Adabiy jarayonning o‘ziga xos qiziq va g‘alati jihatlari ko‘p. Uning ayrimlari ko‘zga yaqqol tashlanib tursa, ayrimlarini har kim ham payqayvermaydi. Payqaganlarning esa hammalari ham ularning qadriga yetavermaydilar, e’tiborga loyiq ko‘rmaydilar.
O‘tgan asrning 70-yillari, ayniqsa, 80-yillarning boshlarida adabiyotshunos Mahkam Mahmudov, Mahmud Sa’diy, Murod Xidir adabiy jamoatchilikning ko‘zga ko‘ringan yetakchi vakillari sifatida alohida e’tibor markazida bo‘lishgan.
Biron yangi asar e’lon qilinsa, tabiiy, unga matbuotda munosabat bildirilar edi. Biroq, tugal xulosa chiqarishdan burun Mahkam aka, Mahmud aka, Murod aka nima der ekan degan savol ko‘ndalang turar edi. Chunki uch ustozning qarashlari har qanday nomdor mutaxassisning fikridan o‘zgacha bo‘lishi aniq edi. Endi-endi bir-ikki hikoya qoralashga jazm etgan bizga tengqur boshlovchi qalamkashlar ko‘proq kutilmagan o‘lchovlar, tesha tegmagan adabiy mezonlar ta’sirida yurar edik. Muhimi, rad etish, inkor etish, jilla qursa, o‘zgacharoq nuqtai nazardan mulohaza bildirish ko‘r-ko‘rona bo‘lmas, balki misollar, qiyoslar bilan asoslanar, tahlillar nafaqat muayyan yangi asarga, balki umuman badiiy adabiyotga o‘zgacha munosabatni paydo qilar, o‘zgacharoq nuqtai nazarlarni shakllantirar edi.
Har qanday milliy adabiyot an’anaviy va zamonaviy uslublar qorishig‘ida yashaydi, bu boradagi eng ilg‘or yangiliklarda ham muayyan taqlidiy urinishlar bo‘lishi, taqlid asta-sekin chinakam badiiy mahoratga aylana borishi juda tabiiy jarayon hisoblanadi. Mana shunday holatlarda ayniqsa, Mahmud aka adabiyotimizda paydo bo‘lgan yangi hikoya, qissa yoki romanning genezisi, ya’ni vujudga kelish ibtidosini darhol anglab yetar, asarning jahon adabiyotidagi qaysi mashhur asar ta’sirida yaratilganini, ular orasidagi farqni yutuq va nuqsonlari bilan tahlil qilib berar edi. O‘zbek badiiy tafakkurida 80-yillarning ikkinchi yarmi va 90-yillarning boshlarida kuzatilgan rang-baranglik, izlanishlar doirasining kengayishi rus adabiyotidan tortib, Boltiqbo‘yi, Kavkaz xalqlari adabiyotlari, qolaversa, Yevropa, Amerika, Yaponiya, ayniqsa, Lotin Amerikasi xalqlari adabiyotining eng ilg‘or yutuqlarining ijodiy ta’sirini o‘zida qamrab olishga urinish samarasi, mahsuli edi. Mahmud akaning qaysi bir yosh Yozuvchi yoki shoirga Shukshin yoki Mayakovskiy, Neruda yoki Dumbadze, Kortasar yoki Kuper deb murojaat qilishida ijodkor insonni qanchalik ardoqlash, avaylash ohangi bo‘lsa, mutoyiba tariqasida nisbat berilgan bunday “taxallus”lar zamirida shunchalik asos va jon ham yo‘q emas edi. Shu bilan bir vaqtda Mahmud aka jahon adabiyotida kuzatilayotgan ilg‘or printsiplardan, novatorlik urinishlaridan, ularning mahsuli o‘laroq yaratilayotgan favqulodda asarlardan qanchalik ilhomlanmasin, hayratlarga tushmasin, o‘zimizning adabiyotimizga mansub asarlar mohiyatida, mazmuni, shakl-shamoyili va hatto detallari milliy bo‘lishi shart degan mezonni sira unutmas, gap shunday mavzularga kelib taqalganida qat’iy qarashlaridan, talablaridan aslo qaytmas, hech kim bilan murosa qilmas edi.
Badiiy tafakkurdagi milliylikni, milliy g‘ururni saqlash va ulug‘lashga bo‘lgan tashnalik Mahmud Sa’diydek tajribali munaqqid va muharrirning hayotiy maslagini, ijodiy hayotining o‘zagini tashkil etadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mahmud Sa’diyning o‘ziga xos muharrirlik maktabi alohida va maxsus tahlilga, tadqiq etishga va o‘rganishga loyiq. Hozirgi axborot asri jarayonlari an’anaviy ommaviy axborot vositalari tushunchasiga, matbuot va tahririyat tushunchasiga o‘zgartirishlar kiritib yubordi. Axborot texnologiyalari misli ko‘rilmagan darajada o‘zgardi. Ma’lumot to‘plash, uni matbuotda e’lon qilishga yaroqli “tayyor ashyo”ga, ya’ni materialga aylantirish ayrimlarning nazarida jo‘n bir yumushga aylanib qolgandek tuyulmoqda. Vaholanki, dolzarb va muhim mavzu tanlashdan tortib, uni haqiqiy muallifiga yozdirish, maqolani tahrir qilib, deylik gazeta sahifasiga joylashtirishgacha bo‘lgan oraliqda ozmuncha jarayon kechadimi?!
Mahmud Sa’diy bu ishlarning hadisini mukammal o‘zlashtirgan ustoz mutaxassislardan hisoblanadi. Asqad Muxtor rahbarlik qilgan yillarda “Guliston”jurnalining hech bir sahifasi o‘quvchilar e’tiboridan chetda qolmas, buning asosiy sabablaridan biri tahririyatda o‘sha davrning yetuk adiblari, shoirlari, publitsistlari va, albatta, muharrirlari (Mahmud Sa’diy bo‘limga muharrirlik qilgan) to‘planishganida edi.
“Tahrir” degan so‘zga bepisandlik bilan, hatto g‘ashi kelib qarash kayfiyatlari yo‘q emas. Qo‘yib bersangiz, tahrirdan so‘z ochilsa, tsenzura deb ayuhannos soladiganlar ham uchraydi. Aslida savodli, mahoratli va ziyoli tahrirning qimmati hech qachon, hech qanday zamonda qadrini yo‘qotmagan, yo‘qotmaydi ham! Tahrir muallifning fikrini qaychilash emas, tahrir – muallif aytmoqchi bo‘lgan, lekin o‘xshatib ifodalay olmagan fikrlariga yo‘l ochish demakdir. So‘zga, jumlaga sayqal berish, so‘z sehri va jozibasini his qilish, mulohazalarni izchil ravishda bayon etish, ortiqcha va o‘quvchi e’tiborini muhimdan chalg‘itadigan nomuhimlardan voz kechish deganidir. Raqamlarni, ism-shariflarni, istilohlarni to‘g‘ri, xatosiz yozish demakdir! Qariyb ellik yildan buyog‘iga respublika matbuotida hormay-tolmay javlon urib kelayotgan Mahmud aka qaysi muallifning, qaysi mutaxassisning qaysi mavzuda va qay darajada maqola yoki suhbat tayyorlab berishi mumkinligini, ularning salohiyati va imkoniyatini besh qo‘lday biladi. Shunga ko‘ra, ularni dolzarb mavzularda va zarur yo‘nalishlarda maqola yozishga undaydi, ulardan maslahatini, yordamini ayamaydi.
Mahmud Sa’diy muharrirlik maktabining ana shu fazilatlari sanab o‘tilar ekan, ustozning qalamga sadoqati, tahrirdagi halolligi matbuotga, matbuot so‘ziga, matbuot sahifalarida nomlari ko‘rinadigan juda ko‘plab mualliflarga sadoqati va halolligiga aylanganini alohida ta’kidlash joiz. Muhtaram Yurtboshimiz imzosi bilan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga munosib ko‘rilgani uzoq yillik halol va fidokorona mehnatlarining ulkan e’tirofidir.
Bunday ko‘nikmaga hech bir jurnalist yoki muxbir to‘satdan erishib qololmaydi. Buning uchun yillar kerak bo‘ladi, tajriba to‘plash, malaka orttirish, eng muhimi, muharrirlik kasbiga ixlos va mehr-muhabbat qo‘yish zarur bo‘ladi.
Mana shunday muharrirlik maktabini qadrlagan ko‘plab yoshlar hozir ham Mahmud Sa’diydan saboq olmoqdalar. Yoshlarning baxtiga ustoz nihoyatda kamtar, bag‘ri keng, bilganlarini boshqalar bilan baham ko‘rishga hamisha shay bo‘lgan daryodil inson.
Jamoatchilik orasida Mahmud Sa’diyning nihoyatda boy kutubxonasi borligi alohida e’tirof etiladi. Bunday ta’rifga men u kishining shogirdlarga boyligini, jurnalistlik yo‘lini tanlagan ajoyib farzandlarning otasi ekanini, milliy adabiyotimiz va jurnalistikamizning bugungi kuni uchun ham g‘oyatda qimmatli va qadrli ziyoli inson ekanini qo‘shimcha qilgan bo‘lur edim.
... Qo‘lida qalami bo‘lgan kattayu kichikka ro‘para kelgan ustozning: “Mahoratingiz oshayaptimi?” deya savol qotish odatlari bor. Ana shu bir og‘iz lutf zamiridagi ijodga da’vat ohangi ham ko‘ngilga bir munavvarlik, yorug‘lik olib kiradi. Zero, ijodga da’vat etish qiyosi yo‘q savob amallardan sanaladi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).