OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar. Buyuk burch (2010)

Mustaqillikning dastlabki yillarida, aniqrog‘i, 1993 yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev Adabiyot gazetasida “Adabiyot o‘ladimi?” degan bahs qo‘zg‘ovchi maqola bilan chiqqan edi. Rostdan ham shungacha va bundan keyin ham qissa, romanlarda hanuz raykom, ispolkom, komsomol, pionerlar “javlon urib” yurishardiki, albatta, bu yaqin tarixning tez voz kechilgan qahramonlari edi. Shuni ham tan olish lozimki, o‘sha davrda jamiyatda ikkilanishlar, endi bu yog‘i nima bo‘ladi, deb sarosimaga tushish, mustaqillikning porloq kelajagiga ishonishni xohlamaydigan toifalar ham bor edi.

Sh.Xolmirzayev esa Yurtboshimiz ta’kidlagani kabi endi ortga qaytadigan ko‘priklar buzib tashlanganiga chinakam ishonar, shu bois turg‘un adabiyotni “o‘ladimi?” deya atay “fitna” qo‘zitib, o‘zi esa yeng shimarib yangi “Dinozavr” romanini yozishga kirishib ketgan edi. Va bu bilan adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyotiday ko‘hna va mumtoz adabiyot nafaqat o‘lmaydi, balki rivojlanishga qodir ekanini isbotlashga tushgan ham edi. Kezi kelganda aytish joizki, Mustaqillik yillari Sh.Xolmirzayev ijodining eng gullagan hamda barakali davri bo‘ldi. O‘nlab hikoya, qissa, esselar yozdi. Esse janrining imkoniyatlari naqadar keng ekanini ko‘rsatib berdi. O.Yoqubov, M.Qo‘shjonov, A.Oripov, Shuhrat, B.Zokirov, O‘.Umarbekov va bir qator o‘zidan yoshi kichik shoirlar, zamondoshlar haqidagi esselari chinakam badiiy yuksak asarlardir. Ayniqsa, akademik M.Qo‘shjonov xususidagi “Bu kishim ustoz, biz shogird” essesi tanlangan asarlari jamlangan kitobida qariyb 400 betlik hajmni egallaydi. Ammo maroq bilan o‘qiladi. Sh.Burxonov haqida alohida essesi bo‘lishiga qaramay, yozuvchi mazkur asarida u insonning boshqa fidoyi jihatlarini ham yo‘l-yo‘lakay ochib beradi, o‘zi, ilk sevgisi, tengqurlari, ular o‘rtasidagi sadoqat, xiyonat, talabalik hayotining o‘chmas tomonlari, va nihoyat, umr yo‘ldoshiga qay taxlit erishib, to‘y bo‘lgunicha bo‘lgan tafsilotlarni ham kiritadiki, bu beixtiyor, ko‘z oldingda butun borlig‘i bilan paydo bo‘lgan ulkan panoramani eslatadi. Shu asno yozuvchi adabiyotdagi avvaldan paydo bo‘lgan tarafkashlik illatlariga ham qitmirona bir bo‘ylab qo‘yadi.

Xo‘sh, Sh.Xolmirzayev “Dinozavr” romanida nimani yozgan edi? Roman tugadimi-tugamadimi, har qalay o‘sha birinchi kitobi “Yoshlik” jurnalida e’lon qilindi. Shukur aka avvalgi romanlarida u yoq-bu yoqqa og‘ib, o‘z ta’biri bilan aytganda “o‘tlab ketadigan” odati bor edi. Lekin bu safar pishiq roman yozdi. Yangi hayotga moslasholmayotgan teatrning aktyor-rejissyori – taniqli inson haqida. Bora-bora qahramon hayot oldiga qo‘yayotgan yangi talablarni qabul qilolmayotgani ayon bo‘la boradi. Ziddiyatli fikrlar qurshovida qoladi. Keyingi kitobda qahramon dinozavr yangi eradagi tabiiy turlanishga dosh berolmagani singari yangi hayotga begonaligicha qoladi va o‘z joniga qasd qiladi. Chunki uning suyagi ham, ong-shuuri, mafkurasi ham kechagi hayot bilan qotib bo‘lgan. Demak, bugungi ko‘rib turgan istiqlol davrini u avval tasavvur qilmagan, ehtimol, orzu ham qilmagandir, uning jannat davri o‘sha yoqda qolib ketdi. Yozuvchi uni yangi davrga munosib ko‘rmaydi.

Bu katta intellekt, iste’dodning fojiasi.

Shu davrda taniqli yozuvchi Odil Yoqubov “Bir xonadon sirlari” nomli sahna asari yozdi. U Milliy teatrimizda muvaffaqiyat bilan qo‘yildi. Garchi maishiy mavzuda bo‘lsa-da, yozuvchi o‘ziga xos teran nigohi ila yangi odamlarning naqadar o‘zgarganini, oxir-oqibat halollik chirik boylikka nafaqat bas keladi, balki g‘alaba qilishini mahorat bilan, qiziqarli, jonli dialoglar asosida ko‘rsatib berdi.

Menimcha, 1995 yil edi. Muhtaram Prezidentimiz bir guruh olimlar, taniqli adiblarni qarorgohiga chorlab, atroflicha suhbat qurdi, fikr almashdi. (Chamasi “Jahon adabiyoti” jurnalining zuvalasi ham o‘shanda pishuvdi). Va gap aylanib zamonaviy qahramonga taqalgan, Yurtboshimiz kechagi zamonda qahramonlar yaratolgan ulkan adiblar bugunning qahramonlarini ham yaratmaysizlarmi, degan haqli savol, kerak bo‘lsa, talabni qo‘ygan edi.

Mana, kelasi yili shonli Mustaqilligimizning 20 yilligini nishonlaymiz. Bu ulug‘ sana. Bir yigitning navqiron, kuchga to‘lgan yoshi. O‘tgan yillar mobaynida adabiyot ham kuchga to‘lmadimi?

Shuncha vaqt ichida ko‘plab tarixiy mavzudagi asarlar, romanlar yozildi. Romanlarning hammasini hisoblaganda 120 tadan oshar ekan. Raqam maqtanarlik. Ammo ularning ichida esda qolmaydigan, tor maishiy mavzudagilari, badiiy saviyasi sayozlari chunon ko‘pki, yaxshilari-chi, degan savolga kalovlanib falon-pismadon deb to‘rt-beshtasinigina ayta olamiz.

Xo‘sh, o‘tgan yillar ichida adabiyot boyimadimi, rivojlanmadimi?

Aytish joizki, Adabiyot deb atalmish katta, ulkan oqim depsinib turgani yo‘q. U rivojlanishda, turli xil ko‘rinishda, turli yo‘nalishda, shaklda qaynab yotibdi. Bir narsani quvonch bilan e’tirof etishim mumkin. Mustaqillik yillarida tom ma’nodagi ayollar nasri paydo bo‘ldi va kuchaydi. Zulfiya Qurolboy qizi va Salomat Vafo ikkitadan roman yozdi. Salmoqli asarlar bo‘lgani, har kim ham roman yozishga qurbi yetmasligini hisobga olganim uchun aytyapman. Aslida ular adabiy jamoatchilik tomonidan juda yaxshi asarlar sifatida e’tirof etildi. Ma’suma Ahmedova, Mehriniso Qurbonova, Dilfuza Qo‘ziyeva, Mamlakat Normurodovalarning badiiy saviyasi baland asarlarini matbuot orqali o‘qiyapmiz. Jizzaxlik yosh talaba Gulnoz Mamarasulova, xivalik Go‘zaloy Matyoqubova, nukuslik Guloyim Ayimbetovalar ham talaba bo‘lishlariga qaramay qissa va hikoyalari bilan adabiyotda yorqin iste’dodlar sifatida bo‘y ko‘rsatishmoqda.

Ehtimol, adabiyotda erkak, ayol nasri degan gap g‘alizroq jaranglar, ammo ayol-qizlarimizning keyingi yillardagi faolligi, mahoratlarini namoyon etayotganligi ularni alohida ta’kidlab o‘tishga undaydi.

Oqsoqol adiblar qatori Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshon-qul, Ahmad A’zam, Normurod Norqobilov, Ulug‘bek Hamdam, Luqmon Bo‘rixon, Abduqayum Yo‘ldoshev, Ismoil Shomurodov, Isajon Sulton, G‘afur Shermuhammad, Nabi Jaloliddin, Shoyim Bo‘tayev singari yozuvchilarning chinakam ijod qilishayotgani bugungi adabiynasr muhitini belgilab turibdi. Ular qalamidan yaralgan ko‘plab qissalar kinoga olinib, televizor yoki kinoekran orqali tomoshabinlar hukmiga havola etildi.

Muhtaram Prezidentimizning shu yil yozda Buxorodagi yangi teatr binosi ochilishida bildirgan fikr va mulohazalari nafaqat teatr ijodkorlari, balki Yozuvchilar oldida ham chinakam zamonaviy qahramonlarni yuzaga keltirish muammosi kun tartibida turganini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng Respublika Kinochilar uyida kinomatografchilar, rejissyor, aktyorlar bilan birga yozuvchi-shoirlar ishtirokida davra suhbati uyushtirildi. Qilinajak ishlar, kelgusi vazifalar haqida fikr almashildi. Birgalashib qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar haqida gaplashildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Prezidentimiz qarori bilan Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” jamoat fondi tashkil etildi va ish boshladi. Do‘rmon ijod fondi va yozuvchilar sihatgohi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Yozuvchilar undan imtiyozli tarzda foydalana boshladilar. Fondga ham mablag‘lar tushyapti. Aytish kerakki, bularning barchasi adiblar uchun mislsiz shart-sharoitlar tug‘dirdi. Qalam haqlarining oshirilishi, nashrlarga moliyaviy yordam, keksa avlod vakillariga moddiy ko‘mak berish xususida gaplar bormoqda. Shunday ekan, nimaga endi yozuvchilar kerak bo‘lsa, avvalgi zamonlarda bo‘lgani kabi ijtimoiy buyurtmalar olishlari mumkin emas? Hozirgi vaqtda nafaqaga chiqqan, vaqti, tajribasi ko‘p atoqli adiblarni Do‘rmon ijod bog‘iga taklif qilib, kinoijodkorlar bilan, teatr ijodkorlari bilan oylab hamkorlik qilishlariga sharoit yaratib berish mumkin-ku. Bu yumush navqiron avlod vakillarining ham qo‘lidan keladi, balki zamonaviy shaklda, yangicha qarashlar asosida qoyilmaqom qilib uddalashi mumkin.

Binobarin, Yurtboshimiz qo‘yayotgan talablar har birimizga yuksak mas’uliyat yuklaydi. Mavjud shart-sharoitlardan oqilona foydalanib ijodiy imkoniyatlarimiz qay darajada ekanini namoyon etish vaqti keldi.

Xo‘sh, o‘zi zamonaviy qahramon kim? Paxtakormi, g‘allakormi, fermermi, quruvchimi, muhandismi, ziyolimi – kim o‘zi? Balki rahbar, jamoat arbobidir? Har qalay, u yaxshi odam. Yurtning koriga yaraydigan, boshqalar uchun kerakli inson. Balki u sipogina, tartibli, toza, o‘ylab gapiradigan dono, o‘g‘il-qizi, xotiniga mehribon, ertalab ketib kechqurun shom tushmasidan qaytib keladigan risoladagi odam ham emasdir. Muhimi, u taqdirga beparvo emas, bizning, har kimning boshiga tushayotgan savdolar uning ham boshiga tushadi, yaxshi-yomonning qurshovida, sizu biz duch keladigan to‘siqlar, ta’magir, firibgarlar uning ham oldidan chiqadi. Ammo u yenga oladi, chiday oladi. Shuning uchun ham qahramon.

Bu yo‘lda har xil saviyadagi asarlar yaratiladi. Bu tushunarli. Chunki hammayam zo‘r yozolmaydi. Buning iloji yo‘q. Lekin yaxshilari saralanadi. Kitobxon, tomoshabin tez ajratadi. Birdaniga qo‘l siltab qo‘yaqolishi mumkin. Eng ashaddiy hukm shu. Lekin hayot haqida, odamlar haqida ro‘y-rost yozilgan, oqibati yaxshilikka yetaklovchi badiiy yuksak asar birovni befarq qoldirishi mumkin emas.

Kezi kelganda muhtaram Yurtboshimizning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasidagi quyidagi fikrlar bilan so‘zimizni muxtasar qilishni lozim topdik. “...Yozuvchilarimiz o‘z iste’dodi bilan odamlarning ongi va dunyoqarashi, madaniy saviyasini yuksaltirish, xalq qalbining kuychisi bo‘lishdek og‘ir va murakkab, ulug‘ bir vazifani zimmasiga olgan ekan, avvalo el-yurt oldidagi farzandlik burchini, fuqarolik pozitsiyasi va mas’uliyatini chuqur sezishi, anglashi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Mening fikrimcha, yozuvchilik – bu oddiy kasb emas. Xudo bergan iste’doddir. Bu – qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga hech qaerda o‘qitib, o‘rgatib bo‘lmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorulfununi ham bitta. U ham bo‘lsa, bir umr hayotning ichida bo‘lish, o‘z xalqi bilan hamdardu hamnafas bo‘lib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir”.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.