Bizning adabiyot sohasida, taassufga qarshi, ko‘lagada qolib ketgan; to‘g‘risi, ko‘lagada qoldirilib kelgan - bir toifa bor. Bir chekkasi o‘zim ham shu toifaga mansub bo‘lganimdan shu toifaning ahvolini ko‘pchilikka bildirib o‘tay dedim. Yo‘qsa, u toifa allakimlar tomonidan — ataylabmi, yo beparvolik natijasidami — haligacha ko‘lagada qoldirilib keladi. U «allakim»larning bu g‘alati qilmishlari, bir sistemaga aylanib borayotir. Shu uchun ham tovush chiqarib «qorovul» deb qo‘yish lozim, zarur!
Men — sho‘rlik tarjimonlar, adabiy tarjimonlar, sahna tarjimonlari to‘g‘risida gapirmoqchiman. Agar adabiy tarjima ishi o‘sha allakimlarning o‘ylaganiday, oson va yengil bo‘lsaydi, indamasak ham bo‘lardi. Faqat yaqinda bir darslik uchun ba’zi narsalar, tarjima qilishga to‘g‘ri keladi. O’shanda qanday qiynalg‘onimni o‘zim bilaman, ham o‘sha tarjima qiling‘on material biladi! Bizning bu go‘zal va buyuk vatanimizda 17 yildan beri shunday bir qonun hukm suradiki, har kim ishiga yarasha, mehnatiga, urinishiga loyiq mukofot oladi, taqdir qozonadi. Ammo, haligi ko‘lagada qolg‘on sho‘rliklar shu ne’matdan, odam bolalari tarixidagi eng buyuk va haqli inqilobning mevalaridan; to‘la foydalanib keladilarmi? — Yo‘q! Shu «yo‘q» sababidan men bu satrlarni qoralab o‘lturibman. «Quruq gap quloqqa yoqmaydi», desangiz, mana faktlar, o‘jar va qaysar faktlar:
Kechagina sevimli Akademik teatrimizning rejissuri o‘rtoq Vittning «Revizor» qo‘yilishi to‘g‘risida musohabasini o‘qidingiz. Boshidan-oyoq diqqat bilan o‘qib chiqsangiz sizda shunday bir ta’sir hosil bo‘ladiki, bu buyuk o‘lmas asarni ulug‘ Gogol o‘zbek tilida yozganda o‘rtoq Vitt tayyor piesani sahnag‘a qo‘yayotir! Faqat, haqiqat unday emas-ku. Uni Gogol rus tilida yozgan. Rus tilidan ukraina tiliga (bir-biriga yaqin bir tilga) ag‘darilg‘on vaqtda ham «tarjima» deb atalib tarjimonning nomi har yerda ko‘rsatiladi. Ayniqsa shunday asarni qo‘yuvchi katta kishi san’atkor musohaba bergan vaqtida tarjima to‘g‘risida, so‘z bo‘lmasligi mumkin emas. Faqat bizning teatrlarda bizning hurmatli san’atkorlarimiz shu to‘g‘rida, nechikdir, «past xotir, unutuvchan» bo‘ladilar. Aksari liboschig‘a qadar unutmasdan reklam qilg‘onlari holda shu qadar boy va ishlangan tillardan ancha kambag‘al va hali ishlanib yetmagan tillarga tarjima qilg‘onlarni darrov unuta qoladilar. Bularning bu unutishlari eski madrasa mudarrislarining «lashay» (hech narsa) larini eslatadi... Gazetalarimizni batartib o‘qub borg‘onlar bu unutqoqlik «odati»ning ko‘p-ko‘p sahna asarlari, ko‘p-ko‘p rejissur va qo‘yuvchilarda bor bir kasal bo‘lganini yaxshi biladilar.
Men shu «Revizor» tarjimasi to‘g‘risida bir kun o‘rtoq Vitt bilan bir-ikki og‘iz gaplashib edim. (Tarjima Sanjar o‘rtoqniki.) Tarjimaning ba’zi joylaridan norozi bo‘lib gapiradi. Demak, tarjima to‘g‘risida (yolg‘iz kamchiligini olib bo‘lsa hamki) gapirish uchun asos bor edi. Buni o‘rtoq Vitt bilmas edi desak, albatta xato bo‘ladi. Asarning tilidan hech narsa bilmagan odam uni sahnaga qo‘ya oladimi? Yo‘q! Shu holda o‘rtoq Vittni unutqoqlikdan boshqa narsada ayblab yo‘lmaydi. Men demak istaymanki, bu ham kichik ayb emas. Teatr afishasida (e’loni) boshqa masala. Mayli, unda faqat qo‘yuvchi bilan administrator va g‘ayri-g‘ayrilar ko‘rina bersin (garchand bu ham qonuniy emas!) Lekin jiddiy asarning jiddiy qo‘yilishi to‘g‘risida jiddiy san’atkor tomonidan jiddiy so‘z ketayotganda oxirga qadar jiddiy bo‘lish kerak!
Hanri Barbyusni bilmagan kim bor? Sotsialistik nnqilobning va sotsialistik vatanimizning bu olamshumul buyuk mudofaachisi «O’t» (olov) nomli bir roman yozgan. Uni bizning davlat nashriyotimiz bostirib chiqardi. Aslida fransuzcha yozilib ruscha orqali o‘zbekchaga tarjima etilgan bu asarning o‘zbekchasidai tarjimon ismini axtarsangiz ancha ovora bo‘lasiz. Umidsizlanmasdan varaqlay bersangiz asarning tiraji va zakaz no‘meri yozilgan joyda juda kichik (ajinaday) harf bilan qatorasiga uch unvon o‘qiysiz - mas’ul muharrir, texnika muharriri, so‘ngra... tarjimon. Shu yerga yetganda siz bilasizki, asarning tarjimoni Buyuk o‘rtoq ekan. Balki Buyukning tarjimasida ko‘p kamchiliklar bordir. Shunday, bo‘lgani taqdirda ham uni bir burchakka berkitib o‘tish lozimmi? Nega yozuvchining yoni-beriga joylashtirib, so‘ngra shunga yarasha u tanqid qilinmasin? Bu «dardni yashirish» emasmi?
Mirzakalon o‘rtoq Tolstoyning katta bir asarinn tarjima qilib chiqdi. Asar bosildi, sotildi. Mirzakalonning yana boshqa katta tarjimalari bor. Nima uchun o‘sha tarjimalar, ularning tili, uslublari to‘g‘risida yaxshi tekshirishlar, tanqidlar, taqrizlar yo‘q? Shekspirning «Hamlet»ini aytib ham o‘lturmaylik...
Xullas, nashriyotlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchi bilan texnika muharrirlarini; teatrlarda o‘lturgan allakimlar yozuvchini, o‘zlarini, administrator va liboschini biladilar. Ikkisi ham o‘ylaydiki o‘z ishlarida shundan boshqa aralashuvchi yo‘q. Bu agar faqat unutuvchanlik natijasi esa, demak, unutuvchanlik bir kasalga atslanib boradi. Sovet adabiyoti va sahnasi turli kasallar bilan kurashib va yengib kelgan, buni ham yengib tashlashga gumonimiz yo‘q.
________________
«Qizil O’zbekiston» gazetasining 1935 yil 10 may soyaida bosilgan.
Vitt — V. Vitt 20-yillardan Hamza nomli teatrda rejissyorlik qilgan. Keyincha formalistikda ayblangan, uning postanovkalaridan g‘oyaviy kamchiliklar qidirib topilgan.
Sanjar o‘rtoq — Sanjar Siddiq (1902—1938), o‘zbek tarjimoni va jurnalisti, tarjimashunoslik muammolarini tadqiq qilgan olim. Lope de Vega, L. Tolstoy, N. Gogol, Ubayd Zokoniy kabi yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
Hanri Barbyus (1873—1935) — frantsuz adibi, qator she’riy to‘plamlar va romanlar muallifi. Maqolada tilga olingan mashhur «O’t» romani 1916 yilda yozilgan.
Buyuk o‘rtoq — Buyuk Karimov (1906—1945) folklorshunos olim.
Mirzakalon o‘rtoq — taniqli o‘zbek yozuvchisi Mirzakalon Ismoiliy (1908—1975). Cho‘lpon Mirzakalon Ismoiliy tarjimasida 1933 yilda chop etilgan Tolstoyning «Tirilish» romanini nazarda tutmoqda. Bundan tashqari M. Ismoiliy «Anna Karenina» (L. Tolstoy), «So‘na» (E. Voynovich), «Choliqushi» (Rashod Nuri Guntekin), «Inson taqdiri» (M. Sholoxov) kabi qator durdona asarlarni o‘zbek kitobxoniga yetkazgan.