Taqdir meni XX asrning bir qator mohir so‘z ustalari bilan tanishish, muloqotda bo‘lish, hatto og‘a-ini, safdosh do‘st, shogird, ulfat tutinish baxtiga muyassar etdi. Ilk tanishuvdayoq meni o‘ziga rom etgan adiblardan biri, shubhasiz, Said Ahmaddir. Alloh unga uzoq umr berdi, roppa-rosa sakson yetti yarim yil yashadi, binobarin, o‘zi aytganiday, sakson yetti qish, yozni ko‘rdi, birini yig‘lab, birini ilhom to‘la ijod bilan o‘tkazdi...
...Bir vaqtlar yozuvchining ilk kitobi “Tortiq” haqida keskin tanqidiy maqola bilan chiqqan ustoz Abdulla Qahhor oradan chorak asr o‘tib shogirdining “Ufq” romanini olqishlab qarshi oladi. “Ufq”qa bag‘ishlangan maqolasini “Ilhom va jasorat samarasi” deb ataydi, o‘zi ham ilhom va shavq ila to‘lib-toshib dilidagilarni to‘kib soladi: “Bu – sof hayot, yozuvchining qalbini o‘rtagan, ardoqlagan, unga ilhom bergan hayot tasviri, og‘ir, shu bilan birga, go‘zal, mungli va shu bilan birga farahbaxsh, musibatga to‘la va shu bilan birga odamga quvvat beradigan umid, uning boshini “toshdan” qiladigan ishonch barq urib turgan haqiqiy hayot manzarasidir”.
Asarni adabiy jamoatchilik ham iliq qarshi oldi. Bundan ilhomlangan adib, trilogiyaning “Ufq bo‘sag‘asida”, “Qirq besh kun” kitoblari ustida ilhom bilan ijodiy ishlarini davom ettirdi. Har uch kitob XX asr miyonasidagi millat tarixining yorqin ko‘zgusi sifatida adabiyotimiz tarixidan munosib o‘rin oldi.
“Ufq” ustida ish olib borgan o‘n besh yillik davr Said Ahmad hayotining eng totli, shukuhli yillari bo‘ldi. Umr yo‘ldoshi Saida opa oilada adib uchun hamma sharoitni yaratib berdi, trilogiyaning “Qirq besh kun” kitobi Andijonda, Katta Farg‘ona kanali boshlanish qismiga yaqin bog‘ hovlida yozildi. Asarning qo‘ldan chiqqan har bir sahifasi, boblarini Saida opa kuzatib, o‘qib, adibga rag‘bat, madad berib bordi.
“Ufq”dan so‘ng Saida opa tirikligida adib ijodidagi yana bir cho‘qqi – “Kelinlar qo‘zg‘oloni” dunyoga keldi. Bu asar ham adibga katta shuhrat keltirdi.
Afsus, shundan keyin oradan bir yil o‘tib, kutilmaganda Saida opa olamdan o‘tdi. Adib keyingi o‘ttiz yillik umrini Do‘rmondagi bog‘-hovlisida o‘tkazdi. Tengdosh ijodkor do‘stlari, sadoqatli shogirdlari uni yolg‘iz qoldirmaslikka harakat qildilar. Salkam o‘ttiz yil davomida bu dargohdan do‘stu qadrdonlarning, shogirdlarning qadami uzilmadi; bu maskanda kechgan maroqli “majolis-un nafois”lar, hazil-mutoyibalar tillarda dostonga aylandi.
Shaxsan kamina ham ulardan bahramanad bo‘lganlardan biriman. O‘sha yillari Said Ahmad aka yurtimiz bo‘ylab ketma-ket safarlarga chiqardi, faqat o‘zi emas, yaqin do‘st, shogirdlarini ham yonida birga olib yurardi.
Bir gal ikkimiz suhbatlashib o‘tirganimizda ustoz birdan sardaftarini – boshdan kechirgan musibatlarini so‘zlay ketdi. O‘sha paytga qadar bunaqasini eshitmagan edim. Lol bo‘lib qoldim. Shuncha ko‘rgiliklarni boshdan kechirib, bu xilda quvnoq, sho‘x-shodon holda yurish, ichakuzdi, xushchaqchaq asarlar yozish... Buning boisini so‘raganimda, u shunday javob qilgandi: “Chamamda, meni ayni shu narsa – hazil-mutoyibaga o‘chlik, yumor hissining kuchliligi saqlab qoldi. “Yaratganning o‘zi dard-ofat bilan birga uning davosini ham beradi”, deyishadi-ku! Agar menda ayni shu kulgiga o‘chlik bo‘lmaganida allaqachon kulfatlar quyunida g‘arq bo‘lib ketardim. Ehtimol, shu g‘am-kulfatlarni unutish uchun ham xushchaqchaq narsalar yozgim kelgandir. Payti kelganda, aytib o‘tay, kulgi orqali odam bolasi har qanday balo-qazolardan, hatto o‘limdan ham g‘olib kelganligiga ko‘p bor iqror bo‘lganman...”.
Ustozning meni lol qoldirgan yana bir xislati – undagi bedorlik edi. Safarlarda, yoz oylari Do‘rmondagi bog‘-hovlisida ko‘p bora shohid bo‘lganman. Tunlari uning miriqib uxlab yotganini deyarli ko‘rmaganman. Har gal bexos uyg‘onib ketganimda uni sigaret tutatib, xayol surib o‘tirgan holda ko‘rardim. Bir gal u “Senlar maza qilib uyquni urdilaring, shunday chiroyli tunni bekor o‘tkazdilaring, men esa miyamda bitta chiroyli hikoyani pishirib qo‘ydim, qani endi shu damda mashinkam yonimda bo‘lsa, yarim soatda uni qog‘ozga tushirardim”, degandi.
Bu xildagi bedorlik ustoz uchun tug‘ma xislatmikan? Qo‘rquv saltanati vahmi, tahlika avjiga mingan yillarning adib shuuri, ruhiyatidagi asoratlarimikan? Yoki ijodiy o‘y-mushohada, tasavvur uchun berilgan imkoniyatmikan?.. Barcha taxminlarda qandaydir darajada asos bor. Shunisi qiziqki, boshqalardan farqli o‘laroq, ustozda kun bo‘yi tungi bedorlikning hech qanaqa salbiy oqibati sezilmasdi. Butun hayoti davomida uni hazil-mutoyiba, yumor tuyg‘usi bilan barobar ayni shu bedorlik xislati balo-qazolardan asrab qolgan, deb bemalol aytish mumkin. Bir suhbatda u: “Juda kam uxlayman, doim tetik bo‘lishga harakat qilaman”, degandi. Umrining aksar qismi safarlarda, odamlar, do‘stlari orasida, ijodkor ustoz, tengdosh, shogirdlar davrasida o‘tgan, hamisha davralarga o‘zgacha ruh, shavq bag‘ishlagan bu alloma ayni shu jo‘shqin davralarda asarlari uchun boy xazina yiqqan, tungi bedorlik chog‘lari esa ular ko‘nglida Saidahmadona badiiy shakllar tusini olgan, so‘ng qog‘ozga tushgan. Adib asarlarini o‘qiganimda davralarda, quvnoq gurunglarda aytilgan lutf, latifa, hazil-mutoyibalarning aks sadosini shundoqqina ko‘rib, his etib turaman. Jumladan, adibga katta shuhrat keltirgan, milliy komediyamizning “Maysaraning ishi”, “Shohi so‘zana”dan keyingi namunasi, deya e’tirof etilgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” ham ayni shu tarzda quvnoq, jo‘shqin davralarda tug‘ilib, bedorlikda shakl-shamoyilini topgan. Asardagi o‘ta xalqchil, pishiq-puxta badiiy ifodaning, sehrli kulgining bosh omili, zamini ana shunda.
Istiqlol yillarida adib ijodining yana yangi qirralari namoyon bo‘la boshladi. Istiqlolga erishganimizda ustoz 72 yoshda edi. Keksa bo‘lishiga qaramay, avvalgi “qush uyqusi”ni ham tark etib, butunisicha ilhom va ijod og‘ushida yashadi. Mana shu yillari u ko‘pdan beri yuragi dov bermay kelgan yaqin kechmish tariximizdagi, o‘z oilaviy va shaxsiy hayotidagi, Qodiriy iborasi bilan aytganda, “eng kirlik qora kunlar” fojiasini qalamga olishga chog‘landi. Birin-ketin “Sarob”, “Borsa kelmas darvozasi”, “Taqdir, taqdir”, “Oftob oyim” kabi turkum hikoyalari maydonga keldi. Ammo ularni qog‘ozga tushirish osonlikcha kechgani yo‘q. 2000 yil 5 may sanasi bilan “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon etilgan kaminaga yo‘llagan xatida adib bu turkum hikoyalarning yaratilish chog‘idagi ruhiy holati, iztiroblari xususida shularni yozadi:
“Azizim Umarali! Siz har ko‘rishganimizda “Boshingizdan o‘tgan voqealarni yozing!”, deb qistar edingiz. Nima deb javob berganim esingizdami?
U voqealarni yozmoq uchun xayolan qamoq lagerlariga borishim, o‘sha azob-uqubatlarni qaytadan boshimdan kechirishim kerak. Bunga endi yuragim bardosh berolmas, degandim.
Mana, “Borsa kelmas darvozasi”ga nuqta qo‘ydim. O‘rnimdan turayotganimda boshim aylanib o‘tirib qoldim. Ichkari uyda televizor ko‘rib o‘tirgan kuyov o‘g‘lim Mahmudjonni chaqirdim. U rangimni ko‘rib qo‘rqib ketdi. Shoshib tomirimni ushladi. Ichkaridan apparat olib chiqib, qon bosimimni o‘lchadi: 200ga 130.
Bilaman, bu insult ostonasidagi holat.
Besh kun kechayu kunduz uxlamay, ushbu xotirani yozdim. Go‘yo besh kun qaytadan qamalib chiqdim.
“Sarob” degan hikoyamni o‘qigansiz. Unga ham nuqta qo‘yganimda shu ahvolga tushgandim. O‘shanda meni shu Mahmudjon o‘limdan saqlab qolgandi. Kechasi soat uchda nevaram shahar uyimizga telefon qilib, dadasiga ahvolimni aytganida, u go‘yo Qibrayga uchib kelgan edi. “Tez yordam”ni chaqirib, kasalxonaga oborgan.
“Sarob”da ham lager, qamoq voqealarini yozgandim. Yurak ko‘tarolmadi. Shundoq bo‘lishini bilaturib yozgan edim. Qandoq qora kunlar boshimizga tushganini bizdan keyingilar bilsin, deb yozdim.
O‘qib ko‘ring, ma’qul bo‘lsa behad quvonardim.
Sizga samimiy salom bilan S.A.
2000 yil, 5 may”.
Hamdo‘stlik mamlakatlari xalqlari, birinchi galda rus adabiyotida lager hayoti to‘g‘risida jahonga mashhur asarlar bor. O‘zimizda ham ayrim yaxshi roman va qissalar mavjud. Ularda totalitar rejim hukmron bo‘lgan mamlakatni GULAG orollariga, bedavo “saraton korpusi”ga qiyos qilishlar uchraydi. Said Ahmadning bu mavzudagi hikoyalari mavjud asarlardan baralla ajralib turadi. Avvalo, ular o‘zbekona milliy ruh bilan yo‘g‘rilgan, lager dahshatlari ham hech kimnikiga o‘xshamaydigan Said Ahmadchasiga o‘zbekona bir nigoh bilan idrok va talqin etiladi. Chunonchi, “Borsa kelmas darvozasi”ga “xalq dushmani” qizining yig‘lab aytgan qo‘shig‘idan shunday satrlar epigraf – bosh so‘z qilib keltirilgan:
Bu vatan qanday vatandir, har go‘shasida turmalar,Qo‘ngani bir yer topolmay osmonda yig‘lar turnalar...Vatanning o‘sha yillardagi manzarasini faqat Said Ahmadgina shu tarzda o‘ta milliy, jonli, betakror tarzda ifodalashi mumkin.
Hikoya yana o‘sha “xalq dushmani” qizi kuylagan qo‘shiqdan olingan quyidagi misralar bilan yakunlanadi:
Siz asir bo‘lgan qafasni tishlarim birlan buzay,Buzmasam mahshar kuni bag‘rimni armon tirmalar.Bu bayt adibning ushbu turkum hikoyalaridagi boshqa bir g‘oyat muhim jihatga ishoradir. Asarlarda qalamga olingan g‘am-g‘ussaga, musibatlarga to‘la lavhalar bag‘ridan qandaydir odamga dalda beradigan umid, uning boshini “toshdan” qiladigan qudrat, zulmatni yoritadigan sirli-sehrli nur barq urib turadi. Eng muhimi, deyarli har bir hikoyada o‘zligini, qalbidagi imon-e’tiqod, ona-yurt, o‘zgalarga muruvvat tuyg‘usini yo‘qotmagan “boshi toshdan” alomat matonatli insonlarga duch kelamiz. Jumladan, asarlardagi hikoyachi – roviy (ya’ni muallif) obrazining o‘zi ana shunday siymodir.
Adibning XX asr oxirida chop etilgan “Yo‘qotganlarim va topganlarim” kitobi ham adabiy-madaniy hayotimizda muhim hodisa bo‘ldi. O‘z ustozlari, tengdoshlari, izdosh-shogirdlari haqidagi esse-badialardan iborat bu kitob ham adibning dilbar hikoyalari, “Ufq” trilogiyasi, quvnoq hajviya, komediyalari kabi shavq bilan o‘qiladi, u allaqachon asr adabiyotining og‘ir va shonli yo‘li, “hayotiy lavhalari”ni gavdalantiruvchi jonli tarixi — o‘quv qo‘llanmasi, deb tan olingan.
Bunday betakror kitobni faqat qalamga olingan jamiki hodisalarga jonli guvoh Said Ahmadgina yozishi mumkin edi. Bu asar adiblarimiz mash’um zamonlarda qanday og‘ir sharoit, vaziyatlarda yashab ijod etgani, o‘shanday zamonlarda ham noyob badiiy durdonalar yaratishga erishgani to‘g‘risida haqqoniy tasavvur beradi. Kitob muallifi ulkan allomalarni quruq himoya qilish, nuqul ular sha’niga hamdu sanolar yog‘dirish yo‘lidan bormaydi, ularni hayotda qanday bo‘lsa, shundayicha ko‘rsatadi; shaxsiyatidagi, ijodidagi ojiz, ziddiyatli o‘rinlarni, ularning injiqliklarini ham ro‘y-rost aytadi. Kezi kelganda, bu borada o‘zini ham ayamaydi. Bu hol o‘quvchiga aslo malol kelmaydi, aksincha, o‘sha ulkan siymolarga bizning hurmat-ehtiromimizni yanada oshiradi, ularni to‘g‘ri tushunish, asarlaridagi ojiz, ziddiyatli jihatlar boisini anglashga undaydi. Aslida adabiyot ilmining bosh maqsadi shu. Ayni shu fazilati bilan ilmiylikka aslo davo qilmaydigan bu kitob ba’zi sayoz “sof” ilmiy tadqiqotlardan ko‘ra ilmiylikka ko‘proq daxldordir. Adibning “Kiprikda qolgan tong” (2003), “Zilzila” (2005) kitoblariga kirgan xotiralarida ham shu ruh davom ettirildi.
Shu tariqa istiqlol yillarida adib o‘zini chinakamiga erkin his etdi, uzoq yillar ko‘ngliga betinim g‘ulg‘ula solib kelgan “qo‘rquv saltanati” vahmlaridan xalos bo‘lib, dilidagi ohu zorlarini to‘kib solishga erishdi. Boz ustiga, adibning adabiyot, el-yurt oldidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni, “O‘zbekiston Qahramoni” unvonlari bilan mukofotlandi.
Qisqasi, el-yurt ardog‘idagi bu suyukli adib Alloh in’om etgan uzoq va mashaqqatli hayot yo‘lidan mudom bedorlikda omon o‘tdi, jamiki sinovlarga dosh beroldi. Yaratgan yetuk asarlari qahramonlari kabi o‘zining ibratli hayoti, benazir shaxsiyati, suhbatlari bilan ham xalqimiz, adabiyotimiz tarixi, zamondoshlari xotirasida yorqin iz qoldirdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 48-sonidan olindi.