardor bo‘lishlari uchun ko‘maklashish hisoblanadi. Chunki qaysidir chet davlatda allaqachon ixtiro qilib bo‘lingan moslama ustida bosh qotirib o‘tirgandan ko‘ra, u haqda ma’lumotga ega bo‘lib, boshqa kashfiyotlarni o‘ylash mumkin. Yana 45 mln.ga yaqin hujjat saqlanayotgan Rossiya davlat kutubxonasi bilan ham hamkorligimiz bor. Uning dissertatsion fondi vertual kutubxonasi filiali ochilgan. Ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan hamyurtlarimiz xodimlarimizdan maxsus parollarni aniqlab, rossiyalik olimlarning ham 300 mingga yaqin dissertatsiyalari bilan tanishishi mumkin.
Umuman, dunyodagi eng ilg‘or usullarda xizmat ko‘rsatishga harakat qilayapmiz. Ammo o‘zingiz aytib o‘tganingizdek, “o‘g‘rilik” ham sodir bo‘lib turadi. Ayni paytda nazoratni yanada kuchaytirdik. Ayniqsa, eng noyob, qadimiy hujjatlar saqlanayotgan “Nodir va noyob nashrlar” bo‘limida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, kitobxonning har bir harakatini xodimlarimiz ekran orqali nazorat qilib turishadi. Qolaversa, endi 2000 dan ortiq nodir kitoblarning elektron varianti ham mavjud. O‘quvchi Internet orqali ulardan bemalol foydalanishi mumkin. nashrlarning asl nusxalari esa maxsus qutilarda saqlanadi. Aytish mumkinki, endi kitob o‘g‘rilariga hech qanday imkoniyat qolmadi.
—Qachonlardir chet ellarga chiqib ketgan noyob kitoblarimizni qaytarish borasida qanday ishlar amalga oshirilayapti? Deb so‘radik suhbatdoshimizdan.
— Ha, bu borada ham astoydil harakat qilayapmiz. Dunyoning 24 davlatidagi 30 dan ortiq tashkilot bilan xalqaro kitob almashuvi borasida shartnoma bor. Ya’ni agar ularda bizning xalqimiz, madaniyatimizga xos kitoblar, qo‘lyozmalar, hujjatlar bo‘lsa, bizga qaytarishadi. Biz ham ularga tegishli kitoblarni yuboramiz, — deydi Abdusalom Umarov. — Esimda, bundan o‘n yillar burun Germaniyaga borgan edik. U yerdagi Milliy kutubxonada buyuk mutafakkir ajdodimiz Al-Farg‘oniy qalamiga mansub “Astralabiya” ( Osmon jismlarini kuzatish asboblari haqida) kitobining 1483 yilda qayta ko‘chirilgan nusxasi bor ekan. Eng qizig‘i, o‘sha paytda bu bobokalonimizning yurtimizda birorta ham kitobi yo‘q edi. Asardan nusxa olish narxi esa juda qimmat ekan. Biz kutubxona direktoriga o‘zimiz bilan olib borgan Markaziy Osiyo madaniyati va san’atiga doir albomni sovg‘a qilib, ko‘nglini ovlab, zo‘rg‘a nusxa olib qaytgan edik. Ularda Al-Farg‘oniyning osmon jismlari globusi ham bor edi. Keyinroq esa uni ham bizga yuborishdi.
Kutubxona xizmatidan foydalanayotgan ayrim kitobxonlar bilan suhbatlashdik:
— “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi bo‘yicha magistrlik ishi yozayapman,— deydi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Zarifjon Chorshaev. — Bu yerda o‘tirib ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar bor. Ikkinchi qavatda Media markazi faoliyat ko‘rsatayapti. Bu yerda internet xizmatidan ancha arzon narxda (birinchi soat bepul, ikkinchi soatdan boshlab har soatiga bor-yo‘g‘i 400 so‘m) foydalanish mumkin.
Kutubxonaning “Nodir va noyob nashrlar” bo‘limida faoliyat yuritayotgan professor Ergash Umarov yoshlar uchun mo‘ljallangan umumiy o‘quv zalida o‘tirib, qo‘lidagi kitobga ishora qildi:
— Qarang, bu 1961 yilda chop etilgan geografik entsiklopediya. Afsuski, bu kitobning ham bir nechta varag‘i yirtib olingan. Hayronman, kutubxona ichida nusxa ko‘chirish apparatlaridan ham, internetdan ham foydalanish imkoni bor-ku! Bunday qilish kimga kerak ekan?!
Milliy bibliografiya bo‘limi bosh kutubxonachisi Shoira Mirhamidova esa “Avvallari o‘quvchilar gazeta-jurnal taxlamlarini to‘laligicha so‘rashardi. Shuning uchun biz ko‘pincha gazetaning qaysidir soni yulib ketilganini payqamay qolardik. Endi esa nashrning o‘nta sonidan ortig‘i qo‘lga berilmaydi va xodimlar tomonidan nazorat ham kuchaytirilgan,” deydi biz bilan suhbatda.
Darhaqiqat, shunday keng imkoniyatlar yaratilgan paytda faqat o‘z manfaatini milliy manfaatlarimizdan ustun qo‘ygan kishilarni o‘z uyiga o‘g‘rilikka tushgan kimsalarga qiyoslash mumkin. Qolaversa, ilm xazinalarini kelajak avlodlarimizga bus-butun yetkazishni maqsad qilgan ziyo maskaniga kelib, ilm istab, ilm yo‘lida nimadir qilmoqni niyat qila turib, uni oyoqosti qilish, ma’naviy o‘g‘rilik qilish noinsoflik emasmi?
Bu og‘riqli savol. Ammo milliy merosimizning bu maskanda asrab-avaylab saqlanayotgani, qolaversa noyob xazinalardan bahramand bo‘lish imkoniyatining bugungi darajasi havas qilgulik. Zero, yuqorida ta’kidlanganidek, kutubxona fondi juda boy. Faqat ilm toliblari shu bebaho boylikdan foydalanishda imon bilan ish tutsalar bas.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).