OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar. Kitob ifori (2009)

Avvallari kitob hidi, ifori haqida negadir o‘ylamas ekanman. Mana, zamon o‘zgardi, endi taqchillik yo‘q, xohlagan kitobingni topa olasan, nashriyot va bosmaxonalar son-sanoqsiz, gurillab ishlab yotibdi. Bu kitob­larni o‘qish tugul sanab ham ulgurish qiyin. Shunday bo‘lgani tuzuk, albatta. Boz ustiga kutubxonalar ham zamonaviylashib, zarur adabiyotlarning elektron shaklini kompyuterga solishyapti. Bu ham alohida qulaylik.

Lekin odamlardagi kitobga bo‘lgan mehr, his-tuyg‘ular yo‘qolib boryapti. Afsus, ming afsus! Maktabdalik chog‘imizda to‘rt-besh chog‘li kitobsevarlar maktab kutubxonasidagi o‘zbekcha kitoblarning deyarli hammasini o‘qib chiqishga ulgurgan edik. Bu o‘ziga xos musobaqa edi. Kitobning oxiridagi varaqlardan biriga «Bu kitobni 19... yil, falon chisloda Falonchiev o‘qib chiqdi», deb yozib ham qo‘yardik. U o‘qigan bo‘lsa nega men o‘qimas ekanman, deb boshqa bir o‘quvchi uni uyiga olib ketar va kutubxonachi opaning dakki-dashnomiyu yozg‘irishiga qaramay u ham kitobga «mana!» deya o‘z «muhrini» bosib qo‘yardi. Keyin bu haqda jo‘ralariga maqtanib gapirib ham yurardi. Bolalik ehtirosi kitobdagi voqealarning qiziq-qiziq emasligini o‘lchash orqali baholashni taqozo etardi. Lekin, shunday bo‘lsa-da, u o‘qilardi-da. Kitoblar hilvirab, titilib ketardi, yelimlardik, bir-ikki sahifasi yirtilsa o‘qituvchi, sinf rahbari o‘quvchini mulzam qilib dakki berardi.

Esingizdami, u paytda kitob degani hozirday 1000-3000 emas, kerak bo‘lsa, yuz ming nusxada bosilardi. Kitob mualliflari esa avliyoday e’zozlanardi. Hozir kitob kam nusxada bosiladi va juda qimmat. Lekin, eng achinarlisi — qadrsiz!

Burungi zamonda bobolarimiz navoiyxonlik, bedilxonlik, fuzuliyxonlik, mashrabxonlik qilishar ekan.

Burungining «hadyasi qo‘y bilan qo‘zi, endigining hadyasi bir kuyik kulcha» deganlaridek shu kecha-kunduzda adabiyot fani chuqur o‘rgatiladigan Milliy Universitet yoxud Nizomiy nomidagi Pedagogika Universitetida navoiyxonlik kechasi o‘tkazib ko‘ring-chi, necha kishi hazrat g‘azallarini yod bilar ekan? Ammo, aytib qo‘yay: o‘zlarining she’rlari jamlangan kitobni taqdim etuvchi talabalar albatta topiladi. Hatto ko‘p! Aytish o‘ng‘aysiz bo‘lsa ham, adabiyotning hozirgi «moda»si – shu. Bilim, o‘rganish, yodlash bilan ishimiz bo‘lmay qoldi.

Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash zarur.

Bu – bor gap. Ammo iste’dodsizlarning yo‘lini to‘sishga kuchimiz yetmayapti. Nashriyotlarimiz 200-300 dona bo‘lsa ham yosh bolaga «mana, kitobing chiqdi, yaltiroq muqovada, suratingni ham berdik, ko‘rdingmi–rangli», deya erkalatib jo‘natib yuborishmoqda. Chunki nashryotga uning iste’dodi emas, puli muhim. Axir nash­ryot mustaqil, pul topish kerak, hoy, nima qilyapsan, deb qo‘lidan ushlaguvchi yo‘q.

Biz mustaqillik yillarida davlat, hukumat, xususan muhtaram Prezidentimizning milliy adabiyotimizni yuksaltirish to‘g‘risidagi siyosatini ko‘rib, bilib, va tabiiyki, bu g‘amxo‘rliklar ichida yashab yuribmiz. Yuzlab, ehtimol minglab bizga sir tutilgan, qorong‘u burchaklarda saqlanib kelgan diniy adabiyotlar chop etildi. Mumtoz adabiyotimizning necha vakillari, qatag‘on qurbonlari yuzaga chiqdi. «Istiqlol fidoiylari edi», deb biz ularni ardoqlayapmiz. Taassufki, ularning asarlarini o‘qimayapmiz.

Bolalikda tog‘amning shaxsiy kutubxonasidagi ertak, doston kitoblarni olib ketib o‘qir, so‘ng u kishining qistovi bilan qaytarib olib kelar edim. Bo‘lmasa urishar edi. Bari bir «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin» dostonlarini qaytib bermaganman. Adashmasam, 1958 yili nashrdan chiqqan. Rassom shunaqa chiroyli rangli rasmlar ishlaganki, beixtiyor ularga qarab Layli, Shirinni tasavvur qilasiz, qarab to‘ymaysiz.

Albatta, u paytda hozirgiday axborot oqimi ko‘p emasdi. Kitobning ham turi ko‘p bo‘lmagan. Bu – aniq. Lekin u kitoblarni sevmay bo‘lmasdi. Hidlamay bo‘lmasdi. Ichidagi Laylini Majnunga o‘xshab sevmaslik ham mumkin emasdi. Kitob shunga majbur qilardi. Ajabo!

O‘sha dostonlarning bugungi nashri eng mukammal, avval tushirib qoldirilgan hamd, salovat, na’t, munojotlar to‘liq kiritilgan. Lekin yoshlarimiz uni o‘qiyaptimi, Navoiyga qiziqyaptimi yoki faqat u haqidagi qisqa-kalta informatsiyalar bilan cheklanib qolyaptimi – gap shunda!

Biz o‘zimizga va farzandlarimizga mumtoz adabiyotimizning eng sara namunalarini chop etib, ko‘z-ko‘z qildik.

Endi ularga mehr ko‘rsatishni, mehr bilan o‘qishni ham o‘rgatishimiz zarur. Ha, juda zarur!

«Yoshlik» jurnali, 2009, № 5

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.