OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tursunboy Salimov. O‘quvchini chalg‘itmaylik (2007)

Tasavvur qilingki, millionlab o‘quvchilar shubha qilmagan holda tarixni muhtaram mualliflarimiz xohish- irodalariga asoslangan yillar bo‘yicha o‘rganadilar. Siz va biz bunga e’tiroz bildirmasligimiz kerak, shekilli?.. Ehtimol, kimdir buni texnik xato der, lekin bu tarixni qaytadan yozish yoki loqaydlikning bir namunasi emasmi?
Hammamizga ma’lumki, mustaqillik yillarida respublikamiz ta’lim tizimida ham tub o‘zgarishlar bo‘ldi. Davlatimiz rahbari, qolaversa, xalq ta’limi vazirligining sa’y-harakatlari bilan 1995 yildan boshlab, umumta’lim maktablari uchun (5-11 sinflar) yangi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yaratila boshlandi. Xususan, «Jahon tarixi» hamda «O‘zbekiston tarixi» fanlari bo‘yicha ham darsliklar tayyorlanib qator yillar davomida nashr qilinib kelinmoqda.
Ularni yaratish uchun bir qator taniqli olimlar jalb qilindi. O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yosh avlod ilk bor Vatanimiz va jahon tarixini eng qadim zamonlardan to hozirgi kunga qadar ob’ektiv, batafsil o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Birinchi avlod darsliklari so‘nggi o‘n yil davomida chop etilib, ularda ma’lum yutuqlar barobarida kamchiliklar, nuqsonlar ham ko‘zga tashlanadi. So‘nggi yillarda boshqa fanlar sirasida tarix darsliklari ham tender-tanlov orqali o‘tkazilib ma’lum hajmda nashrdan chiqarilmoqda. Mualliflarda avvalgi nuqson va kamchiliklarni tuzatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Lekin amalda ayrim darsliklar mualliflarining e’tiborsizligi natijasida ko‘pgina kamchilik va nuqsonlar takrorlanmoqda, hatto ba’zida ularga «yangi»lari qo‘shilmoqda.
Gazeta mushtariylarini umumiy mulohazalar bilan toliqtirmaslik uchun aniq misollarga o‘tsak. Dastlab A. Sa’dullaev, V. Kostetskiylarning «Tarix» 6-sinf hamda Q. Usmonov, U Jo‘raev, N. Norqulovlarning «O‘zbekiston tarixi» 8-sinf darsliklari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarimni bildirmoqchi edim. Jumladan, A. Sa’dullaev, V. Kostetskiylarning 1999 yil chiqqan «O‘zbekiston tarixi» darsligida «Zamonbobo madaniyati» o‘lkamizdagi ilk deh­qonlar manzilgohi sifatida m.av. III-II ming yilliklarga oidligi ta’kidlanadi. Ushbu mualliflarning 2005 yilgi 6-sinf uchun tarix darsligida (24-b.) xuddi shu makon endi m.av. II ming yillikka mansub”, deb yozilgan. Bu holni qanday  izohlashga hayronmiz. Asosiy darsliklarda ushbu madaniyat III-II ming yilliklarga oid deb yozilgan.
Avvalgi darslikning davrlar aloqadorligiga oid ma’lumotlari (102-b.) Isroil podsholigi m.av. XI asrda vujudga kelgani, m.av. X asrda uni Dovud va Sulaymonlar boshqargani yozilgan holda yangi darslikda “m.av. IX asrda Falastin hududida Isroil podsholigi vujudga keldi” (63-b.) deya axborot berilmoqda. Ushbu sanalar test markazi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kiruvchi  abiturientlar uchun testlarga kiritilgan. Xo‘sh, o‘quvchi qaysi javobni oladi? Qay tarzda ikki darslik chiqishi orasidagi olti yilda Isroil podsholigining tashkil topishidagi farq asrlarga teng bo‘ladi? “Jahon tarixi”dan darsliklarda Dovudning (m.av. 1000 — 965 yil) Sulaymonning (965 — 996 yy.) podshohlik qilgani yozilganini ta’kidlash lozim.
Midiya davlatining tashkil topishi oldingi darslikda m.av. VII-VI asrlarda deb ko‘rsatilgan bo‘lsa (102-b.) yangi darslikda m.av. IX asrga o‘tgan, deyiladi. Ilk podsho Kiaksarning 672 — 653 yillarda hukmronlik qilgani, m.av. VII asrda madaniyatni tashkil topganini tasdiqlaydi.
Albatta, kimdir bu nuqsonlar  unchalik muhim emas, deyishi ham mumkin. Lekin test topshirayotgan abiturient nimaga, qaysi javobga tayanishi kerak, ko‘zlayotgan testlarda xuddi shu tarzdagi  nomuvofiqliklardan keng foydalanilishini tarixchi — o‘qituvchilar yaxshi bilishadi. O‘qishga kirish uchun tayyorlangan qorako‘zlar uchun bu hol juda muhim rol o‘ynaydi. Ularni esa bunday pala-partishliklar bilan chalg‘itish juda noo‘rin hol, albatta.
Ushbu darslikning 74-betida Xitoyning qadimgi tarixi haqida ma’lumotlar berilar ekan, davlatning shakllanishi m.av. II ming yillik oxirida deb yozilgan holda, uni Chjou qabilalari ham m.av. II ming yillik oxirida bosib olgani ta’kidlanadi. Darslikning 75-betida “Gala shodliklar” davri mavzusi berilgan, bu borada davlatlarga nisbatan “gala” so‘zi ishlatilishi joizmikin, uni “ko‘p podsholiklar” deb nomlasa ham bo‘lardi. Yoki undan oldingi A. Kabirovning “Jahon tarixi” darsligidagi “besh hokimlik” davri iborasi qo‘llanilishi ma’qul emasmidi? Yangi darslikda “Sariq ro‘molliklar” qo‘zg‘oloni m. av. II asrlarda bo‘lgani ham o‘quvchini, qolaversa, tarix o‘qituvchilarini chalg‘itishi aniq. Negaki, mualliflarning oldingi darsligida zardo‘shtiylik dini asoschisi Zardo‘sht 40 yoshida payg‘ambar bo‘lsa, yangi darslikda, 30 yoshda, “Avesto”ning matnlari m.av. IV asrda to‘plangani esa m.av. III asrda deb “tuzatiladi”. Tabiiy bu ma’lumotlar ham test markazi mutaxassislari tomonidan darhol foydalaniladi. Demak, o‘quvchilar bu xilma-xil faktlarning qaysisiga tayanishni bilmaydilar.
Endi “O‘zbekiston tarixi” 8-sinf darsligi haqida ayrim mulohazalar: Uning yangi nash­ridan avval 1994 yilda prof. Roziya Galievna Muminova va boshqalarning, 2000 yili N. Nor­qulov, U. Jo‘raevlarning yana bir darsliklari chiqqan. So‘nggi darslikda U. Jo‘raev, Q. Usmonov, N. Norqulovlar muallif sifatida ko‘rsatilgan. Dastlabki darslikda Shayboniy Ubaydulloxonning boshqaruvi 1530 — 39-yillar bo‘lsa, ikkinchisida 1533 — 39 yillarga “aylanadi”. Buxoroning xonlik deb atalishi XVI asrning 60-yillaridan, XVI asrning 30-yillariga o‘zgartiriladi va hokazolar. Holbuki, tarixdan barcha darsliklarda Buxoro xonligini tashkil topishi XVI asrning 60-yillari deb yozilgan. Ajablanarlisi, madaniy hayotga oid ma’lumotlarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanadigan o‘nlab, yuzlab tabobat, koinotshunoslikka, she’riyatga oid asarlar nomlari, mualliflari, ularning  yashagan yillari (48-b.) batafsil keltiriladi. 8-sinf o‘quvchisi uchun bu narsalarni tarixdan bilish qanchalik zarurligini aytish qiyin, lekin testlar tuzishda ularning qadri yuqoriligi shubhasiz.
“O‘zbekiston tarixi”ning 8-sinf uchun 2006 yilda chop etilgan so‘nggi darslikka Q. Usmonovning muallifi sifatida qo‘shilishi yangi “kashfiyot”larga olib keladi. Faktlarga o‘tamiz: avvalgi darslikda N. Norqulov, U. Jo‘raevlarning 8-sinf uchun 2000 yil chop etilgan darsliklarida “madrasada 24 yil o‘qiladi”, deyilgan bo‘lsa, yangi darslik kitobda 21 (35-b.) tushirildi. Subhonqulixonning taxtga kelishi 1680 yildan, 1681 yilga o‘tkazildi. Bu raqamlar qaysi muallif “ijodi” ekanligi yoki qanday tarixiy manba asosida o‘zgartirilgani bizga ma’lum emas. Axir o‘quvchi bu “yangiliklar” uchun kimgadir “rahmat” aytishi kerak. Maktab o‘qituvchisi bo‘lgan hamda deyarlik barcha darsliklar muallifi hisoblangan U. Jo‘raev nahot tushunmasa. O‘zi muallif bo‘lgan olti yil avvalgi 8-sinflar uchun nashr etilgan “O‘zbekiston tarixi” darsligida Qo‘qon xonligi 1709 yili tuzilgan desa-yu, yangi darslikda 1710 yili (45-b.) deb ko‘rsatsa? Bu darslikda ham kerak bo‘lmagan yangi asarlar, yangi mualliflarning ism-shariflari qayd etishda davomiylik buzilmagan. Darslikning 57-betida Tillakori madrasasi 1646 — 1659 yillarda qurilgani yozilsa, ilgarigi dars­likda bu sana 1646 — 60 yillar deb ko‘rsatilgan edi.
Biz tarix darsliklaridan Buxoroda mang‘itlar sulolasi 1753 — 1920 yillarda amirlikni boshqarganini bilamiz. Endi Q. Usmonov va U. Jo‘raevlarga bu sana yoqmagan shekilli uni hech qanday izohlarsiz bu tarixiy sanani uch yilga kamaytirishib, 1756 — 1920 yillar, Muhammad Rahimxonning boshqaruvini esa 1756 — 1758 yillar deya (61-b.) o‘zgartirganlar. Tasavvur qilingki, millionlab o‘quvchilar shubha qilmagan holda tarixni muhtaram mualliflarimiz xohish- irodalariga asoslangan yillar bo‘yicha o‘rganadilar. Siz va biz bunga e’tiroz bildirmasligimiz kerak, shekilli?..
Ehtimol, kimdir buni texnik xato der, lekin bu tarixni qaytadan yozish yoki loqaydlikning bir namunasi emasmi? 
O‘tmishning Xiva xonligiga oid mavzularda ham “yangiliklar” davom etadi. Jumladan, oldingi darslikning 95-betida Muhammad Aminxonning boshqaruvi yillari 1845 — 1855 bo‘lsa, 2006 yil nashr etilgan 8-sinf uchun chop etilgan “O‘zbekiston tarixi”da 1846 — 1853 yillar sifatida qayd etilgan. Xonlik aholisi ham 800 mingdan 300 ming kishiga tushib qolgan. Demak, 500 ming aholini ikki darslik orasida tushirib qoldirishgan (99-b.) Navbatdagi «ixtiro» ushbu kitobning 110-betida bo‘lib, mualliflar endi jahon tarixiga ham “o‘zgarishlar kiritib”, Doro I ning podsholigini aslida m.av. 522 — 486 yillar bo‘lgani holda m.av. 522 — 468 yillarga o‘zgartirishadi. Ammo, qizig‘i shundaki, mualliflar bu tarixiy sanalarni o‘zgartirishga hech qanday asos keltirishmaydi. Bu holdan hali o‘quvchilarni aytmang, biz — tarixchi olimlar ham hayronu lolmiz.
Xulosa qilib aytganda, maktab o‘quvchilari uchun darslik yozish ham mas’uliyatli, ham sharafli ish. Shunday ekan, u barchamizdan jiddiy e’tibor talab qilishi tabiiy.
Tursunboy SALIMOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
tarix fakulteti
arxeologiya-etnologiya kafedrasi
mudiri, dotsent.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.