Taniqli qoraqalpoq adibi O‘rozboy Abdurahmonov ijodiga bir nazar
Milliy adabiyotda shakllangan an’anaviy usullarga yangicha ruh, yangicha shakl olib kiradigan adiblar bo‘ladiki, ular yozgan asarlarning ahamiyati vaqt o‘tgan sari ayon ko‘rinib boradi. Taniqli qoraqalpoq adibi O‘rozboy Abdurahmonov ana shunday so‘z san’atkorlari sirasiga kiradi.
Men bu adibning ilk asarlari bilan o‘tgan asr yetmishinchi yillarida tanishganman. Yodimda, o‘shanda yosh yozuvchilarning an’anaviy respublika seminari bo‘lgan. Shu tadbir bahona ko‘pgina yosh qalamkashlarning qo‘lyozmalarini o‘qib chiqqanman. Tili ravon, fikrlari teran, jonli va hayotiy, har bir hikoya o‘ziga yarasha salmoqqa, ayricha yukka ega edi. Shu bois muallif bilan uchrashdim. Bo‘ychan, ozg‘in, qorachadan kelgan, anchagina bilimli, fikrchan, bama’ni yigitcha ekan. Xullas, uning o‘zi ham, hikoyalari ham menga ma’qul bo‘ldi va “Oq yo‘l” yozib, hikoyalarini jurnalga taqdim etdim.
Shundan buyog‘iga ham, mana, qirq yilcha vaqt o‘tdi. Bugun bir paytlar uning ilk qadamlarini quvvatlab, oq yo‘l tilaganimni eslab faxrlanaman. Mana, yaqinda “Sharq yulduzi” jurnali adibning “Tug‘ilgan kun” hikoyasini berdi. Bu, o‘sha dastlabki hikoyalardan. O‘qidim. Hech eskirgan emas. Xuddi kecha yozilgandek. Juda hayotiy. Hayotdagi to‘rachilik, odamlarning shunga ko‘nikib ketishi yengil hajv qilingan... Bu katta adabiyotga xos birinchi alomat.
O‘sha bo‘ychan va ozg‘in, qoracha yigit O‘rozboy Abdurahmonov edi. U 1949 yil 27 avgustda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida dunyoga kelgan. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida ta’lim olgan. Hali maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq shingil novellalar e’lon qilib ko‘zga tashlangan.
1977 yili yosh adibning “Bir muhabbat tarixi” hikoyalar to‘plami chop etildi. Bu o‘sha, menga manzur bo‘lgan hikoyalar turkumi bo‘lib, ular qoraqalpoq adabiyotida satirik nasrga asos bo‘ldi, desam xato qilmayman. Bu hikoyalar shaklan, ruhan va ma’nan juda xalqchil edi. Shu sababli e’tibor topdi. Adib unda xarakter yaratish mahoratini to‘la namoyon etdi. Uning keyingi asarlari ham shu ruhda — ma’nosi chuqur, hayotiy bo‘yoqlarga boy.
U “Jetkinshek” gazetasida mehnat faoliyatini boshlagan, “Amudaryo” jurnalida bo‘lim mudiri va mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. Bu davr yosh adib qalami charxlanishida, dunyoni chuqur idrok etishida muhim bosqich bo‘ldi.
Keyinchalik O‘rozboy Abdurahmonov mana shu jurnalga, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasiga, Ma’naviyat va ma’rifat markaziga, “O‘zbektelefilm”ning Qoraqalpog‘iston bo‘limiga rahbarlik qildi. Hozir Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari...
Men buni nima uchun aytayapman? O‘rozboy Abdurahmonov hayot yo‘li xalqimiz taqdiriga, ijod dunyosiga chambarchas bog‘liq. Ehtimol, shuning uchundir adibning asarlari hayotning o‘zidan oziq oladi. Shu ma’noda, uning “Qo‘ni-qo‘shnilar” (1981) nomli hajviy hikoyalar to‘plami alohida qimmatga ega. Bu asarlar mazmun-mohiyati bilan hayotning o‘zidan olingan.
Masalan, “Aktyor” hikoyasini olaylik. Unda adib uquvsiz odamning san’at sohasiga aralashib, behuda umr o‘tkazganini, ammo vaqti kelib, o‘z yubileyini as’asayu dabdaba bilan o‘tkazish uchun o‘lib-tirilganini qalamga olgan. Bunday odamlar hayotda oz deysizmi?! Eng muhimi, adib mana shu toifa fojiasini ochib bergan. Ular o‘zlarini emas, o‘zgalarni ham aldab yashaydi, ularga ham ma’naviy ziyon yetkazadi.
O‘rozboyning “Qo‘ni-qo‘shnilar” kitobidan o‘rin olgan hikoyalar Karel Chapek, Aziz Nesin, Nikolay Gogol asarlarini yodga soladi.
U 1981 yili “O‘jar” hikoyasi asosida komediya yaratdi. Mana, o‘ttiz yildirki, bu asar Berdaq nomidagi musiqali teatr sahnasidan tushmay kelayotir...
Adib ijodida satira va yumor bilan birga, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlovchi, hazil-mutoiba, kulgu va istehzoga boy bo‘lgan hajviy asarlar ham yetakchi o‘rin tutadi.
Adibning qoraqalpoq va o‘zbek tillarida chop etilgan asarlari, rus tilida nashr etilgan “Ne podpisыvay, bratok” (1984) hikoyalar to‘plami uni butun mamlakatga tanitdi.
XX asrda esse adabiyotning yetakchi janriga aylandi. Bu janr adibning o‘y-kechinmalarini erkin ifoda etishga keng imkoniyat beradi. O‘rozboy Abdurahmonov qoraqalpoq adabiyotida mana shu janr taraqqiyotiga salmoqli ulush qo‘shgan adib. U esse janrini sharqona mazmun, milliy o‘y-kechinma bilan boyitdi. Shu bois, “Orolim — dardim mening” (1985) essesi YuNYeSKOning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Taniqli adib Nosir Fozilov tarjima qilgan “Changalzor “payg‘ambar”i halokati” essesi avval “Yoshlik” jurnalida, keyin alohida kitob holida qayta-qayta chop etildi. Dunyoning ko‘pgina xalqlari tillariga tarjima qilindi.
Shuni aytish kerakki, yil o‘tgan sayin bu asarning qadr-qimmati oshib bormoqda. U soxta “avliyo” Mirza va uning qallob to‘dasi haqida. Bu badbaxt makr-hiyla bilan sodda odamlarni qanday yo‘ldan urgani, ularning hayotini buzib tashlagani asarda chuqur ochib berilgan. Ma’lumki, tarixda soxta “payg‘ambar”lar ko‘p o‘tgan, ular haqida juda ko‘p asarlar yozilgan. O‘rozboy Abdurahmonovning chuqur hayotiy kuzatish va mushohadalarga boy bo‘lgan “Changalzor “payg‘ambar”i halokati” asari shu kitoblar qatoridan munosib o‘rin oldi.
Yaqinda u “Sayg‘oqlarning ko‘chmanchi qismati” essesini yozdi. Bu asar yozuvchi tafakkur olami bepoyon ekanini namoyon etib turibdi.
Orol fojiasi o‘zbek va qoraqalpoq xalqinigina emas, jahondagi ko‘pgina millat va elatlarni ham tashvishga solib kelayotir. O‘rozboy dengiz taqdiri uchun qayg‘uradi. Uning sathi yildan-yilga pasayib, dengiz qirg‘oqdan uzoqlashib borayotgani uni tashvishga soladi. Orolning fojiaviy manzarasini ifoda etib, odamlarni hamkorlikka chaqiradi. Uning “Orolqum”, “Daryo dardi”, “Orol qizlari” hujjatli filmlari shu maqsadga bo‘ysungan. Adib Orol fojiasini jonli va hayotiy tasvirlarda ko‘rsatgan. Shu bois bu asarlar kishini Orol va dengiz bo‘yi, bu zaminda yashayotgan matonatli insonlar, ularning qismati haqida o‘ylashga da’vat etadi. O‘rozboy Abdurahmonov shu mavzuda o‘ttizdan ortiq hujjatli film yaratgani ona xalqiga, ona tabiatga cheksiz mehr-muhabbati mahsuli, deb bilaman.
Yaqinda uning “O‘tmish o‘lmasin, kelajak yashasin” (“Xalq so‘zi”), “Transchegaraviy daryolar” (“O‘zbekiston ovozi”), “Yaxshi niyatlar shahri” (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) esselari bosilib chiqdi. Ular Vatanga va ona tabiatga mehr bilan yo‘g‘rilgan. Men bu asarlarni o‘qiganda O‘rozboy farzandlik va yozuvchilik burchini nechog‘li halol va vijdonan o‘tayotganini chuqur his etdim.
O‘rozboy Abdurahmonov serqirra ijod sohibi. U yaratgan ilk qoraqalpoq badiiy filmi “Gum-gum” (1989) bilan “Tiqin” (1991) nufuzli Xalqaro kinofestivallarda namoyish etildi va bosh mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
O‘tgan asrning saksoninchi yillarida O‘rozboy Abdurahmonov “Bo‘sag‘a” romanini e’lon qildi. Roman qahramoni qiynalgan oilada voyaga yetgan o‘smirdir. U zilziladan so‘ng Toshkentga keladi, o‘qishga kiraman, deb ko‘p azoblarni boshidan kechiradi. Hayotda adashadi, o‘ziga uqtirilgan tushunchalar uydirma ekanini anglab yetadi. Ammo doimo hayotdan o‘z o‘rnini topishga intiladi.
Adib har bir voqeani qahramon yuragidan o‘tkazib tahlil qiladi. Bu asar qoraqalpoq romanchiligining yutuqlaridan biridir. Ammo o‘sha vaqtda siyosatchilar bu romanni xush ko‘rmadi. Oradan o‘n besh yil o‘tgach, istiqloldan so‘ng romanning o‘zbek tiliga tarjimasi O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ozod Sharafiddinovning qo‘liga tushadi va 2003 yili “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qilinadi.
Keyingi yillarda taniqli adib publitsistika janrida samarali ijod qilib kelayotir. Uning markaziy nashrlarda ketma-ket chop etilayotgan maqolalari tahlilga boyligi bilan alohida ajralib turadi. Insonga qudrat bag‘ishlovchi Vatan, uning qadr-qimmati, ona yurtga muhabbat tuyg‘usi ularda silqib turadi. Bunday nekbin va olijanob tuyg‘uga har bir ko‘ngilda ehtiyoj mavjud.
Shu narsa meni quvontiradiki, O‘rozboy xalqimizning eng go‘zal fazilatlarini oqko‘ngillik bilan yurakdan tarannum etadi.
O‘rozboy Abdurahmonovning xalqimizga qilgan beqiyos xizmatlaridan yana biri — muqaddas Qur’onning qoraqalpoq tiliga ma’nolar tarjimasi bo‘ldi. Adib bu ezgu ishga uzoq vaqt sarfladi. Izlanish va intilishlari besamar ketmadi. 2003 yili qoraqalpoq xalqi ilohiy kitobni ona tilida o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Shuningdek, qoraqalpoq kitobxonlari O‘rozboy Abdurahmonov tarjimasida mashhur yozuvchilar Anton Chexov, Nikolay Gogol, Aziz Nesin, Nodar Dumbadze, Abdulla Qahhor asarlaridan bahramand bo‘lishdi. Adabiyotchilar bu asarlar katta mahorat bilan ona tilimizga o‘girilganini e’tirof etib keladi.
U Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisidir.
Xalqimiz donishmand xalq. U har bir narsaga nisbat berib gapiradi. Cho‘qqiga qo‘nib turgan burgutni hech ko‘rganmisiz? U qo‘r to‘kib turadi. Nega? Burgutlar qora quzg‘unlarni lol qoldirib yashaydi, baland tog‘lar uzra mag‘rur parvoz qiladi. Uning nasibasi halol. Shuning uchun hatto odamlar ham unga havas va mehr bilan qaraydi. O‘rozboy Abdurahmonov desa, qanot yozib, tubsiz falakda parvoz etayotgan burgut xayolimdan o‘tadi. Uning mashaqqatli ijod yo‘li shunga zamin yaratgan.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 29-sonidan olindi.