OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Cho'lpon. Marhum Tavfiq Fikrat (1920)

Usmonli adabiyotini oz-moz o‘quganlar, uning bilan bir daraja oshno bo‘lganlardan qaysi birisi bu ismni bilmaydi, qaysi birisi muni tanimaydi.
Usmonlilarning «adabiyoti jadida» (yangi adabiyot)chilarining pir va ustozi bo‘lgan Tavfiq Fikratbek butun yangi nasl turklarning yuraklarina go‘zal, nafis va latif she’r buketlari qadamishdir. Uning keng xayoli ravon (tez) va yengil ifodasi kimni, qaysi bir she’r va adabiyot muhibini tasxir etmas? Xususan uning «Rubobi shikasta» (siniq dutor)si, undagi baland va latif yo‘llar naqadar jozibali va zavqli narsalardir! 
Tavfiq Fikrat «Rubobi shikasta»si ila qancha tanilgan bo‘lsa, uning ila qancha nafosat suyuvchilarni o‘ziga maftun etgan bo‘lsa, «Tarixi qadim»i, u dahshatli faryodi ila odamlarning qalbinda buyuk-buyuk o‘zgarishlar vujudga keltirmishdir. «Tarixi qadim» «Rubobi shikasta»day emasdir: «Rubobi shikasta» dunyo ko‘rmishdir, matba’da temirlar orasinda qisilmish, qog‘oz betlarinda necha ming nusxa bosilmishdir. Lokin, «Tarixi qadim» mahfiydir, qo‘ldan qo‘lga ko‘chirilub, yozilub yurgiziladurgan narsadir. U tarixning jinoyatlari kabi sirlidir, har kimga «mana men!» deb ko‘runa bermas. Uni bosdirish mumkin bo‘lmadi. U oliy fikrlar bechora Sharqning ko‘hna, chirik miyasiga sig‘madi; zabun, ezilgan sharqlining keng qalbinda joy topa olmadi; bir vaqtlar. Umar Hayyomning eng achchig‘ va dahshatli fikrlariga maydon bergan Sharq muhiti, asorat va qullik ostinda shu qadar ezilmishdirki, buni, bu qiymatli asarni o‘ziga sig‘dira olmadi... Ehtimol, endi Sharqning chetlar sultonidan qutulub haqiqiy inqilobga yaqinlashub kelayotgan vaqtlarida buyuk shoirning ulug‘ fiklari dunyo yuzi(ni) ko‘rsa...
Tavfiq Fikratbek o‘zining bu buyuk ruhi ila, u:

Din shahid istar, osmon kurbon, 
Yana qon, har tarafda qon, qon, qon!

(«Tarixi qadim»)

degan, qonga, zulmga, jinoyatga qarshi ko‘purgan joni ila — bu jinoyat uyasi bo‘lgan «eski dunyo»da zo‘rg‘a-zo‘rg‘a toqat qilub chidab turdi. Oxirda, u necha milio‘n gunohsiz jonlarni yutub, ko‘b mamlakatlarni vayron qilub kelgan «madaniyat urushi» (Ovrupo muhorabasi)dan so‘ng chiday olmadi; odamlar u vahshiy «hayvon»lar ichindan chiqdi. Istanbulning bir chekasida, bir ja’ra go‘shada 1—2 yil yolg‘iz boshiga darveshlarday umr o‘tkazdi. Oxirda Ovrupo «o‘lum mashinasi»ning eng tezlagan vahshat otashining eng qizig‘on bir vaqtida ketdi tinch, rohat dunyoga ketdi.
Bu «vahshatobod»ni tark etdi.
Endi uning qabri butun usmonli yoshlarning ziyoratgohidir. Dunyoning vahshatiga o‘ch, lekin o‘zi kabi darveshlardan biri, faylasuf do‘qtur Rizo Tavfiq uning qabrini ziyoratiga borub qabri ustinda aytadir: (bosilmagan asarlardan).

FIKRATNING QABRINDA

Deydilarki, essiz qolan tirbangda 
Vahshiy gullar ochmish, ko‘rmaya keldim; 
U bog‘ jannating hokina banda, 
Hasrat-la yuzimni surmaya keldim! 
Deydilarki, senga amal bog‘layan
Qabringda diz cho‘kub bir dam og‘layon 
Bir murod o‘lurmish, banda bir zamon 
Og‘layub muroda ermaya keldim! 
Shu hijron yilining so‘ng bahorinda 
Cholalar titragan chamanzorinda 
Kun bug‘mazdi banda mozoringda, 
Motam chechaklari dermaya keldim! 
Seni ongdim butun g‘am chekanlar-la 
Ishq haq o‘g‘rinda yosh do‘kanlar-la 
Sorig‘incha vayron shu deganlar-la 
Toshingga bir chalang urmaya keldim! 
Yoding o‘lum kabi bir sir mubham 
Nash’a shu dolli bu his ism. 
Ruhimda na fusun aylading ilhom 
Bu kun senga ko‘ngul vermaya keldim!


Shunday qilib, ulug‘ bir shoir dunyodan ketdi. Uni bilganlar yig‘lab qoldilar, bilmaganlar — yana ilgariday.
Dunyoning vahshatlari bo‘lsa yana hamon davom etmakda, mazlumlar inqilobigina nihoyat bermasa boshqa majot ko‘rilmaydir.
Rohat, mas’ud yot qabringda ey ulug‘ pir!..

________________
«Ishtirokiyun» gazetasining 1920 yil 10 yanvar sonida bosilgan.
Tavfiq Fikrat (1867—1915) — turk shoiri, jurnalist. Asarlari 1894 yildan chop etila boshlagan. O’sha vaqtda adabny markaz vazifasini o‘tagan «Sarvati funun» («Bilimlar xazinasi») jurnali uning muharrirligida chiqib turgan. 1908 yil inqilobi Tavfiq Fikratning idealiga mos kelmagan, jurnalistikadan yiroqlashgan.
«Rubobi shikasta» — shoirning 1899 yilda nashr qilingan she’riy to‘plami.
«Tarixi qadim» — shoirning falsafiy-ijtimoiy qarashlarini ifodalovchi dostoni.
Tashir — sehrlamoq, bo‘ysundirmoq.
«Madaniyat urushi» — biz Birinchi jahon urushi deb ataydigan urush Turkistonda chiqqan gazetalarda «Yevropa muhorabasi» deb yuritilgan. Cho‘lpon «madaniyat urushi» deya urushni qo‘zg‘agan «madaniyatlilar»ga achchiq kinoya qiladi.
«O’lim mashinasining eng tezlagan» vaqti — Birinchi jahon urushi avj pallasiga kirgan vaqt, obrazli ifoda. Tavfiq Fikrat urush ayni qizigan 1915 yilda vafot etgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.