OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov. Kuy tarovati, tasvir latofati (2009)

“Bir asar tarixi” turkumidagi bu muxtasar xotira-maqola yaxlit bir roman emas, balki uning birgina bobi haqida

1964 yil yozining ilk kunlari. Do‘rmondagi yozuvchilarning ijod uyi bamisoli so‘lim bir go‘shaga aylangan chog‘lar. Bir oz hordiq chiqarish, ayni paytda, Abdulla Qahhor ijodi bo‘yicha boshlagan tadqiqotimni davom ettirish niyatida bu yerga kelganman. “Uch ildiz” romani bilan elga tanilgan yozuvchi Pirimqul aka bilan yondosh xonada turamiz. Yaqindan kuzatib bildimki, adib yangi romani — “Qora ko‘zlar” ustida ishlayotgan ekan. Uning ishlash tarzi meni qiziqtirardi. U nihoyatda batartib, intizomli, go‘yo kunning har bir daqiqasi hisob-kitob, qat’iy reja bo‘yicha taqsimlab qo‘yilganday: vaqtida ishlar, uxlar, bog‘ aylanib sayr qilar, hamkasblar bilan suhbat qurar, tabiiyki, mutolaa bilan shug‘ullanar, radio orqali kuylar tinglab, orom olar... Goho uning ruxsati yoki taklifi bilan xonasiga kirib yangi asar qo‘lyozmasi ustida ishlash jarayonini kuzatardim.

Bir gal Abdulla Qahhor qo‘lyozma ustida ishlash tarzi xususida so‘z ochib, shunday degan edi: “Men yozilgan jumlani, hatto sahifani ham ustidan tuzatolmayman. Jumla, hatto butun bir sahifadagi bir so‘zni o‘chirib, o‘rniga boshqasini yozish uchun boshqa qog‘ozga o‘sha jumla, hatto sahifani ko‘chirib yozaman. Bir sahifani o‘rta hisob bilan 15-16 marta ko‘chiraman, shubhasiz, har safar sahifaga sayqal beraman”. Pirimqul aka ham ayni ustoz yo‘lini tutarkan, ish stolining yoni-beri o‘chirilgan, tuzatilgan qo‘lyozma varaqlariga to‘lib yotardi; faqat top-toza, bexato, aniq-tiniq chiroyli sahifa holiga yetgungacha qayta-qayta ko‘chirib yozar ekanlar. Xona burchagidagi savatcha har kuni qoralama qog‘ozlarga to‘lib ketar, farrosh ayol yozuvchining iltimosiga ko‘ra ularni tashqariga olib chiqib o‘choqda yoqib yuborar edi. Bir gal adibga: “Asarning qoralama nusxalarini saqlab qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi” deganimda, u kamtarlik qilib: “Bular saqlab qo‘yadigan darajada emas”, deya javob qildi.

Dam olish kuni edi. Pirimqul aka bu kuni ijodiy ishga dam berar ekan. Ertalab xonamga kirib: “Umarali, bugun bir miriqib dam olsak, oshxonaning ovqati me’daga tegib ketdi, oshpazlik qo‘lingizdan keladi, deb eshitdim, ikkalamiz o‘choqda osh damlasak. Abdulla aka aytmoqchi, “gumbaz” yasasak. U kishini ham oshga taklif etamiz. Oshpazga aytib masallig‘ini tayyorlatib qo‘ydim”, dedilar. Bajonidil rozi bo‘ldim. Nonushtadan keyin ishga kirishib ketdik. Osh kutilgandan ham yaxshi chiqdi. Shayx aka dasturxon ustida: “Yozuvchi bilan tanqidchining hamkorligi faqat adabiyotga emas, taomga ham fayz kiritar ekan”, deya hazil qildi. Oshdan oldin qittak sharob ham tortilgan edi. Oshdan keyin ariq bo‘yidagi chinorlar ostidagi dumaloq stol atrofida poyadan yasalgan kreslolarda yayrab-yozilib batareyali radiodan kuy tinglab o‘tiribmiz. Shu payt birdan o‘sha kezlari betakror ovozi bilan elga tanila boshlagan yosh xonanda Olmaxon Hayitovaning “Naylayin” ashulasi tarala boshladi. “Oshiq G‘arib” dostonidan olingan qo‘shiqning “Bir so‘z bilan oshno yorim begona bo‘ldi, naylayin”, “Muhabbat solgan imorat vayrona bo‘ldi, naylayin”, “Yor yo‘lida ko‘zda yoshim ravona bo‘ldi, naylayin!” misralari yangraganda, Pirimqul aka sel bo‘lib tebranib xayollar og‘ushiga cho‘mdi. Sezmay qolibmiz, birdan yonginamizda tanish ovoz eshitildi: “Olmaxonning nolishi sizlarni sehrlab qo‘yibdi-ku!”. “Yalt” etib ovoz chiqqan tomonga qaradik. Ro‘paramizda bir qo‘lida qip-qizil gilos to‘la vazani tutganicha Abdulla aka jilmayib turardi. Zarur tadbir tufayli oshxo‘rlikka kelolmagani uchun uzr so‘rab, so‘ng hazil-mutoyibaga o‘tdilar: “Pirimqulning oyog‘i yerga tegmay qolganidan, ziyofat zo‘r o‘tganga o‘xshaydi”. Kulishdik. Anchagacha gilosxo‘rlik qilib chaqchaqlashib o‘tirdik. Abdulla aka ketganidan keyin Pirimqul aka: “Bu odamning yo‘l-yo‘lakay aytgan har bir jumlasi, hattoki oddiy beg‘araz hazil-mutoyibalari ham tagdor, ma’nodor. Boyagi hazili, bir jihatdan, biz uchun siylov, ayni paytda, qittak sharobxo‘rlik qilganimizga, qolaversa, mening bo‘y-bastimga ishora... Shuning o‘ziyam bir maktab... So‘z aytishda, yozishda bu alomat zotdan ko‘p narsa o‘rganish mumkin”, dedi.

Oradan ikki kun o‘tib Pirimqul aka “Qora ko‘zlar”ning endigina qo‘ldan chiqqan nihoyatda chiroyli qilib ko‘chirilgan yangi bobini o‘qib ko‘rish uchun qo‘limga tutqizdi. O‘sha zahotiyoq o‘qib nihoyatda zavqlandim. Bu qizlar bazmi tasviriga bag‘ishlangan “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlaridagi ayni shu xil bazmlarni yodga tushiruvchi ajib bir surur, ayni paytda, fig‘on-alam bilan yo‘g‘rilgan, personajlar qismati, ruhiyatini nihoyatda tiniq, ta’sirchan bir tarzda ochib beruvchi benazir badiiy lavhalar edi. Ikki kun oldin radiodan tinglaganimiz “Naylayin” ashulasi misralari endi roman qahramoni Jannatxon ovozida o‘zgacha bir tarzda chuqur dard-alam bilan yangrardi: “Jannatxonning benihoya sof va jarangli tovushi bor edi. Rubobdan chiqayotgan ohanglar qanchalik go‘zal bo‘lmasin, Jannatxon ashula boshlagach, ular ham ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Cho‘lponoyning tovushi uning ovoziga birpas ergashib bordi-da, o‘zining ojizligidan uyalganday yo‘lda qolib ketdi”.

Qahhorona boshlangan siqiq ifodalar Qodiriyga xos jo‘shqin va latif musiqiy ohang bilan yo‘g‘rilgani holda “Naylayin” taronasi nag‘malari xuddi mohir rassomdek jonli chizib ko‘rsatiladi: “Jannatxon ovozini qo‘yib bergisi kelmas edi. Ammo yuragidan quyulib kelayotgan dardli va jozibali hislar qafasdan uchib chiqqan qushlarday endi unga bo‘ysunmas edi. Uning tobora balandlashib borayotgan tovushi uychaga sig‘may qoldi. Ochiq derazadan tashqariga uchib chiqdi-da, oydin kechada sukutga cho‘mib yotgan qishloq bo‘ylab taralib ketdi”. Nihoyat, kuyning so‘nggi nidosi bilan Jannatxon ko‘nglidagi hamma dardlarini to‘kib solganday bo‘ladi. Shu tariqa, qahramoniga qo‘shilib yozuvchining o‘zi ham kuy jo‘rligida ich-ichini o‘rtayotgan qalb tug‘yonlarini to‘kib oladi.

Keyinchalik tanqidchilikda ayni shu bob yuksak baholandi, jumladan, ustoz Ozod Sharafiddinov “Qora ko‘zlar”ga bag‘ishlangan “Ulg‘ayish” sarlavhali salmoqdor maqolasida “Yozuvchi 30-bobda qizlar bazmini tasvirlar ekan, Jannatxonning rubob chalishi va qo‘shig‘i orqali uning qalbida tug‘yon urayotgan dardlarni ham nozik ifodalaydi”, deb yozgan edi. Kamina ham ayni o‘sha bobdagi kuy tarovati, tasvir latofatini baholi qudrat tahlil etishga uringanman. Men romandagi ayni shu bobning yaratilish jarayoniga guvoh va uning ilk o‘quvchisi bo‘lganim uchun faxrlanaman.

Ijod jarayoni, uning hayotiy zamini, ruhiy holatlari qiziq, sirli-sehrli. Ehtimol, o‘sha kungi maroqli davra, radiodan yangragan alomat qo‘shiq, xonandaning beqiyos ovozidagi dardli nolalar romandagi eng dramatik lavhalardan biri ifodasi va yechimi uchun bir turtki, turmushning o‘zi in’om etgan badiiy topilma bo‘lib xizmat etgan bo‘lsa ajab emas.          

Ehtimol...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.