OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sohiba Umarova. Ustoz ibrati (2010)

XX asrda G‘arb ilmiy tadqiqot usullarining o‘zlashtirilishi turkiy xalqlar mumtoz adabiyotini o‘rganish va ommalashtirish ishlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Uning ilk natijalaridan biri 1926 yili Bokuda o‘tkazilgan birinchi turkologlar qurultoyi bo‘ldi. Boku qurultoyi adabiyot tarixini o‘rganishda, mumtoz shoirlarimiz ijodining islom dini va tasavvuf falsafasi bilan bog‘liq jihatlarini tahlil etishda ilmiy yondashuvlarning boshlanishi edi. 1999 yili Anqarada nashr etilgan to‘plamda turk olimi Jamol Hasanlining yozishicha, Ozarbayjon, O‘rta Osiyo Respublikalari, Tatariston, Qrim, Volga bo‘yi, Sibir, Oltoy, Shimoliy Kavkaz, Turkiya, Moskva, Peterburg, Olmoniya va Avstraliyadan taklif etilgan 131 nafar ishtirokchi Boku qurultoyida qatnashadi va 38ga yaqin ma’ruza tinglanadi. Navoiy haqidagi ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda, shoh va shoir Husayn Boyqaro hayoti va ijodiga bag‘ishlangan chiqishlar ham bo‘ladi. Ozarbayjonlik olima Almaz O‘lvi 2009 yili Bokuda nashr etilgan “Alisher Navoiy ozarbayjon adabiyotshunosligida” nomli to‘plamdagi maqolasida quyidagilarni qayd etadi: “...bu davrda Sulton Husayn Boyqaroning ham “Devon”i Bokuda nashr etiladi. Kitobda Ismoil Hikmat va Beker Chobanzodaning Husayn Boyqaro hayoti va ijodi, “Devon”i haqidagi maqolalari e’lon etilgan”. Ma’lumki, 1926 yili Bokuda tayyorlangan Husayn Boyqaro “Devon”i Fitratning shaxsiy kutubxonasida mavjud qo‘lyozma asosida nashr etilgan. H.Orasli 1968 yili “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining 3-sonida Husayn Boyqaro “Risola”sini e’lon qildirgan edi. Shu o‘rinda olim quyidagi ma’lumotlarni beradi: “Husayn Boyqaroning she’rlari 1926 yili Bokuda, bir qismi 1928 yili O‘zbekistonda shoir Fitrat tuzgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” xrestomatiyasida, 1948 yilda adabiyotshunos Hodi Zarifov tomonidan tayyorlangan “Navoiy zamondoshlari” kitobida, nihoyat, Istanbulda saqlangan qo‘lyozma devonlaridan birining fotonusxasi 1946 yili Turkiyada nashr etilgandir”.

Mamlakatimizda Husayn Boyqaro devoni va risolasini birinchi marta nashrga tayyorlagan Suyima G‘anieva ham qurultoy materiallari bilan tanishib chiqadi. U yig‘ilgan manbalar asosida Husayn Boyqaroning devon va risolasini 1968 yili nashr ettiradi. S.G‘anieva kitobga O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida Husayn Boyqaro she’rlari mavjud bo‘lgan qo‘lyozmalardan to‘rttasi, Boku nashri, “O‘zbek adabiyoti namunalari”, “Navoiy zamondoshlari”dagi she’rlarni asos qilib oladi. Bu nashr amalga oshirilgan vaqtda ilmga munosabat butunlay boshqacha edi. Adabiyotga sinfiylik nazariyasi bilan qarash ma’naviy merosimizning ilmiy-ijodiy tadqiq etilishiga imkon bermasdi. Bunday bir tomonlama qarashlar oqibatida adabiyotimiz tarixini o‘rganish ko‘pgina xatoliklarga sabab bo‘ldi. Shuning uchun ham Husayniy “Devon”ini chop ettirish S.G‘anievaning ilmga, o‘zbek adabiyoti ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasidir.

S.G‘anieva “Husayn Boyqaro. Devon. Risola” kitobi so‘zboshisida, jumladan, shunday fikrlarni bildirgan: “To‘g‘ri, Husayn Boyqaro shoh sifatida o‘z davridagi hokim sinfga mansub hukmdor edi. U bilan Navoiy orasidagi vaqti-vaqti bilan yuz berib turgan ixtiloflar hammadan oldin shu bilan izoh etiladi. Lekin ko‘p masalalarda Husayn shu sinfga xos bo‘lgan mahdudlikdan xoli edi. Uning davlat boshlig‘i sifatidagi, madaniyat, jumladan, Navoiyga bo‘lgan munosabati va o‘z ijodidagi qator-qator ijobiy fazilatlar xuddi shu bilan izoh etiladi”. S.G‘anieva devonning o‘zbek kitobxonlariga yetkazilishida katta jasorat ko‘rsatgan, har qanday munosabatni oldindan inobatga olib ish tutgan. Shu maqsadda olima asar so‘zboshisida qayta-qayta ishoralar berganligini ko‘ramiz: “Bizlarga Husayn Boyqaro qadimiy o‘zbek madaniyati ravnaqi, o‘zbek tilining rivoji yo‘lidagi ijobiy faoliyati va go‘zal asarlari uchun qadrlidir”.

Adabiyotshunos A.Abdug‘afurov 1997 yili “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”dagi maqolasida Londondagi “India Offis” kutubxonasidagi Husayn Boyqaroning “Devon”i nusxasidagi g‘azallar soni va tartibini 1968 yilgi nashr bilan solishtiradi va “1968 yili “Husayn Boyqaro. Devon. Risola” nomi bilan nashr etilgan va bizda mukammal deb hisoblanuvchi kitobda 129 g‘azal mavjud, xolos”, deb yozadi. Haqiqatan, nashrda tahrirtalab o‘rinlar, g‘azallar bilan bog‘liq noaniqliklar, imloviy xatolar uchraydi. Bunday juz’iy kamchiliklarning bo‘lishiga qaramay, olimaning mumtoz siymolar, jumladan, Husayn Boyqaro ijodiyotini o‘rganishda manbashunoslik va matnshunoslik sohasidagi keyingi ilmiy tadqiqotlarning amalga oshirilishida xizmati bor, albatta. Husayn Boyqaro “Risola”si va “Devon”ini nashrga tayyorlagan A.Erkinov shunday yozadi: “Ushbu kitobni nashrga tayyorlashda 1968 yili Kobulda Muhammad Ya’qub Juzjoniy tahriri ostida chiqqan nusxani asos qilib olarkanmiz, o‘sha yili S.G‘anieva Toshkentda chop ettirgan shoir merosi nashri va boshqalardan ham keng foydalandik”. S.G‘anieva “Devon” va “Risola”ni nashrga tayyorlagan davrda Husayn Boyqaroning barcha merosi to‘planmagan edi. “Risola” va “Devon”ning keyingi nashrlarida g‘azallar soni 202 taga yetganini ko‘ramiz. S.G‘anievaning tadqiqi Husayn Boyqaro hayoti va ijodini mamlakatimiz hamda xorijiy mamlakatlarda keng va chuqur tadqiq etilishi va targ‘ibotida muhim ahamiyat kasb etadi. Afg‘onistonlik olim Muhammad Ya’qub Juzjoniy Turkiya va bir qancha chet mamlakatlar muzey, kutubxona va qo‘lyozma fondlaridagi Husayn Boyqaro asarlarini o‘rgangan. 1968 yili Kobulda chop ettirgan “Devoni Sulton Husayn mirzo” kitobida S.G‘anieva tayyorlagan “Majolis un-nafois”ning ilmiy-tanqidiy matnidagi 8-majlisi to‘laligicha berilgan.

O‘zbek manbashunosligi va matnshunosligida S.G‘anieva amalga oshirgan ishlar salmoqli. Jumladan, “Majolis un-nafois” asari ilmiy-tanqidiy matnining tuzilishi bevosita uning xizmatidir. Olima tadqiq etgan Gadoiy, Huvaydo, Mujrim Obid, Baqoiy, Poshshoxo‘ja, Gulxaniy singari shoirlar ijodi adabiyotshunoslikda birlamchi manba sifatida o‘rin tutadi. Xususan, S.G‘anievaning yutuqlaridan yana biri, Gadoiy devonidan ayrim namunalarni e’lon qilish va shoir ijodini dastlabki o‘rganish ishini XX asrning 60-yillarida O‘zbekistonda boshlab berganidir. O‘zbek adabiyotshunosligi tarixida ma’lum vaqt Gadoiy asarlari noma’lum bo‘lib, to‘liq tadqiq etilmagan edi. Turkiyada chiqadigan “Turk tili va adabiyoti” (1961 yil, 10-son) jurnali shoirning XVI asr boshlarida ko‘chirilgan va Parij “Milliy kutubxona”sida saqlanayotgan “Devon”ini e’lon qiladi. Bu hodisa Gadoiy ijodini tadqiq etish ishlariga turtki bo‘ldi, deyish mumkin. Shoir hayoti va ijodini o‘rganish ilmiy jamoatchilikning fikrini o‘ziga tortdi. 1959 yili nashr etila boshlangan “O‘zbek adabiyoti” kitobiga olima shoir Gadoiy g‘azallaridan namunalar va uning bir mustazodini kiritadi. Adabiyotshunos Gadoiy she’rlaridan namunalarni alohida kitob tarzida bosmaga tayyorlagan. Shoir hayoti va ijodiy merosi keng va yaxlit o‘rganilgan tadqiqotlarda S.G‘anievaning ilmiy qarashlari alohida qayd etiladi. Jumladan, Gadoiy hayoti va ijodini maxsus tadqiq etgan E.Ahmadxo‘jaev “Gadoiy” kitobida shunday yozadi: “Bu ishga dastlab qo‘l urgan tadqiqotchilardan Ya.Ekman, S.G‘anieva, E.Rustamovlarning Gadoiyni fan olamiga, ilmga olib kirishdagi xizmatlari e’tiborga loyiqdir...”. Muhimi shundaki, S.G‘anieva Gadoiy devonini nashrga tayyorlash davomida chuqur ilmiy izlanishlar olib bordi. Manbalarni to‘g‘ri tahlil etgan holda, Gadoiy tug‘ilgan yil, devonidagi qasidasi kimga bag‘ishlangani haqidagi munozarali fikrlarga o‘z munosabatini aniq bildirdi. S.G‘anieva o‘z xulosasini “Majolis un-nafois” hamda Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” tarixiy asaridagi ma’lumotlar bilan mustahkamlaydi.

S.G‘anieva amalga oshirgan bunday ishlar ma’naviy merosni o‘rganish, qo‘lyozma manbalarni nashrga tayyorlash jarayoniga, tarjima va tabdil matn ishlariga yondashishning o‘ziga xos tajribasi bo‘ldi. Mustaqillik davriga kelib, o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganish, qo‘lyozma manbalarni o‘qish, tarjima qilish va tadqiq etishning imkoniyatlari kengaydi. Mavjud an’analar bizga zamin yaratgan ekan, manbashunoslik va matnshunoslik faniga xizmat qilayotgan olimlarning, jumladan, Suyima G‘anievaning ham ilmiy-ijodiy faoliyatini o‘rganish, uning fan oldidagi xizmatlarini ko‘rsatish muhim masalalardan biridir.

Sohiba Umarova,

Jahon tillari universiteti tadqiqotchisi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 10-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.