OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yo‘ldosh Solijonov. Joziba sehri (2010)

Xassos lirik shoirimiz Hamid Olimjon o‘z maqolalaridan birida ona tabiatni his etish, uni ishonarli tasvirlash uchun ijodkor uch xil qiyofada namoyon bo‘lishini orzu qilib, shunday yozgan edi: “Men xorazmliklarning Amudaryoga bo‘lgan qarashini, o‘chini, ginasini, alamini so‘z bilan aytib beradigan shoirni, kuylab beradigan ashulachini, chizib beradigan rassomni ko‘rishni istar edim”. Shu bilan birga bu fikr zamirida insonning tabiatga qarashi, ya’ni munosabatini ifodalash masalasi ham yotibdi. Xo‘sh, odam bolasi o‘z ne’matlarini mo‘l-ko‘l hadya etayotgan tabiatga mehr-muhabbat bilan qaraydimi yoki undan o‘ch olish niyatida yashaydimi? Undan gina qilsa, alamini olish uchun zarar yetkazsa, oqibati nima bo‘ladi? Bular adabiyotning azaliy muammosi bo‘lib kelgan va ijod ahli u yoki bu darajada munosabat bildirgan. Lekin gap hozir bu haqda emas.

Men ulug‘ shoirning orzusi davrimizning iste’dodli adiblaridan biri Normurod Norqobilov ijodida amalga oshganligini ko‘rib quvonganimni jurnalxonlar bilan baham ko‘rishni istadim. U adabiyotimizda yurtimizning sirli-sehrli tabiati manzaralarini shoirona tarzda so‘z orqali ifodalab bera oladigan mahoratli yozuvchi, nabotot va hayvonot olamini mehr bilan baland pardalarda kuylay oladigan hofiz, quyuq ranglarda chizib beruvchi rassom qiyofasida namoyon bo‘lmoqda. Yozuvchining barcha asarlari bunga guvohlik bera oladi.

Aslida-ku tabiat haqida yozmagan, uning manzaralaridan o‘z asarida foydalanmagan ijodkor yo‘q hisobi. U holda Normurodning farqi, o‘ziga xosligi nimada? Menimcha, N.Norqobilov tabiatni shunchaki peyzaj vositasi tarzida tasvirlabgina qolmaydi. Uni avvalo, jonli mavjudot sifatida qabul qiladi va obraz darajasiga ko‘taradi, o‘ziga xos xarakterini yaratishga intiladi. Yozuvchining tabiatdan xoli bironta ham asari yo‘q. Hatto aksar asarlarining nomlanishi ham tabiat hodisasi, hayvonlar nomi bilan bog‘liq. Masalan, “Paxmoq” (ayiq), “Quyosh tutilgan kun”, “Bo‘ron qo‘pgan kun”, “Dashtda”, “Tog‘u toshlarda”, “Tog‘ odami”, “Dashtu dalalarda” kabi nomlar o‘quvchini tabiat qo‘yniga yetaklaydi.

Yozuvchining asarlarini mutolaa qilish jarayonida o‘quvchi dashtu dalalar, tog‘u toshlarning jozibali sehrini his qiladi; o‘t-o‘lanlarning hidini sezadi; turli jonivorlar bilan suhbatlashadi. Normurod Norqobilov tabiatni ilmiy tomondan ham yaxshi o‘zlashtirgan. U o‘z asarlaridagi daraxtlar, qirlar, adirlar, hayvonlar obrazini mehr bilan tasvirlaydi, har birining zoologik, biologik, fiziologik, geografik xususiyatlarini yaxshi o‘rganganligini isbotlay oladi. Hatto it, bo‘ri kabi jonivorlarning psixologik holatlarini ham chuqur tahlil qiladi. Bu obrazlar adibning deyarli barcha asarlarida uchraydi, biroq bir-biriga o‘xshamaydi.

Shunisi xarakterliki, Normurod Norqobilov asarlaridagi it va bo‘rilar jahon adabiyotida yaratilgan qarindoshlaridan tamomila farq qiladi. Ularga milliy bo‘yoq va ruh singdirilgan. Bu jihatdan Cho‘ngkalla, Oqyol, Uzuntumshuq (“Ovul oralagan bo‘ri”), Bo‘zbo‘ri, Qoramanglay (“Dashtu dalalarda”) kabi jondorlar, Bo‘ynoq (“Tog‘ odami”), Yovqur (“Ajal chorlagan kun”), Oqquyruq (“Adadsiz azob”) singari it obrazlari xarakterlidir. Ular yaxshi odamlar bilan til topisha oladilar va bir-birini tushunadilar hamda himoya qiladilar. Masalan, “Dashtu dalalarda” romanining yetakchi qahramonlaridan biri Bo‘zbo‘ri (binobarin, uning asarda tutgan o‘rni, g‘oyaviy-badiiy vazifasi asosiy qahramonlar Eshqul polvon va To‘lanboylar zimmasidagi yukdan kam emas!)ni Eshqul polvon “tug‘ishgan inim” deb biladi. Bo‘zbo‘ri ham o‘zining geografik hududiga joylashgan “tutingan akasi”ning podasini boshqa hudud bo‘rilaridan himoya qiladi, o‘zi esa unga mutlaqo zarar yetkazmaydi. Shuningdek, yomon odamlardan qochib “jondorlarni qavm tutgan” Jondosh (“Tog‘ odami” qissasining qahramoni)ni tog‘u toshlar orasida bo‘rilar xavfdan asraydilar, uning antiqa qo‘rasiga xuruj qilmaydilar.

Aksincha, o‘zlariga yomonlikni ravo ko‘radigan kimsalarni bo‘rilar ayab o‘tirmaydi. Hayvonot olamining bunday o‘ziga xos psixofiziologik holatini adib “Ovul oralagan bo‘ri” qissasidagi Cho‘ngkalla, “Ajal chorlagan kun” qissasidagi Yovqur, “Adadsiz azob”dagi Oqquyruq kabi jonivorlar timsoli orqali ishonarli ocha olgan. Qishloqning maqtanchoq ovchisi Salom mergan tasodifan qopqonga ilinib qolgan urg‘ochi bo‘ri Oqyolni uyiga olib kelib tulumlab qo‘yadi. Juftini yo‘qotgan Cho‘ngkalla bir necha kun Salom merganning uyiga kelib (bu yerda adib bo‘rining hid bilish qobiliyatiga urg‘u beradi) Oqyolni qidiradi. Merganni chavaqlab, jufti-halolini qutqarish niyatida uchinchi marta kelgan Cho‘ngkalla Oqyolning oyoqlari ostida yotgan Salom merganni ko‘rib, uni jufti tomonidan “mahv etilgan deb bildi”. Shuning uchun bemalol borib Oqyolni hidladi, biroq undan achchiq somon hidi anqidi. Keyin “Erkalanib tumshug‘i bilan yengil bir turtdi. Oqyol bir qop somonday ag‘darilib tushdi”. U jonsiz tanaga aylangandi. Juftining o‘limidan tamomila gangib qolgan Cho‘ngkalla merganning uyg‘onib ketganini va qo‘rquv ostida o‘q otganini sezmay qoldi. Arang qochib qutilgan Cho‘ngkalla ayriliqqa chidolmay, qirning baland tepaligida Salom merganning uyiga tikilganicha jon berdi.

Yozuvchi Jondosh, Salom mergan, Nodir chol, Suvonqul, Tal’at, Nazar uzun, To‘lanboy kabi insonlarning xarakterli qirralarini bo‘ri va itlar vositasida ochadi. Yaqin odamlarining, hatto xotinining mehrsizligi, tushunmasligidan ranjigan Jondosh “Tog‘ odami” bo‘lishni afzal bilib, g‘orlarda yashay boshlaydi. Uni aqlli jonivorlardan ko‘ra iti Bo‘ynoq yaxshiroq tushunadi va u bilan birga ketadi. Muallif o‘quvchi e’tiborini itning aqlli ko‘zlariga ko‘proq tortadi. Bo‘ynoq o‘z yoniga chorlagan egasiga “aqlli ko‘zlarini javdiratib” tikiladi. “It uning so‘zlarini bosh egib” tinglaydi, “ko‘zlari yoshga to‘la edi”. Ta’qibchilardan qochish joniga tekkan Jondoshning “nazari yana itning aqlli nigohiga” tushib, qalbidagi butun dardi-hasratini unga to‘kib soladi. Bo‘ynoq egasini juda yaxshi tushunadi, atrofdagi xavf-xatarlardan o‘z vaqtida ogohlantiradi, kerak bo‘lsa himoya qiladi. Chindan ham Jondosh odamlardan topmagan mehr-oqibatni itidan topdi. Tug‘ishganidan ham afzal bo‘lgan Bo‘ynoq umrining oxirigacha egasi bilan yonma-yon yurdi va uning uchun jon berdi.

Normurod Norqobilovning “Ajal chorlagan kun” qissasi Yovqur ismli itning tarixiga bag‘ishlangan. Qissa Yovqurning so‘nggi kunida ko‘rgan-kechirganlari, xotirasida uyg‘ongan o‘tmishi haqidagi voqealardan iborat. It o‘zining qisqa umrida har xil odamlarni ko‘rdi, turli voqealarni boshidan kechirdi. Bayon uning o‘ylari va nuqtai-nazari asosiga qurilgan. Bu itni o‘quvchiga yanada yaqinlashtiradi. Yovqur xuddi inson singari fikrlaydi, odamlarga baho beradi. U dunyoga kelib to‘rt xil odamga xizmat qildi va ularning tabiatidagi yaxshi-yomon xususiyatlarni, kimligi hamda qandayligini o‘ziga nisbatan qilgan muomalasidan ajratib oldi. Garchi jonivor sifatida qafasda yashashga ko‘nikkan, davralarda itlar bilan urishishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, har doim o‘zi tug‘ilib o‘sgan keng dala-dashtni, erkinlikni qo‘msaydi. Xo‘jayinlari orasida birgina cho‘pon Suvonqulni o‘ziga yaqin oladi va har doim unga tomon intiladi.

Yozuvchi itlar va bo‘rilar munosabati orqali odamlarni saralaydi, ayrim masalalarda insoniyatni ulardan o‘rnak olishga undaydi. “Dashtu dalalarda” romanining qahramoni Eshqul polvon ehtimol, “yashashni, temtinishni odamlardan emas,jonivorlardan o‘rganish kerak deganda, mana shu holatlarni ko‘zda tutgandir”. Shu jihatdan Nodir cholning vafodor iti Oqquyruq obrazi ibratlidir. Bir xum tilla xazinaga ega bo‘lsa-da, uni na o‘ziga, na bolalariga ravo ko‘rmay yer ostiga ko‘mib qo‘ygan Nodir chol mehr-oqibatni o‘g‘il-qizlaridan, yor-do‘stlaridan, qarindosh-urug‘idan emas, aynan ana shu ko‘rimsizgina iti til-zabonsiz Oqquyruqdan ko‘rdi. Chol qo‘y galasini haydab qirga otlanar ekan, Oqquyruq ularning yo‘lini to‘sib, “ochiq eshikdan tashqariga intilayotgan suruvning harakatiga oshkora monelik” qiladi. U xo‘jayinining o‘limini oldindan sezgandi. Shuning uchun kun bo‘yi “Oqquyruq mung va xavotir to‘la nigohini undan uzmay, tevaragida aylanadi”, dumini bezovta likillatib, cholning ko‘zlariga jonsarak tikiladi. Yurak xuruji tufayli jon bergan Nodir cholning tepasida uch kun poylab, uvillaganicha odamlarni chaqiradi. Itning ovozini bo‘rilarning uvlashidan ajrata olgan Erali chavandozning taklifi bilan jo‘rasining jasadi topiladi.

Uyiga olib kelib, dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytda “G‘am va ochlikdan tamomila sillasi qurigan Oqquyruq tevarakdagilarga bir muddat javdirab qarab turdi-da, so‘ng o‘rtaga yotqizib qo‘yilgan cholning boshi tomon yurdi. Tumshug‘ini egasining gardaniga qo‘yib, cho‘zilib yotib oldi. Uning ko‘zlari to‘la yosh edi. Azaning uchinchi kuni it ham o‘ldi”. Ha, Erali chavandoz aytganidek, “biz bandalar shu itchalik bo‘lolmaymiz”. Bu Normurod Norqobilov asarlaridan sizib chiqadigan asosiy g‘oya bo‘lib, o‘quvchini hushyorlikka chorlaydi.

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 9 (238)-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.