O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan beri oradan 22 yil vaqt o‘tdi. Bir avlod tug‘ilib, voyaga yetgulik fursat bu. Demak, Istiqlol davrida dunyoga kelgan farzandlarimiz hozir balog‘atga yetib, avlod bo‘lib shakllandi, safga turdi. Ayni damda, katta avlodlar ham bu vaqt mobaynida Istiqlol mafkurasi asosida o‘z dunyoqarashiyu maqsad-muddaolarini Vatanimiz manfaatlariga rostlab, belni mahkam bog‘lagan ko‘yi xizmat qilmoqdalar. Zero, ikki o‘n yildan mo‘lroq davr ichida yurtimizda amalga oshirilgan, oshirilayotgan islohotlar har bir fuqaroning turmush va ongida ulkan o‘zgarishlarni sodir etgani ko‘z yumib bo‘lmas haqiqatdir. Hayotimizning hamma sohalarida jadal sur’atlarda borayotgan modernizatsiya jarayonlarini oling. Jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodni erkinlashtirish kabi ildizli islohotlar salmog‘ini, jamiyat a’zolari ongu qalbiga ta’siri ko‘lami va teranligini tasavvur eting. Yoki ona tilimizga o‘sha murakkab 1989 yilda Davlat tili maqomi berilishi bilan milliy o‘zlikni anglash sari dadil qadam qo‘yilganiniyu qishloq xo‘jaligi sohasida yer islohoti siyosati natijasidagi azim o‘zgarishlarni issiq tanangizga tafakkur aylab ko‘ring. Bu jarayonlarning barchasi Mustaqillikning ilk kunlaridan to hozirga qadar – bir kun bo‘lsin, to‘xtagani yo‘q. Binobarin, bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir kishining ongida Istiqlol mafkurasidan kuchliroq, ta’sirliroq, ko‘lamliroq va ahamiyatliroq o‘zga bir mafkura yo‘q. Ana shu omillarning barchasi birlashib esa, ijodkor badiiy tafakkurida ham jiddiy evrilishlarni sodir etib ulgurdi. O‘zgarishlarning mohiyati shundaki, ijodkor tafakkuri millat mentalitetiga yot mafkura asoratidan ozod bo‘ldi. Ayni damda, u bir tomondan, sobiq Ittifoq zamonida taqiqlangan Qur’on, Injil, Tavrot, Zabur kabi muqaddas kitoblarni, muazzam Sharq durdonalarini, boshqa tomondan, G‘arb va umuman, butun dunyo falsafasi va adabiyotining noyob bitiklarini o‘qib o‘zlashtirdi, o‘zlashtirmoqda. Qolaversa, mavzu tanlash va ifoda qilish erkinligini his etdi. Natijada, Istiqlol davri ijodkorlari Mustaqillik bergan ulug‘ ne’mat – ozod tafakkur mevasi hisoblanmish asarlarini yoza boshladilar. Bu asarlarning asosiylari, albatta, an’anadan uzilgan g‘uddalar emas, aksincha, o‘sha silsilaning davomi o‘laroq dunyoga keldilar, kelmoqdalar. Shu bilan birga, erkin badiiy tafakkur mahsuli sifatida o‘zini (olam ichra olam, ya’ni bir butun tizim o‘laroq) namoyon qilayotgani kishini behad quvontiradi. Bugun yurtimiz ijodkori o‘z nuqtai nazarini, ko‘hna Sharq adabiyotida bo‘lgani kabi, olami sug‘ro – mukarram Insonga, uning qalbiga qaratgan. Hamda botindagi murakkab jarayonlarni bayonchilik yo‘li bilangina emas (bunday usul bor, bo‘ladi va bu g‘oyat tabiiydir), ayni paytda, umuminsoniy va umumzamoniy mezonlarga suyangan holda Majoz vositasida ham qog‘ozga tushirmoqdalar, san’atga aylantirmoqdalar. Muhimi ham shu, aslida! Chunki adabiyot o‘z tabiatiga ko‘ra, masalan, tarix predmetidan ajralib turadi. Tarix – davlatlar va jamiyatlar faoliyatining, asosan, tashqaridan ko‘rinishi solnomasi bo‘lsa, adabiyot ko‘proq ana shu davlatlar va jamiyatlar fuqarosi – Inson faoliyatining ichkaridan olingan suvratlaridir. Shu ma’noda ular o‘zaro bir-birlaridan quvvat olganlaridek, o‘rni kelganda, bir-birlarini to‘ldiradilar ham. Bugungi Istiqlol davri o‘zbek adabiyotining umumiy manzaralari nafaqat oddiy o‘quvchini, balki sohaning eng talabchan mutaxassisining ham dilini ravshan torttira oladi. Chunki u g‘oyat xilma-xil va umidbaxshdir. Xilma-xilligi – adabiyotdagi turfa yo‘nalishlarning o‘zaro bag‘rikenglikka asoslangan uyg‘unlikda yashashi bo‘lsa, umidbaxshligi – ana shu rang-baranglikni vujudga keltirgan ijodkorning ozod tafakkuri bilan belgilanadi.
Biroq yo‘nalishlar haqida gap ketganda, masalaning nazariy jihatiga oid bir gapni alohida ta’kidlab qo‘yishga ehtiyoj tuyadi, kishi. U ham bo‘lsa, adabiyot, ayrim avangard oqimlar da’vo qilayotganidek, boshqotirma o‘yinlardangina iborat emas. To‘g‘ri, unda o‘yinlik xususiyati bor, lekin “o‘yin” adabiyotning o‘nlab sifatlaridan bittasi, xolos. Chinakam adabiyot hamisha odamlar bilan birga bo‘ladi, ularning quvonchu tashvishini tarannum etadi va shu tarzda ularga yelkadosh, taqdirdosh, dildosh bo‘ladi, bo‘lishi kerak. Ya’ni adabiyot ermak emas, aslo! Shu ma’noda, mening qanoatimcha, hayot haqiqatiga tayangan realizm bu – adabiyotning Shoh Ko‘chasiga o‘xshaydi. Qolgan barcha yo‘nalishlaru “izm”lar, agar ta’bir joiz esa, mana shu Shoh Ko‘chaga tutashgan taqdirdagina yuziga qon yugurishi, ya’ni ahamiyat kasb etishi mumkin. Yo‘qsa, ularning tomirlarida qon ivib, alaloqibatda halokatga yuz tutgusi. Demak, realizm zamin bo‘lsa, qolgan barcha yo‘nalishlar shu tuproq bag‘ridan o‘sib, ko‘kka bo‘y cho‘zguvchi turli-tuman, katta-kichik daraxtlardir.
Kecha – sho‘rolar zamonida adabiyotda shakl mazmun(g‘oya)ga qurbon qilinayozgan edi. Modernizmda esa, ko‘pincha, buning teskarisiga duch kelamiz: shakl ketidan quvilib, mazmun boy beriladi. Aslida, har ikkovi o‘rtasidagi zargarona mutanosiblik hamda buning oqibatida kelib chiqadigan buzilmas muvozanat badiiy asarning yaroqliligi va zavq ila o‘qishliligini ta’min etadi. Bunday asarlarga davrlar va ulardagi o‘zgarishlar juda kam ta’sir qiladi. Mumtoz adabiyot namunalarini oling, ular bir davrga emas, hamma davrlarga xizmat qiladi. Istiqlol davri ijodkori ham xuddi shunday asarlar yozish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi, deya yaxshi niyat qilgim keladi mening: chunki ozod tafakkur alaloqibatda o‘z mevasini mutlaqo berajakdir!
Shu ma’noda bugun men yurtimizda yozuvchiga ijtimoiy buyurtma berilayapti deb bilmayman, aksincha, badiiy tafakkur erkinligi bor deb ishonaman va buni chinakam ijod uchun birlamchi sharoit deb hisoblayman. Xuddi shu erkin ijod iqlimi negizida Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotining talay namunalari yaratildi, yaratilmoqda. Lekin ular qanday asarlar, mazmun-mohiyatiyu shaklu shamoyili nimadan iborat, qaysi buloqlardan suv ichib, qaysi o‘zanlarga qarab oqayapti? – bularning barini chuqur va keng tahlillar asosida tushunib olmog‘imiz zarur bo‘ladi. Zero, 2009 yilda O‘zbekiston Prezidenti “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasi bilan o‘zbek adabiyoti zimmasiga, barcha ijodkorlaru olimlar uhdasiga azim mas’uliyat yuklagan edi. Shuni hisobga olib, jurnalimiz sahifalarida Istiqlol davri o‘zbek adabiyoti haqida davra suhbati (“Yangi avlod ovozi”) tashkil etdik. Axir, o‘tgan qariyb yigirma yillik adabiyotimizdagi mazmuniy va shakliy izlanishlarga sarhisob nigohini tashlab olmog‘imiz kerak edi. Suhbatga adabiyotimizning barcha jonkuyarlarini taklif qildik hamda aks-sado bildirganlarning shaxsiy fikr-mulohazalariga hurmat ko‘rsatdik. Qarashlar turli-tuman bo‘ldi, bo‘layapti. Qaysidir mulohazalarga qo‘shilish, qaysi birlari bilan jiddiy bahslashish mumkin. Bu ham tabiiy, albatta. Lekin muhimi, adabiyot haqida, uning muammolari, tadriji, qonuniyatlari to‘g‘risida, kechagi va bugungi manzarasi, ertasi borasida qatnashchilarning hammasi dilidagi o‘y-fikrlarini bemalol izhor aylamoqda ekan, mana shu erkinlikning o‘zi tengsiz bir ne’mat ekanligini chuqur tushunmog‘imiz, uning qadriga yetmog‘imiz kerak, deb o‘ylayman. Chunki ijodkor va olim uchun o‘z fikrini erkin bayon etishdan, asarlarining esa o‘qilishidan ortiq baxt yo‘q bu dunyoda. Tafakkurdagi ozodlik bu – chinakam mustaqillik degani. Ulug‘ o‘zbek adabiyoti va bu adabiyot haqidagi ilm ham aynan mana shunday iqlimdagina o‘sib-unadi, kamol topadi.
Biroq erkin tafakkur degani xayolga nima kelsa, shuning bariga eshikni ochib qo‘yish degani emas. Erkinlik – mas’uliyat, u, sohamiz tabiati va mantig‘idan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, avvalambor, millatimiz va adabiyotimiz manfaatlariga xizmat. Turli mafkuraviy kurashlar jadal kechayotgan bugungi ziddiyatli dunyoda chegaradagi askar kabi xushyor turmoq, millat ruhiyati, an’analari, urf-odatlari va maqsad-muddaolarini ichdan yemiradigan oqim va ularning g‘ayriinsoniy g‘oyalariga qarshi o‘z milliy mentalitetimiz va qadriyatlarimizni har tomonlama qo‘rib-asraydigan hamda qo‘llab-kuchaytiradigan tamoyillar haqida ko‘proq qayg‘urmoq – davr talabigina emas, vijdon amri ham. Xuddi shu ma’noda, viloyatlardagi adabiy uchrashuvlardan birida adabiyot ixlosmandi aytgan mana bu gap mening yodimdan sira chiqmaydi: “Navoiyning etagidan mahkam ushlamasa, o‘zini modernistman deyayotganlarning barchasini zamonlar shamoli chirpirak qilib uchirib yuboradi”. Haqqu rost! Zero, badiiy tafakkurdagi erkinlik degani bu – sobiq Ittifoq davridagi sots.realizm tushovlaridan va umuman, shu yanglig‘ boshqa qoliplardan, yengil-elpi “izm”larga o‘tkinchi mahliyolik kasalidan mustaqil degani, aslo mumtoz Sharq va milliy adabiyotimiz hamda ularning jonbaxsh an’analaridan, xususan, Navoiyyu Bobur, Mashrabu Ogahiy, Qodiriyyu Cho‘lponlardan meros qolgan hayotbaxsh adabiyotdan mustaqil degani emas! Risolada “...yozuvchilarimiz o‘z iste’dodi bilan odamlarning ongi va dunyoqarashi, madaniy saviyasini yuksaltirish, xalq qalbining kuychisi bo‘lishdek og‘ir va murakkab, ulug‘ bir vazifani zimmasiga olgan ekan, avvalo el-yurt oldidagi farzandlik burchini, grajdanlik pozitsiyasi va mas’uliyatini chuqur sezishi, anglashi hal qiluvchi ahamiyatga ega” deyiladiki, bu so‘zlar zamiridagi ma’nolarni, o‘zini ijodkorman degan har bir shoir, yozuvchi va dramaturg jiddiy tarzda mushohada qilib ko‘rishi, ulardan tegishli xulosalar chiqarishi barchamizning mushtarak maqsadimizga muvofiqdir. Zero, chinakam iste’dodlar yaratgan adabiyot bu – millat ko‘ngli va badiiy tafakkurining tarixi bo‘lib yodlarga muhrlanadi, kitoblarga darj etilib, avloddan avlodga o‘tib yashaydi. Biz millat sifatida ko‘ngil tariximizning yuksak va boqiy bo‘lishini xohlaymiz.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 5-son.