Hassos lirik shoir Hamid Olimjon ijodi haqida yirik tadqiqotlar yaratgan adabiyotshunos olimlar adib real hayot va turli-tuman tabiat hodisalarini poetik obraz sifatida muvaffaqiyatli qo‘llaganini alohida qayd etadilar.
Hamid Olimjon lirikasining badiiy go‘zalligini, uning poetik mahoratini birinchi bo‘lib maxsus tadqiq qilgan olim N.Karimov «Hamid Olimjon poeziyasida gul shoirning eng sevimli poetik obrazlaridan biri» bo‘lganligini talay misollar bilan ko‘rsatadi. Shoir dunyosiga chuqurroq kirib borgan akademik S.Mamajonov esa, Hamid Olimjon ijodiga xos poetik obrazlar doirasini yanada kengaytirdi. Shoirning adabiyotshunosligimizda allaqachonlar tan olingan baxt, shodlik, tole, vatan, gul, obrazlari qatoriga olov, quyosh, nur, alanga, mash’al, otash, tong, tun kabi yangi timsollari qo‘shiladi.
Ammo otashnafas shoirning lirik merosi yuqorida sanab o‘tilgan poetik obrazlar bilangina cheklanib qolmaydi. Hamid Olimjon ijodida obrazlar ko‘lami nihoyatda keng va rang-barangdir. Aynan shu fazilati sabab, shoir she’riyati hali-hanuz sevib o‘qilyapti va o‘rganilyapti. Uning ijod koshonasini barkamol qilgan, go‘zalligini ta’minlagan obrazlardan yana biri daryodir. Daryo o‘z mazmun-mohiyati, badiiy-estetik vazifasining qamrovi, ijtimoiy salmog‘i bilan vatan, baxt, shodlik, gul obrazlaridan qolishmaydi. Daryo shoirning talay she’rlari, balladalari, dostonlari, dramalari, hatto maqolalarida ham ko‘p qo‘llanilgan. Bu obraz uning har bir asarida o‘ziga xos vazifani bajaradi, ehtirosli shoirning yoniq, uyg‘oq, toshqin qalbi, o‘tkir nigohi, umidbaxsh tilaklari, ona yurti go‘zalligining ramzi sifatida namoyon bo‘ladi.
Daryo obraziga Hamid Olimjon ilk she’rlaridayoq murojaat qilgan. Daryo kuch-qudrat, jo‘shqin kayfiyat, tizginsiz g‘ayrat, yo‘lidagi to‘sqinlarni qo‘porib ketuvchi shiddatli oqim timsoli, shoirning yoshligida ko‘rgan voqealarning, jamiyatda kechayotgan hodisalarning ramzi. Shoirning daryo obraziga murojaat qilishga ham ma’naviy-tarbiyaviy, ham g‘oyaviy-badiiy asoslar bor. Bo‘lajak adib yoshligidayoq xalqning o‘z ozodligi, erki uchun daryo bo‘lib kurashga otlanganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Ma’naviy-tarbiyaviy jihatdan ham daryo Hamid Olimjonga yaqin va qadrdondir. U Zarafshon va Siyob daryolari bo‘yida o‘sdi, ularning shifobaxsh va toshqin suvlarida cho‘milib voyaga yetdi. Boz ustiga shoir xizmat safarlarida bo‘lib, Mizimta, Volga, Neva daryolarini, Boltiq va Qora dengizlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, ular bilan «suhbat» qurdi. Daryo o‘zining salobati, musaffoligi, jo‘shqinligi, insoniyatga keltirayotgan foydasi bilan ijodkorning e’tiborini tortdi. Natijada daryo obrazi shoir ijodida go‘zallik, kuch-qudrat, pokiza she’riyat timsoli sifatida ham yashab qoldi.
Bu obraz Hamid Olimjon she’rlaridagi lirik qahramonning Vatanga bo‘lgan buyuk va o‘lmas muhabbati timsoli hamdir. Chunki daryo Vatanning bag‘rida oqadi, atrofni obod qiladi. Shoir mashhur «O‘zbekiston» she’ridan yurtini chiroyli yosh kelinchakka o‘xshatib, uning kokillarini ikki daryo yuvayotganiga bejiz ishora qilmagandi. Daryo elektr bo‘lib o‘lkani yoritadi, tinim bilmay xalqqa xizmat qiladi, u har doim uyg‘oq. Daryoning bu fazilatlariga havas qilgan shoir «O‘lka» she’rida Vatanga murojaat qiladi:
Qulog‘imga noming kirgandaQumloq kabi tashna boqurman.Sening jannat vodiylaringdanNahrlarday to‘lib oqurman.Chindan ham Hamid Olimjon o‘zining qisqa umrida daryodek to‘lib, hayqirib, to‘lqinlanib ijod qildi. U o‘z she’rlarining ritmini, ohangini, ifoda usullarini belgilashda ham daryodan ulgi oldi. Masalan, shoirning erkin vaznda yaratgan she’rlaridagi misra va iboralarning joylashuvi, so‘zlarning ohangi xuddi daryo to‘lqinlariga o‘xshaydi. Ular quvalashib, bir-biriga mingashib borayotgandek taassurot qoldiradi. Jumladan, «Baxtlar vodiysi» she’rida tez-tez takrorlanib keladigan «Ko‘m-ko‘k, ko‘m-ko‘k...» so‘zlari baayni daryoning qirg‘oqqa bosh urgandagi tovushini yodga soladi.
Daryo obrazi shoir «men»ining o‘ziga xos qirralarini, poetik tafakkurining kengligi va chuqurligini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Hamid Olimjonning ijodi o‘zi mehr qo‘ygan daryolar suvidan, ularning shiddati va to‘lqinidan bahra olgandek tuyiladi. Masalan, shoir «Chirchiq bo‘ylarida» sayr qilar ekan, baland qorli tog‘lardan uzoq yo‘l bosib xalq xizmatiga oshiqayotgan daryoga qarab:
Chirchiq bo‘ylarida yonar chiroqlar, Qarshimda zo‘r daryo ochadi chiroy.Qalbimdan oqmoqda bir daryo qo‘shiq,Qor bosgan tog‘larning tepasida oy.deya hayqiradi. Hamid Olimjon nazarida daryo ham shoir, u o‘zining «...ipak ro‘moli bilan buralib, erkalanib, xayoli inja bir she’r bo‘lib» oqadi. Yoki Neva daryosiga murojaat qilib, «Sen — hayot shoiri, asarlarning sirlarini she’r ila yaratgansan», desa o‘quvchiga erish tuyulmaydi. Shoir fikrini davom ettirib, daryo yuzasida paydo bo‘lgan mayda to‘lqinlar harakatini «Bu tabiat-da bir chevar shoir» bo‘lib «har nafas yuzlaringga kashta tikar» tarzidagi original metofora bilan ifodalaydi.
Hamid Olimjon ijodni bejiz daryo yoki dengizga qiyoslamaydi. Aslida o‘zining shoirona qalbi ham xuddi daryo va dengizdek doimo to‘lqinlanib turgan, ular kabi keng va go‘zaldir. Bunday hamohanglik ushbu satrlarda o‘zining yorqin ifodasini topgan:
Naqadar keng, go‘zal quchog‘ing bor...Sho‘x qiliq to‘lqining-la birgalashibKeladir o‘ynagim suzib, quvishib,Sen-la shoirligim, hayotim bor!Daryo obraz sifatida Hamid Olimjon ijodiga ilk she’rlaridayoq kirib kelgan. Shoirning «Oydin kecha», «Zarafshon qo‘ynida», «Havas va tilak», «O‘tarkan», «Neva xotiralari», «Siyob» kabi she’rlarida, garchi mukammal bo‘lmasa-da, uning ta’sirli tasvirini ko‘ramiz. Yil sayin bu obrazning yangi fazilatlari, estetik ko‘lami kengayib bordi. Bora-bora shoir she’rlarida ikki daryo oralig‘idagi Vatan siymosi bo‘y ko‘rsata boshladi. Lirik qahramon «Amu bilan Sirdan suv ichgan, Zarafshonni loylatib kechgan Chavandozlar bordir bu elda», deb Vatannini ko‘klarga ko‘taradi. Shunday sersuv va go‘zal daryolari bor o‘lkada «Chanqov qolib yo‘lovchi o‘lmas»ligiga ishonadi.
H.Olimjon yurtida oqayotgan daryolarni kattami-kichikmi, baribir, «ulug‘ daryolar», deb ataydi. Bu jihatdan «Daryo kechasi» she’ri xarakterlidir. She’r aslida Chirchiq daryosiga, u yerda qurilayotgan elektr inshootiga bag‘ishlangan. Ammo uning markazida Chirchiq daryosining salobatini ko‘rsatish niyati turadi. 13 banddan iborat bu she’rning har bir bandidagi birinchi misrasi daryo qiyofasiga yangi chizgi. Asar «Daryo go‘zal, osmonda yulduz» misrasi bilan boshlanib, keyingi bandlar ana shu go‘zallikning ranglari va sirlarini ochishga bo‘ysundiriladi. Ikkinchi bandning «Kecha go‘zal, daryo tinimsiz», deb boshlanishi esa, vaqt va harakatning to‘xtovsizligidan darak beradi. Kechaning go‘zalligi shoirni hayqirib oqayotgan Chirchiq daryosining tarixini kitobxonga so‘zlab berishga undaydi. Uchinchi banddagi «Tog‘lar boshi qorga ko‘milgan, Qor ustida oppoq bir tuman» misralari o‘quvchi ko‘z oldida ajib bir manzarani jonlantiradi. Beshinchi va o‘n ikkinchi bandlar Chirchiq daryosining portretiga tarixiy-biografik chizgilardir. Shoirning mahorati shundaki, u portretni yakunlash chog‘ida she’rning birinchi bandidagi holat va kayfiyatdan chiqib ketmaydi. Oxirgi band, ayniqsa, ranglarning quyuqligi, mutanosibligi, uyg‘unligi va chizgilarning tiniqligi bilan e’tiborni tortadi. Bu bandda shoirning asosiy g‘oyaviy niyati — daryo va inson hamkorligiga urg‘u beriladi va lirik she’r kompozitsiyasining yaxlitligi ta’minlanadi.
Tun ham o‘tar mazmunga to‘lib, Unutilmas daryoga bir onUnutolmas buni hech qachonDaryodan zo‘r va mohir inson!She’rda tungi daryo go‘zalligi, insonning mehnatsevarligi, lirik qahramon kechinmalari bilan manzaralar tasviri o‘zaro uyg‘unlashib, shaklan va mazmunan mukammal yaxlit bir portret yuzaga keladi. Shu she’ri o‘ziga yoqqani uchundir, Hamid Olimjon 1937 yili «Daryo kechasi» degan nom bilan alohida to‘plam nashr ettirgan.
Daryo obrazi Hamid Olimjonning boshqa janrdagi asarlarida ham ko‘p uchraydi. Masalan,»Zaynab va Omon» dostonida sevishgan yigit-qizning visol oqshomiga daryo guvoh bo‘ladi: «Ikki yoshga aytib sharaf-shon, Oqar edi toshqin Zarafshon»; «Oygul bilan Baxtiyor» dostonidagi jabrdiyda qizni daryo o‘z bag‘riga oladi va hayotini saqlab qoladi.
Xullas, daryo shunchaki tabiat mo‘‘jizasi emas, balki ona tabiatning insonga tuhfa qilgan go‘zal in’omi, yurtni obod qiluvchi beminnat dastyor, Vatanimizning baquvvat belidagi muazzam belbog‘, shoir uchun esa, tuganmas ilhom manbai. Hamid Olimjon o‘z ijodida vatan, baxt, shodlik, gul, bahor obrazlariga nechog‘li mehr-muhabbat, ishtiyoq bilan yondoshsa, daryo obrazini ham bundan kam bo‘lmagan yuksak pafos va mahort bilan yaratadi. O‘zining tuganmas muhabbati va ulug‘ niyatlarini daryoning to‘lqinlari, jimjimadorligi, latofati, serobligiga qiyoslaydi. Shuning uchun ham o‘lmas shoir Hamid Olimjonning she’rlari daryodek uyg‘oq, osmondek beg‘ubor bo‘lib yashab kelmoqda.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 44-sonidan olindi.