(O’ZBEK BILIM HAY’ATI E’TIBORIGA)
Chig‘atoy adabiyoti va tiliga Navoiyning qilg‘on xizmati juda ulug‘dir. Bu kungi yangi o‘zbek adabiyoti va uning bu kungi sodda shevasi, menimcha, o‘sha chig‘atoy shevasidan o‘zga emasdir. Ba’zi bir kishilar, Navoiydan ancha keyin chiqqan adib va shoirlarimizdan bir-ikkita soddaroq yozg‘onlarini ushlab olib, ularni haddan tashqari ko‘tarmak bilan narigini bir qadar tumanlashdirmoqchi bo‘lsalar ham, Navoiy o‘zbek tili va adabiyotida tegishlik yuksak mavqe’ini olg‘ondir. Usmonli adabiyotining eng ulug‘ vakili bo‘lg‘on Fuzuliyni mashhur usmonli yozg‘uchisi Shamsiddin Somibek Navoiydan keyinga qo‘yib, ko‘rsatadir. Mana bu ham, Navoiyning birgina o‘zbek qavmi adabiyotida emas, umum turk xalqi adabiyotida ham o‘ziga yarasha joy olg‘onini ko‘rsatadir.
Tarixlarning ko‘rsatishig‘a qarag‘onda shu bir yil — bir yarim yil orasida ulug‘ Navoiyning vafotig‘a 500 yil to‘ladir... 500 yil o‘zbek-chig‘atoy adabiyoti tarixiga allaqancha narsalar bergan, unda qancha o‘zgarishlar yasag‘on, juda uzun bir muddatdir. O’z adiblariga 5—6 asrlik bir tarix yashata bilgan xalqlar uncha ko‘b emasdir. Demak, bizga ham shu bir yil orasida shunday katta bir shodliq, katta bir bayram o‘tkazishga to‘g‘ri keladir.
Vatandoshlarimiz ruslar Pushkinning har 5 yili uchun ham katta bayramlar yasaydirlar. G’arbda esa unday bayramlar juda katta tantanalar bilan o‘tkaziladir. Bu to‘g‘rida gapni cho‘zib o‘ltirish hojat emas. Ko‘z bilan ko‘rganimiz ham yetib ortarliqdir.
Shuning uchun men aytmoq istaymankim, Navoiyning 500 yilligini biz ham tegishlik darajada tantana bilan o‘tkazishga shu topdan hozirlana boshlayliq. Bu yo‘lda men quyidag‘i choralarni taklif qilib, o‘zbek bilim hay’atining diqqatini shunga jalb qilur edim:
1. Hozirdan boshlab yaraliq kishilarimizdan bir hay’at tashkil qilib, 500 yillik bayramni mumkin qadar tantana bilan o‘tkazish yo‘lini topmoqg‘a o‘shal hay’at vakil qilinsun.
2. Hay’at Navoiyning bosilmag‘on asarlarini topib, bosdirishg‘a lozim ko‘rulgonlarini bayramgacha bosdirish chorasini ko‘rsun.
3. Navoiyning mukammal tarjimai holi yozdirilsun.
4. Navoiyning shevalaridan terma bir asar tuzulub, nafis qilinib bosdirilsun.
5. Navoiy nomig‘a yuqori o‘qush yurtlarining adabiyot-til fakultetlarida o‘zbek talabalari uchun stipendiyalar ochilsun.
6. O’zbekistonning poytaxtida Navoiyg‘a haykal tikilsun.
7. Ba’zi bir o‘zbek shaharlarining ko‘cha ismlari Navoiy otig‘a qo‘yulsun.
________________
20-yillarda avj olgan o‘tmishga, o‘tmish madaniyatiga nigilistlarcha munosabatda bo‘lish tendentsiyalari sog‘lom fikrlovchi ziyolilarni chuqur tashvishga solgan. Chunki jadidchilikning ilg‘or g‘oyalari ta’sirida tarbiyalangan ko‘plab ziyolilarimiz millatning o‘zini tanishi, o‘zligini anglashida o‘tmishning nechog‘li muhim omil ekanini bilganlar. Cho‘lpon O’zbek bilim hay’atiga murojaat qilib yozgan, mazkur ochiq xat «Turkiston» gazetasining 1924 yil 23 sentyabr sonida e’lon qilingan.
Shamsiddin Somibek (1850—1960) — mashhur turk shoiri, adibi va mutafakkiri.
«Tarixlarning ko‘rsatishmga qarag‘onda shu bir yil — bir yarim yil orasida ulug‘ Navoiyning vafotiga 500 yil to‘ladir...» — fikrimizcha, bu o‘rinda matbaa xatosi o‘tib ketgan yoki Cho‘lpon adashgan. 1926 yilda, ya’ni Cho‘lpon aytmoqchi yaqin bir-bir yarim yil ichida Navoiy vafotiga 425 yil to‘lar edi. Quyiroqda esa muallif «Navoiyning 500 yilligi» tantanalari haqida gapiradi. Chamasi, Cho‘lpon shoir vafotining 425 yilligini, va keyinroq, tavalludining 500 yilligini nishonlashni nazarda tutgan.