Siz O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaevning “Saylanma”sini o‘qidingizmi? E, o‘qing, birodar, o‘qing! Bu uch jildlik “Saylanma” nafaqat sermahsul adibimiz Shukur Xolmirzaevning, balki o‘zbek adabiyotining qimmatbaho boyligi bo‘lib qoldi. Ochig‘i, bu hikoyalarini yaxlit majmua shaklida ko‘rish Shukur Xolmirzaevning ham yagona orzusi ediki, bu orzu adibning qizi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sayyora Xolmirzaevaning say’i-harakati bilan amalga oshdi.
“Saylanma”ga kiritilgan 86 hikoyadan 33 tasi birinchi marta kitob holida dunyo yuzini ko‘rib turibdi. Ular shu paytgacha turli gazeta va jurnallarda chop etilgan, aksariyatini topish ham mushkul edi. Keling, ana shu xazinaning ayrim duru gavharlari jilosidan birgalikda bahramand bo‘laylik.
Oldindan aytib qo‘yay: “Saylanma”dagi barcha hikoyalar to‘g‘risida suhbatlashish uchun soatlar emas, balki bir necha kunlar, hatto oylar ham yetmaydi. Buning ustiga mening vazifamni yengillatadigan bir omil ham bor. “Saylanma”ning 1-jildidagi 51ta hikoyaning hammasi, ikkinchi jilddagi 25ta hikoyadan ikkitasi avval yozuvchining alohida kitoblarida bosilgan va paytida adabiy jamoatchilikning bahosini olgan. Yaxshisi, ikkinchi va uchinchi jildlardan o‘rin olgan va hanuzgacha adabiyotshunoslar tomonidan yetarli tahlil qilinmagan, mavzusi, muammosi, shakli hamda mazmuni jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan uchta hikoyasini ajratib olaylik. O‘ylaymanki, ular haqida suhbatlashsak ham adib ijodi to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega bo‘lamiz, ham uning ijodiga tegishli xulosalar chiqara olamiz.
Men nazarda tutgan hikoyalar “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi” (1992), “Bulut to‘sgan oy” (1996) va “Kuzda bahor havosi” (2005) asarlaridir. Nomlanishidan ohangigacha lirik yo‘nalishdagi bu hikoyalarni o‘qib, kuy tinglayotgandek bo‘lasiz. Bu hikoyalar o‘zaro uyg‘unligining yana bir sababi — har uchovida ham voqea “men”- hikoyachi tilidan bayon qilinadi. Avvalgi ikki hikoyaning “men”i muallifning o‘zi bo‘lib, u shoir Qudratjon va yozuvchi Quvvatjon timsolida namoyon bo‘ladi. “Kuzda bahor havosi”da hikoyachi “men” militsiya polkovnigi Jondor.
Eslaysizmi, ustoz adibimiz Odil Yoqubov maqolalaridan birida Shukur Xolmirzaev o‘z hikoyalarida detallashtirishga alohida e’tibor beradi, deb yozgandi. Aslida detal barcha janrlarda ham o‘ziga xos o‘rin tutadi, lekin hikoyada boshqacha ahamiyat kasb etadi-da! Bilasiz, hikoya qisqa hajmli asar. Qisqalikka esa tasvirda so‘zlarni tejash orqali erishiladi. Ana shunda detallashtirish mahorati yozuvchiga qo‘l keladi. Ijodkorning topqirligi tufayli qo‘llangan detallar tilga kirganda hikoyani gapirtirib yuboradi. Kitobxon e’tibor bermay o‘tishiyam mumkin bo‘lgan bunday detallar yo yo‘l-yo‘lakay shunchaki eslab qo‘yiladi (ammo izsiz ketmaydi) yoki bayon qilinayotgan voqelikka singdirib yuboriladi. Atoqli san’atkor Jek London: “Hikoya bu — tugal asardir. U hayotiy epizod, ruhiyat, vaziyat va harakatlar birligidir”, deganida bu janrda bir paytning o‘zida epiklik ham, lirizm ham, dramatik holat ham mujassam bo‘lishiga ishora qilgandi. Darvoqe, yaxlitlik, tugallanganlik hikoya janrining eng muhim belgilari sanaladiki, ularni ta’minlashda detalning ahamiyati juda muhimdir.
Keling, yaxshisi, detallashtirish san’atini Shukur Xolmirzaevning yuqorida tilga olingan uch hikoyasi misolida ko‘rib chiqaylik.
Hikoyalarning boshlanishidayoq butun voqelikka tatigulik muhim detallarga duch kelamiz. E’tibor bering-a: 1.“...O‘sha pastlikka egilib o‘sgan gujumcha ostida o‘tirgandim. Kursida. Kursining oyoqlari yerga botib ketgan. Namgarchilik-da. Aytdim-ku, yo sakkizinchi, yo to‘qqizinchi may edi... Jiydalar gullagan. Unisining shoxida bir bulbul sayrasa, bunisining shoxida bir bulbul sayraydi. Xo‘roz-makiyon.” (“Quyosh-ku falakda kezib yuribdi”). 2. “Yomg‘ir shunday kuch bilan quya boshladiki, bekat ayvonida turishning iloji qolmadi. Buning ustiga g‘uvillab shamol esar, yomg‘irni bukib-qayirib ayvon ostiga urar edi...” (“Bulut to‘sgan oy”). 3. “Do‘lana shunday turibdi. Yo-yolg‘iz deng. Atrofda na’matak butalariyam yo‘q. O‘smaydi-da bu suvsiz toshloqda. Ammo do‘lana! Qoyilman: suvni qaerdan ichar ekan? Ha-ha, tomiri chuqur ketgan-da, yantoqqa o‘xshab. Kungay tomonida oppoq-oppoq gullari ochilib turar edi” (“Kuzda bahor havosi”).
Hikoyalardagi “gujumcha”, “yomg‘ir”, “shamol”, “do‘lana” peyzaj-manzarani to‘ldirish, tasvirni kuchaytirish niyatida keltirilgani yo‘q, balki hikoya qahramonlarining xarakteriga, tabiatiga, taqdiriga u yoki bu darajada daxldor detallardir.
“Quyosh-ku falakda kezib yuribdi” asarining hikoyachisi shoir Qudratjon shahardagi iqtisodiy qiyinchilik, alg‘ov-dalg‘ov hayotdan bezib, ota yurtiga kelgan. Bu yerda hordiq chiqarmoqchi. Do‘sti, xo‘jalik rahbari Misirboy unga barcha sharoitni yaratib beradi. Biroq... Keling, detalga qaytaylik.
Erta bahor fasli. Barcha jonivorlar juftlashayotgan payt. Gujumcha atrofida hayot qaynaydi. “Hatto gujumning chakalak shoxlari orasida ham jiblajibonlar bir-birini quvlab yurishadi.” Ana, ikkita oppoq kapalak. Birining ketidan biri uchayotgan qushlar. Basma-basiga sayrayotgan xo‘roz-makiyon bulbullar... Bu manzara aslida yolg‘izlikni istab kelgan hikoyachi Qudratga aks ta’sir qiladi: “Hamma jonli-jonivorlar juft-juft! Sen esa — yolg‘izsan! Sening hayoting — notabiiy hayot...”. Juftlikka intilish Qudratning qalbinigina emas, balki butun hikoya o‘zanini qamrab oladi. Tuman markaziga kelib, xotini bilan telefon orqali gaplashib ketayotganida ularning mashinasiga chiqib o‘tirgan mutlaqo notanish “qora duxoba kamzul kiygan qizmi-juvon” ham ana shu niyatda edi. Ana shu xush kayfiyat ta’siri bilan ular tog‘dagi kamarda o‘tirish uyushtirishadi. Bu yerda qora kamzulli qizmi-juvon Qudratning ko‘z o‘ngida o‘sha mashhur ertakdagi Zumradga aylangan edi! Bor-yo‘g‘i olti oygina yashab, erinikidan qochib kelgan bu ayol o‘zini nihoyatda erkin tutar, bemalol shampan ichar, oyoqlarini uzatib, o‘zining butun qaddi-qomatini ko‘z-ko‘z qilardi. Hozir nimadir bo‘ladi, deb kutamiz.
Biroq ularning ham, mening ham, Sizning ham kutganimiz ro‘y bermaydi. Bu yosh juvonning istak-xohishi, intilishidan ko‘ra hikoyachi shoir Qudratning aql-farosati, ma’naviyati, ijodkor sifatida go‘zallikdan zavqlanish hissi, ruhiyatidagi oilaparvarlik, odamiylik, inson qalbini anglash istagi ustun keladi. Tayyor imkoniyatdan yuz o‘girgan Qudratning qilig‘idan hayron bo‘lmang-da, detallarni eslang: juftlashishga intilayotgan kapalaklar op-poq (!) edi. Faslning o‘zi pokizalik ramzi edi! Shu sababdan “men” — hikoyachi bu tasodifiy uchrashuvni Ollohning ne’matidek qabul qilib, uni bulg‘amaslikni ravo ko‘rdi va to‘g‘ri qildi. Bu “qilig‘i” bilan Sizu bizga ham yoqib qoldi. Aslida biz nimalarni o‘ylagan edik!..
Darvoqe, agar Shukur Xolmirzaev istasa bemalol ularning intim-maishiy munosabatlarini tasvirlay olardi. Lekin Shukur asar voqealarini o‘z xohishiga ko‘ra xohlagan o‘zanga burib yuboradigan yozuvchilar xilidan emas. U o‘z qahramonlarining tabiati, istak-xohishi, iroda va ruhiyati bilan hisoblashadigan adib. Mabodo muallif ularning uchrashishini istamaganida hov pochta oldida mashinaga chiqmoqchi bo‘lib turgan bu qizmi-juvonga ro‘yxushlik bermasligi, “Yo‘q, biz boshqa tomonga boramiz!”, deb uning ra’yini qaytarishi mumkin edi-ku! To‘g‘rimi? Siz ayblarmidingiz Qudratni? Masalan, men ayblamasdim. Negaki, qora duxoba kamzulli bu qizmi-juvon ichkarida shakkoklik qilgan, Qudratga navbatini bermay, shovqin solgan edi-da! Boz ustiga, oilasi bilan gaplashib, ko‘ngli xiyla taskin topgan Qudrat xonasiga borib bemalol dam olsa, Misirboy yoki Boltaboy bilan maishat qilib o‘tirsa ham bo‘lardi-ku!
Bo‘lardi...
Biroq bu holda hikoya bizga hozirgichalik ta’sir etmasdi. Haqiqiy badiiy asar o‘quvchi kutmagan, tasavvur qilmagan voqealari, yechimi bilan esda qoladi. Shukur Xolmirzaevda bunday hikoyalar talaygina. Hikoyadan chiqadigan xulosa esa oddiygina: inson yashash uchun dunyoga kelgan, yashashi kerak. Yashaganda ham o‘zidan yaxshi nom qoldirishi kerak.
“Bulut to‘sgan oy”dagi kuchli yomg‘ir Gulsaraga, guvillagan shamol esa Tavakkalga nisbat berilgan detallardir. Gulsara o‘ksik qalb egasi, turmushidan yolchimagan, ko‘nglidagi odamini topolmagan baxtsiz ayol. Bevaqt yoqqan kuchli yomg‘ir uning hayotini barbod qilgan. “Yomg‘irni bukib-qayirib” o‘z izmiga solishga urinayotgan shamol esa “novcha, norg‘ul yigit” Tavakkaldir.
Hikoyada yomg‘ir, shamol va bulutlar ortidan chiqishga urinayotgan oy tasviri tez-tez takrorlanadi. Bu tasvirlar personajlarning ichki dunyosi, xatti-harakati, kayfiyati bilan chambarchas bog‘lanib ketgan, obraz darajasiga ko‘tarilgan. Yomg‘ir, shamol va oy qahramonlarning holati, o‘zaro munosabati, ruhiyatiga qarab o‘z shiddati hamda shakl-shamoyilini o‘zgartirib boradi. Ular restorandan chiqishib, dala-hovliga bormoqchi bo‘lganlarida ham “Yomg‘ir hamon tinay demasdi. Shamol shashtidan tushganga o‘xshar, biroq turib-turib avj qilib qolar, shunda beixtiyor teskari qarab olardi, kishi”. Gulsaraning ko‘ngli hamon alag‘da: bu cho‘rtkesar yigitga ishonsa bo‘ladimi-yo‘qmi? Shu boisdan uning ichidagi yomg‘ir hali-hamon tinay demasdi. Tavakkal esa bu ayol endi o‘ziniki bo‘lishiga ishonch hosil qilib bo‘lgan. Chunki o‘zining saxiyligini, uning uchun hech narsani ayamasligini ko‘rsatib qo‘ygan.
Hikoyada qo‘llanilgan detallardan yana biri irmoqdir. Garchi irmoqni hikoyachi o‘rtadagi suhbat maromiga nisbat berib tilga olsa-da (“suhbatimiz ravon oqayotgan irmoq maqomida davom etdi”), aslida bu asar qahramonlarining hayot yo‘lini ifodalovchi detalga aylanadi. Masalan, Tavakkalning hozirgi hayoti sho‘x, ravon oqayotgan irmoqqa o‘xshaydi. Bolaligida ota-onasidan erta yetim qolib, og‘ir qiyinchiliklarni ko‘rib ulg‘aygan bu yigitning hayoti o‘xtin-o‘xtin toshlarga urilib, sharqirab oqayotgan, manzilga yetish uchun o‘ziga yo‘l ochayotgan irmoqni eslatadi. Aksincha, Gulsaraning xarakteri, o‘zini tutishi sokin jildirab, o‘ziga ehtiyotkorlik bilan yo‘l ochib berayotgan irmoqchani eslatadi. Hikoyachi nazarida Gulsara “Boyaqish g‘amgin ko‘rinadi. Ayni chog‘da undan qandaydir alam o‘tgan-u, shu alamdan forig‘ bo‘lmoqchiga ham o‘xshaydi”.
Ikki irmoq birlashsa, ajabtovur anhor hosil bo‘lardi. Bu hikoyachi — “men”ning ham, siz-u bizning ham istagimiz, ayni chog‘da Tavakkal bilan Gulsaraning ham ko‘ngli xohishi edi. Afsuski, bu irmoqlar manzilga yetib borolmay, qo‘shilolmay, yarim yo‘ldayoq quriydi. Bunga kim aybdor, deb o‘ylaysiz? Ayol zotiga ko‘ngil ermagi deb qaragan, har qanday ayolni pul va sovg‘a-salom bilan o‘ziga qaram qilib olishga o‘rgangan, bu niyatiga yetolmagach, “arazlab” ketgan Tavakkalmi? Ehtimol, qadrini baland tutib, boshiga qo‘nayotgan baxt qushini o‘z qo‘li bilan uchirib yuborgan, “Kerak bo‘lsam topadi!” deya o‘ziga ortiqcha bino qo‘ygan, yashash joyini ham, ishini ham o‘zgartirib, sir tutgan Gulsaradir? Na unisini, na bunisini ayblay olmaymiz. Ikkovi ham o‘zicha haq. Faqat o‘rtada endigina unayotgan muhabbat niholiga achinamiz. U ko‘karmay xazon bo‘ldi, g‘uncha tugmay so‘ldi. Aytgandek, hikoyaning boshlanishida Tavakkal restoranga boshlab kirganida Quvvatjonning nazari tushgan guldondagi bir dona lolani eslaysizmi? Qarang, shu lola ham hikoyaga bejiz kiritilmagan. Lola erta so‘ladigan gul emasmi?!
Kunlarning birida kech soat o‘nlardan keyin Quvvatjonning xonasiga Gulsara kirib keladi. “Uning egnida ilon po‘stidek yaltirab turgan matodan tikilgan uzun ko‘ylak, g‘oz bo‘ynida bir tizim dur, oyog‘ida qora tuflisi” bor edi. Botinan kayfiyati tushkun bo‘lsa-da, zohiran o‘zini g‘oyatda xushchaqchaq ko‘rsatishga urinadi. Ammo ayolning bu shod-xurramligi, kulgusi zamirida allaqanday “yig‘ining saslari bor edi”.
Ichi to‘la dard bilan kelgan Gulsara xonadan chiqib ketar ekan, o‘zi yetolmagan niyatini qaldirg‘ochlarga tilaydi: “Xayr, qaldirg‘ochlar! Azizlarim! Bir-biringga sadoqatli bo‘linglar!”
“Kuzda bahor havosi”ni o‘qib, bu hikoya qahramonlari Sobirjon bilan Zumrad yoshlari o‘tib qolgan bo‘lsa-da, ilk muhabbat qasriga qaytadilar — bir-biriga yetishdilar. Hikoya boshidagi baland tepalik ustida, qarib qolganiga qaramay, hanuz gullab, meva berayotgan do‘lana hikoya oxirida ham ish beradi: sevishganlar shu yerda uchrashadilar va bir umr birga bo‘lishga ahd qiladilar. Ularning ilk sevgisiga guvoh bo‘lgan bu do‘lana go‘yo op-poq gullarini silkitib, oshiq-ma’shuqlarga omad va baxt tilayotgandek tuyiladi.
Ko‘rinadiki, Shukur Xolmirzaevning asarlarida eng ko‘p qo‘llaniladigan detallar bu — tabiat unsurlari: turli daraxtlar, o‘t-o‘lanlar, gullar, qushlar, hashoratlar va hayvonlardir. Ularni inson obraziga nisbat berish bilan adib tabiat va odamning yaqinligini, biri ikkinchisisiz yashay olmasligini uqdirmoqchi bo‘ladi. Ayni chog‘da tabiat hodisalaridagi o‘zgarishlarga, ularning o‘ziga xosligi (masalan, yarmi qurigan do‘lananing hamon gullab, meva tugishi, gap tomirning chuqur ketganligi, ya’ni mohiyatda ekani)ga urg‘u berish orqali odamni o‘z hayotiga e’tiborliroq bo‘lishga undaydi. Ha, Shukurning asarlarida tabiat gapiradi, harakat qiladi, ko‘rkini namoyish etish uchun quturib gullab, bizni maftun etadi. Ruhiyatimizga osoyishtalik bag‘ishlab, umrimizni uzaytiradi. Bunday lazzatdan bebahra qolmay desangiz, albatta, ularni o‘qing!
Mana, birodar, Siz bilan iste’dodli yozuvchimiz Shukur Xolmirzaevning “Saylanma”siga kirgan hikoyalar to‘g‘risida oz-moz gaplashib oldik. To‘laroq tasavvurga ega bo‘lay desangiz, albatta, ularni o‘qing. Adibning “O‘zbek bobo”, “O‘zbek xarakteri”, “Haykal”, “Qadimda bo‘lgan ekan” singari o‘nlab hikoyalari jahon adabiyotidagi asarlar bilan bemalol bellasha oladigan nodir namunalardir. Siz ulardan bebahra qolmang. Biz bu hikoyalarning go‘zalligini ochib, minglab o‘quvchilarning qalbida ozgina qiziqish uyg‘ota olgan bo‘lsak, o‘zimizni niyatimizga yetdik, deb hisoblaymiz.
Yo‘ldosh Solijonov,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 5-sonidan olindi.