«Qizil O’zbekiston» ning shu yil 27 iyul sonida o‘rtoq Nazir To‘raqulovning «Hamlet» tarjimasi to‘g‘risida bir maqolasi bosilib chiqdi.
Mazkur maqola munosabati bilan quyidag‘i uch narsani ko‘pchilikka bildirishga shoshilaman.
1. Nazir aka «Hamlet» tarjimasini keltirgan misollariga qarag‘anda ruscha tarjimalarining tizilmalisi (nazmlisi) bilan solishtirgan. Holbuki men tarjima qilg‘an nusxa sochmali (nasrli) bo‘lib inqilobdan burun bosilgan. Men tarjimaga kirishganimdan burun u nusxani ingliz adabiyoti bilgichlaridan o‘rtoq Lan inglizchasi bilan solishtirib chiqib, ko‘p joylarini mumkin qadar asliga yaqinlashtirib bergan. Mazkur nusxa hali ham o‘rtoq Lanning kutubxonasida saqlanadi. Men, ana o‘sha nusxadan bo‘lgan tarjima uchungina javobgarman.
Tarjima bilan tarjima orasida, ayniqsa tizmali bilan sochmali orasida katta farq bo‘ladi.
2. «Hamlet»day bir asarning tarjimasida bir necha xato ketmasdan iloji yo‘q. O’sha xatolarni xayrixohlik asosida ko‘rsatuvchilarga tashakkurimni bildirib, kelajakda tuzatishga va’da beraman. Bir nechta to‘g‘ri ko‘rsatilgan tarjima xatolari Nazir aka maqolasida ham bor; buning uchun u kishiga ham tashakkur.
3. O’rtoq Lan qo‘lidag‘i nusxani oldirib men qilg‘on tarjimaning originaliga solishdirib chiqib, natijasini matbuotda z’lon qilish kerak. Buning uchun yaxshi-yaxshi tarjimonlardan iborat bir ko‘misiya tuzilsa yaxshi bo‘lardi. Ko‘misiya tuzish vazifasini men O’zbekiston Yozuvchilari soyuzining respublika qo‘mitasidan so‘rar edim.
_____________
Boshqarmaga xat. — Mazkur maqola N. To‘raqulovning «Hamlet»ga tuhmat» («Qizil O’zbekiston», 1936, 27 iyul) nomli chiqishiga javob tariqasida yozilgan va «Qizil O’zbekiston»ning shu yil 28 iyul sonida e’lon qilingan.
Nazir To‘raqulov (1892—1939) — yirik davlat arbobi, jurnalist, tilshunos olim. 20—30-yillarda vaqtli matbuotda qator maqolalari, turli taxalluslar bilan imzolangan she’rlari e’lon qilingan. Qatag‘on qurbonlaridan.