OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yo‘ldosh Solijon: “El netib topgay menikim...” (2010)

O‘zim haqimda gapirishdan oldin ota-onam to‘g‘risida to‘xtalmay o‘tolmayman. Chunki tabiatimda mavjud neki fazilat va qusur bo‘lsa, barchasi avvalo, ulardan o‘tgan. Buning uchun ota-onamdan minnatdorman va Ollohdan doim ruhlari shod bo‘lishini so‘rayman. Shunday qilib...

OTAM VA ONAM

Otam Solijon Usmonxo‘ja o‘g‘li bilan onam Zaynabposhsha Tojixo‘ja qizi qariyb 60 yil ahil, inoq hayot kechirdilar. Ular 12 nafar farzand ko‘rishgan, shundan atigi to‘rt kishi omon qolganmiz: opam, men va ikki singlim. Olti o‘g‘ilning barchasi nobud bo‘lganligidan ko‘ngli o‘ksigan dadam men tug‘ilganimda Ollohga iltijo qilib, “shu o‘g‘lim menga yo‘ldosh bo‘lib yursin” deb tilagan va ismimni Yo‘ldoshxo‘ja deb atagan ekanlar.
Dadamni Buloqboshi deb atalgan qishlog‘imizda tanimagan odam yo‘q edi. U kishiga hamma hurmat bilan “Mulla Solijon” deb murojaat qilishardi. Dadam chinakamiga mulla odam bo‘lib, din ilmini ham, zamonaviy yozuv va hisob-kitobni ham puxta o‘zlashtirgan ziyoli odam edilar. Otasi Usmonxo‘ja kattamizning to‘rt gektarlik xususiy yeri bo‘lib, dehqonchilik bilan shug‘ullangan ekan. Dadam ham mirishkor dehqon edilar. Biroq inqilobdan keyin yerlari davlat hisobiga o‘tgan, o‘zi kichkina tomorqamizda ishlab, qovun, bulg‘or qalampiri va boshqa ro‘zg‘orbop mahsulotlar yetishtirardilar, ortiqchasini bozorga olib chiqardilar. Jamoa xo‘jaliklari yangi tuzilgan paytdan boshlab o‘ttiz yildan ziyod hisobchi bo‘lib ishladilar. Nihoyatda halol odam bo‘lganligidan sha’niga gard, nomiga dog‘ yuqtirmay nafaqaga chiqdilar.
Bu halollik menimcha, u kishiga dinimiz ahkom¬lariga qattiq rioya qilishidan, “Qur’oni Karim”ni bir necha marta xatm qilganligidan bo‘lsa kerak. Har qanday sharoitda ham besh vaqt namozini kanda qilmay o‘qiganini ko‘p kuzatganman. Oyatlarni tilovat qilganlarida qulog‘im ostida xuddi mahoratli hofiz qo‘shiq aytayotgandek huzur qilardim. Uyimizga ko‘pchilik kelib, dadamdan eskichadan saboq olganlarini ko‘rganman. Albatta bu kelishlar yashirincha bo‘lardi.
Ayni chog‘da dadam qattiqqo‘l va jahldor odam edilar. Yakka o‘g‘il deb meni ayab o‘tirmasdilar. Ertalab ishga ketayotib ba’zi ishlarni bajarib qo‘yishimni tayinlar, kelgandan keyin tekshirib ko‘rardilar. Mabodo bajarmasam, suvga solib qo‘yilgan behining xipchinini olib quvalab qolardilar (keyin bilsam bu xipchinlar meni savalash uchun emas, balki tol novdalari bilan birga turli shaklda savat to‘qish niyatida ivitib qo‘yilar ekan. Dadamning qo‘lidan savat to‘qish ham kelardi!). Shunda buvim meni keng etaklari ichiga “yashirar”, dadam esa xuddi ko‘rmagandek “qani, qayoqqa qochdi? Hozir ushlab olsammi, keti yorilguncha savalardim-da!” deganicha go‘yo meni izlab ko‘chagami, chorbog‘gami chiqib ketardilar. Biz buvim bilan dadam kelgunicha buyurilgan ishni apil-tapil bajarib qo‘yardik. Garchi quruq po‘pisa bo‘lsa ham dadamning bu talabchanligi menda boshlagan ishimni oxiriga yetkazmaguncha tinchimaslik fazilatini shakllantirdi.
Dadam uchta inqilob (1905, 1917 yil fevral va oktyabr), ikkita jahon urushini, ikki bora ochlikni ko‘rgan va ulardan tegishli xulosalar chiqargan odam edilar. Ammo biron joyda siyosat haqida gapirganini eshitmaganman. Shunga qaramay, ich-ichidan hukumat rahbarlaridan kimning qandayligini bilib yurar ekanlar. Buni quyidagi voqeadan bilib olganman: 1953 yilning mart oyi boshlari. Biz – sovet o‘quvchilarining “sevimli dohiysi” Stalin vafot etgan qayg‘uli kunlarimiz. Men Stalinning qaysidir jurnalda chiqqan generalissimus libosidagi suratini qo‘ldan qo‘ymay, yig‘lab yuraman; mol-holni boqish yo‘q, aytilgan ishlarni qilish yo‘q, tomorqaga qarash yo‘q... Bir kuni dadam ishdan kelganida ham so‘rida rasmga tikilib xo‘rsinib o‘tirgandim. “Ha, otasi o‘lgan yetimchadek mishiqingni oqizib o‘tiribsanmi? O‘lsa-o‘libdi-da bitta ablah! Osmon uzilib yerga tusharmidi?” dedilar va qo‘limdan suratni yulqib olib, yonib turgan o‘choqqa tashladilar. Men “dada!”deb baqirdim-da, yarmi kuygan rasmni qo‘limga olib ho‘ngrab yig‘lab yubordim va “Nima qilib qo‘ydingiz? Endi sizni otib tashlashadi” dedim. Dadam pinagini ham buzmadi, “E, kami bo‘lsa otsa otaversin. Qanchadan qancha odamlarning boshiga yetdi bu yaramas. O‘lgani yaxshi bo‘ldi!” dedilar. Dadamning haqligini, nafrati sababini uch-to‘rt yildan keyin tushundim va mehrim yanada ortdi.
Onam nihoyatda yumshoq tabiatli ayol edilar. So‘zlaganda xalq maqollarini mo‘l-ko‘l ishlatar, gazeta-jurnallarni ko‘p mutolaa qilardilar (ularni dadam olib kelardi). Buvim menga ko‘p qo‘shiqlar aytib berardilar. Kap-katta bola bo‘lib qolganimda ham quchog‘iga olib, yelkamga ohista urgancha alla aytar, xush yoqqanidan uxlab qolardim. Shukrki, ota-onam yoshlarini yashab olamdan o‘tdilar. Men ularning hayotligi chog‘ida nechog‘lik xizmat qildimmi, qilolmadimmi, bilguvchi Ollohdir. Hozir ham ularning qabrini tez-tez ziyorat qilib, bo‘lajak ishlarimga madad berishlarini so‘rab turaman. Ehtimol, ishim yurishayotganligi, o‘ylagan niyatlarim o‘z vaqtida amalga oshayotganligi ularning roziligi va ruhining qo‘llab-quvvatlab turganligidandir?!            

KITOB – DOIMIY HAMROHIM

Dadam bizni ham kitob va ilmga oshno qilib tarbiyaladi. Uzun qish kechalari u kishi sandal atrofiga yig‘ilgan oila azolariga shirali ovozda goh Ibrohim Adham qissasi, goh Go‘ro‘g‘li haqidagi va boshqa turli xalq dostonlarini o‘qib berardilar. Men ularni yodimda olib qolib, ertasiga o‘rtoqlarimga aytib berardim. O‘zi o‘qimishli odam bo‘lgani uchunmi yoki yakka-yu yagona o‘g‘lining ham o‘qimishli, bilimdon odam bo‘lib yetishishini istaganidanmi, har qalay, kitob o‘qib berishlaridan tashqari menga kolxoz kutubxonasidan ko‘p kitoblar ham opkelib berardilar. Esimda, 6-sinfdaligimda qalin qora muqovali kattakon kitob olib keldilar. Bu Sadriddin Ayniyning 1952 yilda nashr qilingan “Qullar” romani edi. Kitobni harislik bilan juda tez o‘qib chiqdim. Shu qadar tasirlandimki, muqovadagi eti suyagiga yopishib ketgan odam ko‘z oldimdan ketmay qoldi. Birinchi o‘qishimdayoq, hayoti nihoyatda og‘ir kechgan qul Nekqadam-Rahimdodning hayot sha’mi so‘nayotgan chog‘ida ham umid bilan aytgan mana bu qo‘shig‘i xotiramga abadiy mixlanib qoldi:

Dodlama, dodlama, dod sasi galdi,
Qarshining cho‘lidan yor sasi galdi.
O‘lkadan o‘lkaga yel kabi uchsam,
Kunlarning birida yor yuzin ko‘rsam.

Shunday qilib, mening tarbiyamda kitobning roli katta bo‘ldi. Dadam o‘qib, opkelib bergan kitoblar qatoriga maktab darsliklari, yangi badiiy asarlar qo‘shildi. Adabiyotning sehrli olami meni ko‘proq torta boshladi. Maktab kutubxonasi kambag‘al edi, kolxoz kutubxonasini titkiladim. Dadam tufayli bu yerdagi kitoblarning ko‘pini ham o‘qigan ekanman. Keyin tuman kutubxonasiga qatnay boshladim. Ki¬¬¬t¬oblarning qahramonlari mening hayotimga faol kirib kela boshladilar, yashash tarzimga ta’sir etdilar. Men “Uch og‘ayni botirlar”dek har qanday vaziyatda ham aql-farosat bilan ish ko‘rishni, “So‘na” singari maqsadidan qaytmaydigan irodali bo‘lishni, Farhodga o‘xshab ko‘proq bilim olishni va ota-onani qattiq hurmat qilishni, Robinzon Kruzo kabi qiyinchiliklarni yengishni va odamlarga yordam berishni o‘rgandim. Tabiiyki, biz tengi avlodning shakllanishiga “Ona”, “Yosh gvardiya”, “Po‘lat qanday toblandi”, “Boy ila xizmatchi”, “Qutlug‘ qon” asarlarining qahramonlari ham jiddiy tasir ko‘rsatgandi.
Aslida kitobning yomoni bo‘lmaydi. Chunki har qanday asar ham ijodkor tomonidan yaxshi niyatni ko‘zlab, odamlarni ezgulikka davat etish uchun yoziladi. Faqat uni mutolaa qilgan o‘quvchining qabul qilish, tushunish iqtidori muhimdir. Xalqimizda “Odobni odobsizdan o‘rgandim” degan hikmatli ibora bor. Asardagi qahramonlarning axloqsizligi, illatlaridan nafratlanib, ularni inkor etishning o‘zi insonni ezgulikka yetaklaydi. Buning uchun kitobxonda fikrlash qobiliyati kuchli bo‘lishi lozim. Talabalarga “Adabiy tanqid tarixi” fanidan dars berganimda tanqidchilik kasbining xususiyatlari haqida to‘xtalar ekanman, o‘rtaga shunday savol tashlayman: “Kitobxonlar uch xil toifaga bo‘linadi: 1. Yuqori saviyali; 2. O‘rta saviyali; 3. Past saviyali. Xo‘sh, biz – o‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha mutaxassis bo‘lib chiqadiganlar, ya’ni bo‘lajak munaqqidlar qaysi toifaga mansubmiz?” Mening talabchanligimni bilgan talabalar “o‘rta” yoki “past” deb javob beradilar. Men esa “Yo‘q, topolmadilaring. Biz mutaxassis sifatida asarni tanlamay o‘qishga majburmiz. Shuning uchun biz peshonasi sho‘r kitobxonlar sirasiga kiramiz” deyman. Sababi – o‘quvchimiz yoki biron tanishimiz “Domla, siz adabiyotchisiz. Men falon kitobni o‘qib, mana bu joyini tushunmadim. Yozuvchi nima demoqchi?” deb so‘rab qolsa-yu, javob berolmasak, bundan xijolatlisi bo‘lmaydi.
Ha, kitob o‘qishning o‘ziga yarasha mas’uliyati va albatta, majburiyati ham bor. Buni biz, mutaxassislar, ayniqsa, yaxshi bilishimiz shart.

EZGU NIYAT YO‘LIDA

Dastlabki yillarda men goh uchuvchi, goh shifokor, goh harbiy xizmatchi bo‘lishni orzu qilardim. 8-sinfdan boshlab adabiyot o‘qituvchisi bo‘lishga qatiy qaror qildim. Bunga quyidagi etibor sabab bo‘ldi. Adabiyot o‘qituvchimiz Umarjon aka Ahmadjonov (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) mening darslikdagi mavzularni oldindan o‘zlashtirib kelishimni payqab qolib, darsga kirishi bilan yangi mavzuni e’lon qilardi-da, doskaga chiqarib, “qani, Yo‘ldoshali, javra (biz tomonda gapiraver degani)!” der edilar. Albatta, sinfdoshlarim oldida o‘zimni bilimdon ko‘rsatish uchun iloji boricha ko‘proq “javrardim”. Ustozimiz maqtab-maqtab “5” baho qo‘yar, boshqalarni ham mendek bo‘lishga undardi. Qariyb ikki yil shu zaylda o‘tdi, men tuppa-tuzuk dars beradigan “o‘qituvchi” bo‘lib qoldim.
O‘ninchi sinfni bitirgandan keyingi uch yillik mehnat faoliyatim mening hayotimda alohida bosqich hisoblanadi. Qarib, ishdan bo‘shab olgan ota¬m¬¬¬ning ra’¬yidan o‘tolmay o‘qishga bormadim. Dastlab qurilish brigadasida, keyin aloqa bo‘limida ishladim. Pochtalonlik kasbi mening ham matbuotga, ham adabiyotga bo‘lgan mehrimni yanada oshirdi. Mamlakatda chiqadigan barcha gazeta-jurnallar qo‘limdan o‘tar, ularni o‘qimay turib tarqatmasdim. O‘zim ham qiziqib, gazetalarga turli maqolalar yoza boshladim. Fikrim charxlandi, yozish malakasini egalladim. Tez orada buning foydasi tegdi. Biroq bir tasodifiy hodisa ro‘y bermaganida men bu foydaning natijasini ko‘rmay o‘tardim.
Bilasiz, pochtalon qishloq kezadi, uyma-uy yuradi. Hamma tanish, hamma narsa ko‘z o‘ngingda. Kimning qanday tashvishi bor – bilasan, qaerda nima bo‘lyapti – ko‘rasan. Men ham pochtalon sifatida kuniga uchta qishloqni aylanib chiqaman, hatto dalalarga borib odamlarga gazeta-jurnallar, xatlar tarqataman. Albatta, yurishim bekor ketmaydi, qanday yaxshi yoki yomon narsalarni ko‘rsam, darhol gazetaga yozaman. Bir kuni Pastkibuloqboshi qishlog‘idagi bir yerda g‘o‘zalarni yovvoyi o‘t bosib ketganini ko‘rib qoldim va tumanning “Paxta uchun” deb atalgan gazetasida “Bu yerlarda g‘o‘za o‘stirmoqchi edilar-ku” sarlavhali tanqidiy maqola chiqardim. Brigadir ayol kishi bo‘lib, raisga ustimdan shikoyat qilibdi. Bir kuni rais Imomnazar aka qishloq guzarida meni ushlab oldi-da, “Shu maqolangga qancha pul beradi? Ayt, mana men beraman!” dedi. “Menga pul kerakmas (chunki gazetalardan juda ko‘p gonorar olardim-da! Raisning sadaqasiga zormanmi?). Undan ko‘ra yeriga ishlov bersin. Bo‘lmasa, yana kattaroq gazetaga yozaman” deb shakkoklik qildim (axir, komsomol edim-da!). Ertasiga bosh hisobchi meni chaqirib, “Uka, kolxozda pochtalonlik shtati qisqardi. Siz bo‘shsiz” deb pattamni qo‘limga tutqazdi. Endi o‘qimasam bo‘lmasligiga aqlim yetdi.
1960 yili ota roziligini olib, Farg‘ona davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga hujjat topshirdim. Birinchi imtihon o‘zbek adabiyoti fanidan yozma-insho ekan. Omadim yurishganini qarangki, insho mavzularidan biri “Oybekning “Qutlug‘ qon” romanidagi Yo‘lchi va Gulnor obrazlariga xarakteristika” deb atalardi. Ko‘zlarim yonib ketdi – axir, bu kitobni yodlavorganman-ku! Ozmas-ko‘pmas 14 bet yozibman. Oradan uch kun o‘tib, meni Hasanxon Rustamov degan domla yo‘qlab topdi (keyin bilsam u kishi fakultet dekani ekan). Yoniga kirsam, qo‘limni oldi-da, “E, sizmisiz, tabriklayman, uka! Xatingiz chiroyli, xatosiz yozar ekansiz. Jumlalar to‘g‘ri va puxta. Bizga shunday savodli yoshlar kerak. A’lo qo‘ydik, a’lo! Qolgan imtihonlarga ham astoydil bo‘ling. Muvaffaqiyat tilayman” dedilar. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilib chiqdim. O‘qishga kirganimdan keyin to bitirib ketgunimga qadar dekanatning shtatsiz xodimi bo‘lib qoldim. O‘qishdan keyingi paytlarda bu yerdagi mashinkani chiqillatib o‘tirib, yozishni o‘rganib oldim. Oradan ko‘p o‘tmay o‘zbekcha matnlarni bosish uchun meni ma’muriyatga ishga olishdi. Ham o‘qish, ham ish og‘irlik qilardi. Shunda…
...yana adabiyot madadkor bo‘ldi. Bilasiz, adabiyot hayotga nekbin ko‘z bilan qarashni, umid bilan yashashni (Uyg‘unning “Hayot qo‘shig‘i” dramasi qahramoni Nurmat otaning yoshlarga qarata aytgan “Umid yaxshi narsa, qoqilsang – suyaydi, yiqilsang – ko‘taradi” degan gapi qulog‘im ostida doim jaranglab turardi), irodali bo‘lishni o‘rgatadi. O‘sha paytda institutdagi fan kabinetlari, kutubxonaning yozgi va qishki o‘quv zallari kech soat 11 gacha ishlardi. Men bu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qildim. Kerakli kitoblarni olib qolib, xodimlar ketgandan keyin ham charog‘on bo‘lib turgan yozgi o‘quv zalida tong otguncha dars tayyorlardim. Bora-bora o‘qigan kitoblarimni auditoriyada o‘rgangan nazariy bilimlarim asosida tahlil etish istagi paydo bo‘ldi. Esimda, birinchi ilmiy maqolam 3-kursda o‘qib yurgan paytimda bosilgan edi. O‘sha yillari o‘zbek tiliga yangi tarjima qilinib, yoshlar o‘rtasida mashhur bo‘lib ketgan “So‘na” romanining muallifi E.Voynich yuz yoshga to‘lgandi. Maqolani tayyorladim-da, tavakkal qilib o‘zim sevib o‘qiydigan “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va sanati”) gazetasiga yubordim.
Qarangki, ozgina muddat o‘tib, maqolam chiqib turibdi-da! Xursandligimni qo‘yaverasiz! Keyin yozishmi?! Albatta, hamma yozganlarim ham bosilavermasdi. Ammo yozishdan, fikrlashdan to‘xtamadim. Bu menga faqat foyda berdi. Ayni chog‘da qanday daraja va mavqega ega bo‘lsam, buni o‘quvchilik va talabalik yillarimda shakllangan tirishqoqligim samarasi deb bilaman.
Oliy o‘quv yurtida bizga o‘z kasbini qadrlaydigan, fanlarni puxta bilgan professor-o‘qituvchilar dars berishdi. Bulardan ayniqsa, mumtoz adabiyot bilimdoni Akramjon Ibrohimov, jahon adabiyotini chuqur o‘rgangan va o‘zbek adabiyotiga qiyoslab tahlil qiladigan Azimjon Rahimov, savodxon va ilmga intiluvchi yoshlarni nihoyatda qadrlovchi ustoz Hasanxon Rustamovlar menda o‘lmas taassurot qoldirgan. Akramjon Ibrohimov she’riyat shaydosi edi. 1960 yilning 2 sentyabri o‘la-o‘lgunimcha esimdan chiqmasa kerak. Biz – birinchi kurs talabalari o‘zbek mumtoz adabiyoti fanidan A.Ibrohimov domlaning ilk maruzasini tinglayapmiz. Ovozi nihoyatda yoqimli ustoz o‘sha kuni hech narsaga qaramay shu qadar ko‘p g‘azal, ruboiy, qita, fardlar o‘qidiki, tasirlanganimdan barchasi xuddi magnit tasmasiga yozilgandek xotiramga o‘rnashib qolgan (maqtanyapti demang-u, hozir ham o‘sha she’rlarning ko‘pini yodaki o‘qib bera olaman). Domla o‘sha nozik zamonda ham Alisher Navoiyning “Ashraqat min aksi shamsil-ka’si anvoril-xudo, Yor aksin mayda ko‘r, deb jomdin chiqti sado” misralari bilan boshlangan g‘azalini boshdan oxirigacha yoddan o‘qib, tahlil qilib bergandilar. Shuningdek, u kishi Ahmad Yassaviy, Bobur kabi ta’qiqlangan shoirlar ijodi haqida gapirishdan ham qo‘rqmasdilar.
Men bu bilimdon va g‘amxo‘r ustozning nazariga tushganimdan, u kishining taklifi bilan kafedraga ishga olinib, ilm yo‘liga kirganimdan minnatdorman. Ustozning ishonchini oqlash men uchun sharaf edi. Shuning uchun o‘z oldimga shunday vazifa qo‘ydim: “Hozir 27 yoshga kirding. Bu yerda ishlashdan maqsad ilmiy ish qilish bo‘lsa, 35 yoshgacha kandidatlik dissertatsiyasini yoqlasang yoqlading, bo‘lmasa, institutdan ketasan!” Ishdan ajralmagan holda dissertatsiya ustida ish boshladim. Shukrki, bu yerdagi yaxshi odamlarning qo‘llab-quvvatlashi, ilmiy rahbarim professor Salohiddin Mamajonovning qattiqqo‘lligi va talabchanligi evaziga 32 yoshimda fan nomzodi bo‘ldim. Shunday ustozlarning qo‘liga tushganimdan faxrlanaman. Chunki avvalo, o‘zining quntsizligi, qolaversa, rahbarining beparvoligi tufayli mendan oldin ish boshlaganlarni ortda qoldirib ketdim. Bu gaplarimni jurnalxon do‘stim maqtanchoqlik deb qabul qilmasligini o‘tinib so‘rayman. Tabiatimda shakllangan bu qat’iylik, intizomlilik, aytgan gapining uddasidan chiqish fazilatlari adabiyot tasirida shakllanganligini isbotlamoqchiman xolos.

HAYOTIY A’MOLLARIM

Egilganga egilaman – boshim yerga tekkuncha. Kekkayganga kekkayaman – boshim ko‘kka yetguncha.
Va’da berdimmi, albatta, bajaraman. Qo‘lim¬dan kelmasa, ming bora xafa bo‘lsalar ham va’da bermayman.
Biron ishni boshlashdan oldin tugatish muddatini belgilab olaman. Aytilgan muddatda bajarmaguncha tinchimayman.
Qat’iy rejim hamda reja asosida ishlayman va yashayman. Har kuni ertalab soat 5 dan 6 gacha badantarbiya bilan shug‘ullanaman. Soat 6 dan 7 gacha ilmiy-tadqiqot bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarimni qilaman yoki kitob o‘qiyman. Mabodo biron sabab bilan ertalab ishlay olmasam, o‘sha kuni boy berilgan vaqtni to‘ldirmaguncha ko‘nglim o‘rniga tushmaydi.
Faoliyatimda hazrat Alisher Navoiyning “El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam” degan hikmatli shioriga amal qilaman. Zero, inson o‘zini tanimaguncha, qadriga yetmaguncha o‘zgani tan olmaydi va qadrlamaydi.
Kattami-kichikmi, yaxshimi-yomonmi (aslida-ku, us¬tozning yomoni bo‘lmaydi-ya) barcha ustozlarimni hurmat qil¬dim, qadriga yetdim. Ularni tez-tez yo‘qlab turdim. Institutda menga saboq bergan va ishga olib qolgan domlam Akramjon Ibrohimovga “Nutq va uslub” deb nomlangan monografiyamni bag‘ishladim. Ilmiy-tadqiqot ishlarimga rahbarlik qilgan ustozim akademik Salohiddin Mamajonov haqida “Olimning olami” deb atalgan kitob chiqardim. I.Sulton, M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, S.Ahmad kabi ustozlarni tez-tez borib ko‘rib, duosini olib turdim. Hozir ulkan adabiyotshunoslar Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurovlarni ziyorat qilib turaman. Bu ulug‘ ustozlar bilan o‘tkazgan damlarim umrimning eng baxtli va lazzatli onlaridir.
Kishining kamchiligi bo‘lsa yoki davrada no¬to‘g‘ri gap aytsa, darhol yuziga aytaman. Bu odatim ko‘pchilikka ma’qul tushmaydi va arazlab yurishadi. Ammo men parvo qilmayman, printsipimdan chekinmayman.
Hozirgi paytda to‘rt kishilik jamoaga rah¬barlik qilish ham oson emas. Chunki dunyo o‘zgardi, tafakkur o‘zgardi. Shuni hisobga olib men kafedra mudiri sifatida avvalo, o‘zim barcha sohada o‘rnak ko‘rsatishga, samarali ishlashga intilaman. Buni rahbarning gapi o‘tishi uchun katta omil deb bilaman.
Menga ixlos bilan yukinib kelgan yoshlarni hech qaytarmay bag‘rimga olaman. Ularni g‘oyat qattiqqo‘llik va intizom bilan tarbiyalayman. Tinim bilmay ishlashga majbur qilaman. Ko‘p o‘qitaman, yozganlarini qayta-qayta ishlashga o‘rgataman. Topshiriqni vaqtida bajarmaganlarni qattiq koyiyman. Bunga chidamagan ayrim noshukrlar ustimdan ig‘vo qilib yurishadi. Chidayman. Nailoj, boshidan o‘tgan tabib kimga qanday dori em bo‘lishini yaxshi biladi!
Hozirgi adabiy jarayon bilan ko‘proq tanishib borishga harakat qilaman. Talabalarim, ham-kasblarim va shogirdlarimning bironta savoliga javob berolmay, tilim qisiq bo‘lib qolishidan uyalaman. Ayni chog‘da yaratilayotgan asarlarning aksariyati menga maqul emas. Lekin yaxshi asar o‘qisam, qo‘shiqda aytilganidek, o‘zimni to‘xtatolmayman. Nimadir yozib chiqarishga, fikr bildirishga urinaman. Ruxsatingiz bilan ana shunday yaxshi asarlari bilan o‘quvchilar mehrini qozonayotgan tabiat shaydosi Normurod Norqobilov ijodining bir fazilatiga bag‘ishlangan maqolamni etiboringizga havola qilsam.


OLIM HAQIDA MA’LUMOT

Yo‘ldoshxo‘ja Solijonov 1940 yilning 11 iyulida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi Buloqboshi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1957 yilda tumandagi 5-o‘rta maktabni, 1965 yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirgan. 1965-1967 yillarda viloyat “Kommuna” (hozirgi “Farg‘ona haqiqati”) gazetasida ishladi. 1968 yildan buyon Farg‘ona davlat universitetida yosh avlodga talim berib kelmoqda. “O‘zbekiston xalq maorifi alochisi” unvoniga ega (1991).
Filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Ayni chog‘da Farg‘ona davlat universitetining o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri lavozimida ishlaydi.
Hozirgacha olimning “Ulug‘ san’atkor” (G‘.G‘ulom haqida, 1984), “She’riyatning sirli jilvalari” (1986), “Tong yulduzlari” (1995), “Nutq va uslub” (2002), “Olimning olami” (akademik S.Mamajonov portretiga chizgilar, 2004), “Farg‘ona adiblari” (2005), “Zulmatdan nur qidirganlar” (2007), “Men sizdan saboq oldim” (adiblarga maktublar) (2007), “So‘z sehrgari” (A.Qahhor haqida, 2007), “Haqiqatning sinchkov ko‘zlari” (adabiy-tanqidiy maqolalar, 2009) nomli monografiya va risolalari, 200 ga yaqin maqolalari chop etilgan.
Yo‘ldosh Solijonov badiiy ijod bilan ham shug‘ullanadi. Uning “Suv keltirgan aziz” (hujjatli qissa, 2004), “O‘g‘lim, senga aytaman” (she’riy va nasriy parodiyalar, 2006), “Sen shirmon yuzligim” (she’rlar, 2007) kabi kitoblari o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olingan.
Oilalik. Rafiqasi Lolaxon Solijonova oliy ma’lumotli ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi. Hozir nafaqada. 5 nafar farzandi bor (uch o‘g‘il, ikki qiz), barchasi oliy ma’lumotli. 17 ta nabirasi bor.

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 9 (238)-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.